|
Fundamental va amaliy sotsiologiya. Nazariy va amaliy tadqiqotlar. Sotsiologiyada maxsus va tarmoq yo‘nalishlar
|
bet | 17/108 | Sana | 09.08.2024 | Hajmi | 0,98 Mb. | | #269317 |
Bog'liq Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «sotsiologiya»Fundamental va amaliy sotsiologiya. Nazariy va amaliy tadqiqotlar. Sotsiologiyada maxsus va tarmoq yo‘nalishlar
Sotsiologiya strukturasida bilim olish darajasiga ko‘ra fundamental va amaliy sotsiologiyaga ajratiladi.
Fundamental sotsiologiya o‘z doirasida o‘rganayotgan muammolarning ko‘lami kengligi bilan ajralib turadi. U sotsial olamning mavjudligi va tarqqiyoti uchun zarur bo‘lgan umumiy sotsial qonun va qonuniyatlarni izlash asosida shakllangan.
Fundamental va amaliy sotsiologiya nazariy va empirik sotsiologik bilimlarni qabul qilish va jamiyatni tahlil qilish darajasi bilan bir – biridan farq qiladi.
Amerikalik sotsiolog DJ.Terner fundamental sotsiologiyadagi nisbatan shunday fikr bildirgan: “nazariylashtirish orqali fan o‘zining uchta asosiy maqsadini amalga oshiradi: olamda shakllanayotgan voqea va hodisalarni o‘rganish natijasida ularni tasniflash orqali ularning istiqboldagi holatini bashorat qila bilish; bo‘lib o‘tgan voqealarning sabablarini aniqlash va tushuntirish orqali kelajakda bo‘ladigan voqealarni oldindan ko‘ra bilish; voqealarning nima uchun va qay tarzda bo‘lib o‘tishini intuitiv ravishda taklif qilish.
P.Sorokinning fikricha, fundamental sotsiologiya mavjud holat yuzasidan insonlarning o‘zaro harakatini o‘rganadi. U sotsial borliq borasidagi bilimlarni shakllantirish, sotsial rivojlanish jarayonlarini tushunish va tushuntirish, sotsiologiyaning konseptual apparatini ishlab chiqish kabi ilmiy-nazariy vazifalarni hal etadi. U “nima o‘rganilayapti?” va “qanday o‘rganiladi?” savollariga javob beradi.
Fundamental sotsiologiya o‘z ichiga sotsiologiya fanining asosini ijodiy izlash bilan band bo‘lgan ko‘plab sotsial maktablar va yo‘nalishlarni qamrab oladi. U sotsiologiyaning asosini tashkil etuvchi bilimlarni yaratishda uchta aspektga tayanadi.
Ontologik aspekt orqali sotsiologiya fanining ob'ektini, uning faoliyat ko‘rsatish shakllarini tahlil qilib o‘rganish davomida sotsial voqye'likning mohiyatini ochib beruvchi qonun va qonuniyatlarni yaratadi. Sotsial olamning dinamik xarakteri, doimiy o‘zgaruvchanligi va turli qatlamlardan tashkil topgani sotsiologiyada ikkinchi jahon urushidan so‘ng ontologiya muammosining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. So‘nggi o‘n yilliklarda esa mazkur muammo yanada keng ko‘lamda o‘rganildi. Chunki mazkur davrda “pozitivistik” inqiroz jarayoni, ya'ni an'anaviy sotsiologik metodlarning, jumladan, statistik ma'lumotlarga tayangan sotsiologiyaning kutilgan ilmiy natijalarni bermagani olimlar tomonidan yangi yo‘llarni va yondashuvlarni qidirishga sabab bo‘ldi.
Natijada sotsiologiya fani doirasida bilishning shakl va metodlarini qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu bilan birga sotsiologiya ob'ektining mohiyati, bilishning darajalari va mezonlarini qayta ko‘rib chiqish talabi paydo bo‘ldi.
Ontologik muammo masalarini sotsiologiyadagi barcha yo‘nalish vakillari o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda hal qilishga intilgan. Ular orasida ekzistensial, fenomenologik va realistik maktab vakillarining ontologik izlanishlari e'tiborga loyiq.
Fundamental sotsiologiya fanning nazariy asoslarini ishlab chiqish barobarida bilishning umumsotsiologik fundamental tamoyillarini ham keng ma'noda ishlab chiqadi. Shuning uchun sotsiologik bilishning mohiyati va vazifalari, bilimlarning ob'ektivligi, u yoki bu tamoyilni vaziyatdan kelib chiqqan holda qo‘llash kabilar fundamental sotsiologiyaning ob'ekti sanaladi.
Sotsiologiya fanida turli nazariya va konsepsiyalar asosida “sistemalilik”, “funksional yondashuv”, “sababiyat”, “tushunuvchi” yo‘nalish kabi fundamental tamoyillar ishlab chiqildi.
