|
1-мавзу. Kirish. Mevachilikni xalq xo’jaligidagi ahamiyati, xozirgi axvoli va rivojlanish istiqbollari. Reja
|
bet | 1/3 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 45,68 Kb. | | #239717 |
Bog'liq 1-мавзу. Kirish. Mevachilikni xalq xo’jaligidagi ahamiyati, xozirgi axvoli va rivojlanish istiqbollari.
1-мавзу. Kirish. Mevachilikni xalq xo’jaligidagi ahamiyati, xozirgi axvoli va rivojlanish istiqbollari.
Reja:
1. Mevachilikning halq xo’jalik ahamiyati.
2. O’zbekistonda mevachilikning ahvoli.
3. O’zbekistonda mevachilikning rivojlanishi va istiqbollari.
4. Chet mamlakatlarda mevachilik.
Tayanch iboralar: Oziq-ovqat, iqtisodiyot, intensiv, hosildorlik, dunyo bog’dorchiligi, istiqbolli, parvarishlash, maqbullashtiruvchi, tezlashtiruvchi, agrotexnika, parvarishlash, sanoatbop, sifatli.
1. Mevachilikning halq xo’jalik ahamiyati. Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti davrida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatni esa xom ashyoga bo’lgan talabini qondirish bilan birga eksport salohiyatini yuksaltirish hozirgi kunda qishloq xo’jaligi oldida turgan eng muhim dolzarb vazifalardan biri bo’lib qolmoqda va respublikamiz hukumati bu sohaga katta e’tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda dunyo mevachiligida, xususan intensiv bog’larga yer resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beruvchi, bog’larning hosilga kirish muddatini tezlashtiruvchi, agrotexnika ishlari va hosilni yig’ib-terib olish tadbirlarini maqbullashtiruvchi, hosildorlikni an’anaviy bog’lardagiga nisbatan 2-3 martagacha oshirishga imkon beruvchi omil sifatida qaralmoqda1. Bunday bog’lardan olinayotgan yillik yalpi hosil dunyoda olma yetishtirish bo’yicha yetakchilik qilayotgan Xitoy davlatida 39,7 mln. tonna, AQShda 4,1 mln. tonna va Turkiyada 3,1 mln. tonnani tashkil etmoqda2.
Dunyo bog’dorchiligida kuchsiz o’suvchi payvandtaglardan foydalanish orqali yuqori hosildor, tez hosilga kiruvchi, parvarishlash va hosilni yig’ib olish bo’yicha barcha ishlarni osonlashtiruvchi intensiv bog’larni barpo qilish imkoniyati yaratilmoqda. Respublikamizdagi bog’dorchilikka ajratilgan sug’oriladigan yer resurslaridan oqilona foydalanish, bog’larning hosilga kirishini tezlashtirish, ularning foydalanish davrini uzaytirish, hosildorlikni oshirish va eksportni ko’zda tutuvchi jahon standartlariga mos meva yetishtirish maqsadida ular orasidan intensiv bog’ barpo qilish imkoniyatini beruvchi istiqbolli shakllarni tanlash, ularni jadal ko’paytirish va ozuqa hamda suv tartibini ishlab chiqish, shuningdek payvand qilishning samarali texnologiyalarini yaratish muhim o’rin tutadi.
Respublikamizda mevachilikni jadal rivojlantirish, tuproq unumdorligini ko’tarish, meva ekinlari hosildorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda ulardan qayta ishlash sanoatida tayyorlanadigan mahsulotlarni ko’paytirishga, xalqimizning mevaga bo’lgan talabini to’la qondirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi Farmonning 3.3.-bandi “........paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarni qisqartirish, bo’shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog’ olinadigan ekinlarni ekish, shuningdek, yangi intensiv bog’ va uzumzorlarni joylashtirish hisobiga ekin maydonlarini yanada optimallashtirish.....” muhim strategik vazifalardan qilib belgilandi. Hududlarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish hamda meva-sabzavot ekinlarini yetishtirishni uzluksiz zanjirni shakllantirishni ko’zda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini joriy etish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “O’zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-5388-son farmoni soha rivojida muhim o’rin tutmoqda.
Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston hududi ko’pgina qishloq xo’jalik, shu jumladan meva ekinlarini kelib chiqish markazlaridan biri hisoblanadi. Qadimdan ushbu hududda o’rik, qaroli, olma, nok, gilos, pista, bodom, yong’oq, uzum singari meva ekinlari, sabzi, bodring, piyoz kabi sabzavot ekinlari, qovun, tarvuz, qovoq singari poliz ekinlarining qimmatli mahalliy navlari saqlanib qolgan.
Meva va uzumni ishlab chiqarish tuzilmasi yaratilgan bo’lib, uni joylarda amalga oshirishga alohida ahamiyat beriladi. Chunki, bu tadbirlarni amalga oshirish meva va uzum mahsulotiga bo’lgan xalq iste’moli ehtiyoji, qayta ishlash korxonalari talabi va eksportga mahsulot chiqarishga bo’lgan talablar bilan mahsulot ishlab chiqaruvchilarning takliflari o’rtasidagi mutonosiblikni ta’minlaydi.
Mevachilik qishloq xo’jaligining murakkab va ko’p qirrali sohasi hisoblanadi. Meva va rezavor meva ekinlari turli tuproq, iqlim va agrotexnika sharoitida o’stirilib, ularning mevasi turli maqsadlarda yangiligicha, quritilgan va qayta ishlangan hollarda foydalaniladi.
Mevachilik qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining tarmog’i sifatida asosiy vazifasi aholini ho’l mevalar, sanoatni xom ashyo bilan ta’minlashdan iborat. Mevachilik fan sifatida meva va rezavor-meva ekinlarining tuzilishi, o’sish, ko’payish va hosil berish qonuniyatlarini, tashqi muhit omillariga munosabati va biologiyasini o’rganish asosida yuqori, sifatli hamda muttasil hosil olish texnologiyasining nazariy asoslari va amaliy usullarini ishlab chiqishdan iborat.
Mevachilik va bog’dorchilik tushunchalari bir-biriga o’xshatiladi. Aslida bog’dorchilik keng ma’nodagi tushuncha bo’lib, mevachilik, uzumchilik, sitruschilik, rezavor mevachilik, manzarali bog’dorchilik va gulchilik kabilarni o’z ichiga oladi.
Mevachilikning xalq xo’jaligidagi ahamiyati benihoya katta. Meva va rezavor-mevalar tarkibida odam organizmi uchun zarur bo’lgan shakar, organik kislotalar, oqsillar, yog’lar, oshlovchi, pektin, aromatik moddalar, kolloidlar, mineral tuzlar, fermentlar, vitaminlar manbai.
Mevalarning xushtamligi ovqatning yaxshi hazm bo’lishiga yordam beradi. Ko’p mevalar shifobaxsh xususiyatga ega bo’lib, organizmning himoya kuchini saqlaydi va mustahkamlaydi.
Meva va rezavor-mevalardan konserva, murabbo, pastila, povidlo, sharbatlar hamda vinolar tayyorlanadi. Ularning ko’pchiligi quritilib, ajoyib quriq meva mahsulotlari (turshak, qoqi, qaysa, kuraga va boshqalar) tayyorlanadi. Bu xildagi quritilgan mevalarni uzoq saqlash, mazasi va to’yimlilik sifatiga unchalik zarar yetkazilmagan holda uzoq joylarga olib borish mumkin. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda aholi jon boshiga kuniga kamida 330-400 g yoki yiliga 115-120 kg meva, shundan 15 kg uzum va 10 kg rezavor-meva yetishtirilishi kerak. O’zbekiston tibbiyot olimlari respublika aholisining uzum iste’mol qilish normasini 25 kg ga oshirishni va bunga qo’shimcha yana 10-11 kg quritilgan mevalar iste’mol qilishni tavsiya qiladi.
Lekin, bugungi kunda aholi jon boshiga yil davomida 94 kg meva, shundan 12 kg uzum ishlab chiqarilmoqda. Bu ko’rsatkich AQSh, Italiya, Ispaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda 120-230 kg ni tashkil etmoqda.
