1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi




Download 80.24 Kb.
Sana03.06.2023
Hajmi80.24 Kb.
#69442
Bog'liq
2056 18.12.2009
Almir moliya va soliq



[OKOZ:

1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish;

2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.25.00 Sanoatning boshqa sohalari]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi;

2.Iqtisodiyot / Sanoat]

PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i
TABIIY TOShDAN BUYuMLAR (PLITALAR, BLOKLAR) IShLAB ChIQARIShDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 18-dekabrda 2056-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi 267-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 12-noyabr,
68-B-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 12-noyabrdagi 68-B-son buyrug‘iga
ILOVA
Tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar tabiiy toshdan buyumlar (plitalar, bloklar) ishlab chiqarish tashkilotlariga (bundan keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil qilish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ichki nazoratning asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:
ishlarga rahbarlik qiluvchi va boshqa mansabdor shaxslarning tezkor nazorati;
ma’muriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat);
bosh mutaxassislar xizmati tomonidan amalga oshiriladigan nazorat.
Quyidagilar nazorat qilinishi lozim:
ish joylarining ahvoli;
mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish vazifalarini amalga oshirishga doir ishlarni bajarish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri o‘rganib chiqilishi;
mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi;
mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 va undan ortiqni tashkil qiluvchi tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar orasida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil qilinadi. Xodimlar soni 50 dan kam bo‘lgan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini bajarish tashkilot rahbarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati vazifalariga tashkilotda mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish va ushbu ishlar o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish kiradi.
9. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
ishchi va xizmatchilar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbari yoki bosh muhandisiga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
11. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
12. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni o‘rganish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarga yo‘l-yo‘riq berish, o‘qitish va ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish ishlarini tashkil etish
13. Tashkilotlarning barcha xodimlari, shu jumladan rahbarlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, yo‘l-yo‘riqlar olishlari, bilimlari sinovdan o‘tkazilishi lozim.
14. Bevosita ishlab chiqarishda ishlarni tashkillashtirish va bajarish bilan bog‘liq ishchilar, rahbarlar, muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
3-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
15. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatda aniq texnologik jarayon, ishlab chiqarish uskunasi, ishlatiladigan xomashyo va ishlarni amalga oshirish xususiyatlari bilan bog‘liq xavflar hisobga olinishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar hamda amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
16. O‘ta xavfli ishlarga faqat maxsus o‘qitilgan, ushbu ishlarni bajarish huquqini beruvchi hujjatga ega bo‘lgan xodimlar qo‘yiladi.
17. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
18. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda mas’ul xodim qo‘l qo‘yib rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
19. Tashkilot (sex) rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardirlar.
4-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
20. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, ishchilarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
21. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining xavfli hamda zararli omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘irligi ish joylarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiya qilish orqali tasdiqlanishi lozim.
22. Har bitta tashkilot yoki alohida ishlab chiqarish xavfli va zararli mehnat sharoitlarga ega bo‘lgan kasblar, ish o‘rinlari va hududlarining Sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiq zararlilik va xavflilik sinfi ko‘rsatilgan ro‘yxatiga hamda ishlab chiqarish omillarining zararlilik va xavflilik ko‘rsatkichlari, mehnat jarayonining og‘irlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mehnat sharoitlarining amaldagi gigiyenik tasnifiga ega bo‘lishi lozim.
23. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoxud yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda ro‘yxatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
24. Tashkilotlarda zararli ishlab chiqarish omillarining ta’sirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoa va yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim.
25. Jamoaviy himoya qilish vositalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘lik o‘rinlari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqin, tebranma, elektr toki urishi, statik elektr, uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalari quyidagi turlarga bo‘linadi:
maxsus kiyim-kechak;
maxsus poyabzal;
maxsus bosh kiyimi;
nafas a’zolarining himoya vositalari;
qo‘lni himoyalash vositalari;
bosh uchun himoya vositalari;
yuzni himoyalash vositalari;
eshitish a’zolarini himoya qilish vositalari;
ko‘zni himoya qilish vositalari.
27. Tashkilot ma’muriyati xodimlarni belgilangan me’yorlarga muvofiq, kerakli yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlashi, ulardan foydalanish muddatlariga hamda saqlash, yuvish, tozalash va ta’mirlash bo‘yicha zaruriy shartlariga rioya qilinishini ta’minlagan holda yakka tartibdagi himoya vositalarini berish hisobini yuritishi shart.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda kasbiga ko‘ra tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
29. Tashkilot mutaxassislari, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
30. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori bo‘lgan boshqa ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
31. Xavfli ishlarga tegishli kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish man etiladi.
32. “O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlar ro‘yxati”ga (ro‘yxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq 18 yoshga to‘lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
33. “Ayollar mehnatidan foydalanish qisman yoki to‘liq taqiqlangan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlar ro‘yxati”ga (ro‘yxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega bo‘lgan ishlarga qabul qilinmaydi.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
34. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning ko‘rikka kelishini ta’minlashi lozim.
