Ўзбек адабиёти кафедраси йиғилиши қарори қайдномаси




Download 34,14 Kb.
Sana24.05.2024
Hajmi34,14 Kb.
#252527
Bog'liq
Botirova Shohsanam


"Muvozanat" yohud istiqlolning ilk kunlarida


Reja:
I. Kirish.
II. Asosiy qisim.
1. Ulug'bek Hamdamning "Muvozanat" romanida ilgari surilgan g'oya va falsafiylik;
2. "Muvozanat" romanida yoritilgan davr tasviri;
3. "Muvozanat" romanidagi ramziy obrazlar talqini;
4. Asar markazida turuvchi obrazlar taqdiri.
III. Xulosa.
"Og'riqlarni unutdim butkul--
Bo'shliqlarga duch keldim birdan
Ne qilarim bilmadim bugun"
(Ulug'bek Hamdam).


Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat”romanida ko‘pchilikning ongu-qalbidan
kechib o‘tgan yoki kechib turgan holat tasvirlangan. “Muvozanat”da yaqin
o‘tmishimiz, odatlanilgan turmush-tarzidagi o‘zgarishlar ruhiyatimizda keskin evrilishlarni keltirib chiqargan davrdagi muvozanatsizlik holati qalamga olingan. Asar mavzu jihatidan g‘oyat dolzarb muammoga bag‘ishlangan. “Muvozanat” romanida tanlangan mavzu, asar g‘oyasi roman nomidan seziladi. Romanda yangi davr ostonasida turgan insonning qalbidagi mezonni ijtimoiy tuzum, davr va makon o‘zgarishlari oqibatida ma’lum darajada buzilishi, saqlab turilgan muvozanatni qalqib ketishi keng ko‘lamda yoritiladi. Asar haqida adabiy tanqidchi O.Sharafiddinov shunday e’tirof etadi: “Men yaqinda Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” deb nomlangan yangi romanini o‘qib chiqdim. Romanni o‘qib chiqar ekanman, bugungi kun odamini tasvirlashda hali realizmning ochilmagan imkoniyatlari ko‘p ekaniga imon keltirdim. Demak, gap bu yerda realizmda yoki modernizmda emas. Gap san’atkorda, uning tafakkurida va mahoratida. Adabiy asar esa chinakam asar namunasi bo‘lmog‘i uchun, realizmga mansub bo‘ladimi, romantizm uslubida yozilgan bo‘ladimi yoki qandaydir boshqa modernistik uslubga amal qiladimi, baribir, yana takror
aytaman, uning markazida inson turmog‘i kerak, kitobxon insonning taqdiri,
tabiati, hayoti haqida muayyan axborot olish bilan birga bu asardan estetik zavq ham ola bilsin”1.
Darhaqiqat, romanda avvalo, mavzu yangi. Muallif badiiy ijodda muvozanat tushunchasiga yangicha yondasha bilgan. Bir qarashda oddiydek tuyulgan muvozanat tushunchasi asar davomida nihoyatda katta va keng ko‘lamli mohiyat kasb etadi. U turmushning, hayotning, inson ma’naviyatining har bir jabhasida o‘z bo‘yini ko‘rsatadi. Asarda yozuvchi istiqlolga erishganimizdan keyingi davrni, muhitni yoritib berishda ayni tushunchani asosiy mezon sifatida asarning bosh g‘oyasi, mavzusi bilan bog‘laydi. Asar kompozitsiyasi va syujeti ham ana shu asosda tuziladi.Asardagi ilgari surilgan g‘oya jamiyat evrilishlarida yuzaga kelgan ijtimoiy o‘zgarishlarning insonga ta’siri. Bunda odamlarni qanday harakatga kelishi, to‘g‘ri yo‘lni topa olishi yoki asliga mos yashamasligi ko‘rsatiladi. Romanda bugungi davrni xarakterlaydigan bir qancha obrazlar yaratilganki, ulardan har birining mavjud davr manzarasini va romanda ifodalanayotgan ma’noni yaratishda o‘ziga xos o‘rni bor. Roman jami 110 sahifadan iborat bo‘lib, unda 60 ga yaqin faol va nofaol bo‘lgan qahramonlar ishtirok etadi. Roman uslubida ko‘proq ijtimoiy-falsafiy mazmun yetakchilik qilsa-da, voqealar maishiy fonda olib boriladi. Romandagi badiiy g‘oyani ochishda muallif bosh qahramon Yusufdan foydalanadi: “Ya’ni jamiyatdagi muvozanat har birimizning boshimizdagi moddiyat va ma’naviyat aro o‘rnatilan me’yordan boshlanadiganga o‘xshaydi. Shunday ekan, akam Amirning butunlay zohidlik yo‘lini tutishi zamon tabiatini yetarlicha tushunmaslikdan kelib chiqmayaptimi? Axir u xuddi moziydagi zohidlar ishini qilmoqchi bo‘lyapti. Holbuki, zamon boshqa inson ham. Bu shundan
iboratki, odamzod faqat ma’naviyatni tanlab, moddiyatni mensimasa yoki,
aksincha, moddiyat yo‘lida ma’naviyatni qurbon bersa, avvalo, o‘zini, so‘ng esa jamiyatlarni, dunyoni mahv etadiganga o‘xshaydi. Buning yorqin misoli mana men, mana Zahro, mana akam”1.

