Shikoyat arizasi




Download 0,56 Mb.
Sana18.05.2024
Hajmi0,56 Mb.
#243373
Bog'liq
Shikoyat arizasi


… Shahar / viloyati jinoyat ishlari bo’yicha sudiga
Toshkent shahri, Sirg’ali tumani,
Aeroport ko’chasi, 56-uy, 6-xonadonda
Istiqomat qiluvchi fuqaro
Ermatov Nurilla Xayrullayevichdan
Tel.: +998 90 975 91 97


Shikoyat arizasi
Sizga shuni yozib ma’lum qilamanki, mening nomimga Respublika IIV yo’l harakati havfsizligi bosh boshqarmasi, inspektor Komilov Mirfozil Shukurjon o‘g‘li tomonidan shakllantirilgan RA24760611395 – raqamli jarimaga solish to’g’risidagi qaror kelib tushdi. Qarorda bayon etishilishi bo’yicha, 2024 - yil 7 – mart kuni, soat 13:47 da Andijon viloyati, Bo’z tumani, A-373 avtomobil yo`lining 385,2-388 km (M. Jalolov a/ya punkti) yo’nalishida, men VAZ 21099 rusumli, 01Q119CB davlat raqam belgili transport vositamda ruxsat etilgan tezlikni oshirib harakatlanib kelganman, bu bilan O’zbekiston Respublikasi MJtKning 128x3 moddasi 2 – qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan ekanman. Qarorda izohlanishicha, mening huquqbuzarligim maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositasi orqali qayd etilgan. Maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari – bu muayyan joyga (asosan shaharlar ko‘chalarida, chorrahalarda, katta yo‘l yoqalaridagi simyog‘ochlar va maxsus ustunlarga) o‘rnatib qo‘yilgan, qo‘zg‘almaydigan, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlaydigan radar moslamalari.
Shuni ma’lum qilamanki, mening huquqbuzarligim mobil kompleks (Multaradar CD) orqali aniqlangan bo’lib, bu maxsus avtomobillarga o‘rnatilgan ko’chma fotoradar moslamalari majmui hisoblanadi, ish vaqti va joylashuvi YPX xodimlarining kunlik dislokatsiyasi bo‘yicha bo‘ladi. Buni huquqbuzarligim ifodalangan suratdan bilish qiyin emas (suratga havola: https://cloud.yhxx.uz/05bdeade-969a-4109-9f9d-bf96925008a8), ya’ni suratga olish avtomobilim bilan birhil balandlikda, yo’lning qarama qarshi tarafida joylashgan, yo’lning qarama qarshi yo’nalishlarini ajratib turuvchi beton ajratgich yo’q (razvorot) joyda turib olgan, qatnov qismining ham u tarafini, ham qarama qarshi tarafini fiksatsiya qilish uchun mo’ljallab qulay nuqtaga joylashtirilgan mobil kompleks tomonidan amalga oshirilganligi yaqqol namoyon bo’lib turibti (bunday tartibda ishlash YPX hodimlariga o’zi ruxsat etilganmi, yo’qmi, menga noma’lum), suratning tepa qismida ham “Kompleks: Multaradar CD” degan yozuv turibti. Ko’rinib turibdiki, maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari (ustunlardagi siljimas kamera-radarlar) va mobil komplekslar (Nexia 3, Cobalt) – bu mutlaqo har hil turdagi texnik vositalardir.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 31-bandiga asosan, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi harakat tezligini oshirib qoidani buzgan haydovchini moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim. Mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
Yana ushbu nizomning 28-bandiga ko’ra, ruxsat etilmagan, sertifikatga ega bo‘lmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo‘lmagan maxsus moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
Bunda ruxsat etilmagan, sertifikatga ega bo‘lmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo‘lmagan tezlikni o‘lchash vositalari asosida rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
Ushbu nizomning 29 - bandida esa transport vositasining haydovchisi maxsus moslama qayd etgan ko‘rsatkichdan norozi bo‘lgan taqdirda, holat tegishli ravishda xolislar ishtirokida rasmiylashtiriladi, ko’rinib turibdiki, jarimaga solish bayonnomasi haydovchining o’ziga huquqbuzarligi tanishtirilganidan so’nggina rasmiylashtirilishi shart, agar haydovchi moslamaning ko’rsatkichlaridan norozi bo’lsa, holis taklif qilinishi shart.
Shu nizomning 34-bandiga ko‘ra, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash joyi va vaqti DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.
