O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VAZIRLIGI
MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI TOSHKENT AXBOROT
TEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI
Bizness jarayonlarini boshqarish
Mustaqil ish - 3
Bajardi : Murotov Diyorbek
Tekshirdi :
Kurbanova Maftuna
Toshkent 2024
Kichik biznesning xususiyatlari
Reja:
1.
Kirish
2.
Iqtosodiyotning mushak to’qimasi
3.
Monopoliyani chetlashtirib
4.
Mahallalarda ishsizlar bo’lmasligi kerak
5.
Xulosa
Kirish
Iqtisodiyot aniq raqamlar, hisob-kitoblar bilan birga, odamlar turmush
tarzida yuz berayotgan real o'zgarishlar, natijadorlikni xush ko'radi. Davlat
manfaatlarigagina xizmat qiladigan iqtisodiyot rivojlanishdan to'xtaydi. Oxirgi
yillarda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohot va yangilanishlar
avvalida iqtisodiyotimizdagi miqdor va sifat o'zgarishlari qamrovini kengaytirish,
uning bevosita aholi turmushiga ta'sirini oshirishga e'tibor qaratilayotgani boisi
ham shundan.
Bu boradagi salmoq va natijalar jadal sur'atlarda oshib borayotganiga guvoh
bo'lyapmiz. Aholi daromadlarida o'sish, turmush sharoitida sezilarli o'zgarishlar
ko'zga tashlanmoqda. Statistik ma'lumotlar ham 2016—2020-yillarda yurtimiz
odamlarining umumiy daromadlari 2,6 baravardan ko'proqqa ortganini ko'rsatyapti.
Mazkur yo'nalishda jahon maydonida egallab turgan o'rnimiz ham yil sayin
yuqorilab bormoqda. Xususan, 2021-yil 26-mayda o'tkazilgan Xalqaro reytinglar
va indekslar bilan ishlash bo'yicha Respublika Kengashining navbatdagi
yig'ilishida esa Global innovatsion indeksda O'zbekiston 2015-yilga nisbatan o'z
o'rnini 29 pog'onaga yaxshilab, 131 ta mamlakat orasida 93-o'rinni, Markaziy va
Janubiy Osiyo davlatlari orasida 4-o'rinni qayd etgani ta'kidlandi. Bu kabi
muvaffaqiyatlarning bosh omillaridan biri — mamlakatimizda olib borilayotgan
samarali iqtisodiy siyosat hamda uning tarkibidan o'rin olgan chora-tadbirlar
yo'nalishlarining to'g'ri shakllantirilgani bilan bog'liq. O'zbekiston taraqqiyotining
yangi davrida, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish
iqtisodiy siyosatning muhim va samarali yo'nalishlaridan biriga aylandi.
Iqtisodiyotning mushak to’qimasi
Ma'lumki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jahon mamlakatlari
tajribasida o'zining yuksak natija va muvaffaqiyatlari bilan mustahkam o'rin
egallagan bo'lib, aksariyat xalqlarda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 60-70
foizni tashkil etadi. Kichik biznesning rivojlanishi iqtisodiyotdagi jo'shqinlik va
samarali raqobat muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, iste'mol sektorini
kengaytirish orqali talabni rag'batlantirish, iste'mol bozorini tovar va xizmatlar
bilan to'ldirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, byudjet tushumlarini kengaytirishga
xizmat qiladi. SHunga ko'ra, ko'plab rivojlangan davlatlar kichik biznes faoliyatini
har tomonlama qo'llab-quvvatlashga intiladi.
O'zbekiston mustaqilligining o'tgan yillariga nazar tashlasak, yurtimizda
kichik va o'rta biznes yo'nalishi qo'shni davlatlarga nisabatan sekin rivojlangani,
ko'rsatkichlar sezilar-sezilmas darajada bo'lgani, katta-katta bizneslar ma'lum
insonlar qo'lida bo'lib, aholining asosiy qatlami ularning qo'l ostida ishlaganini
ko'ramiz. Oddiy odamlar uchun tadbirkorlik uddalab bo'lmas mashaqqatdek
ko'rinardi. Yuqori boj to'lovlari, er olish, korxona ochishdagi qator to'siqlar,
birovning cho'ntagiga pul qistirmasang, bitmaydigan ishlar, bir amallab biznesni
yo'lga qo'yib olganda ham, har kuni eshik qoqadigan soliqchilarga dosh berish
oson emasdi. SHuning uchunmi, odamlar tadbirkorlik qilishdan ko'ra, “och qornim,
ting qulog'im” qabilida ish tutishni afzal bilgan.
