O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti




Download 4,4 Mb.
bet80/311
Sana20.12.2023
Hajmi4,4 Mb.
#125403
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   311
Bog'liq
IJTIMOIY-FALSAFA

Al Forobiy (870-950) - Bizning buyuk ajdodimiz bo‘lgan Forobiy o‘zining ijtimoiy-falsafiy va siyosiy-falsafiy qarashlarida adolat g‘oyasiga keng e’tibor bergan. Uning adolat masalasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy va huquqiy mavzudagi me’rosi juda boy bo‘lib, u o‘zining bir qator asarlarini ana shu muhim ijtimoiy masalalarga bag‘ishlagan. Mutafakkirning jamiyat, davlat, huquqiy, siyosat, adolat haqidagi g‘oyalari va qarashlari uning “Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola”, “Urush va tinch turmush haqida kitob”, “Jamiyatni o‘rganish haqida kitob”, “Davlat arbobining hikmatlari”, “Ilmlarni tasniflash va ular tartibi haqida kitob”, “Fozil shahar aholisining maslagi haqida kitob”, “Fozil, johil, fosiq, o‘zgartirilgan va adashganlar shaharlar haqida kitob”, “Shaharlar xususida siyosat yuritish”, “Siyosat haqida to‘plamlarning qisqacha kitobi” kabi asarlarida o‘zining chuqur ifodasini topgan.
Forobiy asosiy e’tiborni jamiyat, davlat va huquq masalalarining, jumladan adolat masalasining nazariy va umumfalsafiy asoslarini aniqlash va tushuntirishga qaratgan. U o‘z asarlarida jamiyat va shahar-davlatning vujudga kelishi, uning shakllari, davlat arbobining vazifasi, unga qo‘yiladigan asosiy talablar, davlatni idora etish usullari haqidagi teran huquqiy-siyosiy qarashlarini bayon etgan, shaharlar, jamoalar va shahar uyushmalarini tasniflab bergan.
Forobiy shaharlarni tasniflashda o‘ziga xos tarzda yondoshgan. U shaharlarni johil, jamoaviy va fozil shaharlarga bo‘lgan. O‘z navbatida, johil shaharlarning quyidagi tularini farqlagan:

  • zaruriy ehtiyojlar shahri;

  • ayirboshlovchilar shahri;

  • razolat (tubanlik) va badbaxtlik shahri;

  • amalparastlar va hokimiyatparastlar shahri;

  • shahvatparastlar shahri.