Mevalar iste’mol qilinishidan tashqari, ba’zi turlari (zaytun daraxt, yong’oq, bodom va boshqalar) urug’idan oziq-ovqatda ishlatiladigan va texnik moy, po’stlog’i, barglari hamda mevasi po’chog’idan tanin (yong’oq, anor, tut daraxtidan), shuningdek qimmatbaho o’simlik bo’yoqlari (anor, pistadan) olinadi. O’rik danagidan tush, yong’oq po’chog’idan esa faollashtirilgan tibbiyot ko’miri tayyorlashda foydalaniladi.
Ba’zi meva daraxtlari turi (yong’oq, o’rik, nok, xurmo va boshqalar)dan qimmatbaho buyumlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan yog’och tayyorlanadi.
Meva daraxtlari kanallar bo’yiga, yo’llar, temir yo’l magistrallari yoqasiga ekiladi, ulardan jarliklarni mustahkamlashda, tuproqni eroziyadan saqlashda, shuningdek, tog’ yonbag’irlarini daraxtzor qilishda hamda jarliklar hosil bo’lishi oldini olishda ham foydalanish mumkin.
Baland o’sadigan meva daraxtlari (o’rik, yong’oq, nok va boshqalar) shamol to’sqich vazifasini ham o’taydi. Shuning uchun ular o’rmon daraxtlari bilan bog’larni himoya qilish vositasi sifatida ham ekiladi. Bu xildagi meva daraxtlari aholi yashaydigan punktlarni qum va qor ko’chkilaridan saqlaydi. Deyarli barcha meva daraxtlari asal beruvchi bo’ladi. Bog’lardan ko’p daromad olinadi, hosil beradigan 1 gektar bog’dan o’rtacha 525-780 ming so’mgacha sof daromad olish mumkin.
Yirik shaharlar, sanoat markazlarida, havo ko’pincha gaz, chang, zararli mikroorganizmlar bilan ifloslanadigan joylarda meva daraxtlarining o’rni juda katta. O’rmonda 1 m3 havo tarkibida 490 ta bakteriya bo’lsa, katta shaharlar havosining 1 m3 da 36000 ta bakteriya bo’ladi. Bir gektar bog’dagi daraxtlar yozda kuniga 8 kg karbonat angidrid gazi yutadi, buncha gazni esa 200 kishi nafas olganda chiqaradi. Bitta katta daraxt kuniga 2 kg ga yaqin kislorod ajratadi. Tosh yo’llar yoqasidagi daraxtlar o’tkinchi avtomashinalar chiqarish trubasidan ajraladigan karbonat angidrid gazining 30 % gacha qismini yutadi.
Katta shaharlar havosining 100 m2 maydonida har oyda 1 kg ga, Botanika bog’i bor joyda esa 300 g ga yaqin ifloslovchi moddalar ushlanadi. Shaharlarda bir gektar yerdagi daraxtlar kuniga o’rtacha 150 kg yoki yiliga 54 t ga yaqin havodagi changni filtrlaydi. Daraxtlar tagidagi havoda changning o’rtacha konsentrasiyasi ochiq joydagiga qaraganda yozda 40 %, qishda esa 35-37 % kam bo’ladi.
Yozda yashil o’simliklar ekilgan joylardagi harorat shaharning ko’kalamzorlashtirilmagan joylar bilan taqqoclanganda 6-100S past, havo namligi esa (transpirasiya tufayli) 30-40 % yuqori bo’ladi. Daraxtlarning bargi tutunni ushlab qoladi, bu bilan joyning havosini sog’lomlashtiradi. Daraxt va butalar shaharda shovqinni kamaytiradi, ya’ni 26 % ni yutib, 74 % ni qaytaradi, bu odam organizmiga tinchlantiruvchi vosita sifatida ta’sir etadi.
Ko’pgina meva o’simliklari havoga fitonsidlar (uchuvchi kimyoviy moddalar) ajratib chiqaradi, bular kasallik qo’zg’atuvchi mikroorganizmlarga halokatli ta’sir etadi.
Barglarning yashil rangi, ularning turli- tuman rangda bo’lishi, gullar, mevalar va xushbo’y hid ham nerv sistemasiga tinchlantiruvchi vosita tariqasida ta’sir etadi, kayfiyatni yaxshilaydi, odamning ish qobiliyatini oshiradi. Yashil o’simliklar havo ionizasiyasiga va ultrabinafsha nurlarning ko’payishiga yaxshi ta’sir etadi, bu esa odamning sog’ligi uchun foydalidir.
