Qayta qurish – 20-asrning 80-yillari oʻrtalarida keng isteʼmolga kirgan tushuncha; SSSRda totalitar tizimni isloh yoʻli bilan oʻzgartirishga qaratilgan harakatni anglatgan. Qayta qurish siyosatining maqsadi va vazifasi mamlakatda toʻplanib qolgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mafkuraviy sohalardagi muammolarni „qayta qurish“ yoʻli bilan hal etishdan iborat boʻlgan. M. S. Gorbachyov boshchiligida KPSS rahbariyatining bir qismi tomonidan boshlangan bu siyosat mamlakat hayoti va umuman jahonda maʼlum oʻzgarishlar sodir boʻlishiga olib keldi (oshkoralik, siyosiy plyuralizm, „sovuq urush“ning tugashi va h.k.). Qayta qurishniamalga oshirishdagi qarama-qarshilik va norozichilliklar natijasida 80-yillarning oxiri – 90-yillarning boshidan mamlakat hayotining barcha sohalarida boʻhronlar kuchayib ketdi. Bunga shu davrda turli respublikalarda boʻlib oʻtgan siyosiy voqealar, milliy nizolarning ayrim joylarda ixtilofli tus olishi misol boʻladi.
Qayta qurish sobiq SSSRda toʻplanib qolgan muammolarni toʻla hal etishga xizmat qilmadi. Mustaqillik, demokratiya va erkinlik gʻoyalariga toʻgʻri kelmaganligi tufayli ham amaliy samara bermadi. Oxir oqibatda KPSS ning halokati va SSSR ning tugashiga muayyan turtki boʻldi.
Sobiq sovet davlatida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqrozning avj olishi 1985 yilda SSSR da qayta qurish siyosatini boshlashga majbur bo‘ldi. Shu yili KPSS MKning Bosh Sekretari qilib saylangan M.S.Gorbachev iqtisodiy hayotni jadallashtirish siyosatini boshladi, lekin u samarali bo‘lmadi. 1987 yilgi KPSS Markaziy Qo'mitasining yanvar plenumida qayta qurish siyosatini davlatning asosiy yo‘nalishi deb e’lon qilinib, asosiy maqsadi jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimini demokratiyalashtirish deb belgiladi. Bu tarixga qayta qurish siyosati nomi bilan kirgan. Bu jarayon 1985 yildan 1991 yillarda amalga oshirilgan.
Jamiyatdagi qayta qurish siyosati natijalariga har xil baho berishadi. Islohotlarning maqsadlariga qisman erishildi: jamiyat demokratlashtirildi, oshkorolik joriy etildi, tsenzura bekor qilindi, G'arb bilan munosabatlar yaxshilandi. Qayta qurish siyosatda KPSSning yakkahokimligini saqlab qolgan holda mamlakatni yangilash va demokratik prinsiplarni joriy etishga harakat qilindi. Shuningdek, qayta qurish siyosati deklarativ asosda, ya’ni va’dabozlik asosida olib borilib, aniq ko‘rsatma va yo‘l yo‘riqlar ishlab chiqilmadi. Bu siyosati inqrozning sabablari va uni bartaraf etish yo‘llari aniq ilmiy tahlil qilinmagan holda olib borildi, shuning uchun uni amalga oshirish jarayonlarida ko‘plab xatoliklar va kamchiliklar sodir bo‘ldi.
Qayta qurish siyosatining uch yilida ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar amalga oshirilmadi, aksincha jamiyatda KPSS tomonidan o‘tkazilayotgan siyosatga qarshi noroziliklar avj olib ketdi. Markazning ba’zi siyosiy arboblari siyosiy tizimni isloh qilish va uni tubdan o‘zgartirish lozimgini ta’kidlashgan. 1988 yilda siyosiy tizimni isloh qilish uchun “Mamlakat siyosiy tizimini isloh qilishni amaliy amalga oshirish bo‘yicha ba’zi shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida" qo‘shimcha qaror qabul qildi. Bunda SSSR Konstitutsiyasiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish ko‘rsatilgan. Hokimiyat boshqaruvni taqsimlash ko‘zda tutilgan, lekin bunda KPSSning yetakligi saqlab qolishga harakat qilingan.
