3-ma’ruza. AVTOMOBIL YO‘LLARINI KO‘KALAMZORLAShTIRISh.
REJA
1.Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish turlari, tasnifi va vazifasi.
2.Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish usullari.
3.Ekinlarni parvarishlash, o‘simlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurash. Daraxtzorlarni hisobga olish va himoya qilish.
Tayanch so‘z va iboralar: Avtomobil yo‘llarini
ko‘kalamzorlashtirish, ekinlarni parvarishlash, harakat tezligi, manzarali obodonlashtirish, himoyalash.
Avtomobil yo‘llari ikki xil maqsad bilan ko‘kalamlashtiriladi: himoya maqsadida ko‘kalamlashtirish va dekorativ maqsadda ko‘kalamlashtirish:
Himoya maqsadidagi ko‘kalamlashtirishga quyidagilar kiradi:
- yer yemirilishiga qarshi ko‘kalamlashtirish;
- qordan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirish;
- qumdan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirish;
- shovqin, gaz va changdan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirish.
Dekorativ ko‘kalamlashtirish avtomobil yo‘lini me’moriy badiiy bezash uchun ishlatiladi.
Yemirilishga qarshi ko‘kalamlashtirish yo‘lni yog‘in suvlarining buzuvchi ta’siridan, shamolning yemiruvchi xususiyatidan himoya qilish uchun ishlatiladi. Asosan yo‘l cheti, qiyalik va suv oqib ketadigan ariqchalarning himoya qilinmagan tuproq yuzasi yemiriladi.
Ayniqsa mayda zarrali changsimon qum, changsimon qumoq tuproq, changsimon oddiy tuproq, sog‘ tuproq, qumoq sog‘ tuproq, tarkibida tuproq zarrasi ko‘p bo‘ladigan oxaktuproqning yemirilishga qarshiligi kam bo‘ladi.
Agar chorasi ko‘rilmasa yo‘l yoqasidagi ko‘chadigan qumlar yo‘l qatnov qismida to‘planib qolishi mumkin.
Tuproqni yemirishdan samarali himoya qiladigan choralardan biri unga ildizi 20 sm va undan ko‘p tuproqqa kirib zich va mustahkam chim qatlami hosil qiladigan o‘simlik ekish hisoblanadi.
O‘simlik qatlami tuproqni himoya qilishdan tashqari yo‘lni estetik bezash elementi ham bo‘ladi.
Yemirilishga qarshi choralarga shuningdek yo‘lni kattalashayotgan jarliklardan, yuvilishdan, seldan, tuproq ko‘chishidan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirish ham kiradi. Ekin har bitta holat uchun alohida ishlab chiqiladigan loyihaga qarab ekiladi.
Qordan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirishdan maqsad yo‘l poyini qor to‘planishidan himoya qilish bo‘ladi. Ko‘kalamlashtirishning bu turi bitta yoki bir nechta tasma ko‘rinishida hosil qilinadi, qorning kelishi kam bo‘lsa archa yoki butalardan yashil to‘siq ekiladi.
Qumdan himoya qiladigan ko‘kalamlashtirish avtomobil yo‘llarida qum to‘planishi oldini oladi, daraxt va butali ekinlardan iborat bo‘ladi, shuningdek, qumdan himoya qilish uchun yo‘lga tutash yerdagi qumga o‘t ekiladi.
Shovqin, gaz va changdan himoya qiladigan ko‘kalamzorlar yo‘lning aholi punktlaridan, ularga yaqin joydan o‘tadigan, kurort zonalar, davolash muassasalari, qo‘riqxonalar, ov qilish joylari, milliy bog‘lar, qimmatli qishloq xo‘jaligi ekiladigan dalalar yaqinidan o‘tadigan qismlari yoqasiga ekiladi. Ko‘kalamlashtirishning bu turi maxsus tanlangan, bir necha qator qilib zich ekilgan daraxt va butalardan iborat bo‘ladi, yo‘ldan shovqin, gaz va yo‘l qoplamasi ustida yig‘iladigan chang kelishiga samarali to‘siq bo‘ladi.
Dekorativ ko‘kalamlashtirish avtomobil yo‘lini atrof tabiat bilan uyg‘un qiladi. Ko‘kalamlashtirishning bu turida yangi daraxtlar, butalar ekilishidan tashqari yo‘l yoqasidagi o‘simliklar saqlanadi, ular atrofdagi manzara bilan uyg‘un bo‘ladigan yoki jozibasiz joylarni berkitadigan o‘simliklar bilan to‘ldiriladi.
Dekorativ o‘simliklar harakat xavfsizligini ta’minlash uchun ham ekiladi: ular uzoq masofadagi, ayniqsa qatnov qismidan ko‘rinmaydigan joydagi yo‘l trassasini belgilab turadi; haydovchilarni yo‘l birikishi yoki kesib o‘tishidan ogohlantiradi; yon tomondan keladigan shamoldan himoya qiladi va hk.
Vazifasiga va joylashishiga qarab dekorativ o‘simliklar yo‘l yoqasidagi (keng yoki qator qilib ekilgan) asosiy o‘simliklar, guruhli o‘simliklar va aralash (ya’ni, asosiy va guruhli o‘simliklardan iborat bo‘ladigan) o‘simliklarga bo‘linadi.
Yo‘l bo‘yidagi tegishli hududni kompleks himoya qilish talablariga muvofiq yashil himoya daraxtzorlari, butazorlarining quyidagi asosiy parametrlari belgilangan:
- daraxtzor, butazor kengligi kamida 10 m;
- daraxtlar balandligi kamida 7-8 m;
- butalar balandligi kamida 1,5-2 m.
Himoya polosasining ko‘rinishi yotiq tomoni ifloslanish manbaasiga (ya’ni, yo‘lning qatnov qismiga) qaragan uchburchak shaklida bo‘lishi kerak.
Polosadagi daraxt va butalarning joylashish sxemasi 3.7-rasmda ko‘rsatilgan.
Shovqin, gaz va changdan himoya qiladigan yashil ixota ekish uchun daraxtlarning avtomobil gazlari ta’siriga chidamli navlarini tanlash kerak.