Mevachilikning estetik ahamiyati ham kam emas. Ko’pgina daraxtlar (Pisard olxo’risi, Nedzveskiy olmasi, anor, shaftoli va boshqalar) parklarga, bulvarlarga, bino devorlari yoniga manzarali o’simlik sifatida ekilsa, bahorda, gullash davrida, mevalari g’arq pishgan paytda juda bir ajoyib manzara hosil qiladi.
Shunday qilib bog’lar havoni tozalaydi, ya’ni aholi yashaydigan punktlar havosini sog’lomlashtiradi, odam eng yaxshi dam oladigan joy hisoblanadi. Ular odamlar kayfiyatini, hayot faoliyatini yaxshilaydi, tabiatga muhabbat uyg’otadi. Shuning uchun ham xalqda “bog’dorchilik - qishloq xo’jalik poeziyasidir” deb bejiz aytilmagan.
Umuman, mevachilik daromadli soha. Rayonlashtirilgan meva ekinlari navlari va turlari joyning tuproq-iqlim sharoitlariga to’g’ri tanlanib joylashtirilsa, tuproqqa ishlov berish va o’simlikni parvarishi bilan bog’liq barcha agrotexnika ishlari o’z vaqtida va sifatli bajarilsa mevachilik o’simlikshunoslikning yuqori rentabelli, iqtisodiy ko’rsatkichlari yuksak tarmog’iga aylanadi.
Respublikamiz viloyatlarida xozirgi kunda jami 18,7 ming gektar maydonda intensiv bog’lar tashkil etilgan bo’lib 2015 yilda 2860,9 ming tonna meva yetishtirildi. Yalpi ichki mahsulot tarkibidagi qishloq xo’jaligining ulushi 36,4% ni tashkil etadi.
Hozir O’zbekistonda meva va rezavor-meva ekinlarining 25 dan ortiq turi keng tarqalgan. Urug’li meva ekinlari, asosan olma Toshkent viloyatida ko’p tarqalgan. Bu yerda o’rik kam ekiladi, chunki erta gullagani uchun ko’pincha bahorgi sovuq urib ketadi. Farg’ona vodiysida, Buxoro, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida danakli meva ekinlari katta maydonlarga ekiladi. Keyingi yillarda respublikaning boshqa viloyatlarida ham olmazor va nokzorlar ko’paymoqda.
Yong’oq mevali ekinlar Toshkent va Farg’ona hamda Surxondaryo viloyatlarining tog’li va tog’ oldi hududlarida keng tarqalgan. Subtropik meva ekinlarini asosan Farg’ona vodiysida, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yetishtiriladi. Keyingi yillarda Toshkent viloyatida ko’plab anjir, anor va xurmo ekilmoqda. Rezavor meva ekinlarining qariyb 80 % i Toshkent viloyatida yetishtiriladi. Respublikamiz hukumati shu kunning talabini hisobga olib hamda tibbiyot nuqtai nazaridan aholi jon boshiga yetishtirilishi lozim bo’lgan mevani yetishtirish uchun hosildorlikni 1,5-2 marta oshirish vazifasini qo’ydi. Bu esa o’z navbatida mevachilik bilan shug’ullanuvchi tuman va xo’jaliklarning tuproq-iqlim va iqtisodiy sharoitlarga, navlarni to’g’ri tanlash va joylashtirishga, meva bog’larini o’stirish va parvarishlash usullarini ilmiy va ilg’or tajribalar asosida olib borishga, shuningdek soha bo’yicha bilim doirasi keng bo’lgan kadrlarga bog’liq. O’zbekiston aholisini meva va rezavor mevalarga, sanoatni xom-ashyoga bo’lgan talabini qondirish xamda mamlakatni eksport saloxiyatini oshirish maqsadlarida respublikada intensiv bog’dorchilikni rivojlantirish yuzasidan bir qancha qaror va farmonlar qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 15 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag’ishlangan ma’ruzasida ta’kidlanganidek, 2020 yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish va uni davlat