Bugun Yangi O'zbekiston iborasini faxr bilan aytayotganimiz bejiz emas.
Boisi, yaqin 4-5 yil oldin ana shu ikki jumla zamirida boshlangan ulkan islohotlar
odamlarning o'z imkoniyatlaridan keng foydalanish, istalgan sohada yangiliklar
yaratishga qo'rqmay qadam tashlash, eng muhimi, mustaqil tadbirkor sifatida o'zini
sinab ko'rish imkoniyatini beryapti. Bu borada, Prezidentimiz Shavkat
Mirziyoyevning 2019-yil Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida “Haqiqatan
ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga,
farovon hayotga erisha olamiz”, deya ta'kidlagan so'zlari xalqimizga yanada
ishonch, kuch berdi.
Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy — aynan O'zbekiston iqtisodiyoti uchun
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati nimalarda namoyon
bo'lmoqda?
Eng avvalo, iqtisodiyotning etakchi soha va tarmoqlarida kichik tadbirkorlik
ulushining oshishi iqtisodiy o'sish va ijtimoiy barqarorlik ta'minlanishining
mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ma'lumki, tadbirkorlik — bu tashabbus va faollik asosida kelgusida yuz
berishi mumkin bo'lgan turli xatarlarni hisobga olib, mas'uliyat va javobgarlik
bilan amalga oshiriluvchi iqtisodiy faoliyatdir. U erkinlik, ijodkorlik hamda
raqobat muhiti uyg'unligida juda katta bunyodkorlik kuchini hosil qiladi. Ayniqsa,
faoliyat ko'lami jihatidan nisbatan ixcham bo'lgan kichik tadbirkorlik
iqtisodiyotdagi kon'yunkturaviy o'zgarishlarga tezlik bilan moslasha olish,
iste'molchining did va qiziqishlarini anglash va e'tiborga olish, ichki
imkoniyatlardan to'liq foydalanish, raqobat muhitini kuchaytirgan holda
iqtisodiyotga jo'shqinlik baxsh etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Yurtimizda ushbu yo'nalishni qo'llab-quvvatlash va barcha zarur sharoitlarni
yaratib berish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida kichik
tadbirkorlik subyektlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora ortib boryapti.
Aniq raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, bu boradagi ko'rsatkich 1991-yilda atigi 1,5
foiz, 2000-yilda 31 foizni tashkil etgan edi. 2016-yilda mazkur sohaning yalpi
ichki mahsulotdagi ulushi 64,9 foizga yetdi. Bu raqamlar yil sayin ortsa ortyaptiki,
aslo, orqaga pastlayotgani yo'q. Xususan, o'z faoliyatini yo'lga qo'ygan tadbirkorlik
sub'ektlari soni 2016-yildagi 210,6 ming birlikdan 2020-yilda 411,2 ming birlikka
yetdi. Umumiy korxona va tashkilotlar tarkibida kichik tadbirkorlik
subyektlarining ulushi 2020-yilda 86,5 foizga qadar o'sdi.
2017-yildan boshlab mamlakatimizning yirik sanoat obyektlariga juda katta
hajmda xorijiy investitsiya va kredit mablag'lari jalb etilishi natijasida ulardagi
ishlab chiqarish hajmi keskin o'sa boshladi. Agar yirik korxona va birlashmalar
majoziy ma'noda iqtisodiyot organizmining suyak (skelet) qismi deb hisoblansa, u
holda kichik biznes ushbu qismga qayishqoqlik, moslashuvchanlik baxsh etuvchi,
uning bir maromdagi harakatini ta'minlovchi mushak to'qima hisoblanadi. Bu
jarayon esa yangi korxonalarning tashkil topishi orqali ta'minlanadi. Ya'ni, kichik
biznes korxonalari iqtisodiyotdagi talab jadallik bilan o'sib borayotgan tarmoq va
sohalarga javoban yangi ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Raqamlarga qaraydigan bo'lsak, 2017—2020-yillar mobaynida
mamlakatimizda jami 288 mingdan ortiq korxonalar tashkil etildi. Shundan 14,8
mingtasi yirik korxonalar, 273,2 mingtasi kichik biznes korxonalari hissasiga to'g'ri
keladi.
Monopoliyani chetlashtirib
Taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda kichik biznes faoliyati
ko'lamining tobora kengayib borayotganini har 1000 nafar aholiga to'g'ri keluvchi
kichik tadbirkorlik sub'ektlarining soni orqali ham kuzatishimiz mumkin. Ushbu
ko'rsatkich 2017-yilda 12,2 birlikni tashkil qilgan bo'lsa, 2020-yilda 15,6 birlikka
yetdi. e'tiborlisi, kichik tadbirkorlik subyektlari sonining eng yuqori o'sishi
iqtisodiyotga pandemiyaning salbiy ta'siri sharoitida ro'y beryapti.
