Koreyada elektron hukumatning rivojlanishi hamda uning tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash




Download 336,04 Kb.
bet17/20
Sana30.01.2024
Hajmi336,04 Kb.
#148727
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
Bog'liq
sayidmurodov individual loyiha

2.3Koreyada elektron hukumatning rivojlanishi hamda uning tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash

Elektron hukumat davlat boshqaruvida elektron hujjat almashinuvini ta’minlaydi. O‘z navbatida, elektron hujjat aylanishi bu — hujjatni skanerlab, uni elektron pochta orqali yuborish, degani emasligini yodda tutish lozim.


Elektron hukumat aholiga va korxona-tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini taqdim qilishni osonlashtiradi. Fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, ularning texnologik yangiliklardan xabardorligini oshiradi, davlat boshqaruvidagi ishtirokini osonlashtiradi.
Elektron hukumat quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
· G2C (government-to-citizen) — davlatdan-fuqaroga
· G2B (government-to-business) — davlatdan-biznesga
· G2G (government-to-government) — davlatdan-davlatga
· G2E (government-to-employee) — davlatdan-xodimga
· G2F (government-to-foreign) — davlatdan-chet el fuqarolariga
Dunyodagi ko‘pgina davlatlar elektron hukumatni rivojlantirish uchun bir qancha kuch, moliyaviy resurs sarflaganiga qaramasdan, u keltiradigan foyda — vaqt va mablag‘ning tejalishi kabi natijalarga erisha olmayapti. Shuning uchun ham, bu sohada muvaffaqiyatga erishgan davlatlarning tajribasini har tomonlama o‘rganish foydadan xoli emas.
Janubiy Koreyada elektron hukumatning rivojlanish bosqichlari
Janubiy Koreya elektron hukumatni rivojlantirishda ulkan muvaffaqiyatga erishgan davlat hisoblanadi. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumat institutlarining hamda aholining davlat boshqaruvidagi elektron ishtirokining rivojlanganlik darajasi bo‘yicha reytingida birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun ham uning tajribasi so‘nggi yillarda ko‘plab tadqiqotchilarning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Janubiy Koreyada elektron hukumatni shakllantirish bo‘yicha tashabbus 2001-yilda yuridik kuchga ega bo‘ldi. Mamlakatda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur hukumat organlarining ishida samardorlikni oshirishga qaratilgan bo‘lib, u uch bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan.
Birinchi bosqichda (2001-2003) kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning natijasida Koreyaning hukumat organlari tashqi dunyo bilan Internet orqali uchta asosiy yo‘nalishda — G2C (davlatdan-fuqaroga), G2B (davlatdan-biznesga) va G2G (davlatdan-davlatga) sxemalari bo‘yicha aloqa qila boshladi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruvi tizimida idoralararo elektron aloqalarni ta’minlashga qaratilgan informatsion-texnologik arxitektura ham ishlab chiqilgan. Unda, xususan, elektron hujjat aylanishi, elektron raqamli imzo va boshqa texnologiyalar faol qo‘llanilgan. Umumiy hisobda, birinchi bosqich uchun jami 225 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflangan. Natijada, Koreya raqamli imkoniyatlar indeksi bo‘yicha jahonda 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Ikkinchi bosqichda (2003-2007) Koreya hukumati o‘z oldiga ancha katta maqsadni qo‘ygan — dunyo davlatlari ichida nisbatan ochiq va shaffof elektron hukumatni shakllantirish. Koreyaning “Elektron hukumat qurishning milliy asoslari va tamoyillari” nomli dasturiga muvofiq to‘rtta sohaga oid loyihalar ishga tushirilgan:
· davlat boshqaruvi organlarining faoliyat ko‘rsatishi
· davlat xizmatlarini ko‘rsatish
· axborot resurslarini boshqarish
· qonun ijodkorligi tizimi
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 981 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ sarflangan. Natijalar kutilganidan ham a’lo darajada bo‘lgan.
