TA’LIM JARAYONIDA INNOVATSIYALAR, TASNIFI, SAMARADORLIK MEZONLARI
Kirish
Ta'lim jarayoni – bu insonning hayotidagi eng muhim va o'zgaruvchan sohalardan biridir. U nafaqat bilim berish, balki shaxsning shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishiga ham ta'sir ko'rsatadi. Bugungi kunda ta'lim tizimida innovatsiyalarni joriy etish zaruriyati tobora ortib bormoqda. Innovatsiyalar – bu ta'lim jarayonini yanada samarali, qiziqarli va qo'llanilishi qulay qilib o'zgartiruvchi yangi g'oyalar, usullar va texnologiyalardir. Ularning asosiy maqsadi o'quvchilarning bilim olish jarayonini osonlashtirish va sifatini oshirishdir.
Ta'limda innovatsiyalarni qo'llash nafaqat o'quvchilar, balki o'qituvchilar va ta'lim muassasalari uchun ham foydalidir. Innovatsion metodlar va texnologiyalar yordamida o'qituvchilar o'z pedagogik yondashuvlarini takomillashtirish, o'quvchilar esa o'zlarini yanada samarali rivojlantirish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Shuningdek, ta'lim jarayonida yangiliklarni joriy etish orqali o'quvchilarning ijodkorligini va tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirishga erishish mumkin.
Ta'lim jarayonida innovatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ularni to'g'ri tasniflash va samaradorligini baholash muhim ahamiyatga ega. Innovatsiyalarni tasniflash orqali ularning qaysi sohalarda va qanday maqsadlarda qo'llanilishini aniqlash mumkin. Samaradorlik mezonlari esa ta'lim jarayonida amalga oshirilgan innovatsiyalarning qanchalik muvaffaqiyatli ekanligini ko'rsatadi.
Ushbu mustaqil ishda ta'lim jarayonida innovatsiyalar tasnifi va ularning samaradorlik mezonlari batafsil ko'rib chiqiladi. Bu nafaqat ta'lim tizimining rivojlanishi, balki o'quvchilarning kelajagi uchun ham muhimdir. Ta'lim jarayonidagi yangiliklarni o'rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish – ta'lim sifatini oshirish va zamonaviy jamiyatning talablariga javob berishning eng muhim yo'nalishlaridan biridir.
TA’LIM JARAYONIDA INNOVATSIYALAR, TASNIFI, SAMARADORLIK MEZONLARI
Reja
1.Innovatsion pedagogik faoliyat, uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchisining innovatsion pedagogik faoliyati
2.Informatika o‘qituvchisining innovatsion faoliyatga tayyorligini shakllantirish vositalari: innovatsion o‘quv-biluv faoliyati, maxsus kurslar, malakaviy amaliyot
Innovatsion pedagogik faoliyat, uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchisining innovatsion pedagogik faoliyati. Innovatsiya (inglizcha innovation-in-kiritish, novation-yangilik, yangilik kiritish)-maqsadga qaratilgan o‘zgarishlar bo‘lib, alohida olingan bir tizimni sifat jihati bo‘yicha bir holatdan boshqa yangi holatga o‘tkazish, uni tubdan takomillashtirish, degan ma’noni anglatadi.
Hozirgi kunda “Innovatsiya” atamasining ta’rifini turlicha talqin etishmoqda. Innovatsiya-bu pedagogik haqiqatning mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarning shunday mazmuniki, u ta’lim va tarbiyaning avvaldan ma’lum bo‘lmagan, avvaldan uchramagan holat, natija, rivojlanadigan nazariyasi va amaliyotiga olib keladi. Bu holat pedagogikada to‘lig‘incha, shuningdek, uning alohida tashkil etuvchilariga ham tegishli bo‘lishi mumkin (N.R.Yusufbekova).
R.N.Yusufbekova pedagogik yangilikka o‘qitish va tarbiya berishda avval ma’lum bo‘lmagan va avval qayd qilinmagan holat, natija, rivojlanib boruvchi nazariya va amaliyotga eltuvchi pedagogik voqelikning o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan mazmuni sifatida qaraydi.