“Muvozanat”ning badiiy voqeligida turli yosh, soha, turfa dunyoqarash
kishilari, shahar va qishloq hayoti qamrab olingan. Muallif unda g‘oyat ahamiyatli badiiy falsafani aks ettiradi. Voqelikning ko‘proq nursiz tomonlari tasvirlagani bilan “Muvozanat”ning so‘ngiga qadar umidvorlik tuyg‘usi sezilib turadi. Ayrim adabiyotshunos olimlar muvozanat falsafasi haqidagi qarashni inkor etdilar, romanning ta’sir doirasi tor ekanligini bildirdilar. Lekin “Muvozanat” bugungi kishilarning o‘ylari, qarashlari sifatida e’tibor topdi”2. Romandagi Yusuf, Amir, Odil aka, Said, Zahro, Manzuraning o‘z qarashlari, hayotiy munosabatlari mavjud. Romanda qahramonlar o‘ylari, tushunchalari, hayotga qarashlari bilan tezoqar vaqtaro bahs bo‘layotganligi ochiq-oydin seziladi. Ulug‘bek Hamdam “Badiiylik mezonlarining umrzoqligi” maqolasida: “Adabiyot millatning orzu-umidlarini o‘zida mujassam aylaydi. Orzu-umidlari, hoyu-havaslari mo‘l-ko‘l bo‘lgan xalqning adabiyoti ham shunga mos bo‘ladi.
Yana bir gap: adabiyoti ana o‘sha orzu-umidlarning boshqa tarafini ham aks ettiradi. Ya’ni armonni! Katta millatning katta adabiyoti bo‘ladi... ushalmagan orzusidan tug‘ilgan armonni adabiyot deb atalmish “maydon”da yarata olgan millat ruhiy-ma’naviy jihatdan sog‘lom bo‘ladi. Butun boshli XX yuz yillik psixoanalizi tarixidan adabiyotga dahldor eng ulkan kashfiyot ana shu!”3- degan fikrlarni yozgan edi. Darhaqiqat, har bir asar tasvir obyektiga inson, u yashayotgan millat ommasini oladi. Bu jarayonda yozuvchining uslubi, tasvirlash san’ati, badiiy mahorati yetaklichilik qiladi.
Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romani hozirgi o‘zbekning o‘ylari,
izlanishlari, ruhiy-ma’naviy iztiroblari haqidagi asardir. Roman qahramonlari bir zamon, bir muhitning odamlari. Ular uchun boylik, kambag‘allik hayot-mamot masalasi emas. Asar qahramonlari hozirgi hayot, past-u balandliklar, notekisliklar, insofu noinsofliklar haqida dildan mulohaza yuritadilar. To‘g‘ri, ayrimlar muvozanat falsafasi haqidagi qarashni inkor etdilar, romannning ta’sir doirasi tor ekanligini bildiradilar. Jumladan, S.Sodiq yozuvchi sujet chiziqlarini ongli ravishda bir-biriga uzviy bog‘lab yuborishga urinmaganligini ta’kidlaydi. Shuningdek, maqolada yozuvchi romanning o‘ziga xos ifoda yo‘sinini hisobga olmagani, unga realistik roman mezonlari bilan yondashilgani aytilgan. Ba’zi o‘rinlarda sujet-kompozitsion qurilishdagi o‘ziga xoslikni hisobga olmagani aytilgan.
Professor, taniqli adabiyotshunos Y.Solijonovning “Muvozanat” romani
haqidagi fikrlari esa ijobiy: “Jamiyatda kechayotgan yangilanish jarayonini badiiy tadqiq etish so‘nggi yillar adabiyoti va san’atining asosiy mavzusi hamda bosh muammosiga aylanganligi sir emas. Yozuvchilarimiz asarlarida insonning o‘zligni anglash, o‘zini kashf etish, e’tiqod va imonlilik, nafs va yovuzlikka qarshi kurasha bilish qobiliyatini ko‘rsatishni asosiy masala qilib olyaptilar. Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romani uchun aynan mana shu muammo tanlab olingan. Muallif har bir bobda ilgari surilayotgan g‘oyaviy mundarijaga mos ohang tanlay biladi. Masalan, Amirning qismati hikoya qilingan boblarda sokin g‘amginlik, uning tabiati va intilishiga mos tasavvufiy ruh, achinish ohangi yetakchilik qilsa, Said faoliyati tahlil etilgan boblarda osoyishta falsafiy mushohada ohangi ustuvor. Aksincha, boylik inkanjasida o‘ralashib qolgan, na jisman, na ma’nan qiynalib yashayotgan Mirazim haqidagi boblar qandaydir loqaydlik, beparvolik ohangi bilan sug‘orilgan. Yusufning taqdiri hikoya qilingan boblarda esa keskin falsafiy muhokama ohangi ustinlik qiladi”1."Muvozanat” romanida o‘tish davri, ya’ni sho‘ro davri tuzumidan istiqlolga erishganimizdan keyingi davr yoritilgan. Bu haqida M.Qo‘chqorova maqolalarining birida shunday yozadi: “Asarda uch do‘stning kechinmalari, hayoti, taqdiri yotgan bo‘lsa-da, unda keng ma’noda o‘zbek millatining sho‘ro davri tuzumidan bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridagi butun murakkabliklar haqqoniy, shafqatsiz real tasvirlarda mahorat bilan ochib beriladi”123.
Haqiqatdan ham, muallif qahramonlarning hayot yo‘llarini tasvirlash asosida o‘sha davrni ochib berishga harakat qilgan. Bunga misol qilib romanda keltirilgan Yusufning qarashlarini olish mumkin: “Axir kechagina – rahbar lavozimida ishlab turgan chog‘ida Said qanaqa edi, bugun-ishdan ketib, uyda o‘z qismati bilan o‘zi yolg‘iz qolganda qanday? Kecha uning yuzlaridan, gap-so‘ziyu butun harakatlaridan kuch yog‘ilardi. O‘zini juda azim va arzigulik maqsadga bag‘ishlagani hamda o‘sha yo‘lda dadil qadam bosayotgani sezilib turardi. Erishgan muvaffaqiyatlari shu qadar zo‘r ediki, esiga bir paytlardagi qadrdon do‘sti Yusuf ham kelmasdi. Bugunchi? Bugun u hammasidan mosuvo etildi va ilgarigi g‘ayratidan, ko‘zida chaqnab turgan olovdan asar ham qolmadi: cho‘kdi-ketdi. Demakki, u o‘zini tutib turgan maqsadu manfaatidan, ko‘pchilik bilan bir deb his qilish yuksakligidan judo bo‘lib, ijtimoiyma’naviy jihatdan yakkalanib qoldi”(262-263 betlar).
Yusufning ikkinchi do‘sti Mirazimning holati shunday tasvirlanadi:
“Mirazim-chi? Bolalikning barcha havaslari ro‘yobga chiqib, yuragi huvillab
qolgan Mirazim! Orzularining birontasiga ham yetolmagan Amir bu yoqda aqldan judo bo‘lsa, u yonda barcha niyatlari amalga oshgan Mirazim o‘zini boshi-keti yo‘q sahroga chiqib qolgandek his etmadimi? Etdi. Xo‘sh, nega? Axir Mirazim hamma orzusiga erishdi-ku! Chunki har ikki holda ham inson yakkalanib qolmadimi?...”( 263-bet).
Shunday qilib, yuqoridagi misollardan ko‘rinadiki, yozuvchi davr va
qahramon masalasiga ham yangicha o‘ziga xos yondashadi. Aytish mumkinki, davr konsepsiyasini anglaydi. Bu borada professor D.Quronov shunday deydi: “Muvozanat” yaqin o‘tmishimiz – odatlanilgan turmush tarzidagi turli o‘zgarishlar ruhiyatimizda keskin burilishlarni keltirib chiqargan davrdagi muvozanatsizlik holatini qalamga oldi”2.
Yozuvchi insonni Yaratgan qarshisida muvaqqat va ojiz deb biladi, inson haddini bilmog‘i kerak deb hisoblaydi. Asarning yetakchi qahramonlari inson hayotining mazmuni haqida, o‘zlariga belgilangan had doirasida Yaratgan qarshisida ojiz qolgani holda insonlik burchini uddalash haqida o‘ylaydilar. Yozuvchi romanda hikoyachi vazifasini bajarganda, personajlarning ichki kechinmalarini o‘z ko‘nglidan o‘tkazib, mohirlik bilan tasvirlanganki, o‘qigan kitobxon bu parchalardagi personajlarni ularning his-tuyg‘u va kechinmalarini go‘yo o‘ziniki deb o‘ylaydi. Asarga afsonaning kiritilishi voqealar bilan bir-biriga jo‘r bo‘lib, bir-birini sharhlab borganday taassurot qoldiradi va romanning asosiy g‘oyasini ochishga yordamlashgan. Yozuvchi mahorati tufayli kitobxon ko‘o‘ngida barcha hodisalar rosmana sodir bo‘ladi.
“Muvozanat” romanidagi har bir obrazning o‘z o‘rni, o‘z taqdiri, o‘z “men”i bor. Muhimi, unda “o‘yindan tashqari” holatda turgan personajni uchratmaysiz”1- deya ta’kidlaydi M.Qo‘chqorova.