Bu borada mutafakkir shaharlarni tasniflashda ham psixologik, ham ijtimoiy-siyosiy omillarni nazarda tutgan. Eng muhimi shaharlar boshqaruvida axloqiy fazilatlar va adolat tamoyillari ustuvor bo‘lmog‘i lozim, deb hisoblagan.
Forobiy kishilik jamiyati va adolat haqidagi ta’limotini, Aflotun kabi, o‘z falsafasi bilan chambarchas bog‘liq holda yaratgan. Aflotunning davlat va huquq masalalariga bag‘ishlangan asarlariga xos umumiy jihat, Forobiy fikricha, ularning ilmiy tadqiqot uchun zarur bo‘lgan umumiy metodologik prinsiplaridan boshlanishidir. Masalan, Forobiyning “Fozil shahar aholisining maslagi” asarida insoniyat jamiyati va inson taraqqiyotidan avvalgi dunyoning metafizik manzarasi bayon etiladi. Buning boisi shundaki, Forobiy insonlar jamoasi tuzilishining koinotning tuzilishi bilan bog‘lagan. Uning fikricha, insonlar jamiyati ham tepasida Birlamchi Vujud turgan koinot singari bir-biridan kelib chiquvchi bosqichlar asosida rivojlanadi. Birlamchi Vujuddan keluvchi kuch, bir qancha bosqichlardan o‘tib, oy ostidagi dunyoga tushadi va unga insoniyat jamiyati shaklidagi tartib va intizom bag‘ishlaydi.
Shunday qilib, Forobiy insonlar jamiyatning mohiyatini tushuntirish uchun falsafiy asos sifatida ob’ektiv idealizmdan foydalangan. Uning fikricha, koinotdagi hodisalarning sababiy aloqadorligi oltita asos negizida amal qiladi: Birinchi sabab, ikkilamchi sabablar, faol aql, ruh, shakl va materiya. Dastlabki uch asos oy ustidagi dunyoga joylashgan bo‘lib abadiydir. Keyingi uch asos esa doimiy ravishda paydo bo‘lish, rivojlanish va barham topish jarayoni kechib turuvchi oy ustidagi dunyoda joylashgan. Rivojlanish quyidan yuqoriga, kamroq rivojlangandan ko‘proq rivojlanganga tomon yuz beradi. Oy ostidagi dunyoning cho‘qqisida “boshqa hech bir mavjudot ustun bo‘la olmaydigan aqlli jonzot” turadi18.
Ko‘rib turganimizdek, Forobiy inson ham aqlli mavjudot sifatida tarkibga kiruvchi oy ostidagi dunyoning rivojlanish g‘oyasini e’tirof etgan. Har qanday aqlli jonzot singari insonga ham ob’ektiv ravishda o‘ziga o‘xshashlar bilan birlashishga intilish xos. Buning sababini Forobiy insonning yashash uchun zarur vositalarni bir o‘zi yarata olmasligida ko‘radi.
Forobiy odamlar birlashishining sababi haqida fikrlar ekan, ikkita muhim sharoitni alohida ta’kidlaydi: birinchidan, har bir kishi boshqa bir kishiga ehtiyoj sezar ekan, ular bir xil mavqega egadirlar; ikkinchidan, jamiyatga birlashgan barcha kishilarning faoliyati har bir shaxsning ehtiyojlarini qondirib, komilikka erishish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Demak, mutafakkir fikricha, insonlar jamiyati paydo bo‘lganidan boshlab, insonparvarlik va adolat maqsadiga intiladi. Bunday qarash insonlar birlashmasining yuksak shakli bo‘lgan fozil shaharlar yuzaga kelishining muhim falsafiy asosidir.
Forobiy turli xil nazariyalarga (zo‘rlik nazariyasi, abadiy adovat nazariyasi va hokazo) o‘z konsepsiyasini qarshi qo‘ygan. U insonlar jamiyatining paydo bo‘lishini va adolat g‘oyasini anglanishini o‘ziga xos talqinda bayon etadi: “Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, - deb yozgan alloma, - u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi.
Shu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-biriga etkazib beruvchi va o‘zaro yordamlashuvchi ko‘p kishilarning birlashuvi orqaligina odam o‘z tabiati intilgan etuklikka erishuvi mumkin. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va etuklikka erishuv uchun inson zoti ko‘paydi va erning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdi”19.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, odamlar avval boshdanoq siyosiy hokimiyatga va adolatli tartibga ehtiyoj sezadilar va uni tashkil etadilar. Forobiyning ushbu g‘oyasi Aflotunning “Davlat” asaridagi g‘oyalari bilan mos keladi. Ayni paytda Forobiyning siyosiy qarashlari Aflotunning “davlat” va “jamiyat” tushunchalarini aynanlashtiruvchi qarashlaridan farq qiladi.
