|
Onalik xulq-atvori-ning shakllanishi
|
bet | 33/97 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 3,74 Mb. | | #246640 |
Bog'liq Оилавий низолар психолгиясиOnalik xulq-atvori-ning shakllanishi
Olimlar ontogenetik taraqqiyot davrida yaxshi ona bo‘lishga sabab bo‘luvchi qator omillar qatorida qiz bolaning o‘z onasi bilan yoshligidan boshidan kechirgan muloqot tajribasini, oilasida onaga va onalikka munosabat xususiyatlarini, o‘z oilasida kichkina bolalar bilan muloqot tajribasi borligini inobatga oladilar (Filippova G.G., 1999).
Bu jarayonda qizchaning ona tomonidan qanday tarbiyalanganligidan tashqari, muayyan madaniy manbalar bilan tanishligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, onasidan qanday ertaklar eshitgani yoki qanday o‘yinchoqlar o‘ynagani bevosita uning kelajakda qanday ona bo‘lishiga ta’sir etadi. Masalan, yoshligidan mehribon ona haqida eshitganlarini, ertak holida bo‘lsa ham yovuz kampirlar, yalmog‘iz ayollar, o‘gay onalar haqida eshitganlari bilan to‘g‘ri solishtirish tajribasi bor qiz o‘zining istiqboldagi harakatining yo‘nalishini belgilab olishi mumkin. Yoki qo‘g‘irchoqlarni erkalatishi, onasiday g‘amxo‘rlik qilishi ham ijobiy tajriba, lekin ming afsuski, hozirgi paytda ishlab chiqarilayotgan “barbi” kabi qo‘g‘irchoqlar qizchalarda onalikni emas, ko‘proq ayollik fazilatlarini, oliftachilikni tarbiyalaydi. Zamonaviy ertaklarning ayrimlarida ham tarbiyaga zid keladigan syujetlar ko‘p. O‘zbeklar suyib ko‘radigan multfilmlar, masalan, “Zumrad va Qimmat” ertaklarini ham agar ona to‘g‘ri sharhlamasa, bola ongida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanib qolishi, o‘gay onaning albatta johil, otaning hamisha bo‘ysunuvchanligi to‘g‘risidagi chalkash tushunchalar paydo bo‘lishi mumkin.
Onadagi tug‘ruqdan keyingi depressiya – chaqaloq tug‘ilgandan keyinoq ayrim onalarda paydo bo‘ladigan ruhiy holat. Bu o‘ziga xos xastalik bo‘lib, uning oldini olish uchun ko‘p harakatlar qilinmoqda, chunki bunda ham psixologik omillarning roli katta. Kuzatishlarning ko‘rsatishicha, agar oilada er-xotin munosabatlari yaxshi bo‘lmasa, otaning bolaga e’tibori yetarli bo‘lmagan vaziyatlarda, onaga amaliy hamda moliyaviy ko‘mak berish yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, shu kabi qiyinchiliklar onada depressiyani hosil qiladi (Rodrigues va boshqalar, 2003).
Onalik deprivatsiyasi. Onalik deprivatsiyasi ochiq (agar ona o‘z onalik burchini bajarmay, boladan ayrilgan bo‘lsa) va yashirin (boladan yashirin voz kechish, uni yoqtirmaslik yoki biror sabab tufayli bolaga yaqin kela olmaslik holatlarida) bo‘lishi mumkin. Ikkala holatda ham bola taraqqiyoti uchun nihoyatda salbiy, xavfli vaziyat yuzaga keladiki, ayrim hollarda bola hattoki, nobud ham bo‘ladi. Masalan, chaqaloq tug‘ilgach, xasta bo‘lgani uchun uning uzoq vaqt mobaynida kasalxonada qolishi ham onalik deprevatsiyasiga sabab bo‘ladi. Bu orada unda onalik mehri uyg‘onmaydi, u yangi chaqaloqqa befarq bo‘lib qoladi. Buning oqibatlari qanchalik og‘ir bo‘lishi onaning yoshiga va ayriliqning muddatiga bog‘liq. Agar shunga o‘xshash holatni boshidan kechigan ona juda yosh bo‘lsa, unda bolaning psixik taraqqiyotida jiddiy asoratlar qoladi, u o‘z xulq-atvorini nazorat qila olmaydigan, jizzaki, odamovi, jinoyatga, hattoki, o‘z joniga qasd qilishga ham moyilligi yuqori bo‘lib voyaga yetadi.
Ona bolaning yonida bo‘la turib, undan yashirin tarzda voz kechgan holatda ham bolada nevrotik xususiyatlar rivojlanadi, ayniqsa, bola shaxslararo munosabatlarda no‘noq, urushqoq bo‘lib, qarorlar qabul qilishda qiynaladi, ijtimoiylashuv jarayoni nihoyatda murakkab kechadi. Ko‘rib turganimizdek, onaning bolaga psixologik yaqinligi uning istiqbolini, shakllanajak ijobiy fazilatlari, jamiyatdagi o‘rni va nufuzini belgilovchi muhim omildir.
Otalik psixologiyasi onalik psixologiyasiga nisbatan kam o‘rganilgan soha. Otalar xulqini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ular ham g‘amxo‘rlik va samimiylik jihatidan ayollardan kam emas, kerak bo‘lsa, ulardan ham mehribon bo‘lishlari mumkin. Dastlab ota ham, ona ham bolaga nisbatan bir xil mehribonlik timsolida namoyon bo‘lgani uchun, ular o‘rtasidagi farqni chaqaloq deyarli his etmaydi. Bir yoshga to‘lgach, bola otasini alohida mustaqil shaxs sifatida idrok eta boshlaydi, o‘zaro munosabatlar triada shakliga o‘tadi. Otasi va onasining o‘zaro munosabatlarini kuzatib, bola tobora ayrim alohida olingan mustaqil, distansion munosabatlarning ma’nosini tushuna boradi.
Godfruaning olgan natijalariga ko‘ra, bir yoshlik bola otasi bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarni qadrlaydigan, xohlaydigan bo‘lib boradi. Onaning munosabatlaridan farqli, ota bolasining jinsiga qarab o‘ziga xos munosabatni o‘rnata oladi; o‘g‘il bolaga erkaklarcha, qiz bolaga boshqacha. Shu tariqa bolaning o‘z jinsini anglashi, gender tafovutlar to‘g‘risida tasavvurlar shakllanadi. Umuman, oilada otaning bo‘lishi bolaning ijtimoiy ko‘nikmalari shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi. Buni bizning kuzatishlarimiz ham tasdiqlagan. Otaning mehri qiz bola uchun ham shu qadar muhimki, u ota-ona munosabatlarini hayoti mobaynida kuzatib borib, kelajakda o‘z turmush o‘trog‘iga qanday munosabatda bo‘lish lozim, degan savolga javob topadi. Ona xulqiga qarab esa, turmush o‘rtog‘i bilan baxtiyor yashash uchun ayol qanday bo‘lishi kerak, degan savolning mag‘zini chaqadi. Shuning uchun ham qiz bola uchun ham, o‘g‘il bola uchun ham oilaning butligi, ota-ona munosabatlarining iliq, samimiy, gumanistik bo‘lishi katta hayotiy ahamiyat kasb etadi.
|
| |