|
Qarori ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘G‘risida
|
bet | 1/3 | Sana | 29.01.2024 | Hajmi | 142,71 Kb. | | #148196 |
Bog'liq TA’LIM TIZIMIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY ISHLAR SAMARADORLIGINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
TA’LIM TIZIMIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY ISHLAR SAMARADORLIGINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston respublikasi prezidentining “o‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017-yil 7-fevraldagi pf-4947-son farmoni va “oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi pq-2909-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda talaba va o‘quvchilarning ma’naviy-ma’rifiy, madaniy saviyasini muntazam oshirib borish, ularning o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida vazirlar mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tegishli Toshkent shahar, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasida joylashgan sobiq “Fudziyama” kafesi binosini tegishli hududi bilan birga (keyingi o‘rinlarda obyekt deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markaziga (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish, shuningdek, mazkur obyektda Markaz tarkibidagi Talabalarning media ijtimoiy faoliyati va madaniy dam olish maskanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining talaba va o‘quvchilarini yurtimiz hamda dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, xususan, yoshlar hayotiga oid voqealar, yangiliklar va qiziqarli ma’lumotlardan tezkor xabardor qilib, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazishga mo‘ljallangan virtual axborot makoni (veb-sayt, portal, forum, messenjerlardagi kanallar va h.k.)ni yaratish va doimiy faoliyat olib borishini ta’minlash;
talaba va o‘quvchilarda kitobxonlik hamda mutolaa madaniyatini shakllantirish orqali ularning ma’naviy dunyosini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni tashkil etib borish;
ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bo‘lgan talaba va o‘quvchilar hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida ularni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy aksiyalar, tadbir va tanlovlar tashkil etish, ularda milliy kontentga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan bloggerlar klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
o‘qish yoki ish yuzasidan xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan muntazam virtual aloqani yo‘lga qo‘yish va ular bilan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borish;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ta’lim bilan bog‘liq dolzarb muammolar va ularning yechimini tahlil qilish hamda yoritib borish maqsadida press-klub tashkil etish va uning doimiy faoliyatini ta’minlash;
yoshlarning bepul madaniy dam olishlariga qaratilgan tadbirlar tashkil etish, teatr tomoshalari namoyish etib borilishini ta’minlash, ularga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini tashkil etish;
talaba va o‘quvchilar turizmini rivojlantirish, yosh avlodni mamlakatimizning tarixiy joylariga va buyuk ajdodlarimizning muqaddas ziyoratgohlariga doimiy tashriflarini uyushtirish;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan “Axborot va murabbiylik soatlari”ni metodik ta’minlash hamda turli mavzularda multimedia mahsulotlarini yaratish va tarqatib borish;
professor-o‘qituvchilar, talaba va o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimida ommaviy, madaniy-ma’rifiy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va turli musobaqalarni o‘tkazib borish.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi faoliyatini takomillashtirish hamda talaba va o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash razryadlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga tasdiqlangan xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatiga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi faoliyatini takomillashtirish hamda talaba va o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari dasturida belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish choralarini ko‘rsin;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari talabalari va o‘quvchilari, shuningdek, mehnat va o‘quv jamoalari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha musobaqalar va marafonlarni yuqori saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratsin;
talaba va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga munosib hissa qo‘shayotgan professor-o‘qituvchilar hamda to‘garak rahbarlarining faoliyatini monitoring qilish natijalariga ko‘ra, ularni tegishli ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borishni muvofiqlashtirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda Markazning yangi tahrirdagi ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Markazni zarur ixtisoslikka ega bo‘lgan malakali kadrlar bilan ta’minlash, shuningdek, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rsin;
Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talaba va o‘quvchilar hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy, sport-sog‘lomlashtirish va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz murojaatiga asosan uni zarur telekommunikatsiyalar, Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va telefon aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida “Ma’naviyat va ma’rifat” markazini tashkil etish to‘g‘risida” 2011-yil 12-yanvardagi 11-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 1-2-son, 9-modda) 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
|
| |