|
O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
|
bet | 77/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFAZardushtiylik: “Avesto”.- “Avesto”da mehnat qilib, moddiy boyliklar yaratib, tashlandiq erlarga ishlov berib, sug‘orib obod qilgan, sut, go‘sht, yog‘, don etishtirib, jamiyat farovonligini ta’minlagan dehqonlar, chorvadorlar, bog‘bonlar, ovchilar, kosib hunarmandlar ulug‘lanib shunday deyiladi: “Ilohiy qonunga bo‘ysunadigan yaxshi kishi, yaqin odamga mehribon bo‘lish, muhtojlik va xavf-xatar ostida qolganda ko‘maklashishga shaylik kishilar baxt-saodati uchun yovuzlikka qarshi faol kurashishga tayyor bo‘lish, hamma bilan ahil va totuvlikda, birodarlikda yashashga intilishda namoyon bo‘ladi. Inson fikran ham, hayolan ham hasadgo‘y bo‘lmasligi lozim. Yaxshi niyatli kishi hech qachon darg‘azab bo‘lmaydi va jaholatga berilmaydi, chunki johillik holatida u yaxshi niyatini yo‘qotadi, burch va adolatni unutib, nojo‘ya harakatlar qiladi”. “Yaxshilik ta’limini va sadoqatini amalga oshirib... yaxshi hokimlar hukm yuritaversinlar. Odamlarga va ularning avlodlariga baxt-saodat keltiradigan adolatli qonunlarni amalga oshirsinlar” (“Yasna”, 48), deb xitob qilinadi.
“Avesto”da ifoda etilgan davlat va uning hududiy boshqaruv tizimi:
1-nmana- urug‘, nmanapati-urug‘ jamoasi rahbari.
2-vis-qishloq, vispati – katta qishloq jamoasi boshlig‘i.
3-daxyu-viloyat, daxyupati – viloyat hokimi.
4-hanjamana – oqsoqollar kengashi.
5-daxyusastr – viloyatlar, daxyusastar – viloyatlar hukmdori.
6-kavi – mamlakat, kavipati yoki varzanapati – mamlakat hukmdori.
“Avesto” bo‘yicha oqsoqollar quyidagi ishlarni bajarishi zarur:
dehqonchilik ishlarini va ishlab chiqarishni tashkil etish;
jamoa xo‘jaliklarida yer-suvni taqsimlash;
qurilish va irrigatsiya ishlarini olib borish;
mol ayirboshlash va savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yish;
bahsli masalalarni hal etish va boshqalar.
“Avesto” bo‘yicha harbiy boshliq quyidagi ishlarni bajarishi zarur:
-tashqi xarbiy bosqinlardan himoyalanish;
-harbiy qurollarni ishlab chiqarish;
-qurollangan qo‘shinlarni tashkil etish;
-makonlar va tumanlar hududlaridagi mudofaa ishlari;
-jamiyatda xurmatga ega bo‘lgan kishilar (kohinlar, chorvadorlar, xunarmandlar)ni himoya qilish.
“Avesto” bo‘yicha ruhoniylar quyidagi ishlarni bajarishi zarur:
jamoa diniy urf-odatlarni bajarish va siyosiy-g‘oyaviy dunyoqarashga amal qilish;
“ezgu fikr, ezgu kalom va ezgu amal” tamoyillari bajarilishini ta’minlash.
Yuqorida keltirilgan vazifalar varzanapati-oqsoqollar kengashi va kavi-mamlakat hukmdorining e’tiborida bo‘lgan.
“Avesto”da ijtimoiy masalalarga xam keng axamiyat berilgan. Kimki erga vaqtida xam o‘ng qo‘li, xam chap qo‘li bilan ishlov bermagan, mexnat qilmagan bo‘lsa, unday kimsalarga Zamin: “O sen, odam, menga topinmaydigan, mexnat qilmaydigan odam! Sen xaqiqatdan xam tilanchilar qatorida yot eshiklarga ta’zim qilib, abadul-abad bosh egib turajaksan! Xaqiqatdan xam sening yoningda xar xil ziroatlarni olib o‘tadilar, bu noz-ne’matlarning barchasi mexnat qilayotgan, ya’ni to‘q va farovon yashayotgan xonadonga nasib qiladi. Abadul-abad shunday bo‘lajak!”, — deb javob beradi.