Forobiy jamiyatlarni bir necha turga bo‘lgan. Ushbu tasnif uchun kishilar uyushmalarining miqyosi asos qilib olingan. Shunga ko‘ra, u kishilik jamiyatini to‘la va to‘la bo‘lmagan shakllarga ajratgan. To‘la jamiyatlarni esa u quyidagicha tasniflagan: 1) er yuzida yashovchi barcha kishilar jamoalarining yig‘indisi bo‘lmish buyuk jamiyat; 2) bir xalqning birlashmasidan iborat o‘rtacha jamiyat hamda 3) shaharda ifodalangan kichik jamiyat. Shahar adolatli va komil jamiyatning birinchi bosqichi bo‘lib, u yoki bu xalq yashaydigan joyning muayyan qismida joylashgan.
Allomaning fikricha, to‘la bo‘lmagan jamiyat shaharning alohida qismi bo‘lib, quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: a) o‘z aholisiga ega bo‘lgan qishloq, u hududiga ko‘ra shaharga kirmaydi, ammo shaharga xizmat ko‘rsatganligi uchun uning qismi hisoblanadi; b) shahar mavzesi; v) ko‘cha; g) uy.
Kishilik jamiyatining bunday tasniflash bir qancha xulosalarga olib keladi.
Birinchidan, Forobiy o‘zining falsafiy tizimiga asoslanib, insoniyatni bir butunlik (buyuk jamiyat) sifatida qaraydi. Butun insoniyatni yaxlit birlikka birlashtirish – mutafakkirning ideali. Insoniyat sinfiy, siyosiy va diniy ziddiyatlar oqibatida doimiy urushlar tufayli turli guruhlarga bo‘linib ketgan davrda bunday g‘oyaga ega bo‘lish allomaning insonparvarligi optimizmidan dalolat beradi. Forobiy mavjud davlatlarning butun kamchiliklarini, ular o‘rtasidagi dushmanlarcha munosabatni, aniq-ravshan ko‘rgan, ammo, shunga qaramay, insoniyat baxt uchun yaralganligiga ishongan.
Ikkinchidan, mazkur tasnifdagi zamondagi shaharlar va ularning ayrim qismlari qanday huquqiy mavqeda bo‘lganligi aks ettirilgan. Forobiy qishloq o‘z hududi bo‘yicha shaharga kirmasa-da, uni aholisi bilan birga shaharga kiritgan.
Shaharlarning ichki tuzilishi ham o‘ziga xos bo‘lgan. Har bir shahardagi erning o‘z boshlig‘i (raisi) va oqsoqoli bo‘lgan. Mustaqil jamoaning vakili bo‘lgan va qonunlarni mustaqil ravishda amalga oshiradigan va adolatni ta’minlaydigan muxtasib alohida mavqega ega bo‘lgan. Keyinroq muxtasiblarni mavqei yanada oshgan. Forobiy xonadonni jamiyatning eng kichik hujayrasi deb biladi. SHariat mamlakat miqyosida adolat me’yorlarini qaror toptirishga manba bo‘lish bilan birga, xonadonning o‘ziga xos kichik jamiyatga aylanishi uchun sharoit yaratib, oila va nikoh munosabatlarini har tomonlama tartib solgan.
Uchinchidan, Forobiy bergan jamiyatlar tasnifiga o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan odamlar uyushmalarining kelib chiqishiga doir nazariyalar muayyan darajada ta’sir ko‘rsatgan. “Fozil shahar aholisining maslagi” risolasida Forobiy ushbu qarashlarni o‘ziga xos tarzda tasvirlab beradi va ularga bo‘lgan munosabatini bildiradi. U abadiy urush, zo‘rlik nazariyalarini va adolatsizlikni “insoniyatga nisbatan hayvoniy qarash” sifatida rad etadi20.
Forobiyning shahar-davlati tabiiy muloqotning eng yaxshi modeli bo‘lib, ushbu muloqot doirasida inson eng adolatli va o‘ziga mos turmush tarziga erishishi mumkin.
Fozillar va johillar shaharlarini ta’riflashda Forobiy qadimgi yunon mualliflarining “politiya” tushunchasidan foydalanadi. Ammo Forobiy Arastuning davlatlarni boshqaruvchilar soni va davlat maqsadiga (umumiy manfaatlar va shaxsiy manfaatlar) hamda shu munosabat bilan to‘g‘ri (monarxiya, aristokratiya) va noto‘g‘ri (jabr-zulm, oligarxiya, demokratiya) turlarga bo‘lishidan foydalanmaydi. U hatto ushbu tasnifni eslatib ham o‘tmaydi.
Buning sababi antik va o‘rta asrlar siyosiy fikrining davlat tabiatini tushunishga turlicha metodologik yondashuv bilan bog‘liqdir. Antik siyosiy tafakkur davlatni uyushgan fuqarolarning teng huquqlilar o‘rtasida tartibga saqlash va qullar, qaramlarni itoatda tutib turish uchun xizmat qiladigan hokimiyat, deb tushunadi. Forobiy esa adolatli davlatni bosqichlar va darajalarga bo‘linadigan aholining jamoasi deb biladi; shahar hayotining bosh prinsipi – hukmron ijtimoiy guruhlarning qat’iy tartibga solingan mavqeiga muvofiq tarzda belgilangan tartibdir.