Daraxtlarning quyidagi turlari chidamliroq bo‘ladi:
- igna bargli daraxtlar, sibir tilog‘ochi;
- bargli daraxtlar: eman, nishbargli shumtol, terak, tut;
- butalar: biryuchina, gordovina, sariq akatsiya, spireya, shilvi, na’matak.
Yo‘ldan 1-qator – past buta
Yo‘ldan 2-qator – baland buta
Yo‘ldan 3-qator – tegishli daraxt navi
Yo‘ldan 4-qator – asosiy daraxt navi
Yo‘ldan 5-qator – tegishli daraxt navi
Yo‘ldan 6-qator – baland buta
Daraxt, butalarning kattaroq ko‘chatini ekish to‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘chatlar yaxshi o‘sishi uchun oldin quyidagi maqsadda tuproq yumshatiladi:
- havo, suv, issiq kirishi uchun tuproqning yuqori qatlami yumshatiladi, uning tarkibi o‘zgartiriladi;
- tuproqni oziqlantirish xususiyati yaxshilanadi;
- tuproqning ifloslanishi kamaytiriladi;
Ko‘chat ekish vaqti iqlim sharoiti, ob-havo, ko‘chatlarning yoshi va holatiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘chat ekishga eng qulay vaqt bahorda, kurtaklar ochilguncha, kuzda esa barglar to‘kilayotgan vaqt hisoblanadi.
Amaldagi talablarga muvofiq himoya (ixota) polosasining (to‘sig‘ining) xususiyati quyidagicha bo‘lishi kerak (3-jadval):
3-jadval
Himoya polosasining turi
|
Harakat jadalligi avt/soat bo‘lganda shovqinning kamayishi dBA
|
Ishlatilgan gaz yig‘ilishining kamayishi , %
|
200
|
600
|
1200
|
>1600
|
Bargli daraxtlar yonma-yon uch qator ekilganda, butalarning kenligi 10 m bo‘lganda
|
7
|
8
|
8
|
8
|
40 – 50
|
Bargli daraxtlar yonma-yon to‘rt qator ekilganda, butalarning kengligi 15 m bo‘lganda
|
8
|
9
|
9
|
9
|
50 – 60
|
Igna bargi daraxtlar shaxmat tartibi bilan to‘rt qator ekilganda, butalarning kenligi 20 m bo‘lganda
|
15
|
17
|
17
|
18
|
50 – 60
|
Bargi daraxtlar shaxmat tartibi bilan besh qator ekilganda, butalarning kengligi 20 m bo‘lganda
|
15
|
18
|
18
|
19
|
60 – 70
|
Shovqin, gaz va changdan himoya qiladigan daraxtlar, butalar yerning ko‘tarilgan joylari, ekranlar bilan muvofiq ekilishi mumkin.
7-rasm. Ajratuvchi polosani ko‘kalamlashtirish:
1 – butalar
8-rasm. Avtobus bekatini ko‘kalamlashtirish
1 – tol, eman, chinor; 2 – qora archa.
9-rasm. Avtomobil yo‘llari kesishgan joyni ko‘kalamlashtirish
1 – gullar, yashil ixota (balandigi 0,5 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak); 2 – qora archa, tuyadaraxt; 3 – yashil zona
10-rasm. Aholi punktlarida avtomobil yo‘llarini ko‘kalamlashtirishga misol
1 – qora archa; 2 – gullar; 3 – tol, eman, chinor.
11-rasm. Ko‘rsatish belgilari qo‘yilgan zonada avtomobil yo‘llarini ko‘kalamlashtirishga misol.
Yo‘l bo‘yidagi ekinlarni avtomobil yo‘llari muhandislik jihozlari sirasiga kiritish g‘ayri tabiiy ko‘rinadi. Lekin ko‘kalamzorlar dekorativ vazifani bajarishdan tashqari yo‘lning transport-foydalanish xususiyatlariga sezilarli ta’sir qiladi. Ko‘kalamzorlar harakat havfsizligining qulayligi va xavfsizligiga, qish vaqtida avtomobil transportining ishi tejamli bo‘lishiga ta’sir qilishi yo‘l bo‘yidagi o‘simliklarni to‘siqlar, yo‘l belgilari va boshqa muhandislik jihozlari bilan bir qatorga qo‘yish imkonini beradi.
Jar yoqasidagi polosalar jar bo‘ylab, 30-50 yuqorida joylashadi.
Qirrasidagi o‘pirilgan, yuvilgan joylarni, joy rel’efi umumiy xususiyati, yuzadagi oqimning yo‘nalishi va yig‘ilishiga qarab jar yoqasidagi polosalarning kengligi 20 m dan 50 m gacha olinadi.
Jarlar yemirilishi oldini oladigan ko‘kalamlashtirish oddiy gidrotexnik qurilmalar bilan birlashtirilishi kerak: oqimni yuvilayotgan yuqori qismdan chetlashtirish uchun marzalar ko‘tariladi, suv yig‘iladigan novlar, suv bog‘lanadigan vositalar quriladi va hk.
To‘g‘on va ko‘tarmalarni himoya qilish uchun daryolarning yonidagi suv bosadigan qayirlarga mahalliy butasimon va daraxtsimon tollarni yonbag‘irlar bo‘ylab suvning yuqoriga ko‘tarilgandagi va tushgandagi sathlari sohasidagi mintaqalar ko‘rinishida o‘tqazish usuli qo‘llanadi. Daraxt va butalar bahorda suvning yuqoriga ko‘tarilgan sathiga tutash joylardan boshlanib to suv sathi eng quyi darajada pasayguncha – suvdan bo‘shagan joyga ko‘chat ekish yo‘li bilan davom ettiriladi.
Yo‘lni yuvilishdan va seldan saqlash uchun sel kelish xavfi bor joylarga, boshqa texnik mustahkamlash tadbirlari bilan birga, katta daraxtlar ekiladi.