Manbada, avvalo, inson, erki, komilligi, ruxiy sog‘lomligi masalalari ustuvor qo‘yiladi. Masalan: "Men yaxshi fikr, yaxshi so‘z, yaxshi ishga shon – shavkat baxsh etaman” deyiladi (“YAsna” 14 kitobida). Axuramazda, insonlar o‘rtasida bo‘layotgan munosabatlar o‘zaro samimiylik, hurmat, beg‘arazlik, yordam va oqibatli bo‘lish zarurligiga, yomon fikrlardan xoli bo‘lishga ishora qiladi. Kattaga hurmat va kichikka izzat, sabr-bardosh, halollik mehr-oqibat va boshqa bir qator tamoyillar borki, milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillariga uyg‘un keladi.
G‘oyalarning bunday tarzda qo‘yilishi dunyo ana shu kuchlarning yonma-yon yashashdan iborat, degan falsafaning mohiyatini anglashga undaydi. Shu tariqa "Avesto" o‘sha zamonda yashagan odamlaro‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishda davlatga bo‘lgan extiyoj va zaruriyati o‘laroq yuzaga kelgan manba bo‘lib hisoblanadi.
Konfutsiy (miloddan avvalgi 551-479) yozgan matnlar saqlanib qolmagan, lekin uning ta’limotining asosiy qoidalari uning shogirdlari bilan bo‘lgan suhbatlari haqida qisqacha qaydlar to‘plami – “Fikrlar va suhbatlar” da yozib qo‘yilgan. Ular asosan to‘g‘ri fe’l-atvorning ijtimoiy-ahloqiy muammolariga bag‘ishlangan. Ulardan konfutsiy siymosi an’analarga qattiq rioya qilgan mutafakkir sifatida gavdalanadi. Masalan, u odam faqat an’analarni astoydil o‘rganish yordamida o‘z vazifalarini to‘g‘ri tushunib etishi mumkin, deb hisoblaydi. U insonni diqqat markaziga qo‘yadi. Bunday munosabat quyidagi qoidada lo‘nda bayon qilingan: “Insonparvarlikni sevadigan kishilar uchun, ana shu fazilatdan yuksak narsa bo‘lmaydi”14. Konfutsiy, kishilarga o‘ziga ravo ko‘rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rmaslikka chaqiradi. U jamiyatning qat’iy ierarxikto‘zilishini himoya qiladi. Uning uchun shaxs majburiyatlari, bu shaxsning ijtimoiy holati bilan belgilanadi. Konfutsiyning fikricha, yaxshi hayot “insonga xos bo‘lgan beshta munosabat”da: hukmdor – davlat xizmatchisi, ota – o‘g‘il, er – xotin, qariya – yosh, do‘st – do‘st munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Har bir kishi o‘zining xususiy majburiyatlariga egadir. Hukmdorning fuqarolari bilan munosabatlari quyidagi analogiyada aniq ifodalangan: “Hukmdorning mohiyati shamolga o‘xshaydi, oddiy odamlarning mohiyati esa ko‘kat singaridir. Shamol ko‘kat uzra esib o‘tganida uning tanlab o‘tirish imkoniyati yo‘q, balki ta’zim bajo keltirish lozim”. Konfutsiy insonning qanday bo‘lishi ijtimoiy muhitga bog‘liqligi pozitsiyasida turib, inson tug‘ma yaxshi bo‘ladi va bunday yaxshilik tarbiya yo‘li bilan rivojlantirilishi mumkin, deb hisoblagan.
