|
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligini tashkil qilish to‘g‘risidagi
|
bet | 2/10 | Sana | 12.12.2023 | Hajmi | 3,18 Mb. | | #117231 |
Bog'liq HISOBOTTTTO‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligini tashkil qilish to‘g‘risidagi
NIZOM
Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
2. Agentlik ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlovchi vakolatli respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda — Davlat soliq qo‘mitasi) bo‘ysunadi.
3. Agentlik Davlat soliq qo‘mitasi tizimiga kiradi.
4. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasining qarorlariga (buyruqlariga) va Hay’at qarorlariga amal qiladi.
5. Agentlik o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, xorijiy va xalqaro hamda nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan va normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga va bank hisobvaraqlariga egadir.
8. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, qisqartirilgan nomi — Kadastr agentligi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Agentstvo kadastru Gosudarstvennom nalogovom komitete Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo po kadastru;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Cadastre Agency under the State Tax Committee of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Cadastre agency.
9. Agentlik joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Cho‘ponota ko‘chasi, “S” mavzesi, 100097.
|
| |