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
Xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlashga haqli emas.
36. Tibbiy ko‘riklar tashkilotning tibbiy-sanitariya qismlari va poliklinikalari, ular mavjud bo‘lmagan holda davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkazilishi lozim. Tibbiy ko‘riklar davolash-sog‘lomlashtirish tadbirlari belgilangan tekshirish dalolatnomasi bilan yakunlanishi lozim.
37. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tibbiy ko‘rik dalolatnomasi bilan tanishib chiqishi, ish beruvchi esa dalolatnomada ko‘zda tutilgan barcha tadbirlar va ko‘rsatmalarni bajarishi lozim.
38. Davriy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik tashkilotning ma’muriyati zimmasiga yuklanadi.
39. Xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki tibbiy komissiyalar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga ko‘ra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, tashkilot rahbariyati ushbu xodimni ishga qo‘yishga haqli emas.
8-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
40. Tashkilot maydonlari va binolarni joylashuvi SanMvaQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani”ga mos bo‘lishi kerak.
41. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish, hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
42. Tashkilotda avtoyo‘llar yoki piyoda yo‘lkalari bilan tutashgan ichki tashkilot temir yo‘llari uchrashgan joylarda avtoyo‘llar va piyodalar uchun o‘tish yo‘llari bo‘lishi lozim.
43. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
44. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangani bo‘lishi kerak.
45. Yilning yoz vaqtida yo‘lkalar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi kerak.
46. Tashkilotlarda harakatlanuvchi temir yo‘l sostavlarini intensiv harakatlanishiga o‘tish joylari avtomatik signal bilan ta’minlanishi lozim.
9-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
47. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarni (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
48. Ho‘l jarayonlardagi xonalarda, hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlovchi ishchi joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanishni ta’minlashi kerak.
49. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SanMvaQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talabiga mos kelishi kerak.
50. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talabiga mos kelishi lozim.
51. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
52. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
53. Avtomobil transportini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan avtomobillar eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
54. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
55. Barcha tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish va holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Ko‘rik xulosalari, ulardan topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
57. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Halokatni bartaraf etilguncha ishlab chiqarish jarayonlari xavfli hududlarda to‘xtalishi lozim, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
10-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
58. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabini qoniqtirishi lozim.
59. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
60. O‘tish joylarida (galereyalarda, zinalar maydonchalarida va shunga o‘xshash) joylashgan isitish jihozlari (quvurlar, registrlar va shunga o‘xshashlar), ruxsat etilgan o‘tish yo‘lkalarini enini kamaytirmasligi kerak.
61. Ishchi joylariga ochiq darvoza, eshik yoki texnologik teshikdan keluvchi havo harorati yilning sovuq davrida yengil jismoniy ishda 21° S, o‘rta og‘ir ishda 17° S, og‘ir ishda 16° S dan past bo‘lmasligi kerak.
62. Xodimlarni isinishi uchun xonalarda havo harorati 22° S dan kam bo‘lmasligi kerak.
63. Binolarda joylashgan ishchi maydonlaridan, xodimlarni isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa 75 m, tashkilot maydonidagi ishchi joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
11-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar
64. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
65. Tashkilotni ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi kerak.
66. Tozalangandan so‘ng suvda zararli moddalarni tarkibi sanoat tashkilotlarini loyihalashtirish sanitar normalari o‘rnatgan, chegaralangan ruxsat etilgan konsentratsiyasidan oshib ketishi kerak emas.
67. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
68. Issiq va qoliplash sexlarida, bug‘lantirish kameralari bo‘linmalarida va qozonxonalardagi ishchilar smenada, tarkibida 0,5% gacha tuz bo‘lgan, bir kishiga 4-5 l hisobida gazli suv bilan ta’minlanishlari kerak.
69. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha bo‘lgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
70. Ichimlik suvni harorati 8° S dan 20° S gacha bo‘lishi kerak.
71. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq va kanalizatsiyalangan bo‘lishi lozim.
72. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yo‘q bo‘lganda Davlat sanitar nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmaslikka va ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralariga ruxsat etiladi.
12-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
73. Tashkilot maydonida, ishlab chiqarish va yordamchi binolar va xonalarda tabiiy va sun’iy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi kerak.
74. Avariya yoritish tarmoqlariga birorta elektr energiya iste’molchilarini ulash taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi kamida chorakda bir marta tekshirishi lozim.
75. Yorug‘ tushuvchi oynalarni yilda ikki martadan kam bo‘lmagan holda tozalash lozim.
76. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) to‘sib qo‘yishga ruxsat etilmaydi.