Yo‘l harakatini tashkil qilish tadbirlari kompleksida yo‘l chetidagi ekinlar ayniqsa kunning qorong‘u vaqtida, tuman tushganda, qor uyumlari to‘planganda yo‘l yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi; to‘g‘ri va egri yo‘l uchastkalarida haydovchilarning mo‘ljal olishini yaxshilaydi, yo‘lning alohida elementlari, chorraxalar, tushish yo‘llari, xizmat inshootlarini ajratib ko‘rsatib yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydi; ajratish polosasi o‘tkazilgan ko‘p polosali yo‘llarda qarshidan kelayotgan avtomobillar farasi haydovchi ko‘zini qamashtirishi oldini oladi.
Dekorativ ekinlar yo‘lda estetik talablarni qanoatlantiradigan sharoit yaratishga mo‘ljallangan. Bunday ekinlar yo‘l inshootlari mahalliy tabiat sharoitiga uyg‘unlashgan yo‘l manzarasining muhim elementi hisoblanadi. Manzara loyihasini tuzish nazariyasi va amaliyoti rivojlangani sari avtomobil yo‘llarini ko‘kalamlashtirishga yo‘lni atrof joy bilan bog‘laydigan element vazifasi berilayapti. Professor V.F. Babkovning fikriga ko‘ra, manzara loyihasini tuzishdan maqsad yo‘l bo‘yidagi ekinlarning vazifasi yo‘l bo‘yi polosasini tabiat manzarasi bilan bog‘lash, manzara havzalarini chegaralash, bir hil o‘rmon ko‘rinishini bartaraf qilish, manzarali joylarni ajratib ko‘rsatish va hk. hisoblanadi.
Yashil ekinlar ko‘pincha atrof muhitni himoya qilish vazifasini bajaradi, yo‘l atrofidagi muhitni transport shovqini, ishlangan gazlar va changdan himoya qiladi. Avtobus bekatlarida, dam olish joylarida ular yoqimli mikroiqlim yaratilishiga ko‘maklashadi.
Bir qancha hollarda yo‘l bo‘yidagi ekinlar bir vaqtning o‘zida bir qancha vazifani bajaradi, misol uchun dekorativ va qordan himoya qilish maqsadida ishlatiladi va hk. Nima maqsadda ekilishidan qat’iy nazar barcha ko‘kalamlashtirish turlariga quyidagi umumiiy talablarni qo‘yish mumkin.
Yo‘l uchun ajratilgan joyda ekinlarning joylashishi ularning vazifasi to‘liq bajarilishiga imkon berishi, manzara me’morchiligi talablarini to‘liq qanoatlantirishi kerak.
Yo‘l inshootlari kompleksining elementi bo‘lgan yashil ekinlar ob’ektning o‘ziga xosligini ajratib ko‘rsatadi, yo‘l harakati ishtirokchilari uni yaxshiroq idrok qilishiga imkon beradi. Daraxtlar, ishlatiladigan tabiiy ekinlar to‘g‘rida va bo‘ylama profilda trassani belgilab turadi, haydovchi uni makonda idrok qilishini osonlashtiradi, yo‘lning ko‘zga ko‘rinmayotan qismi haqida aniq tasavvur beradi.
Chiroyli tabiat manzarasini berkitmaydigan yo‘l bo‘yidagi ekinlar ba’zi ob’ektlarning (binolarning ochiq yon tomoni, tosh konlari va hk.) noxush ko‘rinishini yopadi, chiroyli joylarga diqqatni qaratadi, yo‘l manzarasini yangi ansambllar bilan to‘ldiradi.
Ekinlar mikroiqlimni yaxshilaydi, insonlar to‘planadigan joyni shamoldan himoya qiladi, quyosh nuri, chang va shovqindan pana qiladi.
Qordan himoya qiladigan daraxtlar ekilganda ularni tabiatdagi chiroyli manzaralarni berkitib qo‘ymaydigan qilib joylashtirish kerak.
Yo‘l bo‘yidagi ekinlar transport vositalari harakatiga xalaqit bermasligi, harakat va yo‘l xizmati ishini qiyinlashtirmasligi kerak. Daraxtlarni yo‘l kesishadigan joylar, ko‘prik, yo‘l o‘tkazgichga yaqinshlashish yo‘llari ko‘rinib turadigan qilib ekish kerak. Daraxt va butalarni yo‘l chetiga ekmaslik kerak.
Ekinlarni yo‘l bo‘yida joylashtirish ekiladigan materialning maqsadi, ekish materiali, tabiiy o‘simliklar borligi va ularning xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa shu hududda ekish mumkin bo‘lgan daraxtlar xilining borligi, ularning shakli va balandligi ahamiyatli bo‘ladi. Ekish materiallariga umumiy talab – daraxtlar va butalar shu yerdagi tuproq, iqlimda ko‘karishi, tez o‘sishi va nurni yaxshi ko‘rishi kerak.
Shoxlari, barglari va gullarining ranggi, tuzilishi daraxtning shaklini hosil qiladi. Daraxtlar barglarining qalinligi, shox-butoqlari shaklining torligi, kengligi yoki yoyilgani bilan farq qiladi. Shox-butoqlarining shakliga qarab daraxtlar shox-butoqlari aniq (ehrom, konus, shar ko‘rinishida va hk.) va shox-butoqlari yoyilgan ko‘rinishda bo‘ladi.
O‘sgan daraxtlar balandligiga qarab birinchi (25-30 m va undan baland), ikkinchi (10-20 m) va uchinchi (10 m dan past) toifalarga bo‘linadi. Balandligi 2 m dan ko‘p butalar birinchi sinfga kiradi, 2 m dan pastlari esa ikkinchi sinfga kiradi.
Bir vaqtlar yo‘llarni ko‘kalamlashtirish uchun mevali daraxtlar ekish tavsiya qilingandi. Yo‘l polosasining og‘ir metallar va boshqa zararli moddalar bilan ifloslanishi borasidagi zamonaviy bilimlarga asoslanib, magistral yo‘l yoqasida mevasi yeyiladigan daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklar ekilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mahalliy yo‘llar chetida mevali daraxtlar ekilishi mumkin.