V.I.Zagvyazinskiy «yangi» tushunchasiga ta’rif berib, pedagogikadagi «yangi» faqatgina bu g‘oya emas, balki hali foydalanilmagan yondashuvlar, metodlar, texnologiyalar ekanligini ta’kidlaydi M.M.Potashnikning innovatsiya jarayonlari talqinlari ham e’tiborga molikdir. U innovatsiya jarayonining quyidagi tuzilmasini beradi [93]:
faoliyat tuzilmasi-motiv-maqsad-vazifa-mazmun-shakl-metodlar-metodika komponentlari yig‘indisi;
subyektiv tuzilma-innovatsion faoliyat subyektlarining xalqaro, mintaqaviy, tuman, shahar va boshqa sathlari;
mazmun tuzilmasi – o‘quv-tarbiyaviy ishlar, boshqaruv(va b.)da yangilikning paydo bo‘lishi, ishlab chiqilishi va o‘zlashtirilishi;
bosqichlikka asoslangan hayotiy davriylik tuzilmasi-yangilikning paydo bo‘lishi-ildam-o‘sish-yetuklik-o‘zlashtirish-diffuziya (singib ketish, tarqalish) – zamonaviylashtirish;
boshqaruv tuzilmasi – boshqaruv harakatlarining 4ta turining o‘zaro aloqasi: rejalashtirish, tashkil etish, rahbarlik qilish, nazorat qilish:
tashkiliy tuzilma – diagnostikalash, oldindan ko‘ra bilish, sof tashkiliy, amaliy, umumlashtiruvchi, tatbiq etuvchi.
A.Abduqodirov va A.Pardayevlar o‘z qarashlarida innovatsiyaning to‘rtta asosiy elementlari mavjudligini ko‘rsatib berganlar. Ular: kreativlik (g‘oyalarni yangilari bilan almashtirib turish), strategiya (ushbu g‘oyaning jamoa faoliyatini muvofaqiyatli rivojlantirish nuqtai nazaridan yangi va foydali ekanligini aniqlash), amalga oshirish(yangi va foydali g‘oyadan uni aniq mahsulot va xizmat ko‘rinishiga o‘tishini ta’minlash) va natijaviyligi (yangi g‘oyani amalga oshirish tufayli olingan mahsulot va xizmatlarning qiymati keskin ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin) [5].
Pedagogikada absolyut(mutloq) yangilik yo‘q, nisbiy yangilik(mahalliy, xususiy, shartli: amalga qo‘llanilayotganlarga ba’zi o‘zgarishlarni kiritish) va psevdoyangilik(yuzaki, mayda-chuyda ixtirochilik) bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib informatika o‘qituvchisi o‘z innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun:
g‘oya va fikrlarning xilma-xilligi va o‘zgarib turuvchanligiga;
yangilikni tez qabul qila olish (perseptiv qobiliyat);
ijodkorlik qobiliyati(kreativlik)ga;
o‘z-o‘zini tahlil qilishi va obyektiv baholash (refleksiflik)ga;
bag‘ri kenglik, qarama-qarshilikni adolatli bartaraf eta olishga (tolerantlik);
o‘z emotsional holatini boshqarish (rahbar, o‘quvchi, ota-onalarga nisbatan), samimiylik, boshqalarga hamdardlikka (empatiya);
yangilikni amalga oshirib, o‘z xulosa va qarorlarini chiqara olish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lishi lozim.
Tadqiqotlardan shuni aytishimiz mumkinki uzluksiz ta’lim tizimida informatika o‘qituvchilarining innovatsiyaga munosabat bo‘yicha pedagoglarni besh guruhga bo‘lish mumkin ekan:
1-guruh: novatorlar doimo yangilikni novatorlik ruhi bilan qarshi oladilar, jasorat bilan uni qo‘llaydilar va boshqalarga ham tarqatadilar;
2-guruh: liderlar(ilg‘orlar) yangilikni qabul qilish va qo‘llashda oldinda yuradiganlar va o‘zlari istab qo‘llaydiganlar;
3-guruh: o‘rtalikdagilar, birinchi bo‘lishni ham, oxirida qolishni ham istamaydiganlar, yangilikni ko‘pchilik qo‘llaganidan keyingina qo‘llovchilar.
4-guruh: oxiridan bitta oldingilar, yangilik haqida butun jamoatchilik fikrini bilib, yangi bilan eskini o‘rtasida turib, gumonsirab, ikkilanib yangilikni qo‘llaydiganlar.
5-guruh: oxirgilar, eskilikka o‘ta bog‘lanib qolgan, yangilikni hammadan keyin qo‘llashga qaror qiladigan pedagoglar.
Innovatsion pedagogik texnologiyalar aynan ta’lim-tarbiya jarayonida talabaga muayyan fan (mavzu) bo‘yicha bilim berish va shaxsini shakllantirishga qaratilgan o‘qitishning zamonaviy usullari, texnologiyalari va vositalari majmuidir .
Yuqorida keltirilgan besh guruhga mansub pedagoglar innovatsion pedagogik texnologiyalarni ta’lim va tarbiya jarayoniga olib kirish uchun aynan o‘z munosabatlari bo‘yicha harakat qiladilar va munosabatga mos natija oladilar.