77. Sun’iy yoritishda ikki tizim ishlatiladi: umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
78. Uchastkalarda va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan holi holda bajarilishi kerak.
79. Yuqori xavfli xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. O‘ta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari, hamda uskunalar va inshoatlar (bunkyerlar, silososlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarni kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak. Barcha ko‘chma yoritqichlar himoyalanish darajasi 1R54 dan kam bo‘lmagan va metall himoyalanish to‘ri hamda shisha qalpoq bilan uskunalangan bo‘lishi kerak.
13-§. Mehnat va dam olish yuzasidan talablar
80. Tashkilotlarda xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati”ning talablari inobatga olingan holda, tashkilotlarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim bo‘lgan xavfsizlik talablari
81. Tabiiy toshga ishlov berish texnologik jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi lozim.
82. Texnologik jarayonlar xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi choralar nazarda tutiladi:
a) texnologik jarayon tanlaganda, zararli ishlab chiqarish omillari eng kam ifodalangan texnologik jarayonlarni qo‘llash;
b) zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lganda kompleks mexanizatsiya, avtomatizatsiya, texnologik jarayonlarni va operatsiyalarni masofadan boshqarishni qo‘llash;
v) himoya vositalarini qo‘llash;
g) texnologik uskuna qayta jihozlaganda, tayyorlanganda, yig‘ilganda va foydalanilganda xavfsizlik choralari nazarda tutilishi va ish xonasi havosiga zararli chiqindilarni chiqishini kamaytirish yoki ularni oldini olish choralari nazarda tutilishi kerak;
d) ish xonalari havosida zararli chiqindilarni to‘liq kamaytirishning iloji bo‘lmasa, xonalar va uchastkalarning ish hududlarida mumkin qadar uning tarqalishini kamaytirish maqsadida, zararli moddalar ajralib chiqadigan joydan havoni so‘rish.
83. Toshga urib ishlov berish ishlari alohida xonalarda yoki alohida bo‘lgan ish joylarida balandligi 2 m dan kam bo‘lmagan ovoz yutuvchi ekran bilan to‘silgan bo‘lishi lozim.
84. Og‘irligi 20 kg dan ortiq bo‘lgan plitalarga ishlov berish texnologik jarayonlarida bitta operatsiyadan ikkinchisiga o‘tkazilishi mexanizatsiya vositalari (arava, rolgangda) yordamida bajarilishi lozim.
85. Toshga arralash va silliqlash-pardozlash dastgohlarida ishlov berilganida sovutish suyuqliklarini berib turish lozim. Agarda sovutish suyuqligini berish to‘xtab qolsa jihozlarni avtomatik to‘xtashi nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.
86. Toshlarga ishlov berish texnologik jarayonlaridagi oqova suvlar kanalizatsiya tizimiga tashlanishidan oldin zararli ishlab chiqarish chiqindilaridan tozalanishi lozim.
87. Texnologik jarayonlar tashkil qilinganida va olib borilganida quyidagilar talab qilinadi:
a) ishlab chiqarish xonalarining ish hududidagi meteorologik sharoitlar va havosidagi chang miqdori GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”ga mos kelishi;
b) ish joylarida tovush bosimi miqdori oktava polosasida, tovush darajasi va ekvivalent tovush darajasi GOST 12.1.003-83 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari”ga mos kelishi.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
88. Ishlab chiqarish jarayonlari yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari” talablariga va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim
89. Ishlab chiqarishda o‘rganilmagan yong‘in va portlash xavfi va toksik xususiyatlariga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qo‘llash taqiqlanadi.
90. Texnologik obyektlarning portlash xavfliligi holati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat o‘rnatilishi lozim.
91. Texnologik jarayonlar joylashtirilgan binolar va xonalarning portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq me’yorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
92. Texnologik jarayonlarni amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof muhit ishlab chiqarish chiqindilari (oqova suvlari, ventilatsiya chiqindilari va shu kabi) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
93. Barcha ishlab chiqarish sexlari, xomashyo va tayyor mahsulot omborxonalari, ma’muriy va boshqa yordamchi binolar hamda inshootlar dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
94. Ventilatsiya tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi lozim.
95. Har bir sex, uchastka, omborda mavjud me’yorlar asosida, hududiy yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim.
96. Tashkilotlarda barcha ishlab chiqarish, yordamchi va maishiy xonalarda yong‘in xavfsizligiga javobgar shaxs tashkilot rahbariyatining buyrug‘iga asosan tayinlanishi lozim.
97. Tashkilotlarda yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan belgilangan me’yorlarda yong‘inga qarshi kurashish uchun o‘t o‘chirish vositalari bo‘lishi lozim.
98. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi texminimumi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga tegishli yo‘l-yo‘riqlar berilishi lozim.
99. Bino va yong‘in suv manbai yo‘laklari, xamda yong‘in vositalari va uskunalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak. Binolar oralig‘idagi yong‘inga qarshi masofa uzilmalarida materiallar, uskunalar, bo‘sh idishlarni taxlash va avtomobil to‘xtov joyi uchun ishlatishga ruxsat etilmaydi.
