|
Sug‘urtaning funksiyalari
|
bet | 9/136 | Sana | 24.09.2024 | Hajmi | 25,02 Mb. | | #272174 |
Bog'liq Samarqand iqtisodiyot va servis instituti «moliya» kafedrasi3. Sug‘urtaning funksiyalari.
Sug‘urtaning iqtisodiy tabiati uning funksiyalarida o‘z aksini topadi. Moliya, kredit kabi iqtisodiy kategoriyalar bilan bir qatorda sug‘urta ham bir qator funksiyalarni bajaradi. Ta’kidlash lozimki, iqtisodiy adabiyotlarda sug‘urtaning funksiyalari bir necha ko‘rinishda talqin etiladi. Masalan, i.f.d., prof. V.M.Rodionova rahbarligida chop etilgan “Финансы” o‘quv qo‘llanmasida sug‘urta ikkita funksiyani bajarishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu funksiyalar quyidagilardan iborat: qayta taqsimlash va nazorat funksiyasi. I.f.d., prof. H.R.Sobirov sug‘urta quyidagi funksiyalarni bajarishini qayd etadi: “xavf-xatar; ogohlantirish; investitsiya; omonat; axborot”.
Ko‘rinib turibdiki, prof. H.R.Sobirov sug‘urtaning 5 ta funksiyaga ega ekanligini qayd etadi. Fikrimizcha, bu funksiyalarning ba’zilari tegishli bahs-munozarani talab etadi. Xususan, sug‘urtaning investitsiya funksiyasi. Investitsiya – sug‘urta tashkilotlari uchun funksiya emas, balki asosiy sug‘urta faoliyatiga qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladigan faoliyatdir. Investitsiyasiz ham sug‘urta tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Ammo, sug‘urta tashkilotlari vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini investitsiya qilish orqali qo‘shimcha daromad oladi. Funksiya doimiylik xarakteriga ega va u o‘zgarmasdir. Sobiq sovet hokimiyati davrida davlat sug‘urta organlarining mablag‘lari investitsiya qilinmas edi. Bozor munosabatlariga o‘tish munosabati bilan sug‘urta tashkilotlarida investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanishga imkoniyat tug‘ildi. Shuning uchun biz investitsiyani sug‘urtaning funksiyasi bo‘la olmaydi, deb tasdiqlashimiz mumkin.
Ayni shunday fikrlarni axborot funksiyasi haqida ham gapirish mumkin. Sug‘urtalanuvchilarga sug‘urta tashkilotlari haqida ma’lumot berish bu sug‘urtaning axborot funksiyasi mavjudligini anglatmaydi. Sug‘urta tashkilotlarining tijorat siriga kiruvchi ma’lumotlari umuman axborot sifatida berilmaydi. Sug‘urtaga axborot funksiyasi xosligi unchalik ham o‘z isbotini topmagan.
Bizning fikrimizcha, sug‘urta quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Sug‘urta fondini tashkil etish bilan bog‘liq funksiya.
Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq funksiya.
Nazorat funksiyasi.
Yuqorida qayd etilgan funksiyalar sug‘urta faoliyatida doimiy hisoblanadi va har qanday sharoitda o‘zgarmasdir. Sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun, albatta, sug‘urta tashkilotida etarli miqdorda pul mablag‘lari fondi bo‘lishi lozim. Agar, sug‘urtalovchi pul fondini, ya’ni sug‘urta fondini tashkil etmasa, uning moliyaviy ahvoli murakkablashishi mumkin. Tashkil etilgan sug‘urta fondining mablag‘lari qat’iy maqsadli xarakterga ega bo‘lib, u faqat sug‘urta hodisalari ro‘y berganda qoplama berish uchun ishlatiladi. Sug‘urta fondining mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish mumkin emas. Sug‘urta fondi mablag‘lari davlat tomonidan olib qo‘yilishi va soliqqa tortilishi mumkin emas.
|
| |