12-rasm. Daraxtlarning yo‘l poyi qirg‘og‘iga va qatnov qismi chetiga nisbatan joylashishi
a – nol belgilarda; b – ko‘tarilgan joyda; v – o‘yiq joyda.
Yo‘l chetiga ekish uchun daraxt va butalar tanlanganda shox-butoqlarining shakli, daraxt yoki butaning balandligi, barglarining yoz va kuzdagi rangi, gullari va mevasiining rangidan tashqari tuproq sharoiti, atrofdagi manzaraning xususiyati, daryolar, ko‘llar va boshqa suv havzalarining borligi ham hisobga olinadi.
Daraxt va butoqlar asosan ikkita asosiy turga – doimiy yoki manzara-gurhli va erkin turlarga bo‘linadi. Doimiy turlarga alleya, jonli to‘siq va qordan himoya qiladigan daraxtzor sifatida yo‘l trassasini qaytaradigan ekinlar kiradi; erkin-guruhga esa daraxt va butalarning turli navlaridan iborat bo‘lgan ekinlar kiradi. Daraxt va butalarni aralashtirib ham ekish mumkin.
Doimiy ekinlar yo‘lning bir tomonida ham ikkala tomonida ham vazifasiga muvofiq oraliqda, lekin yo‘l qatnov qismi chetidan kamida 5 m narida ekiladi (12-rasm). Ko‘rishni chegaralab qo‘ymasligi uchun egri chiziq ichkarida bo‘ladigan yo‘lning egri chiziqli qismida doimiy ekinlar ekilmaydi. Daraxtning naviga qarab alleyalardagi alohida daraxtlar o‘rtasidagi oraliq 10-15 m bo‘ladi.
Bir qancha kamchiliklari borligi uchun yangi qurilayotgan yo‘llarda alleya ko‘rinishidagi ekinlar ekish tavsiya qilinmaydi: transport vositasining yo‘ldan chiqishiga xalaqit beradi; kunning quyoshli vaqtida yo‘lning qatnov qismi dog‘simon yorishgani uchun haydovchining ko‘zi charchaydi; yo‘lning qurishi yomonlashadi; keyinchalik yo‘lni kengaytirish imkoniyatini cheklaydi; yo‘lga to‘kiladigan barglar g‘ildirakning yo‘l bilan birikishini yomonlashtiradi. Asosiy yo‘ldan birorta ob’ektka boriladigan yo‘llardagina alleya ko‘rinishida daraxt ekilishi mumkin (13-rasm).
Ko‘kalamlashtirishning ko‘proq maqsadga muvofiq bo‘ladigan ko‘rinishi guruhlab ekish hisoblanadi (14-rasm). Guruhlab ekilgan ekinlar ham yo‘lning qatnov qismidan kamida 5 metr narida bo‘lishi kerak. Yo‘l chetiga daraxt, butalar ekish mumkin emas.
Yo‘lning to‘g‘ri qismida ekin guruhlari erkin joylashtiriladi (15-rasm). Yo‘lning egri qismida esa, trassa yo‘nalishi bilinishi uchun, egri chiziq tashqarisida ekinlarni quyuq ekish, ichkarisida esa oralatib butalar ekish tavsiya qilinadi. Shunday bo‘lganda ekinlar yo‘naltiruvchi vazafasini bajaradi.
O‘yiq joylarni ko‘kalamlashtirish uchun o‘yiqning ust qismiga guruhlab daraxt va butalar ekiladi. Yo‘llar kesishadigan, ajraladigan joydagi ekinlar ularning xususiyatini ko‘rsatishi, ko‘rinishini berkitib qo‘ymasligi kerak.
Ko‘priklarga borish yo‘llari qurilish vaqtida buzilgan tabiiy manzarani tiklash, ko‘rinish yaxshi bo‘lishi uchun ko‘kalamlashtiriladi. Ya’ni yo‘l yoqasidagi ekinlar ko‘prikni joyning umumiy manzarasi bilan uyg‘un qilishi kerak.
13-rasm. Asosiy yo‘ldan chiqish yo‘lidagi daraxtlarning alleya ko‘rinishida ekilishi
14-rasm. Chuqur joyni guruhlab ekilgan daraxt va butalar bilan ko‘kalamlashtirish:
a – plan; b – ko‘ndalang profil.
Yo‘l yoqasida joylashgan binolar qalin ekilgan daraxt va butalar bilan yo‘ldan ajratiladi (14-rasm).
Avtomobil magistrallarining ajratuvchi polosasida gazon bilan ko‘ndalang qilib buta ekish tavsiya qilinadi.
Shunday ekilsa qishda ajratish polosasining chegarasi aniq ko‘rinib turadi, qarshidan kelayotgan avtomobillarning farasi haydovchilarning ko‘zini qamashtirmaydi. Butalar qatorining orasi 20-25 m qilib ekiladi; balandligi 1,0-1,2 m bo‘ladi, buning uchun butalar har yili qirqib turiladi. Butalarni 45° og‘dirib ham joylashtirsa bo‘ladi.
Qor yig‘ilib qolmasligi uchun ajratish polosasida buta va daraxtlar uzluksiz ekilmaydi. Kengligi 8 m dan kam polosada daraxt ekishga ruxsat berilmaydi, sababi, daraxtlarning ildizi yo‘l to‘shamasini buzishi mumkin. Toshkent-Chirchiq 4P6 yo‘li misolida kengligi 10-12 m va undan ko‘p ajratish polosasida, ayniqsa yo‘l chizig‘i qiyshaygan joylarda, alohida daraxtlar guruhini ekish mumkin, lekin bitta guruhda 10 tadan ko‘p daraxt bo‘lmasligi kerak .
Yo‘lning to‘g‘ri va to‘g‘ri qiyshaygan chiziqlarida doimiy usul bilan bir xil daraxtlar, butalar yoki guruhlar aniq tartib bilan joylashtiriladi. Alohida ekinlar yoki ular guruhlari qatorlari o‘rtasidagi oraliq yo‘l shu qismining oxirigacha bir xil bo‘ladi. Bu usul yo‘l tekislik joydan o‘tganda, yo‘lning alohida ahamiyatli qismlari bezatilganda, shahar va aholi punktlariga kirish yo‘llarida, aholi punktlarining ichida ishlatiladi.