3-§. Xodimlar himoyasini va ishlab chiqarish uskunalarini avtomatik o‘chishini ta’minlovchi texnologik jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish tizimlari
100. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar, ularning ishga tushganligi haqida ogohlantiruvchi yoritish va tovush signallari tizimi bilan ta’minlanadi. Signal elementlari ( qo‘ng‘iroq, sirena, lampa) mexanik shikastlanishdan himoyalangan bo‘lishi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish hududida signalni eshitishi va ko‘rishini ta’minlab joylashtirilishi lozim.
101. Elektr tokidan shikastlanishning oldini olish uchun ishlab chiqarish uskunasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) xavf manbai bo‘lgan ishlab chiqarish uskunasi tok uzatuvchi qismi mustahkam qotirilgan, izolatsiyalangan, to‘silgan yoki odamlar uchun o‘tib bo‘lmas joyda o‘rnatilgan bo‘lishi lozim;
b) elektr uskunaning ochiq bo‘lgan tok uzatuvchi qismi eshigi yopiluvchi korpus (shkaf, blok) yoki odamlar uchun o‘tishi mumkin bo‘lgan joyda joylashganda yopiq himoya yopqichi (kojuxi) bo‘lishi lozim;
v) ishlab chiqarish uskunasining metall qismi izolatsiya shikastlanishi natijasida elektr kuchlanishining xavfli ko‘rsatkichi 10-15 mA. ta’sirida bo‘lsa, yerga sim orqali ulangan bo‘lishi lozim;
g) ishlab chiqarish uskunasi elektr zanjiri sxemasida barcha elektr zanjirni ta’minlash tarmog‘idan o‘chirish markaziy moslamasi nazarda tutilishi lozim.
102. Yechiladigan himoya va to‘siq moslamalari faqat konstruksiya yoki texnologik sabablar bo‘yicha ularni statsionar o‘rnatish imkoni bo‘lmaganidagina qo‘llaniladi.
103. Ta’mirlash va sozlash ishlarini bajarish, hamda texnologik jarayonni va mexanizm ishini kuzatish uchun to‘siqlarda yopiluvchi oyna yoki lyuklar nazarda tutilishi mumkin. Kuzatish oynasi va lyuklarining tuzilmasi (konstruksiyasi) xizmat ko‘rsatuvchi xodimning kuzatish qulayligi va xavfsizligini ta’minlashi kerak.
4-§. Boshlang‘ich materiallar, yarim va tayyor mahsulotlar hamda ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transportda tashish
104. Ishlov beriluvchi materiallar va yarim mahsulotlar hajm o‘lchamlari ishlovni bajaruvchi uskuna pasporti ko‘rsatkichlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
105. Omborlar va yuk saqlash uchun maydonchalar, qurilma va uskunalari, ularning qurilishi sanitariya va yong‘inga qarshi me’yorlar va qoidalar hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan texnologik loyiha me’yorlari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
106. Yuklash-tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
107. Ombor va yuk saqlash uchun maydonchalarda barcha yuklash, tushirish va og‘ir mehnat kategoriyasiga tegishli yukni harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
108. Yuk saqlash uchun maydonchalar sathi tekis bo‘lib, chuqurchalarsiz va 5º dan oshmaydigan nishabi bo‘lishi kerak. Yuk saqlash uchun maydonchalar qoplamasi unga keluvchi yo‘llar qoplamasiga teng bo‘lishi lozim. Yilning qish oylarida yuk saqlash uchun maydonchalar doimo qor va muzdan tozalanib, qum, kul yoki shlak sepilishi kerak.
109. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kiraverishda harakat yo‘nalishi, yuklash-tushirish joyi yoki transport vositalarining to‘xtab turish joyini ko‘rsatuvchi chizma osilgan bo‘lishi kerak.
110. Tashkilotga qoplarda kelib tushgan abraziv va pardozlash materiallari yopiq xonalarda saqlanishi lozim.
111. Yashik va qoplardagi yuklar omborda ag‘namaydigan qilib ustma-ust taxlangan bo‘lishi lozim. Qo‘lda ustma-ust taxlanish balandligi 3 m dan oshmasligi, yuk ko‘tarish mexanizmi yordamida taxlanganda — 6 m dan oshmasligi lozim. Yirtilgan va nosoz idishdagi yukni ustma-ust taxlash taqiqlanadi.
112. Omborda ustma-ust taxlangan yoki yuk idishlari stellajlar oralig‘idagi yo‘lakning eni 1.5 m dan kam bo‘lmasligi lozim. Omborda transport vositalari ishlatilganda, yo‘lakka qo‘shimcha qo‘llaniladigan transport vositalari o‘lchamlari kengligidagi yo‘l bo‘lishi lozim.