2007-yilga kelib Koreyada markaziy boshqaruv organlarining 55 foizida davlat apparatining 96,6 foiz xodimlari axborotlarni qayta ishlashning milliy elektron tizimi — “On-Nara” (koreyscha, onlayn-mamlakat) tizimidan foydalanishga o‘tgan. Buning natijasi o‘laroq, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30-44 kundan 7-13 kungacha qisqargan.
Davlat tuzilmalarida ma’lumotlarni qayta ishlashning innovatsion tizimi — “On-Nara” 2007-yildan to‘liq ishga tushgan bo‘lib, uning oldiga quyidagi maqsadlar qo‘yilgan:
· ma’lumotlarni qayta ishlash va almashish doirasida barcha boshqaruv jarayonlarini standartlashtirish;
· davlat organlarining markazlashmagan operatsiyalarini boshqarishni yagona tizimga solish;
· tizim ishtirokchilari o‘rtasida axborotlarni almashish va tarqatishni ta’minlovchi turli jarayonlarni o‘zaro bog‘lash va bir-biriga integratsiya qilish.
Janubiy Koreyada hozirda deyarli barcha davlat xaridlari veb-texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi — tenderlarning 93 foizi va onlayn-xaridlarning 99,6 foizi.
Davlat instansiyalariga tovar va xizmatlarni yetkazib berishda elektron shaklga o‘tish natijasida har yili 4,8 milliard dollar mablag‘ tejalmoqda. Chunki, barcha tender takliflari veb-saytdagi maxsus kompyuter dasturi vositasida ko‘rib chiqiladi va baholanadi, bu tenderning qanchalik ochiq va shaffof ekanligini ko‘rsatib beradi.

Tashqi savdoda eksport bo‘yicha bojxona deklaratsiyalarini ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 1 kundan 2 daqiqagacha, import bo‘yicha esa — 2,5 kundan 1,5 soatgacha qisqartirilgan. Bu esa, yiliga 2,5 milliard dollar mablag‘ni tejash imkonini bermoqda.
Umumiy hisobda, Janubiy Koreyada elektron hukumatni joriy etish ortidan har yili 10 milliard dollardan ortiq mablag‘ tejab qolinmoqda.
2008-yildan uchinchi bosqich boshlangan. Bu bosqichda asosiy e’tibor barcha mavjud tizimlar va turli darajadagi elektron hukumatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va ularni bir-biriga integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan. Bu fuqarolarga va kompaniyalarga kompleks davlat xizmatlarini taqdim qilish imkonini beradi.
Ushbu bosqichda Koreya Respublikasi boshqa davlatlarga (jumladan, Ekvador, Indoneziya, Bangladesh, Shri-Lanka, Mali) elektron hukumatni shakllantirish uchun texnologik yechimlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ham tuzgan. Bungacha, 2004-yildan boshlab Janubiy Koreyada elektron hukumat uchun ishlab chiqilgan texnologiyalarni import qiluvchi asosiy davlat Yaponiya bo‘lgan.
Janubiy Koreya hukumati turli sohalarda axborot texnologiyalarni qo‘llash borasida ilg‘or davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatda, bir so‘z bilan aytganda, bojxona ishidan tortib to intellektual mulk masalalarigacha avtomatlashtirilgan tizimga o‘tgan. Shuning uchun ham u hozirda dunyoda elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2002-yildan beri dunyodagi 192 ta davlat uchun elektron hukumat rivojlanishi indeksi (inglizcha “e-Government Development Index”) va elektron ishtirok indeksini (inglizcha “e-Participation Index”) hisoblab, bu bo‘yicha yillik reytingni e’lon qiladi. Bunda birinchi indeks mamlakatdagi milliy onlayn-servislarning mavjudligini baholasa, ikkinchisi esa o‘sha servislardan foydalanish darajasini baholaydi. Janubiy Koreya 2008-yilda ushbu reytingda elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha jahonda oltinchi, aholi va biznes vakillarining onlayn-servislardagi elektron ishtiroki bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, u 2010-yildan beri har ikkala reytingda ham yetakchilikni o‘z qo‘lida saqlab kelmoqda.