Yusuf asarning boshidan to oxiriga qadar bir narsa uchun - oliy qadriyat uchun kurashdi. “U hayotda, atrofida nimalar yuz bergan va berishi mumkin bo‘lgan bo‘lmasin, baribir, insonni tutib turgan oliy qadriyat – Muvozanatdan, unga erishish mashaqqatidan yuz o‘girmadi. Ammo bu shunchaki muvozanat emas edi. Ushbu muvozanatning bir ildizi insonning o‘zidan boshlanib, ikkinchisi muhaqqaq ravishda u yashayotgan jamiyatning bag‘ridan suv ichadi. Bas, shunday ekan, istiqlol va yurt obodligi masalasi Yusuf nazarda tutgan va o‘zi romanning boshidan oxirigacha intilgan ulug‘ Muvozanatning ajralmas halqalaridir”2 ,-deya ta’kidlaydi Marhabo Qo‘chqorova.
Asarda ruh va jismning o‘zaro muvozanatlashuvi qahramonlar xarakteri orqali yuzaga chiqadi. Voqealar mobaynida ular o‘zlarining ko‘ngil muvozanatini jism muvozanatiga qanchalik mos tushish, ularni kelishtirgunlarigacha qancha qiynalganliklariga shohid bo‘ladilar. Qachonki me’yor o‘z darajasida bo‘lsagina muvozanat saqlanib qolishi mumkin. Buni asarning deyarli barcha qahramonlarida kuzatish mumkin. Yusuf oliygohda bir maqsad bilan o‘qidi, undan so‘ng oliygohda ishladi. U faqat halol yo‘ldan bordi. Oilasini oylik maoshi bilan boqdi. Lekin shaharda bugina pul bilan kun ko‘rish qiyin edi. Turmush qiyinchiligi tobora o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ijarama ijara ko‘chib yurish, moddiy qiyinchilik uning Oygul bilan munosabatlari keskin tus olishiga sabab bo‘ldi. Oila qanchalik oqibatli, ittifoq bo‘lmasin moddiy qiyinchilik baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Orada muvozanat susayadi. U o‘g‘lidan ayrilayotganida muvozanatni yo‘qotadi. Jismi muvozanatni emas, botinidagi muvozanatni. Shu choqqacha uni har qanday sinovlardan esonomon va eng muhimi, insonlik sha’niga munosib tarzda olib chiqayotgan, so‘ng navbatdagi damlar uchun yo‘llayotgan qudratini boy bergandek sezadi o‘zini. Bora-bora o‘z ruhida o‘zgarishlar ro‘y beradi.
Romandagi har bir personaj o‘quvchiga yetarli saboq bera oladi.
“Romanning asosiy qahramoni Yusuf timsolida o‘tkinchi hayot kemasida omonat chayqalayotgan odamlarning botinan va oxiran kurash jarayoni aks ettiriladi. Yusuf o‘z-o‘zi bilan qattiq kurashadi. Natijada ilmga, halollikka, intilgan Yusuf mol-dunyo hamda nopoklik yo‘lidan ketayotgan Yusufni yengadi. Bu jarayon osonlikcha ro‘y bermaganligi asardagi Mirazim, Said, Amir obrazlarining qiyosiy talqinida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi,”1-deydi adabiyotshunos Yo‘ldosh Solijonov. Yusufning bolaligidan xayollarini o‘g‘irlagan afsonaviy tog‘-Ulug‘tog‘ ham ramziy obraz. Ulug‘tog‘ – o‘z nomi bilan millatning yuksak orzulari, ideallari, milliy mustaqil kabi ijtimoiy ramzlar ifodasi. Yusufning ko‘zlari qadalgan Ulug‘tog‘ – uning nekbin kayfiyati ramzi. Bosh qahramon xarakteri, unga yuklangan g‘oyaviy vazifa – romanning o‘q ildizi. Muvozanatni ta’minlash orzusi romanning leytmotivini tashkil qiladi”. Yusuf bolalikni eslab, sog‘inib o‘rtanadi, qishloqdagi yaqinlari mehridan taskin topadi. Yusuf fikrda yakdil, u chin dildan millat mustaqilligini, milliy ozodlikni o‘zining shaxsiy oilaviy baxtidan, xotirjamligidan ham ustun qo‘yadi. Shu ma’noda Yusuf obrazi – millatparvar, vatanparvar, ko‘tarinki ruhiyatga ega inson.