113. Tabiiy toshning bloklari oralig‘i taxtali qistirmalar bilan shtabellarga taxlanishi va uning balandligi ikki qatordan oshmasligi lozim.
114. Vagonlardan tushirib taxlanayotgan va vagonga yuklashga tayyorlanayotgan materiallar va uskunalar, yuk bilan temir yo‘l izining relsigacha bo‘lgan masofa 2 m dan yaqin, taxlangan yukning bandligi 1,2 m dan ortiq bo‘lganda — 2,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
115. Bo‘shagan idish va boshqa o‘rovchi materiallar doimo ombordan shu maqsadlar uchun ajratilgan joyga chiqarilishi lozim.
116. Har bir ombor uchun materiallarni saqlash va ishlarni xavfsiz olib borishi bo‘yicha yo‘riqnoma tashkilot ma’muriyati tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
IV. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
117. Barcha qo‘zg‘almas uskunalar, agregat va dastgohlar ishlab chiqargan zavod ko‘rsatmasiga binoan mustahkam asoslarga va poydevorlarga o‘rnatilishi lozim.
118. Barcha aylanuvchi va harakatlanuvchi qismlar (vallarning chiqib turgan uchlari, harakat uzatuvchi tasmalar va boshqalar) to‘silgan bo‘lishlari kerak.
119. To‘siqlar mustahkam, yengil, ishonchli ravishda mahkamlangan bo‘lishi va uning qisib qoluvchi tirqishlari, kesib oluvchi va o‘tkir burchaklari bo‘lmasligi kerak.
120. Og‘irligi 5 kg dan ortiq bo‘lgan to‘siqlar ushlash uchun qulay dastaklarga ega bo‘lishi kerak.
121. O‘zidan changli havo chiqaruvchi ishlab chiqarish uskunalari zichlab berkitilishi va chang havoni so‘rish moslamalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
122. Yangi o‘rnatilgan yoki kapital sozlashdan chiqqan uskunalarni xavfsizlik texnikasi muhandisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgandan keyin ishlatishga ruxsat berilishi lozim.
123. Mashinani sozlash, tozalash, moylash va kamchiliklarini bartaraf qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni bajarish elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgan, butunlay harakatdan to‘xtagan va ogohlantiruvchi belgi osib qo‘yilgan holatda bajarilishi lozim. Mashinani yurgazish belgini osib qo‘ygan shaxs tomonidan amalga oshirilishi kerak.
124. To‘siqlarning va himoyalovchi moslamalarning hamda asboblarning sozligi sex (bo‘linma) rahbariyati tomonidan muntazam tekshirib turilishi kerak.
125. Montaj va demontaj vaqtida qo‘llanadigan tagliklar va ko‘tarish mexanizmlari ish boshlashdan avval sinab ko‘rilishi kerak.
126. Ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanishda:
a) mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va masofadan boshqarishni qo‘llash;
v) ergonomik talablarni qo‘llash;
g) foydalanish, ta’mirlash, yig‘ish, transportda tashish va saqlash bo‘yicha xavfsizlik talablariga amal qilish lozim.
127. Ishlab chiqarish uskunasini tozalash ishlari maxsus asboblar yordamida (shyotka, qirg‘ich, ilmoq va boshqalar) amalga oshirilishi lozim. Ishlab turgan uskunada tozalash va yig‘ishtirish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
128. Uskuna ishlab turgan vaqtda uning harakatlanuvchi qismlarini qo‘lda moylash taqiqlanadi.
129. Toshga ishlov beruvchi dastgohlarini ish joylarida kengligi 1,5 m dan kam bo‘lmagan taxta to‘shamasi bo‘lishi lozim. Taxta plankalar orasidagi oraliq masofasi 3 sm dan oshiq bo‘lmasligi lozim.
130. Kesuvchi asboblarni almashtirish faqat yuritish yurgizuvchilarini elektr tizimidan o‘chirilganida amalga oshiriladi. Almashtirish paytida elektr tarqatuv qurilmasidan himoyalovchilar olinib, ishga tushirish qurilmasiga GOST 12.4.026-76 bo‘yicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osilishi lozim.
2-§. Arralash dastgohlari
131. Arralash dastgohlariga uzatib beruvchi aravalarni harakatlanishi mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
132. Aravalarni rels yo‘llari bo‘ylab harakatlanish tezligi 15 m/min dan oshmasligi lozim.
133. Uzatib beruvchi aravalarni harakatlanishi ogohlantiruvchi ovozli signal bilan kuzatilishi lozim.
134. Uzatib beruvchi aravalarni yo‘naltiruvchisining sathi arralovchi ramali dastgohning dastgoh aravachasining rels yo‘llari sathi bilan barobar bo‘lishi lozim.
135. Uzatib beruvchi aravalarni tuzilmalarida dastgoh aravachasi o‘zidan-o‘zi g‘ildirab ketishini oldini olish uchun to‘xtatish moslamasiga ega bo‘lishi lozim.