Markazdagi siyosiy inqroz ittifoq tarkibidagi respublikalarga ham ta’sir qilmasdan qolmadi. Respublikalarning siyosiy erkinligi konstitutsiyada belgilangan bo‘lsada, lekin bu faqat qog‘ozda bo‘lgan, amalda esa, barcha respublikalar markazga bo‘ysundirilgan. Ularning ehtiyoj va istaklarini inobatga olinmagan. Uzoq yillar davomida to‘planib kelingan noroziliklar qayta qurish davrida markaz bilan ittifoqdosh respublikalar o‘rtasida vaziyat yana keskinlashtirdi. Chunki Markaz oldingi “lenincha milliy siyosatni” davom qildirishga harakat qildi, ya’ni mavjud vaziyatni inobatga olmasdan qat’iyatlilik bilan milliy siyosatning lenincha norma va tamoyillarini davom ettirdi. Bu esa, respublikalarda turli g‘alayonlarini keltirib chiqardi: Olmaota (1986 yil dekabr), Qorabog' (1988-1991), Abxaziya (1989), Farg'ona (1989), O'sh (1990), Boku (1990), Dushanbe (1990) va Vilnyus (1991). Milliy siyosat sohasida ham ko'plab muammolar to'planganligini ko'rsatdi. 1991 yil 15 noyabrdagi ma’lumotga ko‘ra, SSSRda 150 yaqin g‘alayonlar bo‘lgan. Jamiyatda demokratlashtirish va oshkoralik siyosati rivojlangan sari markaz bilan milliy respublikalar oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashib bordi, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashub borgan.
1988 yilda SSSRda mustaqil siyosiy partiyalar, tashkilotlar shakllana boshlagan. Ittifoqdosh respublikalarda ham siyosiy mustaqillikka intilish jarayoni boshlangan. O‘zbekistonda esa, 1989 yilda yangi rahbari qilib saylangan Birinchi prezidetimiz I.A.Karimov mustaqillik g‘oyasi to‘g‘ri anglagan holda bu borada amaliy ishlarni amalga oshirgan. Shuningdek, murakkab vaziyatni tahlil qilishda jamoatchilik fikrini shakllantirishda, demokratik jarayonlarning rivojlanishida, keng xalq ommasi faolligini oshirishda matbuot xodimlari, ziyolilar muhim o‘rinni egalladilar. Ular jamiyat inqrozining asosiy sababi aynan marksizm va leninizm ta’limot ekanligini ko‘rsatdilar.
Barcha ittifoqdagi respublikalar kabi O‘zbekiston iqtisodiyoti ham besh yillik reja asosida rivojlangan. U Markazdagi davlat va moliya organlari tomonidan ishlangan. Besh yillik rejalar kommunistik partiya plenumi va s’ezdlarida tasdiqlangan va ularni bajarish majburiy bo‘lgan. Ko‘p vaqtlarda bunday yuqorida ishlab chiqilgan qarorlarni mahalliy sharoitlarda bajarishning imkoni bo‘lmas edi. Bu esa, o‘z navbatida ishchi kuchi va sanoatning zo‘riqishiga olib kelgan. Bu vazifalarni bajarilmasa javobgarlikka tortilar edi, buning oldini olish uchun ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozishlar ko‘lami kengayib borgan. Ijtimoiy muammolarga e’tiborsizlik, rejalashtirishdagi kamchiliklar, iqtisodiyotning samarasizligi aholining talab va ehtiyojlarini qondirmas edi.
1980 yillarining boshida qishloq ho‘jaligi juda qiyin axvolga tushub qoldi. Axolini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun kartochka tizimi joriy qilindi. Ko‘p katorlik navbatlar vujudga keldi. Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan davlat boshqaruvida olib borilgan tadbirlar ham nomiga bo‘lib, mavjud vaziyatning yechiminiga qaratilmagan edi, aksincha mavjud vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Uy-joy muammosi keskinligicha qolaverdi. Bu salbiy hodisalar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlasha boshladi. 1988 yil oxiri - 1989 yil boshida bu qiyinchiliklar kuchaya boshladi. Natijada moliyaviy tizim izdan chiqi. Pul muomalasi va moliyada nomutanosiblik yuzaga keldi. Iqtisodiyotning barcha sohalarida taqchillikni yuzaga keltirdi bu esa, jamiyatda ijtimoiy taranglik va insonlarning noroziliga sabab bo‘ldi.
1990 yillarda SSSRning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yanada og‘irlashdi. Inqroz barcha sohani qamrab oldi.
SSSRda ittifoqdosh respublikalar, shuningdek, O‘zbekiston SSRning suveren maqomi ham Konstitutsiya bilan mustahkamlanib qo‘yilgan edi. Biroq, haqiqatda respublika va uning siyosiy, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat institutlari haqiqiy suverenitetga ega emas.