Romandagi tarixchi Muhammadjon aka davri o‘tgan odam obrazidir. U o‘zining yolg‘on asosga qurilgan hayotini tushunib yetadi. Shuning uchun ko‘zi ochiq ketadi. Qushlarning qafasdan chiqarib yuborilishida inson erkiga ramziy ishoralar beradi. Muhammadjon aka o‘zi sevgan qushlarini ozodlikka qo‘yib yuborar ekan: “Bu yerda bog‘lar ham qolmadi, tog‘lar ham. Hammasini yakson qilib, bag‘rini tilib, Paxtazorga aylantirishdi bular!.. Bor, qushim, uch, endi, uch! Lekin bilib qo`y, oson bo‘lmaydi. Oson bo‘lmaydi-yu, baribir ozodlikka nima yetsin. Bor, bora qol, erkin havolarda uch endi, uch, uch, uch!..” deya qushlarga murojaat qiladi. Qahramonning mazkur monologida chuqur ijtimoiy, umuminsoniy, ayni paytda milliy dard bor. Qushlarning ozodlikka qo‘yilishi ramziy ma’noda o‘zbek xalqining rus mafkurasi tushovlaridan qutulishidir. Paxta plantatsiyasiga aylantirilgan mamlakat, bog‘i ham, tog‘i ham vayron etilgan yurt bu – O‘zbekiston edi. “Muhammadjon aka Yusufning umr yo‘lini, e’tiqod-a’molini qat’iy belgilab olishga yordam bergan, o‘z shaxsiy yo‘lini topishga shamchiroq bo‘lgan odam obrazidir,”32-deydi M. Qo‘chqorova o‘z maqolasida. Asardagi eng yirik, ta’sirchan obraz – Amir o‘zbek adabiyotida yangi obraz. Asar an’anaviylik tamoyilari asosida yaratilgan bo‘lsa-da, Amir obrazlar tizimida yozuvchining novatorona yondashuvidan darak beradi. Amir obrazi atrofida
ko‘plab munozarali fikrlar bildirilgan. Ularni o‘rgangan holda va o‘z qarashlarimiz asosida quyidagi fikrlarni keltirish mumkin. Amir obrazi asardagi eng xarakterli timsol. U mavjud o‘tmish davrining xos kishisidir. Dinga erkinlik berilgach, uning mezonu muvozanatini saqlay olmagan Amir bilan bog‘liq ba’zi epizodlar Mashrabning qarashlarini eslatadi. Amir ruhi va tani sog‘ bo‘lishiga qaramasdan, jinnixonaga tashlanadi. Amir sog‘lom bo‘la turib, o‘zini jinnilikka solishga majbur bo‘ladi. Jinnilar qo‘lida pati yulib tashlangan musicha qiyofasida ramziy ma’noda u o‘zini ko‘radi. Yozuvchi jinnixonadagi bemorlar aslida davlat va jamiyatni aldab, ko‘z bo‘yamachilik qilib, bu yerda o‘zlarining jinoyatlarini yengillatish uchun yotganlarni ham tanqid ostiga oladi. Yusuf akasi bilan bo‘lgan suhbatda uni bu yo‘ldan qaytarishga, tushuntirishga, dinga haddan ortiq mukkadan ketish, berilish tasavvufga olib borishini, bu yo‘lda hatto ustozi yo‘qligini aytadi. Har narsada bo‘lganidek dinda ham me’yor bor. Amir o‘zi yashayotgan hayotda o‘z orzulariga erisha olmagach, qondirilmagan mayllar – o‘z orzusidagi hayot, erishilmagan muhabbat – uning keyingi qismatida o‘z izini qoldirdi. Amir obrazi bilan bog‘liq tasvirlarni kitobxon ruhiy qiynoqlar va tizginsiz
savollarsiz befarq o‘qiy olmaydi. Bir tomondan uning xatti-harakatlari, o‘y-fikrlari to‘g‘ridek, ammo masalaning ikkinchi tomoni ham borki, u inson taqdiri bilan bog‘liq masaladir. Eng muhimi, Amir o‘z ong-shuuri bilan din va jamiyat, hayot haqidagi qarashlarini muvozanatlashtira olmadi, og‘ib ketdi.
Asarda Manzura o‘z qarashlari, hayotiy munosabatlari bilan ajralib turadi. Manzura diplomatiya universitetida o‘zbek tilidan dars beradi, fan nomzodi.
“Universitetda obro‘yi ham joyida, hamma uchun u – Manzura Sodiqovna. U