136. Dastgoh aravachasiga o‘rnatilgan blok mustahkam qotirilgan bo‘lishi lozim.
137. Bir nechta bloklarni joylashtirishda dastgoh aravachasida bir-biriga nisbatan surilib ketishi bartaraf etilgan bo‘lishi lozim.
138. Bloklarni joylashtirishda bir-biriga sement qorishma (gips qipiq, beton va boshqa qorishmalar) bilan qotirilishi lozim.
139. Arralash dastgohining dastgoh aravachasi ish hududida aravacha tuzilmasida nazarda tutilgan moslamalar yordamida mustahkam qotirilgan bo‘lishi lozim.
140. Dastgohdan dastgoh aravachasini g‘ildiratib chiqarib olishdan oldin arralangan mahsulotlar dastgoh aravachasini tirgovichlariga taxta qistirgich bilan qotirilgan bo‘lishi lozim.
141. Ta’minlovchi va borib-keluvchi arralovchi ramaning temir to‘rli yechiluvchi to‘siqlari yurituvchini ishga tushirish qurilmasi bilan shunday blokirovka qilingan bo‘lishi kerakki, to‘siqlar yechilganida dastgoh avtomatik tarzda to‘xtashi lozim.
142. Ramali dastgohning boshqaruv pulti dastgohni to‘siqlaridan tashqarida, xizmat ko‘rsatish uchun qulay joyda joylashgan bo‘lishi lozim.
143. Ramali dastgohni arralari jamlanmasini almashtirish arralash ramasi pastki holatida bajarilishi lozim.
144. Boshqaruv pultidan dastgohni harakatlanuvchi qismlari ko‘rinib turishi lozim.
145. Arralash dastgohining olmaz-diskli kesuvchi qismi sozlanadigan yaxlit temir yopqich bilan to‘silgan bo‘lishi lozim. Nosoz olmaz-diskli kesuvchidan foydalanish taqiqlanadi.
3-§. Silliqlash-pardozlash dastgohlari va konveyer liniyalari
146. Plitalarni silliqlash-pardozlash dastgoh stollari ishlayotganlarni suv, abraziv va ishlov berilayotgan tosh qismlari sachrashidan himoyalovchi balandligi 0,25 m dan kam bo‘lmagan bortlarga ega bo‘lishi lozim.
147. Silliqlash-pardozlash konveyyerlari silliqlovchi asbob aylanmayotganida yoki u va ishlov berilayotgan tosh singanida avtomatik tarzda to‘xtashini ta’minlovchi blokirovka qurilmasiga ega bo‘lishi lozim.
148. Konveyerdan singan yoki hajmsiz plitalarni olinishi faqat dastgoh elektr tizimidan o‘chirilib, tegishli xavfsizlik choralari ko‘rilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
4-§. Freza dastgohlari
149. Yig‘ma frezalarni tuzilmasi ish paytida uning tishlarini tushib ketishi ehtimolini istisno etishi lozim.Tishi singan frezalarni qo‘llanishi taqiqlanadi.
150. Toshni gidravlik qisib turuvchi tizimda bosim tushib ketganida dastgoh avtomatik tarzda to‘xtashi lozim.
151. Qirrali freza dastgohlarini kesish hududi sovutish suyuqligisiz ishlaganida aspiratsiya tizimiga ulangan mahalliy so‘ruvchi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
5-§. Urib ishlovchi dastgoh va asboblar
152. Tosh bloki sindirish joyida yog‘och taklikka shunday yotqizilishi kerakki, ya’ni uning yassi tepa qismi gorizontal holatda bo‘lishi lozim.
153. Shtabelda turgan bloklarni sindirilishi taqiqlanadi.
154. Pnevmatik qo‘l asbob bilan ishlaganda (perforator, chopuvchi va uruvchi bolg‘alar) tebranishni so‘ndiruvchi qurilmalar (karetka, manipulyator va ushlagichlar) qo‘llanishi lozim.
155. Toshni urib ishlov berish ishlarida band bo‘lgan ishchilar himoya ko‘zoynaklari va shovqinga qarshi himoyalanish vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
6-§. Termo oqimli asboblar
156. Toshga termo oqimli asbob bilan ishlov berilishi, jihozlangan ochiq maydonlarda yoki ovozni izolatsiya qiluvchi yonmaydigan material bilan to‘silgan va yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlangan kabinalarda (ko‘pikli yong‘in o‘chiruvchi vosita, asbest namati, qumli yashik) amalga oshirilishi lozim.
