2. Tushunchalar o’rtasidagi munosabatlar Mantiqda tushunchalar mazmuni va hajmi bo’yicha bir qancha turlarga bo’linadilar. Xususan, hajmiga ko’ra yakka va umumiy tushunchalar farq qilinadi.
Yakka tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Yer planetasi», «O’zMU asosiy kutubxonasi» va shu kabilar yakka tushunchalardir. Umumiy tushunchalar predmetlar guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona» tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi. Umumiy tushunchalar aks ettiruvchi predmetlarning miqdori chegaralangan va chegaralanmagan bo’lishi mumkin. Masalan, «ximiyaviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar soni chegaralangan. Ularni hisobga olish mumkin. «Yulduz» tushunchasi hajmini tashkil qiluvchi predmetlar soni esa cheksiz, ularni hisobga olib bo’lmaydi.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va to’plovchi tushunchalarni farq qilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki, u aks ettiruvchi belgilar berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. Masalan, «O’zMU talabalari ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi birinchi sessiya materiallarini o’rganmoqda» degan fikr O’zMUning har bir talabasiga tegishli. Demak, «O’zMU talabalari» tushunchasi bu yerda ayiruvchi tushunchadir."O’zMU talabalari ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasi yakunlarini muhokama etishmoqda» degan fikrda esa, «O’zMU talabalari» tushunchasi to’plovchi tushuncha sifatida ishtirok qiladi, chunki fikr ularning to’plamiga nisbatan bildirilgan.
Mazmuni bo’yicha tushunchalar, avvalam bor, abstrakt va konkret tushunchalarga bo’linadilar. Konkret tushunchalarda predmet o’zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan «Inson», «Tabiat» tushunchalari-konkret tushunchalar, «qahramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «Go’zallik» (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt tushunchalardir.
Mazmuni bo’yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud bo’lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «Badiiy asar» ana shunday tushunchalardir.
Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-birining mavjud bo’lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettiradi. Masalan, «O’qituvchi» va «O’quvchi», «Ijobiy qahramon» va «Salbiy qahramon», «Sabab» va «Oqibat» tushunchalari nisbatdosh tushunchalar qatoriga kiradi.
Ba’zi hollarda ijobiy va salbiy tushunchalar xam farq qilinadi. Ijobiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa, salbiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos bo’lmagan belgilar orqali fikr qilinadi. Masalan, «Savodli kishi», «Vijdonli kishi» - ijobiy tushunchalar, «Savodsiz kishi», «Vijdonsiz kishi» - esa salbiy tushunchalardir.
Biz yuqorida tushunchalarning bir qancha turlari bilan tanishib chiqdik. U yoki bu tushunchaning ana shu turlardan qaysilariga mansub ekanligini aniqlash unga mantiqiy tavsif berish demakdir. Masalan, «Talaba» – umumiy, ayiruvchi, chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy tushuncha; «A. Navoiy nomli O’zbekiston davlat kutubxonasi»-yakka, to’plovchi, chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy tushunchadir.
Obyektiv dunyodagi barcha predmet va hodisalar o’zaro aloqada bo’lganligi uchun, ularni aks ettiruvchi tushunchalar ham o’zaro ma’lum bir aloqalarda, munosabatlarda mavjud. Bu munosabatlar turli xil bo’lib, ularni aniqlash uchun, avvalambor, taqqoslanadigan va taqqoslanmaydigan tushunchalarni farq qilish lozim.
Taqqoslanadigan tushunchalar umumiy belgilarga ega bo’lgan, mazmuni va hajmi jixatidan bir-biriga yaqin turgan tushunchalardir. Masalan, «Metallurg» va «Ishchi» tushunchalari ana shunday taqqoslanadigan tushunchalar hisoblanadi.
Taqqoslanmaydigan tushunchalar esa, bir-biri bilan uzoq aloqada bo’lgan, ko’p hollarda moddiy yoki ideal bo’lishdan boshqa umumiy belgiga ega bo’lmagan predmetlarni aks ettiruvchi tushunchalardir. «Ijtimoiy progress» va «Zuhro yulduzi», «Ideal gaz» va «Go’zallik» tushunchalari taqqoslanmaydigan tushunchalar deb hisoblanadi. Mantiqda taqqoslanmaydigan tushunchalar o’rtasidagi mantiqiy munosabatlar o’rganilmaydi. Taqqoslanadigan tushunchalar esa hajm jihatidan sig’ishadigan va sig’ishmaydigan bo’ladi.