ishida shunchalik mavqega egaligiga, hurmatga egaligiga qaramay, uning asosiy maqsadi eri – Said. O‘z ishiga vaqti va qobiliyatining bir qismini sarflasa, oilasi – bolalariyu erining huzur halovati uchun to‘qqiz qismini bag‘ishlaydi33. Aslida Manzura oilada o‘z hukmini o‘tkazadigan ayollardan emasdek tuyuladi. U erini hurmat qiladi. Lekin u tabiatan qaynoq fe’lli, tezfikr, o‘ylab mulohaza yuritadiganlardan. Bunday holatni u Saidning ishdan haydalgandagi voqeadan so‘ng qilgan harakatlaridan ko‘rish mumkin. Agar eri qamaladigan bo‘lsa, to‘plagan bor mol-mulki musodara qilinishini bilib, mast holatda turgan Saidga imzo qo‘ydirib oladi. U bu ishlar haqida Saidga ertasi kuni hushiga kelgan paytda izoh beradi.
Manzura zohiran oilada risoladagidek ayol. Mehribon ona, ajoyib rafiqa, jamiyatda o‘z o‘rniga ega mutaxassis. Biroq botinan oilada Saidni boshqarish prinsipi asosida yashaydi. Barcha masala uning “donoligi, tadbirkorligi” asosida hal bo‘ladi. Qaltis vaziyatlarda ham makkorona aql bilan ko‘radiki, bunda erining fikri va ishtiroki ham muhim emas.
Akademik M.Qo‘shjonov kitobga yozgan so‘zboshisida muallifning maqsadi roman chop qildirib, ko‘zga tashlanish emasligni, uning hayot haqida, unda yuz berayotgan keskin burilishlar to‘g‘risida, o‘ta ziddiyatli vaziyatlar xususida chuqur o‘ylashini aytgan edi.
Bu xususida professor D.Quronov – muallif iloji qolmagan, yozilmasa bo‘lmaydigan holat yuzaga kelganida dilidagini qog‘ozga to‘kkan, - deya fikr
bildiradi. Munaqqid bosh qahramonga o‘zini hammaslak bilib, uning qalbidan kechayotgan keskin burilishlar holati, orzu-umidlari sarob bo‘lishi, hayot to‘lqiniga qarshilik qila olmay goh u, goh bu qoyalarga urilib surinishlarini, muhit 33 Hamdam U. Muvozanat. –T., ”Sharq” 2007.109-bet.
35 “tuhfalari” evaziga ko‘rayotgan moddiy turmush qiyinchiliklari natijasida oxiri sohasini o‘zgartirib yangi bir faoliyat boshlash xususida jiddiy to‘xtamga kelishi, umuman olganda, muvozanat yo‘qotib qo‘yilgan holatni his etganini aytadi. Shu bois – “Ulug‘bek ko‘pchiligimiz, ayniqsa, qirq yosh chegarasidagi avlod ruhiyatiga ko‘zgu tutgandek bo‘ldi”, - deb yozgandir, ehtimol. Bu haqida mualllifning o‘zi suhbatlarning birida shunday izoh beradi: “Aslida, asar muallifning yoshi hali o‘ttizga ham to‘lmay yozilgan – 29 da. Lekin qahramonlarning yoshi biroz kattaroq – 35-40 o‘rtasida. Bugun mening o‘zim ham ana shu yoshga – qirqqa kirdim. “Xo‘sh, nega qahramonimning yoshini qariyb o‘n yilga katta qilib ko‘rsatdim?” degan savolni men o‘zimga ko‘p berganman. Chunki asar yozilayotgan paytda hali 30 ga ham to‘lmagan kishilar “Muvozanat”dagi yukni ko‘tara olmaydi deb o‘ylaganman. Qarasam, mening tengdoshlarimning o‘y-xayollari boshqa narsalar bilan bandga o‘xshaydi. Romanda aks etgan dardli g‘oyalar bilan esa taxminan 40 yosh chegarasidagi avlod qiziqayotgandek ko‘rindi. Shu ma’noda Dilmurod Quronov haqli”34 Asarda chigal taqdirlar qismati muvozanat mezonida tasvirlanadi. Ularning umumiy jihati yuraklardagi tenglik mezoni buzilganida edi. Asar qahramonlarining biri ziyoli, ilm olish, o‘z bilimini kimgadir ulashish, yangilik yaratish xayoli bilan yashaydi: ikkinchisi pul, mol-dunyo, boylik yig‘ishga yo‘l izlagan: uchinchisi, mansabga ega bo’lish, katta amal kursisiga o‘tirish, odamlarni boshqarish orzusida yongan shaxslar. Asarda ma’lum muddat amaldorning ishi yurishadi. Lekin uo‘tirgan kursi sinadi. Tadbirkorning esa tashqi tomondan to‘q, baxtli ko‘ringan oilasi aslida ichidan yemirilgan edi. Ziyoli bo‘lishiga qaramay, to‘liq baxtga erisholmagan qahramon muhit zarbiga dosh berolmaydi. Demak, boshda do‘st bo‘lgan romandagi uch qahramon, ma’lum davr sinovida nimadir yo‘qotdi. Obrazlarning taqdiri shu yerda to‘liq hal etilmaydi. Bu kitobxonni chuqur mulohaza qilishga chorlaydi. Chunki bunday his-tuyg‘ular siz-u bizning qalbimizdan o‘tishi tabiiydir. Demak, biz tahlil etishga urinayotgan masalaga 34Ali U. Adabiyot – sehrli olam// Ko‘ngilga sayr. –Toshkent., 2009-yil. 181-bet. binoan, yozuchining romaniga xos xususiyat bo‘lgan qahramonlar taqdirini tugal