Koreyada elektron hukumatni rivojlantirishdagi eng yirik loyiha — www.korea.go.kr portali asosiga qurilgan G4C (government-for-citizen — davlatdan fuqaroga) loyihasidir. Ushbu elektron hukumat portali fuqarolarga kerakli ma’lumotlarni taqdim qilish hamda davlat servislaridan Internet orqali foydalanish uchun markaziy platforma vazifasini bajaradi. Mazkur G4C tizimi 2002-yilda ishga tushgan bo‘lib, 2011-yildan barcha turdagi davlat xizmatlari uchun “yagona oyna markazi” sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda ushbu “yagona oyna markazi”da 4 000 dan ortiq davlat va ma’muriy xizmatlar mavjud bo‘lib, ular yo‘nalishiga qarab 12 ta kategoriyaga bo‘lingan:
· san’at va madaniyat
· avtomobillar va transport
· korporatsiyalar va iqtisodiyot
· mudofaa va Shimoliy/Janubiy Koreya
· ta’lim va bandlik
· atrof-muhit
· ko‘ngilochar va sport
· shaxsiy va uy xo‘jaligi
· ko‘chmas mulk
· ijtimoiy himoya va salomatlik
· soliqlar
· sayohat va emigratsiya
Har bir kategoriyaning o‘zi ham yana bir nechta kichik bo‘limlarga ajratilgan. Har bir axborotdan unga oid agentlik, kerakli hujjatlar ro‘yxati, anketalari, unga oid qonunchilik haqida ma’lumot olish mumkin. Davlat xizmatlariga oid ko‘pgina ishlarni saytning o‘zida turib bitirish mumkin: kerakli hujjat shaklini onlayn to‘ldirib, xizmat haqqini elektron to‘lov bilan amalga oshirish mumkin. 2001-yilda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun ham qabul qilingan.
Koreya hukumatining G4B (government-for-business — davlatdan-biznesga) portali hukumat va kompaniyalar o‘rtasidagi onlayn-ko‘prik vazifasini o‘taydi. Xususan, 2009-yildan boshlab ushbu portalda biznesni ro‘yxatda o‘tkazish va litsenziya olish kabi xizmatlar ishlab kelmoqda.
Koreya Bojxona xizmati 1994-yildan bojxona ma’muriyatini kompyuterlashtirish ishlarini boshlagan bo‘lsa, 1999-yilga kelib bojxona jarayonlari uchun elektron axborot almashinuvi (electronic data interchange, EDI) tizimini ishga tushirgan. 2004-yildan boshlab bojxona ishi Internetga asoslangan servis asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Hozirda UNI-PASS deb nomlangan portalda bojxonaning barcha bosqichlarini — eksport/import tozalovi, bojxona to‘lovlarini yig‘ish, eksport/import yuklarini boshqarish va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish kabi ishlarning barchasini qisqa vaqt ichida bajarish mumkin. UNI-PASS tizimi ishga tushganidan so‘ng Koreyada eksportni bojxona majburiyatlaridan tozalash ishlari 2 daqiqagacha, importni tozalash esa — 2,5 soatgacha, QQSni qaytarish — 5,2 soatgacha, soliqlarni to‘lash — 10 daqiqagacha qisqartirilgan. Bu ko‘rsatkichlar dunyodagi eng yaxshi natijalar sanaladi.
O‘zbekistonda elektron hukumat rivojlanishining bugungi holati
2013-yil 1-iyul kuni O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish uchun eng katta qadam qo‘yildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, shu kuni Internet tarmog‘ida my.gov.uz manzili bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Yagona portal) test rejimida ishga tushirildi.