15-rasm. Yo‘l bo‘yidagi daraxtlar uzilish oralig‘ini belgilashga misol:
a – manzarani ochish uchun (uzilish oralig‘i chegaraviydan ko‘p); b – berkitish uchun (uzilish oralig‘i chegaraviydan kam).
Manzarali-guruhlash (erkin) usulida daraxtlar bilan butalar turli o‘lchamdagi alohida element ko‘rinishida erkin (manzarali) joylashtiriladi. Guruhlar, alohida ekinlar bilan yo‘l o‘rtasidagi oraliq har xil bo‘ladi (faqat yo‘l uchun ajratilgan joy bilan chegaralanadi). Bu usul asosan yo‘lning adirli, to‘lqinsimon rel’efli qismida ishlatiladi.
Avtomobil yo‘llarining ajratish polosalari ko‘kalamlashtirilganda, me’moriy badiiy ko‘rinish berishdan tashqari, harakat xavfsizligini oshirish uchun maxsus ekin turlari ishlatiladi. Ajratish polosalarida asosan 20-30 m oraliqda, yo‘l qatnov qismi chetidan kamida 1,75 m narida bir-biriga tutash butalar yoki ko‘ndalang (bir yoki ikki qatorli yashil to‘siq ko‘rinishidagi) dahlizsimon qator o‘tkaziladi. Bunday ekinlar qarshi tomondan kelayotgan avtomobillar chirog‘i qamashtirishidan himoya qiladi.
16-rasm. O‘rmon massivi bir xilligini buzishga misol
1 – o‘rmondagi ochiq joy; 2 – o‘rmon ko‘tarilgan joy; 3 – daraxtlar alohida o‘stgan joy.
O‘rmon manzarasi bir xil bo‘lganda, yo‘l o‘tkazish uchun o‘rmon tozalanganda, alohida daraxtlarni, o‘rmon ko‘tarilgan joylarni qoldirish kerak. Yaxshi ko‘rinib turishi uchun daraxtlar ko‘tarilgan joylar bilan ular orasidagi masofani hisobga olingan lr qiymatdan kamaytirmaslik kerak.
Yo‘naltiradigan daraxtlar harakat yo‘nalishi o‘zgarishini bildiradi, uzoqdan haydovchiga burilishning egilish darajasini ko‘rsatadi. Ular faqat liniyali, o‘tish o‘qiga parallel joylashgan, yer poyidan chetda bo‘lishi kerak. Ularning uzunligi burilish radiusiga bog‘liq bo‘ladi, ularning qatori esa egri chiziqqa yaqinlashish joyidan qaraganda harakat polosasi butun kengligini berkitgandek bo‘lishi kerak.
To‘siq daraxtlar haydovchiga shu yo‘nalishda harakatni davom ettirish imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatadi, nigohini «qaytaradi», nazarini kerakli tomonga qaratadi. Ular ham yo‘naltirish qoidasiga amal qilib ekiladi: ular asosan chorrahalarda, avtobus bekatlarida, transport yechimlarida kerak bo‘ladi, lekin dam olish maydonchalarida, harakat xizmati komplekslarida ham ishlatilishi mumkin.
Manzara beruvchi yoki ajralib turuvchi ekinlar maqsadi haydovchini yo‘lning muhim joylarida va potensial xavfli uchastkalarda e’tiborni tortmasligi (manazara beruvchi) yoki aksincha haydovchini e’tiborini tortish, muhim yoki harakat xavfsizligi uchun yoki yo‘llarni me’moriy tashkil etishda (misol uchun, havzalar chegarasini belgilashda) e’tiborni tortish. Aksentlovchi ekinlar bo‘ylama kesimni bo‘rtiq joylarida «darvoza» ni tashkil qiladi (17- rasm).
17-rasm. To‘siq daraxtlarning yo‘lga birikishiga misollar:
a – yo‘ldan tushish joyiga qarama-qarshi; b – o‘tish-tezlik polosasining oxirida; v- ko‘tarilgan egri chiziq orqasida.
18-rasm. Bo‘ylam profilning ko‘tarilgan siniq joylarida daraxtlarni juft ekish:
a – yopiq joyda; b – ochiq joyda.
Dam olish maydonchalarini rejalash loyihalarida yuqorida aytilgan daraxt ekish qoidalari ishlatiladi (3.6-rasm).
Ma’lumki yo‘l harakati uchun yo‘lning ortiqcha egriligi qancha xavfli bo‘lsa uning uzoq masofaga to‘g‘ri cho‘zilgani ham shunchalik xavfli bo‘ladi. Biroq guruhli ko‘kalamlashtirish ko‘rinishidagi me’moriy aksentlarni joylashtirib yoki yo‘lni bezatish elementlarini binolar bilan uyg‘unlashtirib ma’lum chegaragacha yo‘l trassasi ko‘rinishini yaxshilash mumkin.
Yo‘lni monumental bezatish imkon qadar yassilik ko‘rinishida bajarilishi kerak. Uning ma’lumot beradigan mazmuni shunchalik to‘liq bo‘lishi kerakki, uzoqdan ma’lum bo‘lishi, haydovchida ob’ektni yonidan yoki o‘tib ketayotganda ko‘rish istagini paydo qilmaslik kerak. Yo‘llarda old qismi ketayotgan avtomobilga emas yo‘lga qaragan kichik shakllar, monumentlar bo‘lmasligi kerak.
Yo‘nalish sxemalari va shahar nomlari monumental ko‘rinishdagi yo‘l ko‘rsatgichlarida ma’lum qilinishi mumkin, ular shuningdek me’moriy havzalar chegaralarida dominant vazifasini bajaradi yoki dominantni ajratib turish uchun xizmat qiladi.