Sotsiologiya yildan – yilga rivojlanib, mukammallashib bormoqda. Uning doirasida turli sotsial muammolar zamon va makon o‘zgarishi sharoitida o‘rganib kelinmoqda. Garchi insoniyat jamiyati yildan – yilga o‘zgarib, taraqqiy etayotgan bo‘lsada, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy vaziyat kundan-kunga o‘zining o‘ziga xos xususiyatlarini namoyon qilayotgan bo‘lsada, fundamental sotsiologiya o‘z ichiga olgan asosiy qonun va qonuniyatlar, umumiy tamoyillar (sotsiologiyaning ob'ekti va predmeti, sotsial reallikning mohiyati, uning rivojlanish qonunlari, sotsial olamda inson o‘rni, shaxs ongi va tafakkuri kabilar) o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Ular sotsiologiya faning rivoji va faoliyatida asosiy bazani tashkil etadi.
Fudamental sotsiologiyaning maqsadi – sotsial olamning to‘liq tasvirini yaratish, mazkur sotsial olamning taraqqiyot manbai va shakllarini aniqlash.
Fundamental nazariyalar o‘zining shakllanishini boshlagan davrda tabiiy fanlar, jumladan, biologiya va fizika yutuqlaridan keng foydalangan. X1X asrning ikkinchi yarmidagi yo‘nalishlar – pozitivizm, naturalizm va psixologizm sotsial hayotning doimiy harakatlantiruvchi mexanizmini kashf etish, sotsiologiyada empirik metodniya yaratish uchun o‘z kuchlarini birlashtirdilar. Buning natijasida ular tabiiy fanlarning tushunchalarini, umumilmiy metod va yo‘nalishlardan foydalanadilar. Ammo XX asrning boshlariga kelib sotsiologiya tabiiy fanlar tizimidan ajralib chiqa boshlaydi.
Pozitivizmning o‘rniga kelgan struktur-funksionalizm yo‘nalishi sotsiologiyaning empirik ko‘rinishda shakllanishida katta hissa qo‘shdi.
Ammo empirizm fundamental nazariya ahamiyatini va mazkur nazariyaning o‘zini inkor qila boshladi. Natijada sotsiologiyaning nazariy va amaliy bilim qismlari o‘zining yaxlitligini yo‘qota boshladi. Mazkur holat XX asrning ikkinchi yarmiga qadar davom etib, jamiyatdagi sotsial muammolarni o‘rganish faqatgina empirik metodlar vositasida tugal amalga oshirilmasligi, bashorat qilish paytida nazariy bazaning muhim ekanligining namoyon bo‘lishi sotsiologiyadagi nazariy va amaliy bilimlarning integratsiyalashuviga olib keldi. Fanda metodologik tadqiqotlarning ahamiyati ortib bordi. Sotsiologlar orasida nrazariy bilimlarni boyitish maqsadida falsafaga yuzlanish holati sotsiologiyada ekzestensial va fenomenologik yo‘nalishlarni paydo qildi. Ular sotsiologiyaning metanazariyasini, ya'ni asosini yaratishga harakat qilishgan. Hozirgi kunda mazkur yo‘nalishdagi harakatlar kuchaymoqda.
Shunday qilib, fundamental sotsiologiya – bu nazariya, u fanning strukturasi, mazmuni, kategoriya va tushunchalari, metodlarini o‘rganadigan umumsotsiologik muammoni tadqiq qiladi. Shuning uchun fundamental sotsiologiya tadqiqotlarining roli beqiyos, bajaruvchi funksiyalari esa xilma-xil. Uning quyidagi funksiyalarini alohida ko‘rsatish mumkin: dunyoqarash, metodologik, integratsiyalashtiruvchi, evristik va h.k.
Fundamental sotsiologiya dunyoqarash funksiyasi orqali bevosita borliq va ong, insonning mohiyati kabi dolzarb muammolarning yechimini topishga harakat qiladi. Chunki bu muammolar sotsiologiyaning ob'ekti va predmeti mohiyatini ochib beradi. Bu muammolarni hal etish barobarida sotsiologiya falsafa bilan uzviy aloqada ish olib borib, sotsial olam haqida ilmiy tasavvur yaratiladi. Umumsotsiologik nazariya negizida sotsiologiyaning umumiy metodologiyasi ishlab chiqiladi.
Integratsiyalashtiruvchi funksiya fundamental sotsiologiya nazariyasini boshqa fanlar bilan bog‘laydi. Mazkur yaxlit yondashuv natijasida yangi sotsial muammolarni hal qilish, ijtimoy hayotning xali yaxshi o‘rganilmagan tomonlarini chuqur ilmiy tahlil qilishga imkon yaratadi.
|
| |