Kichik biznesga xuddi iqtisodiyotga yangi kuch, yangi quvvat baxsh etuvchi
soha sifatida qarash mumkin. Yangidan tashkil etiluvchi korxonalar keyingi paytda
vujudga kelgan talabni, so'nggi texnologik yangilik va yutuqlarni ma'lum darajada
o'zida jamlaydi va amaliyotga joriy etadi. Shunga ko'ra, korxonalarning
yangilanish darajasi o'ziga xos ko'rsatkich hisoblanadi.
Mamlakatimizdagi ushbu ko'rsatkichning holatini tahlil qiladigan bo'lsak,
uning kichik biznes korxonalaridagi darajasi yirik korxonalarga nisbatan 2016-
yilda 6,2 marta, 2020-yilda esa 6,9 marta yuqori bo'lganligini kuzatish mumkin.
Ya'ni, aynan kichik biznes korxonalari iqtisodiyotimizni modernizatsiyalashda o'z
faolligini namoyon etmoqda.
Eng muhimi, kichik tadbirkorlik subyektlari qandaydir ko'rsatma yoki
undovlar ostida emas, balki iqtisodiyotdagi kon'yunkturani hisobga olgan holda
erkin va mustaqil tashkil etilyapti. Aynan shu holat iqtisodiyot tarmoqlarining
umumiy ko'lamiga o'ziga xos tuzatishlar kiritadi. Jumladan, 2017—2020-yillar
davomida yangidan tashkil etilgan kichik biznes korxonalarining eng katta salmog'i
savdo (jami korxonalarning 32 foizi), sanoat (21 foizi), qishloq, o'rmon va
baliqchilik xo'jaligi (12 foizi), qurilish (10 foizi), yashash va ovqatlanish (7 foizi)
tarmoqlariga to'g'ri keladi. Bu esa mamlakatimiz yetakchi tarmoq va sohalari
o'rtasidagi maqbul nisbatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Yana bir jihati, kichik tadbirkorlik iqtisodiyotda raqobat muhitini
shakllantirish, uning moslashuvchanligini ta'minlashning muhim omili
hamdir.
Iqtisodiyotdagi raqobat muhiti bu — turli mahsulot va xizmatlar ishlab
chiqaruvchilari va iste'molchilari o'rtasida qulay sharoitga erishish hamda erishishi
ko'zda tutilayotgan foyda yoki iqtisodiy nafni maksimallashtirish maqsadidagi
iqtisodiy bellashuv (kurash), deyish mumkin.
Iqtisodiyotda monopoliyalarning paydo bo'lishi va amal qilishi — bu
obyektiv jarayon. Ularni butunlay bartaraf etish imkoniyatdan tashqari holat
hisoblanadi. Ayrim hollarda davlatning monopoliyaga qarshi kurashi ham darhol
o'zining etarli samarasini bermasligi mumkin. Shu o'rinda yana kichik biznes
subyektlari yordamga keladi. Yangidan-yangi kichik ishlab chiqarish subyektlarini
tashkil etish va ularning rivojlanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish
orqali bozordagi monopoliya darajasini pasaytirish mumkin.
Shuningdek, mazkur soha iste'mol bozoridagi talab va taklif muvozanatini
tiklash hamda ta'minlashda asosiy tomonlardan biridir.
Hozir mamlakatimizda
biron-bir mahsulotning, xoh u oziq-ovqat tovarlari bo'lsin, xoh kiyim-kechak yoki
uy-ro'zg'or buyumlari bo'lsin, kuchli taqchilligining vujudga kelishidan xavfsirash
holatlari mavjud emas. Chunki, o'z faoliyat xususiyatiga ko'ra iste'moldagi
ahamiyatsiz o'zgarishga ham o'ta sezgirlik bilan e'tibor qaratuvchi kichik
tadbirkorlar qisqa muddat ichida bozordagi har qanday taqchillikka o'z
munosabatlarini bildiradi. Taqchilligi ortidan narxi ko'tarilgan mahsulotni dastlab
boshqa hudud yoki chet mamlakatlardan olib kelish, o'rta yoki uzoq muddatli
davrda uning milliy ishlab chiqarishini yo'lga qo'yish orqali bozordagi talab va
taklif muvozanatini tiklashga harakat qiladi.