tomonidan xarid kilish hajmining 350 ming tonnaga qisqartirilishi ko’zda tutilmoqda. Natijada 170,5 ming gektardan ortiq sug’oriladigan yer paxtadan bo’shab, ularda avvalo, sabzavot va kartoshka, bog’ va uzumzorlar barpo etilishi rejalashtirilmokda. Respublikada meva yetishtirishni ko’paytirishda mevachilikni intensivlashtirish, yangi zamonaviy usullarni qo’llash, mevachilikni chuqur o’zlashtirish, ishlab chiqarishni integrasiya qilish, mavjud bog’lar hosildorligini oshirish, kam hosilli bog’larni o’rniga yangi zamonaviy ko’p hosilli bog’lar barpo qilish, tog’ va tog’ oldi zonalaridan hamda lalmi, unumdorligi past yerlardan unumli foydalanish, istiqbolli iqtisodiy jihatdan tejamli sug’orish va o’g’itlash usullaridan to’liq va unumli foydalanishdan iborat. Meva bog’lari maydonini kengaytirish asosan mevachilikka ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarida ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadlarida barpo etiladi. Respublika bo’yicha meva mahsulotlari yetishtirib beruvchi hududlarga Andijon viloyati (yillik yalpi mahsulot ishlab chiqarish miqdori 492,5 ming tonnani), Toshkent viloyati (262,0 ming tonna), Qashqadaryo viloyati (164,1 ming tonna) va Samarqand viloyati (377,2 ming tonna) kiradi. O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mevachilik tarmog’i oldiga ichki bozorni ta’minlash va xorijga eksport qilish salohiyatini ko’paytirish uchun mevachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish vazifasi qo’yilgan. Mazkur xalq-xo’jalik ahamiyatiga ega muhim vazifani quyidagi yo’llar bilan hal etish mumkin:
-ishlab chiqarishga yuqori hosildor, mevalarining sifati yuqori, yer ustki qismining o’lchami cheklangan, hosilga erta kiruvchi, har yili barqaror yuqori hosil beruvchi yangi navlarni tatbiq etish;
-“Spur” tipidagi navlardan foydalanish(tabiiy pakana);
-vegetativ ko’payuvchi payvantaglardan (juda pakana, pakana, yarim pakana va o’rta o’suvchilardan) foydalanish;
-maydon birligidagi o’simliklar zichligini gektariga 100-110 ming donagacha yetkazishga imkon beruvchi “O’tloqsimon bog’” tipidagi meva yetishtirish texnologiyasidan foydalanish;
-shox-shabbasi sun’iy tipda shakllantirilgan daraxtlarni zichlashtirilgan-chiziqli joylashtirish;
-juda yosh vaqtida daraxtlarning kuchli kesilishiga yo’l qo’ymaydigan shakl berish texnologiyasini qo’llash;
-texnologik jarayonlarni kompleks mexanizasiyalashtirishga asoslangan zamonaviy industrial texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish.
Intensiv bog’dorchilikda meva ko’chatlarini urug’idan ko’paytirish – eng qulay va oson usul. Yetishtirishning mazkur usulida o’simliklar odatda juda yaxshi o’sadi, tashqi muhit sharoitlariga moslashadi, jadal ildiz tizimini shakllantiradi, shuningdek yuqori inaktivasiya (viruslarga chidamlilik) xususiyatiga ega hisoblanadi. Mevali o’simliklarni ko’paytirishning mazkur usuli afzalliklari bilan bir qatorda, o’zining jiddik kamchiklariga ham ega. Xususan mazkur usul bilan olingan o’simliklar irsiy genetik jihatdan turli-tumanligi bilan farqlanadi.
Mevachilikda urug’idan ko’paytirish quyidagi maqsadlarda qo’llaniladi:
1) Seleksiyada yangi nav yaratishda.
2) Payvandtaglar yetishtirish uchun.