Yagona portalning shiori — “Xizmatlar yangi qiyofada” deb nomlanadi va bu onlayn tarzda yagona nuqta orqali davlat interaktiv xizmatlarini taqdim etish ma’nosini bildiradi.
Hozirgi kunda Yagona portal orqali test rejimida 20 xil yo‘nalishda 100 dan ortiq interaktiv davlat xizmatlari taqdim etilgan. Aholi tomonidan yana 100 ga yaqin xizmat turlarini qo‘shish taklifi tushgan.

Foto: my.gov.uz portalidan olingan skrinshot, 05.12.2013
Asosiy e’tibor aholidan kelib tushgan murojatlarni ko‘rib chiqishga qaratilgan. Yagona portal orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z murojaatlarni yuborishlari mumkin.
2013-yil 5-dekabr holatiga Yagona portalga jami 3 700 ga yaqin ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 97 foizi jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan.

Manba: my.gov.uz portalidan olingan skrinshot, 05.12.2013
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Yagona portal orqali taqdim etilayotgan interaktiv davlat xizmatlari axborot xizmati, yarim avtomatlashtirilgan xizmat, avtomatlashtirilgan xizmat, offlayn xizmat, axborot-ma’lumot xizmati kabi turlarga bo‘linadi.
Shu yilning noyabr oyi oxirlarida Yagona portal orqali tadbirkorlik subyektlarini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatiga olishga oid yarim avtomatlashtirilgan xizmat yo‘lga qo‘yildi. Natijada, yangi korxona ochish uchun zarur hujjatlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ammo, korxonanini to‘lig‘icha Internet orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati hozircha mavjud emas. Taxminlarga ko‘ra, 2014-yilning 1-yanvaridan bunday xizmat ham yo‘lga qo‘yiladi.
Portal xizmatlaridan foydalanish uchun foydalanuvchi ID.uz identifikatsiyalash tizimida akkaunt ochgan hamda unda o‘ziga oid barcha shaxsiy ma’lumotlarini kiritgan bo‘lishi lozim. Ba’zi holatlarda esa akkaunt maxsus verifikatsiyadan o‘tgan bo‘lishi talab qilinadi.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 2013-yil 19-noyabr kuni ID.uz tizimida verifikatsiya uchun ma’lumotlarimni to‘ldirdim va talab qilinganidek pasportimning elektron nusxasini (skan-nusxa) ham joyladim. Ammo, verifikatsiya jarayoni biroz cho‘zildi. ID.uz’ning qo‘llab-quvvatlash markaziga telefon qilib, bu haqda murojaat qilgan edim, “Tizim hozirda yangilanmoqda, shuning uchun foydalanuvchilarni vaqtinchalik verifikatsiya qila olmaymiz” degan javobni oldim. Ushbu maqolani yozish davomida Yagona portal qo‘llab-quvvatlash markaziga telefon qilib, bu haqda aytgan edim, ular mening akkauntimni verifikatsiya qilib berishlarini aytdi.
Shu o‘rinda, Yagona portal xususida o‘zimning quyidagi xulosa va takliflarimni bermoqchiman:
1) Birinchi navbatda, bunday portal orfografik va boshqa turdagi xatoliklardan xoli bo‘lishi lozim. Ayni paytda portalning o‘zbekcha versiyasida ba’zi orfografik xatoliklar mavjud bo‘lib, ularni to‘g‘rilash unchalik ham katta mehnat talab qilmaydi. Masalan, lotin yozuvidagi «O‘» va «G‘» harflari hamda «’» — tutuq belgisining yozilishi turli o‘rinlarda har xil qo‘llanilgan.