Bu muammolarning barchasi 80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshlarida ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib keldi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘ta keskin va jiddiy muammolar yuzaga keldi:
1) respublikada demografik vaziyatning murakkabligi. Statistik ma’lumotlar tahlili aholi ro‘yxatga olingan davr oralig‘ida, ya’ni 1979-1989 yillar davomida respublikada jami aholi soni 28,8 foizga ko‘payganini ko‘rsatadi. 1991 yilga kelib mamlakatda aholi soni 20,7 million kishidan ortib, 1990 yilga nisbatan 386,0 ming kishiga o‘sgan.
Bu esa O‘zbekistonda aholining o‘sish sur’atlari Ittifoq sur’atlariga qaraganda uch barobardan ziyod yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Biroq, aholining bunday o‘sishi uzoq yillar davomida sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ish joylarini ko‘paytirish hamda aholining hayot ta’minoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan mustahkamlab borilmadi. Bu esa odamlar turmush sharoitining yomonlashuvi, ishsizlar sonining ko‘payishi, ijtimoiy mehnat unumdorligi va aholi daromadlarining kamayishi, pirovard natijada xalq farovonligining pasayishiga olib keldi.
O‘zbekiston sobiq Ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ta’sirida faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan, qoloq va mo‘rt iqtisodiyotga ega bo‘lib, bu holat respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga ancha keskin ta’sir ko‘rsatdi.
Bu davrda respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan biriga tushib qoldi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ittifoqdosh respublikalar orasida 12-o‘rinni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan eng oxirgi o‘rinlardan birini egallab keldi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan 2 barobar, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘yicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan 2,5 barobar, qishloq xo‘jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2 barobar, aholining o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlari, tuxum, sut va sut mahsulotlari iste’moli bo‘yicha 2 barobar orqada qolgan.
Aholining moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilmagan edi. Agar respublikada 1988 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari oboroti 768 so‘m (rubl)ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich SSSR bo‘yicha 1282 so‘mni, Ukrainada 1213 so‘mni, Belorussiyada 1414 so‘mni, Qozog‘istonda 1071 so‘mni, Gruziyada 1163 so‘mni, Litvada 1609 so‘mni, Moldovada 1172 so‘mni, Litvada 1851 so‘mni, Qirg‘izistonda 879 so‘mni, Armanistonda 1035 so‘mni, Turkmanistonda 860 so‘mni, Estoniyada esa eng yuqori – 1965 so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiy muammolar demografik holatlarda yuzaga kelgan ahvol bilan qo‘shilib, ijtimoiy masalalarni hal etishni g‘oyat dolzarb qilib qo‘ydi. O‘zbekistonda aholining turmush darajasi sobiq Ittifoqdagi respublikalar ichida eng past bo‘lib qoldi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1990 yilda respublika aholisi 70 foiziga yaqinining jami daromadi tirikchilik o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan eng quyi darajadan ham past edi. Ayni paytda Rossiya va Ukrainada aholining 30 foiziga yaqinigina shunday ahvolda kun kechirgandi. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash ham murakkab muammo bo‘lib qoldi.
Qishloq xo‘jaligining ekstensiv rivojlanishi natijasida ko‘plab suv omborlarining qurilishi, umuman suv isrofgarchiligi tufayli Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolaridan Orol dengiziga quyiladigan suv nihoyatda kamayib ketdi. Oqibatda dengiz 1960 yildagi holatiga nisbatan 1990 yilda 14,5 metrga pasaydi, suvining hajmi 54 foizga qisqardi2. Suv qirg‘oqdan 70-100 km.ga chekingan joylarda bo‘ronlar natijasida yiliga 50-70 ming tonnagacha tuz atmosferaga ko‘tarilgani kuzatilgan. Orol bo‘yida ekologik ahvolning yomonlashuvi, jumladan, ichimlik suvi bilan ta’minlanishning yomonlashuvi, suvdagi minerallashuvning oshishi natijasida qishloq aholisining 87 foizi har xil kasallaklarga chalingani aniqlangan. Masalan, Qoraqalpog‘istonda ich terlama yuqumli kasalligi bilan kasallanganlar Sobiq Ittifoq darajasidan 23 barobar ko‘p bo‘lgan. Agar Yaponiyada har 1000 nafar tug‘ilgan chaqaloqdan bir yoshgacha 5 tasi yoki Kanadada 7 tasi o‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich O‘zbekistonda 39 tani, Qoraqalpog‘istonda esa 60 tani (1989 yilgi ko‘rsatkich) tashkil etgan.
Ekologik inqiroz natijasida Qoraqalpog‘istondagi ayollarning 80 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan yoki harbiy xizmatga chaqirilgan har 2 o‘spirindan biri jismonan xizmatga yaroqsiz topilgan.