157. Termo oqimli asboblardan foydalanish ishlab chiqaruvchi zavodning foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
158. Termo oqimli asboblarda yonilg‘i sifatida etil spirtini ishlatish taqiqlanadi.
159. Termo oqimli asboblardan foydalanishda xodimlar himoya ko‘zoynaklari va shovqinga qarshi himoyalanish vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
160. So‘ndiruvchi barabanlarga bug‘ yetkazib beruvchi quvurlar normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
7-§. Yopishgan plitalarni ishlab chiqarish
161. Yopishtirish aralashmasini komponentlarini maydalanishi (qotiruvchi, to‘ldiruvchi) yopiq maydalash apparatlarida, yopishtirish arralashmasini tayyorlanishi esa — tiqinlari zichlangan arralashtirgichlarda bajarilishi lozim.
162. Termastatlar va quritish kameralarning tiqinlari zichlangan va issiqlikka izolatsiyalangan bo‘lishi lozim.
163. Plitalarni yopishtirishda stol yuzasi (yopishqoq aralashmani quyish) almashadigan qoplamaga ega bo‘lishi lozim.
V. Ta’mirlash ishlarini bajarishda mehnat xavfsizligi talablari
1-§. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tartibi va sharoiti
164. Ta’mirlash ishlarini tashkil etish va bajarish tashkilot kasaba qo‘mitasi bilan kelishilgan va bosh muhandis tasdiqlagan uskunani ta’mirlash rejasiga muvofiq bo‘lishi lozim.
165. Tashkilot hududida ishlab chiqarishni (sex) yoki sexda qurilma, agregat, ayrim asbob-uskunalarni ta’mirlashga to‘xtatish uchun tashkilot (sex) bo‘yicha buyruq (farmoyish) chiqarilishi lozim.
166. Tashkilot hududidagi uskuna, bino va inshootlarni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni pudrat uslubida bajarishda, buyurtmachi bosh pudratchi bilan birgalikda ta’mirlash ishlarini bajarish vaqtida ishlovchilarning xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlovchi tadbirlar ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim.
167. Buyruq bilan tasdiqlangan bosh pudratchi va ishlab turgan tashkilot mas’ul vakillari ishni boshlashdan oldin naryad-ruxsatnomani rasmiylashtirishi lozim. Bosh pudratchi ish beruvchisiga barcha pudratchi tashkilotlar xavfsiz sharoitlarda ish bajarishi va ularning ishini muvofiqlashtirishni ta’minlashi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mas’uliyat yuklatiladi. Ta’mirlash ishlari muddati naryad-ruxsatnomada ko‘rsatiladi.
168. Buyruqda pudratchilardan bevosita ish rahbari, shuningdek ko‘rsatilgan ishlarga uskunalar va obyektni to‘liq tayyorlash, ishlarni xavfsiz amalga oshirish va pudratchilar yoki buyurtmachining ta’mirlash xizmati bilan tezkor aloqalar uchun javobgar shaxslar hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
169. Barcha uskunalarda tashkilot bosh muhandisi tasdiqlagan jadval bo‘yicha belgilangan muddatlarda rejali ta’mirlash ishlari o‘tkaziladi.
170. Ta’mirlash ishlarida band bo‘lgan pudratchining barcha xodimlari ta’mirlash ishlari boshlanishidan oldin, ushbu sexda ishlarni xavfsiz olib borish uchun xodimlar xavfsizlik texnikasi bo‘yicha kirish yo‘riqnomasidan o‘tkazilishi lozim. Yo‘riqnomadan o‘tkazish ishlari buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
171. Rejalashtirilgan ishlarni bajarishdan oldin mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan o‘tkazilishi lozim.
172. Pudratchi ishlayotgan hududda buyurtmachi tomonidan zararli va yonish xavfi bo‘lgan moddalarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan me’yoriy sanitariya-gigiyenik sharoitlar yaratilishi kerak.
173. Asbob-uskuna va kommunikatsiyalarda ta’mirlash ishlarini amalga oshirishdan oldin, quyidagilar bajarilishi lozim:
elektr energiya ta’minotidan o‘chirish;
asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni texnologik muhit qoldiqlaridan, asbob-uskunani zararli, zaharli va yonuvchi gaz va mahsulotlardan bo‘shatish;
ta’mirlanadigan asbob-uskuna, kommunikatsiya, quduq va o‘ralardagi inert, yonuvchi, zaharli gazlar va kislorod miqdorini tegishli tahlillarini o‘tkazish yo‘li bilan tekshirish.
174. Tashkilot hududida qazish ishlarini bajarishda buyurtmachi pudratchiga naryad-ruxsatnoma bilan birga tegishli sex va xizmatlar bilan kelishilgan ruxsatnomani yozma tarzda topshirishi kerak.
175. Pudratchining ehtiyojlari uchun elektr energiyani ulash, shuningdek ish tugaganidan keyin uzish, sex boshlig‘ining ruxsati bo‘yicha buyurtmachining bosh energetik xizmati tomonidan bajariladi.
176. Ta’mirlash ishlari tugallanganidan so‘ng asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni qabul qilish dalolatnomasi ikki tomonlama imzolanib, ushbu asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni ishga tushirish haqida farmoyish chiqqandan so‘ng, foydalanishga qabul qilinishi lozim.