Belgilarga o‘xshab, monumental bezashlarni ham imkoni boricha bo‘ylama profil ko‘tarilgan siniq joylarga yoki to‘g‘ridagi egri chiziqning tashqi tomoniga o‘rnatish kerak. Shunday bo‘lganda monument yoki ko‘rsatgich o‘zining asosiy vazifasidan tashqari nigohni yo‘naltiruvchi element vazifasini ham bajaradi, agar o‘lchami katta bo‘lsa yo‘l atrofidagi manzarada dominant ham bo‘lishi mumkin.
Kichik me’morchilik vositalari - haykallar, shiyponcha va hokozolar faqat ko‘kalamlashtirish vositalarining o‘zi bilan cheklanishning iloji bo‘lmaganda, shuningdek, xizmat inshootlari tarkibida, ularning atrofini obodonlashtirish uchun ishlatiladi.
Yangi ekilgan ko‘chatlar va butalar shoxlarining birikishi 90% bo‘lguncha parvarish qilinadi. Daraxtlar o‘sish sharoiti qiyin sharoitda har yili, daraxtlar o‘sib turgan vaqt davomida ular o‘sadigan tuproqqa ishlov beriladi.
Keyinchalik parvarish har yili daraxtlar o‘stgan yerni 1,5-2 m kenglikda 20 sm chuqurlikda yumshatishdan, shoxlarini kesishdan iborat bo‘ladi.
Dekorativ ekinlarni parvarish qilish uchun daraxt poyasi, dekorativ ekinlar, yashil to‘siqlar atrofidagi tuproq yumshatiladi, qurg‘oqchilik vaqtida ekinlar sug‘oriladi, o‘g‘itlanadi, oziqlantiriladi, shoxlari qirqiladi, ularning zararli hashoratlar va kasalliklariga qarshi kurashiladi.
Dekorativ ekinlarni parvarish qilish texnologiyasi tegishli hududda qabul qilingan aholi punktlaridagi yashil o‘simliklar parvarishi me’yor va qoidalariga to‘g‘ri kelishi kerak.
Zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurash doimiy tekshirib turishlar va profilaktika choralari bilan amalga oshiriladi. Yo‘l xizmatining bu boradagi asosiy vazifasi yashil ekinlarni yaxshi sanitariya holatida saqlash bo‘ladi, o‘simliklarni himoya qilish stansiyalari esa ekinlarga profilaktik ishlov berib turishlari lozim.
Ekinlarning ko‘p kasal bo‘lganda yoki zararkunandalar ko‘payganda tez mahalliy o‘simliklarni himoya qilish stansiyasini chaqirib zararlangan joylarga ishlov berish kerak.
Shakl berish, parvarish qilish uchun daraxt yoki buta o‘sgan davrda qirqib turiladi. Daraxt yoki buta me’yorida o‘sishi, rivojlanishi, shox-shabbasi, ildizi shakllanishi, gullashi, ya’ni, yer usti qismi (shox-butoqlari) bilan yer osti qismi (ildizt) bir-biriga optimal muvofiq bo‘lishi, daraxtlarga dekorativ ko‘rinish berish, qari daraxtlarni yoshartirish - hayoti funksiyasini faollashtirish uchun qirqiladi.
Zarang, yashil zirk, yapon behisi qirqilmaydi. Bu daraxtlar qirqilmaganda chiroyli bo‘ladi, yaxshi gullaydi, meva beradi. Dafna, gamamelisam, yashil qizilpoy, irg‘ay, rododendron, bobovnik, magnoliya, eman, qayrag‘och, skumpiy va ko‘p boshqa daraxtlar, butalar ham qirqilmaydi. Agar birorta daraxt yoki buta qalin o‘sib ketsa yoki shu sharoit uchun belgilangan o‘lchamidan katta bo‘lib ketsa uni to‘liq qirqib, siyraklashtirish kerak. Ya’ni, daraxtning eski shoxlari olib tashlanadi, qolganlari yarmigacha qirqiladi. Butalarning shoxi yerdan boshlab kesiladi, faqat taxminan teng miqdorda yangi novdalari qoldiriladi. To‘p qilib ekilgan bargli daraxtlar havo kirishi, quyosh nuri o‘tishi uchun bir-biriga xalaqit qilmaydigan qilib qirqiladi. Yangi novdalari chiroyli bo‘lib chiqadigan daraxtlar har yili yoshartiriladi, shunda ularning chiroyidan bahra olish mumkin bo‘ladi.
Har yili kesish kerak bo‘ladigan daraxt navlari gullash vaqti va qaysi novdalari gullashiga qarab uchta guruxga bo‘linadi. Birinchi guruhga bahorda eski, o‘tgan yilgi novdalari gullaydigan daraxtlar kiradi. Qishda ularning ingichka, bir-biri bilan chalkashgan, gullamaydigan shoxlari kesib tashlanadi, uzayib ketgan shoxlari kaltaroq qilinadi. Forzitsiya, spirning ba’zi turlari, bodom, olxo‘ri, rakitnik, qizil va boshqa daraxtlar shu guruhga kiradi.
Ikkinchi guruhga yoz boshlanganda eski va o‘tgan yilgi shoxlari gullaydigan daraxtlar kiradi. Yangi novdalar chiqishi uchun qalin shoxlarining 1/3 qismi kaltaroq qilinadi. Bu guruhga bir yillik dekorativ olma, ryabina, do‘lana, barbarislarning ba’zi turlari, qorag‘at, tamariks va boshqalar kiradi.
Uchinchi guruhga yoz va kuzda bu yilgi novdalari gullaydigan daraxt va butalar, misol uchun, buddley, ba’zi spireylar kiradi. Ekinning xususiyatiga qarab ular uzda kalta qilib qirqiladi, eski, ingichka shoxlari olib tashlanadi. Dekorativ daraxtlarning turi ko‘p bo‘lgani uchun oziqlantirish masalasida ularning hammasiga bitta tavsiya berib bo‘lmaydi. Tuproqning holati va tuzilishi kuzatib borilsa vaqtida sifatli kompost bilan, misol uchun, organik o‘g‘itlar, sifatli kompost bilan oziqlantirilsa daraxtlar o‘sadigan sharoit yaxshi bo‘ladi. Daraxtlar, butalar ildiz otganidan keyin, qaysi navga qanday oziq modda kerakligiga qarab o‘g‘itlanadi. Yangi novdalar qishgacha yetilishi uchun o‘g‘itlash iyuldan kechikmasligi kerak.
Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamlashtirish uchun 4-6 yillik daraxt ko‘chalari va 2-3 yillik buta ko‘chatlari ekiladi.
Dekorativ ko‘kalamlashtiriladigan yerdagi yot jismlar olib tashlanadi, qurigan daraxtlar qirqilib, to‘nkasi olinadi, chuqurlar to‘ldiriladi, yer o‘simliklar ekishga tayyorlanadi.
Dekorativ ekin ekiladigan yerning tayyorlanishi to‘liq yoki qisman loyihalanadi.
To‘liq tayyorlanadigan yer chuqur haydaladi, boronalanadi, so‘ng ekish joylari tayyorlanadi – ekiladigan daraxt yoki buta ildizi sig‘adigan kichikroq chuqur, transheyalar qaziladi.
Qisman tayyorlanadigan yer haydalmaydi, ko‘chat ekilganda unumdor tuproq bilan to‘ldirishga ko‘proq joy qolishi uchun ko‘chat ekiladigan joylar (,chuqurlar,transheyalar) kattaroq qilib qaziladi.
Yer to‘liq tayyorlanganda o‘simliklar o‘sadigan sharoit yaxshiroq bo‘ladi.
Tuproq qatlami yo‘q bo‘lsa yoki kam bo‘lsa, unumdor tuproq olib kelishning imkoni bo‘lsa, yerni qisman tayyorlash to‘g‘ri bo‘ladi.
Ko‘chat ekiladigan chuqur va transheyalar daraxt va butalar ekishga mo‘ljallangan nuqta va chiziqlarda qaziladi. Ularning o‘lchami tuproq sharoiti, ko‘chatlarning o‘lchamiga bog‘liq bo‘ladi. Chuqur dumaloq qilib, chetlari tik kovlanadi.
Daraxt ko‘chati ekiladigan chuqurning diametri 0,8-1,2, chuqurligi 0,5-0,6 m bo‘ladi, alohida ekiladigan buta ko‘chatlariga esa diametri 0,5-0,6 m, chuqurligi 0,4-0,5 m chuqur qaziladi.
Daraxt va butalar kichik guruh qilib (to‘p qilib), orasi yaqin ekilganda chuqurning uzunligi ko‘chatlar guruhining uzunligidek bo‘ladi (har bitta ko‘chatga 0,6-0,8 m hisoblanadi), chuqurligi esa ko‘chat alohida ekilgandagidek bo‘ladi.
Yashil to‘siq ekiladigan transheyaning chuqurligi 0,4-0,5 m, kengligi, bir qator ekilganda 0,4-0,6 m, ikki qator ekilganda esa 0,7-1,0 m bo‘ladi.
Bahorda ekiladigan ko‘chatlarning chuqur va transheyalari kuzda tayyorlab qo‘yiladi, kuzda ekiladiganlariniki esa ekilishidan 2-3 xafta oldin tayyor bo‘lishi kerak. Chuqur va transheyalar oldindan tayyorlab qo‘yilmagan bo‘lsa ularni ko‘chat ekishdan oldin qazish mumkin, lekin unumdor tuproq qo‘shish uchun chuqur kattaroq qilib qazilishi kerak.
Ko‘chat ekiladigan chuqurlar transheya kovlagichlar bilan, gidroparma bilan yoki qo‘lda qaziladi. Chuqur va transheyalarning tubi belkurak bilan 10-15 sm yumshatiladi. Chuqur o‘rtasidan, shamol ko‘proq keladigan tomonda yoki shimol tomonda, qalinligi 4-5 sm bo‘lgan, po‘sti archilgan ekish qozig‘i qoqiladi.
Balandligi 1 m dan oshiq daraxt ko‘chatlari qoziqsiz ekilmaydi. Ko‘chat ekilishidan 2-3 kun oldin chuqur ostiga uyum qilib bir oz tuproq (ustki tuproq yoki olib kelingan tuproq) solinadi, ko‘p cho‘kmasligi uchun tuproq bir oz zichlanadi. Uyumning tepasi chuqurning o‘rtasida bo‘lishi kerak.
Qishda katta daraxtlarni chuqurga muzlagan tuprog‘i bilan qo‘shib ekish mumkin. Igna bargli daraxtlar, butalar erta bahorda yoki dekabrning boshida ekiladi.
Ko‘chat ekilganidan so‘ng, havo qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, bitta daraxt ko‘chatiga 24-36 l, bitta buta ko‘chatiga 17-18 l, yashil to‘siqning bir metriga esa 18-24 l suv quyib sug‘oriladi.
Suv shimilganidan so‘ng ko‘chat tanasi yonidagi doiraga chirindi yoki unumdor tuproq sepiladi (solinadi).
Daraxtlarni davolash va himoya qilish usullari - quyidagi maqsad bilan har bitta daraxt uchun alohida ishlab chiqilgan davolash tadbirlari kompleksi hisoblanadi:
1) Daraxt kasalliklarining asosiy sabablarini yo‘qotish (agar yo‘qotishning iloji bo‘lmasa, kamaytirish);
2) Mavjdu zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish;
3) Daraxt kasalliklari oldini olish, ularni himoya qilish.