Suqrot (mil. avv. 470 - 399 ) ning qarashlari u hech narsa yozmaganligi uchun, asosan shogirdi Aflotun asarlari orqali etib kelgan. Suqrot ijtimoiy masalalarga axloqiy-siyosiy nuqtai nazardan yondashgan. U jamiyatda kelib chiqadigan muammolar va insonlar o‘rasidagi ziddiyatlarning bosh sababi sifatida, bilimsizlik va mavjud bilimlarning bir biriga zid ekanligini ko‘rsatadi. Bilim, uning fikricha, inson rioya qilishi lozim bo‘lgan qat’iy ko‘rsatmadir. Modomiki, shunday ekan, insonlar bunday ko‘rsatmalarsiz yoki bir-biriga zid bo‘lgan ko‘rsatmalar asosida yaxshi yashashi mumkinmi?, degan o‘z-o‘zidan tug‘iladigan savol, Suqrotning ma’rifatli insonlardan iborat jamiyat mukammallikka erishadi, degan fikrga undagan bo‘lsa, ajab emas. Faylasuf ma’rifatli inson deganda avvalo o‘zligini anglagan insonni tushungan. Bu borada u shunday deydi: “O‘zini anglagan inson o‘zi uchun nima foydaliligi va nimalarga qodir ekanligini yaxshi tushunadi. U qo‘lidan keladigan ish bilan shug‘ullanish asnosida o‘z ehtiyojini qondiradi va saodatga erishadi. Har qanday xato va baxtsizliklardan xoli bo‘ladi. Buning natijasi o‘laroq, u o‘zga odamlarni qadrlay oladi va ulardan ezgulik yo‘lida foydalana biladi. Oqibatda o‘zini kulfatlardan asraydi”15. Suqrot o‘z qarashlarida qonun ustuvorligini ham qattiq turib himoya qilgan. U insonlarni qonunga (qonun qanday bo‘lishidan qat’i nazar) itoatkorlikka va ahloqiy ish yuritishga chaqirgan.
Aflotun(taxm. mil. avv. 427 -347 )ning idealistik ijtimoiy-falsafiy fikrlari asosida g‘oya, bilim, qobiliyat, ijtimoiy funksiyalar, sinf kabi tushunchalar sintezi yotadi. U garchi jamiyat va davlat tushunchalarini farqlamasa-da, uning qarashlari davlat qiyofasidagi jamiyatni ifodalaydi. Uning ijtimoiy-falsafiy qarashlarini yaxshiroq tushunish uchun, bir oz uzoqroqdan, ya’ni faylasufning “g‘oyalar va soyalar dunyosi” borasidagi qarashlaridan boshlash maqsadga muvofiq. U dunyoni haqiqiy va aldamchi kabi ko‘rinishlarga bo‘ladi. Biz yashayotgan moddiy asosga qurilgan olam aslida “haqiqiy” “g‘oyalar olami”ning in’ikosi. Inson g‘orga zanjirband qilingan qul kabi hayot kechiradi. Bu qul tashqarida kechayotgan real voqelikning faqatgina sharpalari va soyalarinigina ko‘rib fikr yuritadi. Aslida real voqelik tashqarida, ya’ni “g‘oyalar dunyosida”. “G‘oyalar dunyosini” faqat donishmandlik, donolik qobiliyatiga tug‘ma ega bo‘lganlargina anglab etishi mumkin. Vaholanki, bunday insonlar bu dunyoda kamdan kam dunyoga keladilar. Yaxshilik, adolat kabi g‘oyalar uning qarashlarida markaziy o‘rin egallab, faylasufning fikricha, davlat boshqaruvi ana shu g‘oyalar mohiyatini anglab etish imkoniyatiga ega insonlar qo‘lida bo‘lishi kerak. U insonlarni ikki toifaga bo‘ladi: g‘oyalar mohiyatini anglab etganlar va anglab etmaganlar. Anglab etganlar, bular - donishmand faylasuflardir. Anglab etmaganlar esa jangchilar va mehnatkashlardir. Aflotun ilgari surgan davlat uchta sinfdan iborat bo‘lishi kerak. Bu sinflar shunchaki shakllanmay, davlat nazorati ostida shakllantiriladi. Bular – hukmdorlar (donishmandlar), jangchi-qo‘riqchilar, ishlab chiqaruvchilar (mehnatkashlar). U ilgari surgan ideal davlatda sinflar davlat hayoti uchun zarur bo‘lgan funksiyalardan, funksiyalar esa isoniy qobiliyatlardan keltirib chiqariladi. Demak, yuqorida sanab o‘tilgan sinflar davlat faoliyati uchun zarur bo‘lgan quyidagi funksiyalardan keltirib chiqariladi: boshqaruv, mudofaa va tartib, ishlab chiqarish(iqtisod). SHuningdek, bunday funksiyalar insoniy qobiliyatlar: donolik, mardlik, mehnatsevarlik bilan muvofiq keladi. Uning fikriga ko‘ra insonlarda ana shu qobiliyatlar darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. Asosiysi ustuvor qobiliyatlarni saralash, qaysi ijtimoiy funksiyaga muvofiq kelishini aniqlash kerak va o‘z-o‘zidan bu jamiyatning stratifikatsion strukturasini belgilaydi. Qobiliyatlarni aniqlash va saralashning muhim vositasi – ta’lim tizimidir.