Vegetativ ko’paytirish – ona zot o’simlikni vegetativ qismidan takror ishlab chiqarish jarayoni. Mazkur jarayonda ona o’simlikning somatik hujayralari, to’qimalari va qism a’zolari ishtirok etadi. Shu bois navning vegetativ avlodi – kloni – bilan ona o’simlik irsiy jihatdan bir xil va unda barcha qimmatli xo’jalik belgi va sifatlari saqlanib qoladi. Bundan tashqari, bunday usul bilan olingan o’simliklar hosilga erta kiradi. Vegetativ ko’paytirishning kamchiliklariga quyidagilarni kiritish mumkin: virusli infeksiyaning avlodga yuqishi mumkinligi, ildiz tizimining kuchsiz rivojlanishi va sayozroq joylashishi, o’simliklarning kamroq yashashi.Tabiiy o’sish sharoitlarida vegetativ ko’payishga moyillik urug’i bilan ko’payish bilan birgalikda fitosenozda turning barqarorligini, uning raqobatbardoshligini va regenerasion barqarorligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Aksariyat meva va rezavor meva ekinlar vegetativ ko’payishga qodir bo’lib, u xilma-xil shakllarda ifodalanishi mumkin. Vegetativ ko’paytirishning asosi regenerasiya – o’simlikning yo’qotilgan qism va to’qimalarini tiklay olishi hisoblanadi. Reparasiya – ya’ni, butun organizmning uning bitta qismidan tiklanishiga olib keluvchi jarayon hisoblanadi.
Mevali ekinlar ko’payish usuliga ko’ra quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1. O’simlikning tabiiy xususiyatlari asosida ko’payish.
2. Sun’iy yo’l bilan ko’payish. O’simliklarning tabiiy usulda ko’payishi quyidagilarga bo’linadi: ixtisoslashgan va ixtisoslashmagan qismlari hamda mo’ylovchalari bilan ko’payish. O’simliklarning ixtisoslashmagan qismlari bilan ko’payishi – tabiiy sharoitlarda ona o’simlikning tarkibiy qismi bo’lib xizmat qiluvchi qismlari, ildiz bachkilari va partikulyasiyadir.
3. Vegetativ ko’payishning sun’iy usuli – asosan quyidagi guruhlarga bo’linadi: qalamchasidan ko’paytirish (yog’ochlashgan qalamchalar bilan; yashil qalamchalar bilan; ildiz qalamchalari bilan) va parxishlab ko’paytirish.
Yog’ochlashgan va yashil qalamchalar bilan smorodina qizil va qora mevali turlari, krijovnik, klyukva, anor, anjir, behi, zaytun, limon, tok va tog’olcha hamda olxo’rining ayrim navlari ko’paytiriladi. Ildiz hosil bo’lishini jadallashtiruvchi o’stiruvchi moddalardan foydalanish ushbu ishlarni ancha yengillashtiradi. Ildizlar bir yillik shoxchalarning bo’g’inlarida, xususan uning pastki qismida hosil bo’ladi. Yashil qalamchalarning ildiz otishi yog’ochlashgan qalamchalarga nisbatan oson kechadi, shu bois ushbu usul ko’pgina qiyin ildiz otuvchi tur va navlarni (olma, nok, olcha, shaftoli, olxo’ri, gilos) muvaffaqiyat bilan ko’paytirish imkonini beradi. Yashil qalamchalar yog’ochlashmagan novdalardan bir-uch bo’g’inli qilib kesib olinadi, ularda barglar qisman yoki to’liq saqlanadi. Qalamchalarning pastki qismiga ildiz hosil bo’lishini jadallashtiruvchi o’stiruvchi moddalar bilan ishlov beriladi va sun’iy suv tumani sharoitlarida ko’chatxonalarda, plyonkali issiqxonalarda bo’sh substratlarda ildiz ottiriladi.
4. Vegetativ ko’paytirish. Hozirgi kunda o’simliklarni sun’iy ozuqa muhitlarida mikroklonal ko’paytirish zamonaviy usul bo’lib, uning tartiblarini ishlab chiqishga katta e’tibor berilmoqda. O’simliklarning izolyasiyalangan qismlari, to’qimalari va hujayralari o’sishni boshqaruvchi moddalar va sitokinin guruhiga mansub moddalar mavjud bo’lgan ozuqa muhitli kolbalarda (probirkalarda) ko’paytiriladi va o’stiriladi. Ushbu usulning afzalliklari: ko’payish koeffisiyentining yuqoriligi (1:1000), o’simliklarni har yilgi testdan o’tkazmasdan turib virussiz ekish materiallari olish mumkinligi, o’simliklarning kolbalarda ikki yil mobaynida saqlanib tura olishi.
|
| |