Og‘ir qurilma va uskunalarni poydevorga to‘liq yig‘ilgan, yirik bloklarni
birin-ketin o‘rnatish yo‘li bilan montaj qilishi mumkin.
Montaj usulini tanlash va uning texnologiyasini yaratish mas’uliyatli va
ijrochidan yuqori malaka talab etadi.
To‘liq yig‘ilgan holda qurilmalarni montaj qilish iqtisodiy jihatdan samarali
usuldir. Ushbu usulda yuqori nuqtalarda montaj ishlari, ko‘p marotaba detal, bo‘lak
va asboblarni ko‘tarib-tushirishlarga hojat qolmaydi. Oxirgi paytda qurilma
ko‘tarish va poydevorga o‘rnatishdan avval to‘liq yig‘iladi, gidravlik sinovdan
o‘tkaziladi, bog‘lovchi trubalar ulanadi, xizmat ko‘rsatish maydonchalari
o‘rnatiladi va issiqlik qoplamalari bilan o‘raladi.
To‘liq yig‘ilgan qurilmani poydevorga o‘rnatishning turli usullari mavjud.
Eng oddiy usul, bu bitta yoki ikkita o‘zi yurar kran bilan montaj qilishdir.
Qurilmani loyiha nuqtasiga o‘rnatishdan avval erdan 0,3 m balandlikgacha
ko‘tariladi va ushbu holatda ma’lum bir vaqt ushlab turiladi. Bunda, yukning
muvozanat holati tekshiriladi va jarayonda ishtirok etuvchi hamma bo‘lak va
mexanizmlar sozligi kuzatiladi. Erdan ko‘tarilgan qurilma chayqalmasligi kerak.
Ko‘tarish jarayoni asta-sekin amalga oshirilishi zarur. Agarda, birorta
nosozlik paydo bo‘lsa, ko‘tarish jarayoni to‘xtatilishi kerak.
Ikkita kran yordamida yuk ko‘tarilsa, ularning bir vaqtda (sinxron) ishlashini
ta’minlash zarur. Jarayon muvaffaqiyatli o‘tishi uchun muvozanatlovchi
traversadan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ko‘tarilgan yukni uzoq muddat davomida osilgan holda ushlab turib
bo‘lmaydi. Agar, u yoki bu sababga ko‘ra jarayon to‘xtatilgan bo‘lsa, yukni asta-
sekin biror tekis maydonchaga tushirib qo‘yiladi. Tushirish juda ehtiyotkorlik bilan
asta-sekin bajarilishi shart. Poydevorga tushirilayotganda, undagi boltlar qurilma
bilan uning shikastlanmasligi va qayrilmasligini ta’minlash kerak.