|
Pandemiya sabab masofaviy ta’lim olganlar kelajakdagi qancha pulini yo‘qotdi?
|
Sana | 03.01.2024 | Hajmi | 23,17 Kb. | | #129768 |
Bog'liq Annotatsiya
Annotatsiya
Ushbu maqolada Kun.uz ijodkorlari Pandemiyaning butun jahon ta’lim tizimiga ta’siri, yo’qotilgan bilimlar va muammoning yechimi yuzasidan so’z boradi.
Pandemiya sabab masofaviy ta’lim olganlar
kelajakdagi qancha pulini yo‘qotdi?
Pandemiya sabab maktablarning yopilishi va iqtisodiy qalqishlar tufayli o‘quvchilar butun hayoti davomida jamg‘arishi mumkin bo‘lgan $17 trillionni yo‘qotishi mumkin. Bu global YaIMning 14 foiziga to‘g‘ri keladi.
UNESCO, UNICEF va Jahon banki tayyorlagan yangi hisobotga ko‘ra, yo‘qotishlar ehtimoli $17 trillionga chiqdi, 2020 yildagi dastlabki hisob-kitoblar $10 trillion edi.
Pandemiya va maktablarning yopilishi bolalarning sog‘ligi va xavfsizligini so‘roq ostida qoldirish bilan birga ularga nisbatan maishiy zo‘ravonlik va majburiy mehnat ulushining oshib ketishiga olib keldi. Pandemiya fonida ta’limda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar bolalarning ta’lim sifatiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydigan 10 yoshgacha bolalarning 50 foizi shundoq ham o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarida orqada bo‘lgan. Maktablarning uzoq vaqt yopilgani va masofaviy ta’limning yetarli darajada samarali bo‘lmagani sababli o‘rganishida muammosi bor bolalar 70 foizga yetishi taxmin qilinyapti.
Agar ta’limdagi muammolarni hal qilish uchun yetarlicha harakat qilinmasa, bolalar maktablarga qaytgan bo‘lsa ham, ularning kelajakdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari xavf ostida qolishi mumkin.
Braziliya, Pokiston, Hindistonning qishloq hududlari hamda Janubiy Afrika va Meksika hududlaridan olingan ma’lumotlar o‘quvchilarning asosiy yo‘qotishlari matematika va o‘qishdan ekanini ko‘rsatgan. Ba’zi kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda esa bolalarning ta’limdagi yo‘qotishlari maktablar yopilgan davrga deyarli proporsional bo‘lgan. Masalan, maktabning oy davomida yopiq bo‘lishi o‘quvchilarning oylik o‘zlashtirishdagi yo‘qotishlariga olib keldi.
Asosiy “qurbonlar”
Kam ta’minlangan oilalarning bolalari, nogironlar va qiz bolalarning masofaviy ta’lim olish imkoni kamroq bo‘ldi. Bunga jamiyatlardagi ijtimoiy va gender normalari, diskriminatsiya omillari bilan birga elektr tarmog‘i, gadjetlar, aloqa sifati va texnologiyalar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar ham sabab.
Kichik yoshli o‘quvchilar ham katta yoshlilarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rgan. O‘rganishning muhim bosqichida bo‘lgan maktabga tayyorlov yoshidagi bolalar esa 2 baravar ko‘proq yo‘qotishlarga duch kelishdi. Chunki ular masofaviy ta’limni tashkillashtirish rejalaridan butunlay chetda qolgan.
Natijada, bu toifalardagi bolalar ta’lim olish orqali hayotlari davomida erishishi mumkin bo‘lgan yaxshi sharoitlar va imkoniyatlardan boshqalarga qaraganda ko‘proq mahrum bo‘ladi. Ta’limdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun esa shu toifadagi bolalarni ko‘proq qamrab olishga e’tibor berish lozim.
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekistonda ham pandemiya sabab 2020 yilning mart oyidan ta’lim muassasalari karantinga yopilgandi. 2020/2021 o‘quv yili esa umumta’lim maktablarida gibrid (ham oflayn, ham onlayn) shaklda boshlangan, OTMlarda esa o‘sha yili 16 noyabrdan o‘qish an’anaviy ta’limga bosqichma-bosqich qaytarilgandi.
2020 yilning oxirgi choragida OTMlarda masofaviy ta’lim sifati baholandi. Unga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar va talabalarning elektron platformadan foydalanish ko‘nikmasi yo‘qligi, platformalar o‘quv-uslubiy tomondan to‘liq boyitilmagani, texnika, sharoit yetishmasligi va internet sifati kabi muammolar sabab talabalar davomati kabi kamchiliklar kuzatilgan.
Shuningdek, nogironligi bor o‘quvchilar va talabalar pandemiya davrida boshqa tengdoshlariga qaraganda ko‘proq qiynalishdi. Jismoniy imkoniyati cheklanganlik sababli o‘quvchilarda masofaviy tarzda dars o‘zlashtirish imkoni kamroq bo‘ldi. Nogironlar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, nogiron o‘quvchi, talabalarning aksarida kompyuter yo‘qligi va internet tariflarining qimmatligi ham ularning o‘qishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi Jahon banki hamkorlikda 2020 yilda tayyorlagan Inson kapitali indeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshida 12 yillik majburiy ta’limni tugatgan yosh o‘zi o‘qigan muddatni ta’lim sifati bilan solishtirganda 2,9 yil yo‘qotishi, pandemiya bu bo‘shliqni yanada kattalashtirishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Yechim qanday bo‘lishi kerak?
UNESCO, UNICEF va Jahon banki hisobotiga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat va qaror qabul qiluvchilar maktablarni qayta yopmaslikni asosiy prioret sifatida saqlab qolishi zarur. Sababi dunyoning deyarli barcha davlatlari masofaviy ta’limni joriy eta olgan bo‘lsalar-da, sifat jihatidan baribir an’anaviy ta’limning o‘rnini bosish imkoni bo‘lmadi. Shuning uchun ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish va yaxshi ventilyatsiya tizimini ta’minlash orqali bolalarning sinfxonada xavfsiz ta’lim olishini ta’minlash zarur.
Parallel ravishda:
O‘quvchilarning ehtiyojlarini aniqlay olish uchun o‘rganish ko‘rsatkichlarini doimiy baholab borish;
Barcha o‘quvchilar uchun teng ravishda raqamli ta’lim imkoniyatlarini tadqiq qilish;
Bolalarning yaxshi o‘zlashtirishini qo‘llab-quvvatlashda ota-onalar, oilalar va jamiyatning rolini ham kuchaytirish;
O‘qituvchilarning yuqori sifatda malaka oshirishlarini, o‘qitish va o‘rgatish materiallaridan foydalanishini ta’minlash;
Ta’lim uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hajmini ko‘paytirish zarur.
|
| |