hal etmaslik Ulug‘bek Hamdam uslubiga xos xususiyat deyishimiz mumkin.
“Muvozanat” romani kompozitsiyasida uch do‘st - Yusuf, Mirazim, Said
taqdiri yetakchi o‘rin tutadi, deya ta’kidlaydi M.Qo‘chqorova o‘z maqolasida,
ba’zi tadqiqotchilar esa to‘rtovlon - Yusuf, Mirazim, Said, Amir qismatidagi
muvozanat masalasi birlashtirib turishini ta’kidlaydi. Bizning fikrimizcha, asar kompozitsiyasida to‘rt inson hayot yo‘lidagi muvozanat masalasi yetakchi o‘rin tutadi. Biroq ular Yusuf, Amir, Zahro va Manzura obrazlaridir. Asardagi Said va Mirazim obrazlari Manzura va Zahroning soyasida qolib ketgan. Asarda ayolarning xarakter rivoji yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Bu bilan bog‘liq epizodlar asarda alohida o‘rin tutadi.
Yusufning qismatida ma’naviyat va moddiyat o‘rtasidagi muvozanatning darz ketishi, Amirning taqdirida din va dunyoviylik muvozanatining buzilishi, Zahroning qismatida erk va sadoqat muvozanati, Manzuraning hayot yo‘lida boshqaruv va adolat tamoyillardagi og‘ishlar tasvirlanadi. Yusuf kuchli shaxs bo‘lganligi bois katta yo‘qotishlar, ruhiy iztiroblar iskanjasida ham o‘z muvozanatini saqlay bildi va hayot yo‘lini izga solib oldi. Amir – yangi davrning o‘zgacha odami. U davrning shiddatli oqimida o‘zini o‘nglay bilmagan fojiali taqdir sohibi. Amir dinda chuqur ketib, me’yor degan mezon ham borligini unutdi. U diniy qarashlarga bosh egishda muhit, davr va uning ezgulik, insoniyat uchun qay darajada muhimlik mezonlarini anglay bilmadi. Boshqacha aytganda u ko‘r-ko‘rona qabul qiluvchiga aylanib qoldiki, natijada o‘z to‘riga o‘ralgan o‘rgimchak singari bu girdobdan chiqib keta olmadi. Girdob uning ruhiyatni, Gulshodaning hayotini o‘z domiga tortib ketdi. Zahro o‘qimishli ayol bo‘lsa-da, uyda tutqun yashashga mahkum edi. Unda barcha narsa bor, biroq erk yo‘q edi, unga, oilaga egalik tushunchasini Mirazim boshqacha anglar, Zahro boshqacha tushunar edi. Natijada Zahro sadoqat degan muqaddas tushunchadan, xiyonat ko‘chasiga bo‘yladi. Bu esa unga bir umrlik vijdon azobini berdi.
Xulosa qilib atyganda, romanda yangi davr ostonasida turgan insonning qalbidagi mezonni ijtimoiy tuzum, davr va makon o‘zgarishlari oqibatida ma’lum darajada buzilishi, saqlab turilgan muvozanatning qalqib ketishi keng ko‘lamda yoritilgan.
Har bir bob asar markaziga olingan to‘rtovlondan birining hayotidagi
muvozanatning buzilish sabablarini ochishga bag‘ishlanadi. Shu sababli ulardan birontasini ham almashtirib yoki qisqartirib bo‘lmaydi. Yozuvchi ana shunday murakkab xarakterli insonlar taqdirini MUVOZANAT mezonida tasvirlaydiki, undagi og‘ishlar oqibati, xulosa kitobxon ixtiyoriga havola etiladi. Asardagi barcha taqdirlar muvozanat tushunchasi bilan bog‘langan. Bu yozuvchi ijodining xos tomonidir.
“Muvozanat” asari an’anaviy usulda yaratilgan bo‘lsa-da, muallifning
novatorona yondashuvlaridan holi emas. U mavzu ko‘lami va g‘oya talqinida, bayon uslubida, obraz yaratish mahoratida ham qator yangilanishlarga ega. Ayniqsa, g‘oyalar talqinida interpretatsiya usulidan samarali foydalanilgan. Bu asarga haqqoniylik va polifoniklik xususiyatini bag‘ishlagan.