Bizning vazifamiz bo‘lajak informatika o‘qituvchilarini tayyorlashda ularni oxirgilar, oxirgidan bitta oldindagilar yoki o‘rtalikdagilar qilib emas, ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etishda liderlar va novatorlar qilib tarbiyalashimiz kerak. Liderlik va novatorlikning muhim jihatlari, ta’lim-tarbiyaning rivojlanishdagi o‘rnini ko‘rsatib berishimiz kerak.
Informatika o‘qituvchisining innovatsion faoliyatga tayyorligini shakllantirish vositalari: innovatsion o‘quv-biluv faoliyati, maxsus kurslar, malakaviy amaliyot. Innovatsiyalar nazariy jihatdan asoslangan, biror-bir sohada aniq maqsadga qaratilgan hamda amaliy tatbiq etishga yo’naltirilgan yuqori samaradorlikka ega yangilik hisoblanadi. Innovatsiyaning o’ziga xos xususiyati uni quyidagilar bilan bog‘laydi :
- innovatsiyalar doimo dolzarb muammoning yangi yechimini o‘z ichiga oladi;
-ulardan foydalanish yangi sifatli natijalarni olish imkonini beradi;
-ta’lim jarayonida innovatsiyalarni tatbiq etish ta’lim tizimidagi barcha komponentlarning sifatiy o‘zgarishlariga olib keladi.
Bugungi kunda innovatsion pedagogik jarayonlar ta’lim muassasasi o‘quv faoliyatining muhim komponentlaridan biriga aylanib bormoqda. Chunki innovatsion pedagogik jarayonlar ta’lim xizmatlari bozorida nafaqat u yoki bu ta’lim muassasasining raqobatbardosh bo‘lishiga asos yaratadi, balki, o‘qituvchi va o‘quvchi shaxsini intensiv rivojlantirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarning birgalikdagi faoliyati va muloqotini demokratlashtirish, ta’lim-tarbiya jarayonini insonparvarlashtirish, o‘quvchini faol ta’lim olish hamda o‘zini shakllantirishga yo‘naltirish, ta’lim texnologiyalari, metod va vositalari hamda ta’limning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash kabi vazifalarni bajaradi, pedagoglarning kasbiy mahorati, ularning ijodkorligi, izlanuvchanligining rivojlanish yo‘na-lishlarini aniqlaydi, o‘quvchilarning shaxs sifatida kamol topishida muhim o‘rin tutadi.
Informatika o‘qituvchisining innovatsion o‘quv-biluv faoliyati o‘zaro bog‘liq bo‘lgan quyidagi faoliyatlarni o‘z ichiga oladi:
yangi bilimlarni egallashga qaratilgan tadqiqot ishlariga ishtirok etish [40,35];
amaliyotda tasdiqlangan kasbiy bilimlarni egallash, shaxsiy bilim va tajribalarni, kasbiy kompetentlikni rivojlantirib borish [34];
maxsus mutaxassislik, texnik bilimlarni egallash, rivojlantirish, o‘z pedagogik faoliyatini loyihalashtirib borish, amalga oshirib, samarali natijalarga erishishva h.k.
Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish sohasidagi ilmiy ishlar, maqolalarni o‘rganish natijasida oliy ta’limda ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan talabalar, magistrlar oldida muhim muammolar :mavjudligi aniqlandi. Bu muammolar :
Ilmiy tadqiqot mavzusini to‘g‘ri tanlay olmaslik;
Ilmiy tadqiqot metodlari va undan foydalanishni bilmaslik;
Ilmiy tadqiqot ishi asosnomasini mustaqil tayyorlay bilmaslik;
Adabiy manbalar bilan ishlashda qiyinchiliklarga uchrash;
Bajarilgan tadqiqot ishining taqdimotini amalga oshirish ko‘nikmasiga ega bo‘lmaslik va h.k.
Talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish ikki yo‘nalishda amalga oshirilishi mumkin:
- birinchisi, bevosita dars jarayonida: seminar, amaliy mashg‘ulot darslarida muammoli darslarni tashkil etish, muammoli vazifalarni qo‘yib, ularni yechishga undash, talabalarning mutaxassisligi yoki biror fan doirasida o‘quv loyiha(dars ishlanma, texnologik xarita, elektron qo‘llanma)larini yaratishga erishish;
- ikkinchisi, darsning mantiqiy davomi bo‘lib, darsdan tashqari vaqtda o‘quv-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish: mustaqil ish, referat, kurs ishi, ilmiy, o‘quv-tadqiqot ishlarini bajarish, olimpiada va ko‘rgazmalarda o‘z chiqishlari va konferensiyalarda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etish.
|