Bunday keys menga ma’lum bo’lishicha hattoki Oliy sudda ko‘rib chiqilgan. Oliy sud axborotnomasi (2023 yil 1-son, 22-bet) da yozilishicha, “Samarqand viloyat IIB YHXBning 2022 yil 16 iyundagi jarima solish to‘g‘risidagi qarori sudlarda muhokama qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi qarori bilan fuqaroga IIBB YHXB tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar (haydovchi) “Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lida belgilangan 70 km/soat tezlik chegaralangan joyda 82 km/soat tezlikda harakatlangan.
Haydovchining tezligi “Multiradar CD” (avtomobilga o‘rnatilgan radar – tahr.) vositasi orqali aniqlangan bo‘lib, bu vosita mobil kompleks hisoblanadi.
Shu sababli ushbu vosita orqali qoidabuzarlikni Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda ko‘rsatilgan “Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozimligi, shuningdek mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi” haqidagi talablar asosida amalga oshirishi lozim.
Biroq Samarqand viloyati IIBB YHXB inspektori tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmagani birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarining e’tiboridan chetda qolgan. Natijada Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2022 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan Chirchiq shahar sudi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining qarorlari bekor qilinib, haydovchiga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.
Bundan ko‘rinadiki, “uchoyoq” yoki avtomobilga o‘rnatilgan radarlardan tezlik uchun jarima olgan fuqaro, agar YPX xodimi uni to‘xtatmagan va harakat tezligi ko‘rsatkichi bilan tanishtirmagan bo‘lsa, jarimani sud orqali bekor qilish huquqiga ega, sababi esa Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 31-bandiga asosan, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi harakat tezligini oshirib qoidani buzgan haydovchini moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim. Mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.”
Mening holatimda ham, huquqbuzarlikni sodir etganimdan keyin meni birorta YPX xodimi to’htatib, harakat tezligini oshirib qoidani buzganim to’g’risida moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirgani yo’q, va moslamaning sozligini, davlat standartlariga mos ekanligini tasdiqlovchi sertifikatini (nusxasi)ni ham ko‘rsatgani yo’q, ya’ni 975-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 6-bobidagi talablar umuman bajarilmagan, ya’ni huquqbuzarligim to’g’risidagi qaror 975-sonli qarorning nizomlariga hilof ravishda tuzilgan. Vaholangki, men huquqbuzarlikni hattoki aynan qayerda sodir etganligimni ham, huquqbuzarligimni qayd etgan moslama sozligi yoki nosozligini ham, huquqbuzarligimni qayd etgan shaxs kimligini - YPX xodimimi, yoki xizmatga aloqasi bo‘lmagan boshqa shaxslarning (jismoniy yoki yuridik) transport vositalariga o‘rnatib hamda xizmatni o‘tashga aloqador bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilib noqonuniy aniqlanganmi yoqmi, ya’ni nizomning 32 bandi bajarilganmi yo’qmi bilmayman. Undan tashqari, shu nizomning 34-bandidagi talablar, ya’ni ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash joyi va vaqti DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq bo’lgan bo’lmaganligi ham menga noma’lum. U yer aholi yashash punkti bo’lganmi, yo’qmi, u yerda o’sha payt “Radar” belgisi qo’yilgan bo’lganmi, yo’qmi, bularning barchasini endi isbotlash imkoniyati ham yo’q.
Sizdan yuqoridagilarni inobatga olib, menga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qarorni noqonuniy tuzilgan deb topishingizni va bekor qilishingizni va ushbu ishni MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilishida amaliy yordam berishingizni so’rab qolaman.

16.03.2024 F.I.O.



Download 0,56 Mb.




Download 0,56 Mb.