18-modda. Oiladagi ta'lim va mustaqil ravishda ta'lim olish
Davlat oilada ta'lim olishga va mustaqil ravishda ta'lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarni oilada o‘qitish va mustaqil ravishda ta'lim olish tegishli ta'lim muassasalarining dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ta'lim oluvchilarga vakolatli davlat muassasalari tomonidan uslubiy, maslahat va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatiladi.
19-modda. Ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlar
Akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat oilada ta'lim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarining tegishli ta'lim dasturlari bo‘yicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham beriladi, davlat ta'lim muassasalarida o‘qitilishi shart bo‘lgan va ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladigan mutaxassisliklar bundan mustasno. Oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomga o‘zlashtirilgan fanlar ro‘yxati, ularning hajmlari va fanlarga qo‘yilgan baholar yozilgan varaqa ilova qilinadi. Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda fan nomzodi yoki fan doktori ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. Davlat ta'lim standartlariga mos kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlarning hukumatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama bitimlar asosida har ikki tomonning ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlari belgilangan tartibda o‘zaro tan olinishi mumkin.
Tegishli bosqichdagi ta'limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma'lumotnoma beriladi. Davlat tasdiqlagan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta'lim muassasalarida ta'lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik bo‘yicha ishlash huquqini beradi.
|