Kichik biznesning yangi ish o'rinlarini yaratish, aholini ish bilan bandlik
darajasini oshirishdagi faolligi uning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yana bir
ahamiyatli jihatini namoyon etadi.
O'zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar va uning dastlabki pallasida
iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgarishlar, milliy ishlab chiqarishning tashqi va ichki
talabga mos kelmasligi oqibatida mamlakatimizda muayyan darajada ishsizlik
vujudga kelgan edi. Shunisi e'tiborliki, mustaqil taraqqiyotning dastlabki pallasida
mazkur holat iqtisodiyotdagi ahamiyatli pasayish oqibatida kelib chiqqan tsiklik
ishsizlik ko'rinishida namoyon bo'lsa, hozirga kelib uning asosiy qismi mazmunan
ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklifning tarkiban nomuvofiqligini ifodalovchi
tarkibiy ishsizlik hisoblanadi. Holbuki, mamlakatda ish o'rinlari yetishmovchiligi
to'g'risida so'z borgan bir vaqtda, tegishli malakadagi ishchilar etishmayotgan
sohalar ham mavjudligi namoyon bo'lmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 16-iyun kuni oliy ta'limni
rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda bugungi
kunda xizmat ko'rsatish sohasida 40 mingta, sanoatda 38 mingta, qurilishda 12
mingta, qishloq xo'jaligida 10 mingta, aloqa va axborot texnologiyalarida 4 mingta
oliy ma'lumot talab etadigan bo'sh ish o'rinlari borligi, lekin bitiruvchilar son
jihatidan ham, malaka bo'yicha ham bu talabni qondira olmasligi ta'kidlandi.
Shunga ko'ra, ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklifni o'zaro muvofiqlashtirish,
yangi ish o'rinlarini yaratish orqali ish bilan bandlik darajasini oshirishda kichik
tadbirkorlik sub'ektlarining salohiyatidan keng foydalanilmoqda.
Ma'lumotlardan ko'rinadiki, 2016—2020-yillarda mamlakatimizda kichik
biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotdagi jami bandlarning to'rtdan uch
qismidan ko'prog'ini qamrab olgan bo'lib, bu hattoki jahondagi bir qator
rivojlangan mamlakatlar ko'rsatkichlaridan ham yuqori hisoblanadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yangi ish o'rinlari yaratish
borasidagi imkoniyat va salohiyati uning harakatchanligi, ko'lam jihatidan
ixchamligi va yo'nalishni tez o'zgartira olishi kabi xususiyatlari orqali namoyon
bo'ladi. To'g'ri, mantiqan qaraganda, yirik korxona kichik korxonaga nisbatan bir
necha o'nlab, yuzlab, hattoki, minglab marta ko'proq ishchilarni yollash orqali
mutlaq ustunlikka ega bo'lishi mumkin. Biroq, masalaning boshqa bir jihati
mavjudki, yirik korxona o'z xodimlari tarkibini bir marta to'ldirgandan so'ng, uning
yangi ish o'rni yaratish imkoniyati keskin qisqaradi yoki tugaydi. Kichik
tadbirkorlik sub'ektlari esa, yaxlit soha sifatida ozgina qo'shimcha daromad olish
imkoniyati paydo bo'lgan joyda uzluksiz tarzda va tezlik bilan yangidan-yangi ish
o'rinlarini yaratishga harakat qiladi.
Mahallalarda ishsizlar bo’lmasligi kerak
Mamlakatimizda bu borada, ayniqsa, mahalla instituti imkoniyatlaridan
kengroq foydalanishga e'tibor qaratilmoqda. 2021-yilning boshida Prezidentimiz
tomonidan iqtisodiy o'sishning qo'shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilish
borasida “mahallabay” tizimini yo'lga qo'yish, har bir mahalladagi o'ziga xos
“o'sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasi belgilab berildi. Jumladan,
tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagini bildirgan aholiga har tomonlama
amaliy yordam ko'rsatish, bo'sh bino va er uchastkalarini aniqlab, ulardan samarali
foydalanish choralarini ko'rish, mahallalardagi band bo'lmagan aholini kasb-hunar
va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'rgatishni tashkil etish orqali ularning bandligiga
ko'maklashish kabi bir qator vazifalar qo'yildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi “2021-yilda
yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko'maklashish bo'yicha davlat
dasturi to'g'risida”gi qarori asosida joriy yilda doimiy yangi ish o'rinlarini tashkil
etishning yig'ma prognoz ko'rsatkichlariga binoan, jami tashkil etiladigan 457 127
nafar yangi ish o'rinlarining 209 507 nafari (deyarli 46 foizi) kichik biznes va
xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga yaratilishi ham bu tarmoqqa
qaratilayotgan katta e'tibor ifodasidir.
Odatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatdagi bandlik
darajasini oshirish orqali aholi daromadlari darajasini oshirishga bevosita va
bilvosita ta'sir ko'rsatadi. Jumladan, kichik tadbirkorlik sub'ektlarining xususiy
daromadlari hamda ular tomonidan yollanma ishchilar mehnatiga haq to'lash orqali
aholi daromadlari bevosita oshirilsa, mustaqil ravishda band bo'lishga imkon
yaratish va rag'batlantirish, mol-mulk hamda ijtimoiy transfertlardan olinadigan
daromadlar uchun manba yaratishda ishtirok etish orqali aholi daromadlari
oshishiga bilvosita ta'sir etiladi.
Yuqoridagi singari ta'sir omillari natijasida mamlakatimizda aholi
daromadlarining sezilarli o'sib borishi kuzatilmoqda. Statistik ma'lumotlarga ko'ra,
fuqarolarning nominal umumiy daromadlari 2016-yildagi 151,7 trillion so'mdan
2020-yilda 401,5 trillion so'mga qadar oshgan. Buning natijasida aholi jon boshiga
nominal umumiy daromadlar tegishli ravishda 4,8 million so'mdan 11,7 million
so'mga ko'tarildi.
Yana bir ma'lumot, 2020-yilda aholi umumiy daromadlari hajmida kichik
tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi Jizzax, Buxoro, Xorazm
viloyatlarida eng yuqori darajani tashkil etgan. Qoraqalpog'iston Respublikasi,
Farg'ona, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida esa yirik sanoat korxonalari
va tashkilotlardagi ish haqi ko'rinishidagi daromadlarning salmog'i yuqori, ekani
qayd etildi.
Umuman olganda, ushbu yo'nalishning yurt taraqqiyotidagi sezilarli ta'siri,
bu borada erishilayotgan yutuqlar haqida ko'p va xo'p gapirish mumkin. Eng
muhimi, bugun mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ijtimoiy-
iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashning muhim yo'nalishi sifatida e'tibor qaratilib,
sohani yanada rivojlantirish bo'yicha manzilli va ta'sirchan chora-tadbirlar amalga
oshirilmoqda. Bunga javoban, mazkur soha ham iqtisodiyotimizning turli
jabhalarida o'zining bunyodkorlik va yaratuvchanlik, faollik va jo'shqinlik baxsh
etuvchi xususiyatlarini namoyon etib, Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida xizmat
qilyapti.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda kichik bizneslarning bir nechta xususiyatlari mavjud. Kichik
bizneslar kengaytirilgan oʻzgarishlarga tez va samarali javob berishi kerak. Ular,
qoʻyilgan rejalarni oʻzgartirish va yangilashga tez oʻzlashtirishadi. Kichik
bizneslarni boshlovchilari va sahifalari, xalqaro korxonalar kabi katta bizneslarning
samaradorlik, istiqomat va samimiyatga ega boʻlishi mumkin. Bu ularning ustuvor
yoki yuqori sifatli xizmat koʻrsatishiga olib keladi.
Kichik bizneslar doimo
moliyaviy resurslarda chekkaslikka duch kelishlari mumkin. Bunday muammolarni
bartaraf qilish uchun, ular bajarilishi kerak boʻlgan ishlar bilan cheklanmagan,
samarali moliyaviy rejalar tuzishlari lozim. Kichik bizneslar oʻzlarining soʻnggi
texnologiyalardan foydalangan holda innovatsiyalarni tez va samarali
boshqarishadi. Bu ularga keng oʻtkazish va muvaffaqiyatga erishish uchun zarur
boʻlgan avantyuralarini oladi. Kichik bizneslar oʻzlarining mijozlari bilan yaxshi
bogʻlanishda muvaffaqiyatga erishishadi. Shuning uchun, ular boshqaruv kadrlarini
oʻzlarining birinchi taʼlim berish, ijro etish va muloqot qilishni kuzatishlari kerak.
Kichik bizneslar uchun muhim boʻlgan tijoratni aniqlash va oʻrganish. Bu ularning
kimdir nima sotib olmoqchilarini va ularni qanday xizmatlar bilan qondirishlari
kerakligini tushuntiradi. Kichik bizneslarning bu xususiyatlari uning qoʻllanilishi
va rivojlanishi uchun muhimdir. Ular bu xususiyatlar orqali oʻzlarining
istiqomatini taʼminlashadi va muvaffaqiyatga erishishlarini oshiradi.
|