2.2.3-Mavzu: Ta’limda loyiha turlari va ularni strukturalari.
Innovatsion loyihalar va ularni jahon ta’lim tajribasidagi koʻrinishlari.
Reja:
1.Maktab ta’limida loyiha texnologiyalaridan foydalanish tarixi va amaliyoti
haqida.
2.Maktab ta’lim sifatini yaxshilashda fanlar kesimidagi muammolarni,
ehtiyojlarni aniqlash.
Loyihalash texnologiyasi jahon pedagogikasida yangilik hisoblanmaydi,
chunki, u 1920-yillarda amerikalik faylasuf va pedagog J. Dyu va uning shogirdi
V.X. Kilpatrik tomonidan ishlab chiqilgan loyihalash metodi asosida vujudga
kelgan. Hozirgi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Finlandiya,
Germaniya, Rossiya, Italiya, Braziliyava, Niderlandiya kabi rivojlangan
mamlakatlarning ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinmoqda.
J. Dyu o‘qitishni o‘quvchilarning qiziqishi va ehtiyojini hisobga olgan holda
o‘quvchilarning muayyan maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatini faollashtirish orqali
tashkil etishni taklif etgan. Buning uchun o‘quvchilarga o‘zlashtirgan bilim,
ko‘nikma va malakalarini amaliyotga qo‘llash, ulardan kelgusi hayotda foydalanish
yo‘llarini ko‘rsatish, ya’ni nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘liq holda o‘qitish
lozimligini uqtirgan. Bu jarayonda o‘quvchilar tanish vaziyatdagi ahamiyatga
molik muammolarni avval o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikmalarini amaliyotga qo‘llab
hal etish orqali yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtiradilar.
O‘quvchilar muammolarni muvaffaqiyatli hal etishlari uchun o‘qituvchi
ularga tegishli ko‘rsatmalar berishi, foydalaniladigan manbalarni tavsiya etishi,
o‘qitishdan ko‘zlangan natijaga erishish yo‘llarini ko‘rsatishi, buning uchun
muammoni hal etishda o‘quvchilarning faoliyatini loyihalashi lozim.
Loyihalash texnologiyasining
asosiy g‘oyasi
amaliy yoki nazariy
ahamiyatga molik bo‘lgan muammoni hal etish jarayonida ko‘zlangan natijaga
erishishdir. Agar nazariy muammoni loyihalash lozim bo‘lsa, uning aniq yechimi,
agar amaliy muammo bo‘lsa, amaliyotga qo‘llash masalasi bo‘yicha aniq tavsiyalar
ishlab chiqish lozim. O‘quvchilar ushbu natijaga erishish uchun mustaqil fikr
yuritish ko‘nikmalarini egallagan bo‘lishlari, muammoni anglash va uni hal etish
yo‘llarini izlashlari bu borada avval o‘zlashtirgan bilimlaridan foydalanishlari,
fanning turli sohalarida izlanishlar olib borishlari, olinajak natijalarni bashorat
qilish, turli yechimdagi variantlar ishlab chiqish, sabab-oqibat bog‘lanishlarini
tasavvur qilishlari zarur.
Loyihalash texnologiyasining asosiy mohiyati ma’lum bir muammoli
vaziyatni vujudga keltirish orqali o‘quvchilarning qiziqishlarini orttirish,
loyihalash faoliyatini shakllantirish, ularning tegishli bilimlarni egallashlari,
fanlararo bog‘lanishlarni amalga oshirish sanaladi.
|