2) Portalda navigatsiya tizimi foydalanuvchiga biroz qiyinchilik tug‘diradi. Hozirda portalda atigi 100 dan ortiq xizmat mavjud bo‘lib, shuning o‘ziyoq foydalanuvchiga o‘ziga kerakli xizmatni topishi uchun biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ammo, yaqin kelajakda taklif qilinayotgan xizmatlarning turi 500 — 1 000 taga yetsa, bu narsa ancha-muncha mashaqqat talab qilishi mumkin.
Masalan, portaldagi “Bank va moliya xizmatlari” bo‘limiga kirsangiz, unda mavjud xizmatlar ro‘yxati ko‘rsatiladi. Bu xizmatlar aynan qaysi bank yoki moliya muassasi tomonidan ko‘rsatilayotgani esa o‘sha xizmat turi sahifasiga kirganingizdan keyin ma’lum bo‘ladi.
3) Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, portal ishga tushganiga 5 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ammo undan foydalanayotgan aholi soni judayam ozchilikni tashkil qiladi. Bu esa, mening fikrimcha, Internet foydalanuvchilarining portal haqida xabardorlik darajasining past ekanligidan dalolat beradi. Vaziyatni o‘nglash uchun portal haqida turli elektron ommaviy axborot vositalarida yoritish, elektron hukumatga oid konferensiya va davra suhbatlarini tashkil qilib, unda Internetning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan foydalanuvchilarning ishtirokini ham ta’minlash lozim.
4) Aholining Yagona portal haqida xabardorligini oshirish maqsadida turli ijtimoiy tarmoq, blog va veb-saytlarda portal xizmatlaridan foydalanish tajribasi haqida postlarning sonini oshirish. Bunda, Yagona portal Uznetning faol foydalanuvchilarini hamkorlikka chaqirishi lozim. Masalan, men Yagona portal yordamida qaysidir interaktiv xizmatdan foydalanganim haqida o‘z blogimda yoki ijtimoiy tarmoqlardagi profilimda yozsam, uni do‘stlarim va tanishlarim ko‘radi. Ularning qanchadir qismi bu postni o‘zlarining boshqa do‘stlariga ham ulashadi. Jarayon shu tarzda davom etib, tarmoq effekti yuz beradi. Birgina Internet foydalanuvchisi yozgan postni ma’lum muddat ichida minglab odamlarning ko‘rish ehtimoli katta.
5) Ba’zi davlat xizmatlarini to‘lig‘icha elektron shaklga o‘tkazish. Bunda, bu xizmat turidan foydalanishning an’anaviy usulidan butunlay voz kechish talab qilinadi. Davlat tashkilotiga bu xizmatdan an’anaviy usulda foydalanish istagida tashrif buyurgan odamlarga bu xizmat faqatgina Yagona portal orqali ko‘rsatilishini uqtirish lozim.
To‘g‘ri, bunday yondashuv ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, vaqt o‘tishi bilan aholi uning naqadar samarali ekanligini anglab yetishi aniq. Bunday usulni qo‘llash uchun shunday xizmat turlarini tanlash kerakki, ularning maqsadli foydalanuvchilari ham Internetdan faol yoki o‘rtacha foydalanuvchi kishilar bo‘lishi lozim.
6) O‘zbekistonda mobil internetdan foydalanish darajasining yuqori ekanligini hisobga olib, portalning mobil versiyasini, xususan Android va iOS mobil operatsion tizimlari uchun ilova-dasturlarini ishlab chiqish va rivojlantirish.
Koreya tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari
Koreyaning elektron hukumatni rivojlantirishdagi tajribasini O‘zbekiston sharoitida qo‘llab bo‘ladimi? Bu savolga javob berish uchun ayrim ma’lumotlarni solishtirib ko‘raylik.
Koreya mamlakatda elektron hukumatni rivojlantirishni boshlagan 2001-yilda aholini Internet bilan qamrab olish darajasi 60 foiz bo‘lgan. boshqacha qilib aytganda, Koreya hukumati global tarmoqdan foydalanish uchun aholisining ortidan ergashgan. Bugungi kunda O‘zbekistondagi vaziyat esa umuman boshqacha.