Ta’lim xususiy shaxslarning emas, balki jamiyat qo‘lida bo‘ladi. Hamma bolalar kelib chiqishi va jinsidan qat’i nazar ta’lim olish yuzasidan bir xildagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. O‘n yosh bilan yigirma yosh o‘rtasida hamma bir hildagi ma’lumotni egallaydi. Gimnastika, musiqa va din eng muhim fanlar bo‘lgan. Yoshlar baquvvat va garmonik rivojlangan tanaga, go‘zallik hissiga ega bo‘lishlari kerak. U itoatkor, sadoqatli va o‘z-o‘zini qurbon qilishga shay tarzda tarbiyalanishi lozim. 20 yoshga etganda eng yaxshilar tanlab olinadi, ular ta’limni davom ettirishadi va bunda matematikaga alohida e’tibor beriladi. 30 yoshga etganda yana tanlov bo‘ladi va tanlovdan o‘tganlar yana besh yil falsafani o‘rganadilar. Bundan keyin ular jamiyatning amaliy hayotida ishtirok etib, boshqaruv malakalarini egallashadi. Ular 50 yoshga etib, 40 yillik har tomonlama ta’lim olish, tayyorgarlik va tajriba orttirish jarayonlarini boshda kechirishganidan so‘ng ushbu sinchiklab tanlab olingan elita davlatni boshqarish ishlarini o‘z qo‘llariga oladi. Uning vakillari yaxshilik g‘oyalarini, haqiqiy ilmlarni va amaliy tajribani egallab olgan, bunda bo‘larning hammasi ularning shaxsiy bilimiga aylangan bo‘ladi. Aflotunning fikricha, endi ular mutlaq vakolatli va sahovatli kishilardir. Ayni shu vakolatli shaxslar jami hokimiyatga ega bo‘lishi va jamiyatning boshqa a’zolarini boshqarishi kerak. Birinchi tanlovdan o‘ta olmaganlar ishlab chiqaruvchilar, ikkinchi tanlovdan chetga chiqib qolganlar esa boshqaruvchilar va jangchilarga aylanishadi16. Shunday qilib mehnat taqsimoti kelib chiqadi va ixtisoslashuv yuz beradi. Ixtisoslashuv mukammallikka olib boradi. Aslida, agar insonlar birdek qobiliyatlarga ega bo‘lganida edi ixtisoslashuvsiz ham mukammalikka erishish mumkin bo‘lardi. Biroq, agar odamlarning har xil qobiliyatlar va iste’dodlarga ega bo‘lishi sababli har bir kishining tabiiy qobiliyatlariga eng muvofiq keladigan mashg‘ulotlar bo‘yicha ixtisoslashuvi foydali hisoblanadi.
Aflotun insonlar o‘rtasidagi o‘zaro dahldorlik va bir-birini nazorat qilish jamiyat farvonligi uchun muhimligini uqtirib, insonlarni bunda tashabbus ko‘rsatishga chaqiradi. Haqiqat insonlar faoliyatining mezoni bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtalib, faylasuf shunday deydi: “Xudolar uchun ham, odamlar uchun ham barcha ezguliklar boshida haqiqat turishi kerak. Kimki baxtli va farog‘atli bo‘lishni istasa, imkon boricha uzoq vaqt to‘g‘ri yashashi uchun boshlanishidanoq unga (haqiqatga) taaluqli bo‘lmog‘i kerak. ...Kimki adolatsizlik qilmasa – hurmatli; ammo, boshqalarga ham adolatsizlik qilishga yo‘l qo‘ymaydigan odam ikki marta hurmatga loyiqdir. ...Mulohazalilik, oqillik va boshqa ezguliklar sohibi bo‘lgan odam faqat ularga ega bo‘libgina qolmay, balki boshqalarga ham uni o‘tkaza olsa, ular borasida ham huddi shunday maqtov bo‘lishi kerak”17. Umuman olganda Aflotun ijtimoiy-falsafiy qarashlarida kollektivizm pozitsiyasida turadi, uning uchun individning manfaatidan ko‘ra umumjamiyat manfaati ustuvor bo‘lishi kerak.
