195-modda. Transfert narxni belgilashda
soliq nazoratini oʻtkazish tartibi
(1-q.)
Tekshiruv Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi rahbarining (rahbar
oʻrinbosarining) tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori asosida uning mansabdor shaxslari
tomonidan oʻtkaziladi.
(2-q.)
Tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda
tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksning 182-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan
bildirishnoma yoki xabarnoma olingan kundan eʼtiboran toʻrt yildan kechiktirmay chiqarilishi
mumkin.
(3-q.)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida u
qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida soliq toʻlovchini xabardor qiladi.
(4-q.)
Agar soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq summasi soliq
hisobotida ilgari berilganidan koʻra kam miqdorda (zarar summasi - kattaroq miqdorda) aks
ettirgan holda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan boʻlsa, tekshiruv oʻtkazish
toʻgʻrisidagi qaror ushbu aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kundan eʼtiboran toʻrt
yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin. Bunda tekshiruv faqat tuzatish kiritish amalga oshirilgan
nazorat qilinadigan bitimga nisbatan oʻtkaziladi.
(5-q.)
Tekshiruv olti oydan oshmaydigan muddatda oʻtkaziladi.
(6-q.)
Tekshiruv oʻtkazish muddati uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan
eʼtiboran va bunday tekshiruv oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotnoma tuzilgan kunga qadar
hisoblab chiqariladi.
(7-q.)
Alohida hollarda, tekshirish oʻtkazishning mazkur muddati Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat soliq qoʻmitasi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) qaroriga koʻra oʻn ikki oygacha
uzaytirilishi mumkin.
(8-q.)
Tekshiruv oʻtkazish muddatini uzaytirish asoslarini va tartibini Oʻzbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
(OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuni
tahriridagi qism)
(9-q.)
Chet davlat organlaridan axborot olish, soliq toʻlovchi tomonidan chet tilida taqdim
etilgan hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va (yoki) oʻzbek yoki rus tiliga tarjima qilish zarur
boʻlgan taqdirda, tekshiruv oʻtkazish muddati qoʻshimcha ravishda olti oydan oshmaydigan
muddatga uzaytirilishi mumkin.
(10-q.)
Agar tekshiruv chet davlat organlaridan axborot olish uchun uzaytirilgan boʻlsa va
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi soʻralayotgan axborotni olti oy ichida ololmagan
boʻlsa, mazkur tekshiruvni uzaytirish muddati qoʻshimcha ravishda uch oyga koʻpaytirilishi
mumkin.
(11-q.)
Tekshiruv oʻtkazish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi
soliq toʻlovchiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida yuboriladi.
(12-q.)
Agar nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining
mustaqil shaxslar oʻrtasidagi taqqoslanadigan bitimlarning shartlari bilan taqqoslanishini aniqlash
uchun soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 23-bobida koʻrsatilgan usullarni yoki ularning
kombinatsiyasini qoʻllagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tekshiruvni
amalga oshirish chogʻida soliq toʻlovchi tomonidan qoʻllanilgan usulni (usullar kombinatsiyasini)
qoʻllaydi.
(13-q.)
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi nazorat qilinadigan bitimni
tuzish shartlaridan kelib chiqqan holda soliq toʻlovchi tomonidan qoʻllanilgan usul (usullar
kombinatsiyasi) nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining mustaqil
shaxslar oʻrtasidagi taqqoslanadigan bitimlar shartlari bilan taqqoslanishi mumkinligi yoki
taqqoslana olmasligi toʻgʻrisida asoslangan xulosa chiqarishga imkon bermasligini isbotlasa,
boshqa usul (usullar kombinatsiyasi) qoʻllanilishi mumkin.
(14-q.)
Tekshiruv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu
Kodeksning 23-bobida nazarda tutilmagan boshqa usullarni qoʻllashga haqli emas.
(15-q.)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu Kodeksning 146-moddasida
nazarda tutilgan tartibda soliq toʻlovchiga tekshirilayotgan bitimga (bir xil bitimlar guruhiga)
nisbatan ushbu Kodeksning 193-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish haqidagi
talabnomani yoʻllashga haqli.
(16-q.)
Talab qilinayotgan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻttiz
kalendar kun ichida soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etiladi.