Arab sharqida davlatlarni tuzilish shakli bo‘yicha turlarga bo‘lishning xojati bo‘lmagan, chunki o‘ziga xossiyosiy tuzumga, korporativ-tabaqaviy manfaatlarning hukmronligiga, diniy va dunyoviy rahbarlarning muqarrar obro‘siga asoslangan va qonunlari bo‘lmagan teokratik monarxiya – davlatning hukmron shakli bo‘lgan. Bunday sharoitda ko‘p narsa, jumladan adolat masalasi hokimlar va ularning joylardagi vakillarga, uyoki bu turmush tarzining barqarorligiga hamda hukmron mafkura va davlatning siyosiy tuzumiga bog‘liq bo‘lgan. Forobiy va undan keyingi Sharq arab-musulmon faylasuflari donishmand, aqlli hokimlarga umid qilganlar, hukmron reaksion tuzumlarga fozil shaharlar va jamiyatlardagi adolatli t artibni qarama-qarshi qo‘yganlar. Ular siyosiy-falsafiy ta’limotlarida inqilobiy fikrlarni ishlab chiqishga emas, balki o‘zlarida mavjud bo‘lgan tuzumni adolat mezonlari asosida takomillashtirishga harakat qilganlar.
Siyosiy mutaqakkir sifatida Forobiyning taraqqiyparvarligi mavhum metafizik gumanizm doirasidan chiqmagan. U hukmron monarxiyadan bo‘lak ijtimoiy-siyosiy tuzumni ko‘rmagan va bu uning fozil shahar haqidagi konsepsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Biroq uning asarlarida adolatsizlik, jabr-zulm, harbiy-byurokratik, mustabid tuzumlarning hukmronligi qoralanadi, jamoa shahri va erkin kishilar shahridagi erkin kishilarni tasvirlaganda demokratik tartiblarni xush ko‘rish kurtaklari ko‘rinadi.
Forobiyning demokratik va mustabid politiyalarga, ya’ni ikki qarama-qarshi davlat shakllariga qarashlari uning huquqiy ideallarini aniqlash imkonini beradi.
O‘rta asrlar mutafakkirlarining siyosiy-huquqiy qarashlarida antik huquqiy terminlardan farq qiluvchi siyosiy-huquqiy terminlar ishlatilgan. Forobiy o‘zining so‘nggi risolasida antik huquqiy terminlardan faqat bittasini, ya’ni politiya tushunchasini ishlatgan. Jumladan, Forobiy “Davlat arbobining hikmatlari” asarida shunday deb yozadi: “Politiya mutlaq ma’noda barcha politiyalar uchun tur tushuncha emas, balki unga mos keladigan, ammo mohiyati va tabiati bo‘yicha bir-biridan farq qiladigan ko‘plab narsalar uchun umumiy nomdir”21. U o‘z fikrlariga aniqlik kiritib, fozil, ya’ni adolatli politiyalar va ko‘plab turdagi adolatsiz – johil politiyalar mavjudligini, qadimgi qonunlar “faqat shu johil politiyalar uchun qonunlar chiqarganligini” ta’kidlaydi. U, shuningdek: “ayrim politiyalarning tabiatini bilib olgan kishi maqsadga erishishni hamda mavjud politiyani va uni tashkil etuvchi tarkibiy qismlarni bilib oladi, u to‘g‘rida unda uchratadigan narsalar asosida va (politiyalarning) ayrim oddiy shakllari tabiati haqidagi bilimlari asosida xulosa qila oladi”, - deb yozgan22. Bu bilan Forobiy turli-tuman davlat shakllari uchun xos bo‘lgan umumiy jihatlar mavjudligini ta’kidlagan. Ana shu umumiy jihatlarni bilish politiyani o‘rganayotgan kishiga adolatli fozil politiyalarni va undan farq qiluvchi boshqa politiyalarni hamda ularning turlarini ajratish imkonini beradi.
Forobiy davlat rejimini – boshqaruv usullari, fuqaroning oqilona yashashi, politiyaning tabiatini aniqlash uchun real sharoitni tasvirlashga katta e’tibor beradi. Mutafakkir politiyani fuqarolarning, u yoki bu hayoti uchun zarur bo‘lgan sharoit, deb tushunadi. Uning fikricha, fuqarolar muayyan politiyaga turlicha munosabatda bo‘lishlari mumkin, faqat faylasuflar, ya’ni tajribaga ega bo‘lgan va fuqarolik ilmlaridan xabardor kishilargina fozil politiyalarning belgilarini ko‘rsatishlari mumkin.
Ayrim fuqarolar kabi ijtimoiy guruhlar ham mavjud muayyan politiyalarga har xil munoosabatda bo‘lishlari mumkin. Ular agar ba’zi politiyalar juda yomon bo‘lsa, o‘zlari uchun foyda oladilar, boshqalarga kamroq zarar keltirib, ayrim kishilarga katta foyda keltiradilar. Har xil turmush tarziga ega bo‘lgan ko‘p odamlar esa baxtsiz bo‘lib, buni o‘zlari ham bilmaydilar, chunki ular mavjud siyosiy tuzumdan qoniqadilar.

Download 4,4 Mb.
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   311




Download 4,4 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti

Download 4,4 Mb.