Arastu (mil. avv. 384 - 322)ning fikricha, eng yaxshi insoniy qobiliyatlar insonning “ruhi”, aqli bilan bog‘liq. “Ratsional” hayot barcha odamlar uchun universal hisoblanadi. Ammo har bir alohida inson uchun uning maqsadi uning qobiliyatlarini o‘zi yashaydigan jamiyatda amalga oshirish, uning usulini, uning hamjamoadagi o‘rnini, u o‘zining qobiliyatlarini eng yaxshi tarzda amalga oshiradigan joyni topishdan iborat bo‘ladi. Bu ezgu niyat hisoblanadi.
Biz xudolar kabi barcha narsalardan habardor bo‘lmaganimiz, o‘simliklar va hayvonlar singari butkul ongsiz bo‘lmaganimiz tufayli, hato qilishimiz mumkin. “Ehtimol, men o‘zimga hos ma’lum qobiliyatga ega bo‘lganman, ammo men uni aktuallashtirmadim”. Bu xudo va hayvonlar hayotining emas, balki inson hayotining takrorlanuvchi fojeiy tomonlaridan biri hisoblanadi.
Arastu odamlar o‘zlarining eng yaxshi qobiliyatlarini amalga oshira olishlari uchun ularning hayoti kechishi lozim bo‘lgan birgalikda kun kechirish shakllarini tavsiflaydi. Kamolotga erishish uchun inson oila, manzilgoh (oilalar hamjamoasi) va shahar-davlat bilan bog‘liq ijtimoiylashuv bosqichlaridan izchil o‘tishi kerak. Faqat shundan keyin inson o‘zi aslida kim ekanligini namoyon qilishi mumkin. Arastuning fikricha, hamjamoa, jamiyat insonga nisbatan qandaydir tashqi narsa hisoblanmaydi. Hamjamoa insonning eng yaxshi qobiliyatlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoit hisoblanadi. Boshqacha aytganda, jamiyatdan ajralgan individ yoki individdan ajragan jamiyat (davlat) emas, balki hamjamoadagi inson (zoon politikon) asos tushuncha hisoblanadi. Shuningdek, Arastu jamiyat va hamjamoalarning yuzaga kelish sabablari haqida to‘xtalib, buni muhtojlik tushunchasi bilan bog‘laydi. Ya’ni individlar hayot kechirishi uchun zarur ne’matlarni va shart-sharoitlarni bir o‘zlari yarata olmaydi, shuning uchun boshqalar yordamiga muhtojlik sezadi. Bunday muhtojliklar asosida individlar uyushadilar. Natijada jamoalar va jamiyat yuzaga kelgan. Demak, Arastu “ehtiyoj” tushunchasini ifodalovchi tushuncha sifatida “muhtojlik” tushunchasini qo‘llaydi.
Arastu 158 yunon polisining tavsifini to‘plash ishiga rahbarlik qiladi va olingan materialni quyidagi sxema bo‘yicha tasnif qiladi:
Qaror qabul qiluvchi shaxslar-ning soni
|
Bitta
|
Bir nechta
|
Ko‘pchilik
|
Qonunga muvofiq boshqaruv
|
Monarxiya
|
Aristokratiya
|
Mo‘‘tadil demokratiya
|
Qonun bilan chegaralanmagan boshqaruv
|
Tiraniya
|
Oligarxiya (Plutokratiya)
|
Yuqori darajadagi demokratiya
|
Arastu qonunga muvofiq boshqaruv tarafdori sifatida monarxiya, aristokratiya va mo‘‘tadil demokratiyani yoqlaydi. U jamiyat stratifikatsiyasi hususida ham fikr yuritib, mulkiy tabaqalanish g‘oyasini ilgari suradi. Bunga ko‘ra jamiyatda uchta – yuqori, o‘rta va quyi qatlamlar mavjud. Hokimiyat ko‘proq “o‘rta tabaqa” qo‘lida bo‘lishi hamda jamiyatda ular miqdorining ko‘pligini, u, ijtimoiy barqarorlikning asosiy sharti sifatida tushunadi.
|
| |