(17-q.)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining tekshiruv oʻtkazayotgan
mansabdor shaxsi tekshirilayotgan bitimlarning ushbu bitimlarga taalluqli hujjatlarga (axborotga)
ega boʻlgan ishtirokchilaridan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga haqli. Hujjatlarni (axborotni)
bunday talab qilish hujjatlarni talab qilishning ushbu Kodeksning 147-moddasida belgilangan
tartibiga oʻxshash tartibda amalga oshiriladi.
(18-q.)
Tekshiruvning oxirgi kunida tekshiruvchi oʻtkazilgan tekshiruv toʻgʻrisidagi
maʼlumotnomani tuzishi shart boʻlib, unda tekshiruv predmeti va uni oʻtkazish muddatlari qayd
etiladi.
(19-q.)
Oʻtkazilgan tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma oʻziga nisbatan bunday tekshiruv
oʻtkazilgan shaxsga yoki uning vakiliga imzo qoʻydirib topshiriladi yoki u olingan sana haqida
dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi.
(20-q.)
Agar soliq toʻlovchi (uning vakili) oʻtkazilgan tekshiruv toʻgʻrisidagi
maʼlumotnomani olishdan bosh tortsa, mazkur maʼlumotnoma soliq toʻlovchiga pochta orqali
buyurtma xat bilan yuboriladi.
(21-q.)
Oʻtkazilgan tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma pochta orqali buyurtma xat bilan
yuborilganda, buyurtma xat yuborilgan sanadan eʼtiboran hisoblaganda beshinchi kun u
topshirilgan sana deb hisoblanadi.
(22-q.)
Agar tekshiruv natijalariga koʻra soliq summasining kamayishiga (zarar
summasining oshishiga) olib kelgan, nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlaridan chetga
chiqishi faktlari aniqlangan boʻlsa, tekshiruvni oʻtkazgan vakolatli mansabdor shaxslar
belgilangan shakldagi tekshiruv dalolatnomasini tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tuzilgan
kundan eʼtiboran ikki oy ichida tuzishi kerak.
(23-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi tekshiruvni oʻtkazgan mansabdor shaxslar va oʻziga
nisbatan ushbu tekshiruv oʻtkazilgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
(24-q.)
Oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv
dalolatnomasini imzolashni rad etgan taqdirda ushbu dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv
kiritiladi.
(25-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi ushbu Kodeksning 156-moddasi beshinchi qismida nazarda
tutilgan talablar hisobga olingan holda tuziladi.
(26-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlari oraligʻi
chegarasidan chiqishining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlarini ham, shuningdek ushbu holat
soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelganligining asoslanishini
va bunday kamayish (koʻpayish) summasining hisob-kitobini oʻz ichiga olishi kerak.
(27-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxsga u tuzilgan
sanadan eʼtiboran besh kun ichida yoki ushbu shaxsning vakiliga imzo qoʻydirib topshirilishi yoki
olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirilishi kerak.
(28-q.)
Agar oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv
dalolatnomasini olishdan bosh tortsa, ushbu fakt tekshiruv dalolatnomasida aks ettiriladi va
tekshiruv dalolatnomasi yuridik shaxsning joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi
boʻyicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
(29-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma
xat yuborilgan sanadan eʼtiboran hisoblaganda beshinchi kun u olingan sana deb hisoblanadi.
(30-q.)
Oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs (uning vakili) tekshiruv dalolatnomasida
bayon qilingan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi
boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga umuman mazkur
dalolatnoma boʻyicha yoki uning alohida qismlari boʻyicha yozma eʼtirozlarini taqdim etishga
haqli.
(31-q.)
Bunda mazkur shaxs oʻz eʼtirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni
(ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini) yozma eʼtirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan
muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga topshirishga haqli.
(32-q.)
Bunday eʼtirozlar soliq tekshiruvi dalolatnomasi olingan kundan eʼtiboran yigirma
kalendar kun ichida taqdim etiladi.
(33-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan dalolatnomani, boshqa tekshiruv
materiallarini va dalolatnomaga doir yozma eʼtirozlarni koʻrib chiqish, shuningdek tekshiruv
natijalariga koʻra qaror qabul qilish ushbu Kodeksning 158-160-moddalarida nazarda tutilgan
materiallarni koʻrib chiqish va soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror qabul qilish tartibiga
oʻxshash tartibda amalga oshiriladi.
|