Daraxtzorlar holatini me’yoriga keltiradigan tadbirlar kompleksi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
1) Zararkunanda hashoratlar, kasallik tarqaladigan manbaalarni yo‘qotish (qurigan, zararkunandalardan, kasallikdan zararlangan va tuzatib bo‘lmaydigan xavfli daraxtlarni olib tashlash);
2) Daraxtlarni sanitariya maqsadida butash – quruq, kasal shoxlarni olib tashlash (qurigan, kasal shoxlar daraxtlar xavfli kasalliklarining manbaasi bo‘ladi);
3) Daraxtdagi hashorat va kasallik kirishi mumkin bo‘lgan mexanik shikastlanishlarni tuzatish uchun ishlov berish (qurilib yorilgan, sovuqda yorilgan joylar, kovaklar, ochiq joylar);
4) Kasal va quvvatsiz daraxtlarni tez davolash choralarin ko‘rish (o‘g‘itlash, immunitetini oshirish, ildiziga havo kirishini yaxshilash);
5) Daraxt kasalliklarini davolash, zararkunandalarni yo‘qotish;
6) Daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qiladigan profilaktika tadbirlarini bajarish;
Daraxtzorlarni saqlab qolish muammosiga to‘g‘ri yondoshish, ularni sog‘lig‘i va go‘zlligini saqlash uchun uch bosqichdan iborat bo‘ladigan sodda va oson tadbirni vaqtida bajarish kerak bo‘ladi:
1. Daraxtzorda kasallik borligini o‘rganish, daraxtzorlarni himoya qilish tadbirlarini ishlab chiqish;
2. Daraxtlar umumiy holatini me’yoriga keltirish uchun tez chora ko‘rish;
3. Rejaga muvofiq mavsumiy tadbirlarni bajarish.
Shunday yondoshilganda
- natija yuqori bo‘lishiga kafolat beradi;
- yangi kasalliklar paydo bo‘lishi ehtimolini kamaytiradi;
Daraxtzorlar kasallanishini o‘rganish nimadan boshlanishi kerakligini bilish mavjud muammolarni bilish, ularni ahamiyatiga qarab ajratish, har bitta holatda muammoning samarasi ko‘p va xarajati kam chorasini topish imkoniyatini beradi.
Har doim ham kasal, quvvatsiz daraxtlar holatini tez yaxshilab bo‘lmasligini esdan chiqarmaslik kerak, ko‘pincha buning uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.
Shuning uchun tez kompleks chora ko‘rishning o‘zi yetmaydi.
Chora kasallikni tuzatishi yoki susaytirishi mumkin, lekin har doim ham uning sababini yo‘qotaolmaydi.
Daraxtlarning umumiy holati yaxshilanganidan so‘ng mavsumiy tadbirlar o‘tkaziladi – ular tashqi va ichki zararli omillar ta’siridan himoya qilinadi, quvvatsiz daraxtlarni tuzatish, immunitetini oshirish choralari ko‘riladi.
Mavsumiy tadbirlarda quyidagi vazifalar bajarilaldi:
1. Zararkunanda va hashoratlardan himoya qilish uchun ishlov beriladi;
2. Mutaxassis yer uchastkasining holatini nazorat qiladi.
3. Tuproq sog‘lomlashtiriladi, quvvatsiz daraxtlarni tez rivojlantirish choralari ko‘riladi.
Mana shu tadbirlar har yili, vaqtida bajarilsa daraxtlar ko‘p yil sog‘lom va chiroyli bo‘lib o‘sib turadi.
Daraxtlarni saqlab qolish uchun ularga ildiz yeydigan hashorat va boshqa zararkunandalardan himoya qilish maqsadida ishlov berish kerak. Daraxt tanasida bo‘ladigan zararkunandalarning ko‘pi ular uchun nihoyatda xavfli hisoblanadi.
Quvvatsiz, kasal daraxtlardan tashqari sog‘ daraxtlarni ham himoya qilish kerak.
Daraxtzorlarning umumiy holati, umumiy salomatligi yaxshi emasligi, har yili daraxt tanasi va boshqa zararkunandalar epidemiyasiga tarqalishi shuni ko‘rsatib turibdi. Bunday holatda sog‘ daraxtnnig ham kasal bo‘lish xavfi oshadi, quvvatsiz daraxtlarning kasal bo‘lish xavfi esa 100% ga yaqinlashadi. Tuproqda havo va suv aylanishini tiklash, o‘g‘itlash, quvvatsiz daraxtlarning yaxshi o‘sishiga imkon berish ularning salomatligini, immmunitetini oshiradi.
Yo‘l bo‘yida daraxtlar ekilgani, tarkibiga yo‘l tashkiloti vakili bo‘lgan o‘rmonchi muhandis yoki yo‘l uchastkasi boshlig‘i, bosh muhandisi yoki yo‘lsoz usta kiradigan, komissiya tuzadigan ishni qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga yozib qo‘yiladi. Dalolatnomada daraxtlar ekilgan sana, joy, maydon, ekish sxemasi, daraxtlarning navi, xususiyati, tuproq tayyorlangani, ko‘chat ekish usuli va bajarilgan ishlar sifati ko‘rsatiladi.
Qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida daraxtlar ekilgani yo‘l tashkilotining inventarizatsiya kitobida ro‘yxatga olinadi, unda ko‘chatlarning tutib ketishi haqidagi ma’lumot, oxirgi yillar qanday ishlar bajarilgani (tuproq yumshatilishi, butash va hk.), (har 5 yida o‘tkaziladigan inventarizatsiya hisobi asosida)daraxtlarning holati yozib qo‘yiladi.
Foydalanishga kirishdan oldin yosh ko‘chatlarning har yil 1-oktabrdagi holati inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Har safar inventarizatsiya o‘tkazilganda ekinlarning holati, daraxt va butalarning tutib ketgani yozib qo‘yiladi, bajariladigan agrotexnik tadbirlar belgilanadi.
Daraxt va butalarni, himoya va dekorativ ekinlarni yo‘q qilgan, shikastlantirgan shaxslar O‘zbekiston Respblikasinig «Tabiatni himoya qilish to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasida o‘rmonlarni himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlariga, Avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini himoya qilish Qoidalariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Nazorat savolllari
1.Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish turlari.
2.Ko‘kalamzorlashtirishning vazifalari va tasnifini.
3.Avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish usullari.
4.Ekinlarni parvarishlash, o‘simlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashda amalga oshiraldigan vazifalari.
5. Daraxtzorlarni hisobga olish va himoya qilish.
|