PRESS-RELIZ
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlash tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish
2014 yil 13 may kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari raqamlash tizimini takomillashtirish” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda jamoatchilikka Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqining “Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya raqamlari numeratsiyasi xalqaro rejasi (E.164)”, “Abonentlar va umumiy foydalanishdagi tarmoqlar uchun xalqaro identifikatsiya rejasi (iE.212)”da keltirilgan tavsiyalari hamda “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlash tizimi va rejasi”ga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida shoshilinch hamda tezkor xizmatlar telefon raqamlarini tizimlashtirish, xalqaro standartlar asosida shaharlararo va xalqaro aloqa tarmoqlariga ulanishni tashkil etish maqsadida Qo‘mita tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilgan.
O‘zbekiston hududlarida shoshilinch va tezkor xizmatlarning “0” bilan boshlanuvchi raqamlarini “10x”ga, “0xx” raqamlarini “10xx”ga o‘zgartirish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, shaharlararo aloqa tarmoqlariga ulanishda foydalanilayotgan “8” raqamini xalqaro standartlarga mos “0” raqamiga, xalqaro aloqa tarmoqlariga chiqish uchun teriladigan “8-10” old raqamini “00”ga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan.
Loyihani amalga oshirish uchun kommutatsiya markazlarini NGN texnologiyalari asosida dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan ta’minlash va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida mamlakatimizning barcha hududlarida shoshilinch va tezkor xizmatlari telefon raqamlarining o‘zgarishi, shaharlararo va xalqaro telefon tarmoqlariga chiqishda ishlatiladigan old raqamlarni xalqaro standartlar asosida uyg‘unlashtirish bosqichlari, aniq vaqtlari qayd etildi.
Soha korxonalari, telekommunikatsiya operatorlari, yangi raqamlash tizimiga o‘tayotgan tashkilotlar tomonidan aholi o‘rtasida tezkor xizmatlar raqamlarining yangi shaklga o‘tgani, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning muhimligi va ahamiyati, kutilayotgan o‘zgarishlarga oid tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, aholi mazkur masalalar yuzasidan o‘zgarishlar bilan Qo‘mita hamda telekommunikatsiya operatorlari veb-saytlaridan, shu bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan boxabar bo‘lib borishlari mumkin bo‘ladi.
Dasturga muvofiq, joriy yil may oyining ikkinchi yarmidan boshlab shoshilinch va tezkor xizmatlarning “0x” bilan boshlanadigan telefon raqamlarini “10x” tizimiga, “0xx” tizimidagi telefon raqamlarini “10xx” tizimiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shaharlararo va xalqaro telefon tarmoqlariga chiqishda ishlatiladigan old raqamlarni xalqaro talab darajalariga moslashtirish 2014 yilning oktyabr oyida amalga oshiriladi va shundan so‘ng yurtdoshlarimiz shaharlararo qo‘ng‘iroqlarni “0” old raqami, xalqaro qo‘ng‘iroqlarni “00” old raqamlari yordamida amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Tadbirda ta’kidlanganidek, istiqbolda yangi aloqa tizimiga o‘tilishi O‘zbekiston kommunikatsiya tarmoqlari abonentlarining xalqaro telefon aloqasiga ulanish tartibini o‘zgartirmaydi. Aksincha, bu tizim xorijga chiqayotgan yurtdoshlarimiz, yurtimizga kelayotgan xorijliklarga xalqaro aloqani amalga oshirishga qulaylik yaratadi.
Shoshilinch va tezkor xizmatlar telefon raqamlari tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar mobaynida turli tushunmovchilik va noqulayliklarning oldini olish maqsadida mazkur telefon raqamlarining 3 oy davomida bir vaqtning o‘zida har ikala – yangi va eski tizimlarda faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Bu haqda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilishi belgilangan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassis hamda mas’ullar tomonidan javob qaytarildi.
|