O‘zbekistonda Internet qamrovi atigi 35 foiz atrofida. Bundan tashqari, bu boradagi yillik o‘sishning katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yil 1-aprel holatiga (afsuski, bundan yangiroq ma’lumotni topishning ilojisi bo‘lmadi) mamlakatimizdagi Internet foydalanuvchilari soni 10 million kishidan oshib ketdi. Bunda, ularning qariyb 60-65 foizi mobil internetdan, qolganlari esa statsionar internetdan foydalanadi.
Aholining katta qismi nafaqat Internet nimaligini bilmaydi, balki elektron hujjatlar bilan ishlash tajribasiga ham ega emas. Ko‘pchilik uchun Internet tushunchasi Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i bilan boshlanib, u bilan tugaydi. Shunday sharoit ostida elektron hukumatni rivojlantirish maqsadga muvofiqmi?
Biroq, vaziyat juda tez o‘zgarib bormoqda. Yangi tendensiya — aholi o‘rtasida mobil internetdan foydalanishning keng tarqalishi hamda mobil qurilmalar narxining butun dunyo bo‘ylab pasayishi. Agarda bundan 5 yil avval smartfonlar qimmatbaho buyum sifatida qaralgan bo‘lsa, hozirda hatto 100-150 dollarga ham yaxshigina smartfon yoki planshet kompyuter sotib olish mumkin. Umid qilamanki, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ham davlat tomonidan taqdim qilinayotgan elektron xizmatlardan foydalanishga tayyor Internet foydalanuvchilari soni oshib boradi.
Ammo, shu o‘rinda mavjud muammolarni aytib o‘tishim ham lozim. Birinchidan, hukumat idoralarning o‘z veb-saytlarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan munosabati haliyam “sovuqligicha” qolmoqda. Ikkinchidan, veb-saytlardagi ma’lumotlar tez-tez yangilanmaydi yoki yuzaki yangilanadi.
Hozirda elektron xizmatlar sonini oshirib borayotgan hukumat organlariga Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasiDavlat soliq qo‘mitasidirDavlat statistika qo‘mitasi kabilarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Elektron hukumat, bu — shunchaki har bir davlat idorasining veb-saytini yaratishdan iborat emas. Buning uchun davlatning barcha “mashinasi” elektron shaklda ishlashi lozim. Odatda, biznesda keng qo‘llaniladigan korxona resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi (enterprise resource planning, ERP) yoki mijozlar bilan o‘zaro aloqalarni boshqarish tizimi (customer relationship management, CRM) kabi texnologiyalardan davlat boshqaruvida ham foydalanishni joriy qilish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “2012-2014 yillarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish va rivojlantirish dasturi”ni amalga oshirish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. Ushbu qarorda 2012-2014 yillar mobaynida O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, bu yillar mobaynida davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlarini bosqichma-bosqich ravishda yagona Milliy axbrot tizimiga integratsiya qilish masalasi ko‘zda tutilgan. Davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga taqdim qilinadigan interaktiv xizmatlarning soni va sifatini oshirish hamda ularning mazkur axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash darajasini oshirish ham e’tiborga olingan.
Ushbu qaror asosida “2012-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish va rivojlantirish” dasturi ham qabul qilindi. Bunda O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi zimmasiga asosiy vazifalar yuklangan.
O‘zbekistоndа elektrоn hukumatni rivojlantirish bo‘yichа mаvjud muаmmоlаrni hаl qilishning to‘g‘ri yo‘li tаnlаngаnligi xаlq fаrоvоnligidа, jаmiyatimizning tаrаqqiy tоpishidа, iqtisоdiy rivоjlаnishidа o‘z аksini tоpаdi.



Download 336,04 Kb.
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Download 336,04 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Koreyada elektron hukumatning rivojlanishi hamda uning tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash

Download 336,04 Kb.