1 Sharafiddinov O. Ijodni anglash baxti. –T.: 2004. 245-bet



1  Hamdam U. Muvozanat// Vatan haqida qo‘shiq. –Toshkent.: Akademnashr, 2014-yil, 100-101 betlar.

2 Rasulov A. Badiiylik – bezavol yangilik. –Toshkent, ”Sharq “. 2007



3 Hamdam U. Badiiylik mezonlarining umrzoqligi// Jahon adabiyoti, 2010-yil, 4-son.



1 Solijonov Y. Haqiqatning sinchkov ko‘zlari. Toshkent.:2009-yil. 138-bet.

1 Qo‘chqorova M. “Muvozanat” romanida shartli ramzlar// O‘zbek tili va adabiyoti, 2014-yil, 4-son. 35-bet



2 Quronov D. Mutolaa va idrok mashqlari// Adabiy jarayonda “Mom sindromi” –Toshkent.: Akademnashr, 2013. 223-bet.

1Qo’chqorova M. ”Muvozanat”romanida shartli ramzlar// O’zbek tili va adabiyoti, 2014, 36-bet



2 O’sha asar

1 Solijonov Y. Haqiqatning sinchkov ko’zlari. –Toshkent, 140-141 betlar



Download 34,14 Kb.




Download 34,14 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Ўзбек адабиёти кафедраси йиғилиши қарори қайдномаси

Download 34,14 Kb.