Orol dengizining qurishi juda katta iqtisodiy zarar ham keltirdi. Masalan, XX asrning 50-yillari o‘rtalarida dengizdan 244,4 ming sentner baliq ovlangan bo‘lsa, 80-yilning o‘rtalarida bu ko‘rsatgich 24,6 ming sentnerga tushib ketdi.
XX asrning 80-90-yillarida O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xomashyosining 93-94 foizi, oltinning barchasi Markazga olib ketilgan holda, mahalliy aholining iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji tobora oshib borgan. Bu ehtiyoj asosan sobiq Ittifoqning boshqa mintaqalaridan don va go‘shtning 70 foizi, kartoshkaning 60 foizi, qand, quruq sut va bolalar oziq-ovqatlarining 100 foizi va boshqa mahsulotlar yurtimizga olib kelingan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining paxtadan boshqa hamma sohalari qisqartirilishi oqibtida o‘zbeklar faqat paxta yetishtiruvchi dehqonlarga aylantirildi. Sanoat, transport, aloqa tarmoqlari eng quyi ko‘rsatkichlarda amalga oshirildi. Ijtimoiy soha, fan, ta’lim, madaniyat va sog‘liqni saqlash rivoji Ittifoq ko‘rsatkichidan eng past darajada qoldi. Masalan, 1989 yilda Qashqadaryo viloyatida 800 ta maktabdan 300 tasi moslashtirilmagan binolarda, 966 ta sinfda pol, 1048 ta sinfda ship, 113 ta maktabda oshxona yo‘q, 114 ta maktab binosining devorlari esa nurash arafasida edi. Paxta yakkahokimligi tufayli uylarning ostonasigacha chigit ekilardi. Buning natijasida xalqimizning qadimiy dehqonchilik va chorvachilik madaniyati rivojlanmay qoldi.
Sovetlar hukmronligining so‘nggi o‘n yilliklarida O‘zbekiston madaniyatining rivoj topishiga madaniyat va san’at sohasini moddiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolar ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 1940 yildan boshlab surunkali ravishda mazkur soha uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish kamayib bordi: 1940 yili respublika aholisi talab-ehtiyojlari uchun ijtimoiy-madaniy tadbirlar va fanning rivojiga sarflangan xarajatlar respublika byudjeti umumiy xarajatlar qismining 67,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 1980 yilga kelib 46,9 foizini tashkil etdi. Fan va madaniyat uchun ajratilgan mablag‘ning muntazam kamayib borishiga sabab davlatning bu soha uchun mablag‘ ajratishni istamaganidan emas, balki Sovet davlati iqtisodiy ahvoli tobora yomonlashib borayotganligidan dalolat edi. Ayniqsa, bu 80-yillarning ikkinchi yarmiga kelib bu holat keskin tus ola boshladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy turg‘unlik yillarida SSSRda siyosiy aqidaparastlik yanada kuchaydi. Bu yillarda musulmonchilik va millatchilikning barcha ko‘rinishlari yana bir karra “eskilik sarqiti” sifatida qoralandi. Bunday hol, ayniqsa, 80-yillarning o‘rtalarida, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Sharof Rashidov vafotidan so‘ng siyosiy hokimiyat tepasiga kelgan I.Usmonxo‘jaev ma’muriyati davrida yaqqol sezildi. Bu davrda respublika rahbariyati, asosan, Markazning “ko‘rsatmasi”ni to‘xtatmasdan bajarish, uni hayotga tatbiq qilish bilan shug‘ullandi, xolos. Xalqning taqdiri ijtimoiy-madaniy ahvoli Usmonxo‘jaev ma’muriyatini qiziqtirmadi. Bu yillarda respublikada ko‘plab masjidlar, madraslar yopib qo‘yildi, ular yana omborxonalarga aylantirildi. Diniy marosimlar qat’iy cheklandi, janoza o‘qish, marhumlarni so‘nggi yo‘lga kuzatish va boshqa odatlar ta’qiqlandi. O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy, islomgacha mavjud bo‘lgan milliy-an’anaviy bayrami “Navro‘z” ta’qib ostiga olindi. Go‘yo Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida nishonlash boshlanganidan bo‘yon respublikada “dinga ishonuvchilar soni ko‘paygan” emish. Kommunistik aqidaparastlar Navro‘zni ta’qiqlab, uning o‘rniga “Navbahor” bayramini o‘ylab topdi. Lekin o‘zbek xalqi yuqoridan “tushirilgan” yangi bayramini qabul qilmadi.
1990 yil 21 martdan boshlab, eng qadimiy bayramlarimizdan biri Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlandi. Navro‘z an’analariga binoan, qariyalar, bolalar, bemorlar, nogironlar holidan xabar olish, beva-bechora va boquvchisidan ajralganlarga mehr-shafqat ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi.
|