Sig’ishadigan tushunchalarning hajmi bir-biriga butunlay, to’laligicha yoki qisman mos keladi. Ular o’rtasida uch xil munosabat mavjud: moslik, qisman moslik va bo’ysunish1. Moslik munosabatidagi tushunchalar bitta predmetni (predmetlar sinfini) aks ettiruvchi tushunchalar bo’lib, ular bir-biridan faqat mazmuni bilangina farq qiladi. Masalan,
А.В.
«I.A. Karimov», «O’zbekiston Respublikasining Prezidenti» tushunchalari xuddi shu munosabatda mavjuddir. Buni quyidagi sxema yordamida ko’rsatish mumkin.
A-I.A. Karimov.
V-O’zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Qisman moslik munosabatidagi tushunchalarning hajmi qisman umumiylikka ega. Masalan:
A-Sportchi.
V-Talaba.
Doiralarning shtrixlangan qismi bir vaqtningn o’zida ham sportchi, ham talaba bo’lganlarni bildiradi.
Bo’ysunish munosabatida tushunchalardan birining hajmi ikkinchisining hajmiga to’liq kirib, uni tashkil qiluvchi qism hisoblanadi. Masalan:
A-Fan.
V-Mantiq.
Bu munosabatdagi tushunchalardan biri bo’ysundiruvchi (A), ikkinchisi (V) bo’ysinuvchi bo’lib, ular jins-tur munosabatida bo’ladi. Jins tushuncha predmetlarning birorta sinfini, tur tushuncha esa shu sinfga mansub predmetlarning bir guruhini yoki bittasini aks ettiradi. Mantiqda u yoki bu tushunchaning jins yoki tur ekanligi nisbiy harakterga egadir. Har bir tushuncha o’zidan umumiyroq tushunchaga nisbatan tur, kamroq umumlashgan tushunchaga nisbatan jinsdir. Masalan, milliy g’oya, g’oya, fikr tushunchalari o’rtasida quyidagi nisbat mavjud: «¢oya» tushunchasi «Fikr» tushunchasiga nisbatan tur, «Milliy g’oya» tushunchasiga nisbatan jins bo’ladi.
Sig’ishmaydigan tushunchalar hajmi jixatidan umumiylikka ega bo’lmagan tushunchalar hisoblanib, bir sinfga kiruvchi har xil predmetlarni yoki predmetlar guruhini aks ettiradi. Ularning umumiyligi faqat ana shunda. Bu tushunchalar o’rtasida ham uch xil munosabat bor: birga bo’ysunish, qarama-qarshilik, zidlik.
Birga bo’ysunish munosabati quyidagi tushunchalar o’rtasida mavjuddir.
A-Fan.
V-Mantiq.
S-Fizika.
B unda «Mantiq» va «Fizika» tushunchalari hajmlari jihatidan birgalikda «Fan» tushunchasining hajmiga bo’ysunadi.
Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalarning hajmlari bir-birini istisno qiladi. Ular predmetning (predmetlar guruhining) qarama-qarshi belgilarini aks ettiradi, ya’ni biri predmetning ma’lum bir belgisini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiluvchi boshqa belgini aks ettiradi. Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalar o’zlari bo’ysunadigan tushunchaning hajmini to’liq egallay olmaydi. Masalan, «Baland bo’yli odam» va «Past bo’yli odam» tushunchalari «Odam» tushunchasining hajmini to’liq qoplay olmaydi.
A-Odam.
V-Baland bo’yli odam.
S-Past bo’yli odam.
Zidlik munosabatidagi tushunchalardan biri predmetning birorta xususiyatini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiladi va mazmun jihatidan noaniq bo’lib qoladi. Zidlik munosabatidagi tushunchalar, qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalardan farqli o’laroq, bo’ysundiruvchi tushunchaning hajmini to’liq qoplaydi. Masalan,
A -Odam.
V-Baland bo’yli odam,
S-Baland bo’yli emas odam.
Tushunchalar o’rtasidagi munosabatlarni aniqlash ularning mazmuni va hajmini aniqlashtirishga, ularni bog’lab, bir fikr shaklidan boshqa fikr shakliga o’tishga yordam beradi. Masalan «Talaba» va «A’lochi» tushunchalari o’rtasidagi munosabatni aniqlash asosida «Ba’zi talabalar a’lochilardir» degan mulohaza shaklidagi fikrni hosil qilish mumkin.
|