2-§.Ta’mirlash ishlarini olib borishda xavfsizlik talablari
177. Ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi zarur:
elektrdvigatel elektr ta’minoti tarmog‘idan uskunani harakatlantiruvchi va uni to‘ldirib bo‘shatuvchi qurilmasidan o‘chiriladi;
elektr taqsimoti qurilmasidan elektr saqlagichlar sug‘iriladi;
uskunadan harakatlantiruvchi elektr dvigatelni o‘chirishda, muftani uzish, harakatlantirish tasmalari, zanjirlarini yechish va boshqalar bajariladi;
harakatlantirish moslamasiga GOST 12.4.026-76 bo‘yicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osiladi.
178. Texnika xavfsizligi bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilgan ishlarni bajarishda, elektrodvigatellarni elektr taqsimlash qurilmalaridan o‘chirish, uskunani harakatlantiruvchi elektrodvigateldan uzish, GOST 12.4.026-76 bo‘yicha “Yoqilmasin — odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi xavfsizlik belgisi osish, mas’ul rahbar va ish bajaruvchini shaxsan ishtirokida bajarilishi shart.
179. Xavfsizlik belgisini olish va uskunani yoqish, texnika xavfsizligi bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilgan ishlar uchun mas’ul rahbar ruxsatidan so‘ng bajarilishi lozim.
180. Mashinaning barcha harakatlanuvchi yoki xavf tug‘diruvchi qismlari maxsus g‘iloflar bilan to‘silgan bo‘lishi lozim.
181. Balandlikdagi ishlarda faqat tayanch yoki rezinali qoplamalar bilan ta’minlangan soz narvonlardan foydalanish lozim.
182. Narvonni tirab qo‘yish bilan bog‘liq ishlar ikki ishchi bilan bajariladi, ulardan biri ishlovchining xavfsizligi uchun narvon asosida doimo bo‘lishi lozim.
183. Ko‘chiriluvchi narvon tekis sathga o‘rnatilib, asosi rezinaga kiygizilgan bo‘lishi lozim. Tirab qo‘yiluvchi narvonni yerga o‘rnatish uchun asosi metall uchli bo‘lishi lozim.
184. Tirab qo‘yiluvchi narvonlarni o‘zaro bog‘lab, shuningdek elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashda temir narvonni qo‘llash taqiqlanadi.
185. Tirab qo‘yiluvchi narvondan foydalanishdan oldin va har yarim yilda, gorizontal tekislikga 75º burchak ostida o‘rnatilib, narvon o‘rtasi qadam pog‘onasiga qo‘yilgan 120 kg og‘irlikdagi statik yuk ko‘tarish sinovidan o‘tkazilishi lozim.
186. Tirab qo‘yiluvchi narvonni umumiy uzunligi, ishchini narvon tepa uchidan 1 m dan kam bo‘lmagan masofada joylashgan pog‘onada turib, ish bajarish imkoniyatini ta’minlashi lozim.
187. Ta’mirlash ishlari yer sathi, maydoncha yopqichi yoki qoplamadan 5 m yuqori balandlikda bajarilganda, balandlikda ishlarni bajarishi uchun ruxsat berilgan xodim tomonidan bajarilishi lozim. Bunday ishlarni himoya kamari va muhofaza arqonidan foydalanmasdan bajarish taqiqlanadi.
188. Og‘irligi 50 kg dan yuqori bo‘lgan uskuna qismi va tarmog‘ini yechish hamda o‘rnatish mexanizatsiyalangan uslubda bajarilishi lozim.
3-§.Uskuna va moslamani ta’mirlash va uni foydalanishga topshirish
189. Ishchilar bajariladigan ish xususiyatiga muvofiq soz asbob va moslamalar jamlamasi bilan ta’minlanishi lozim.
190. Asbob va moslamalar holati bir oyda bir martadan kam bo‘lmagan davrda tekshirilishi lozim.
191. Texnik xizmat ko‘rsatish, davriy va kapital ta’mir bo‘yicha ishlarni bajarish tartibida, ishlab chiqaruvchi — zavod tasdiqlagan ta’mirlash va foydalanish hujjatida belgilangan zarur ish hajmini ko‘rsatish lozim.
192. Texnologik uskuna ta’mirlangandan so‘ng sinash va ishlatib ko‘rishdan o‘tkazilishi zarur. Qism va agregatlarni ishlatib ko‘rish avvalo 2 soat davomida “Bo‘sh” harakatda, so‘ng 10 soat davomida ish yuklovi ostida amalga oshirilishi lozim.
193. Ishlatib ko‘rish uchun mexanizmlarni yoqishdan oldin, tarmoqlar to‘g‘ri yig‘ilgani, begona jismlar yo‘qligini ko‘rish va ishonch hosil qilish, havo uzatish pnevmatik tizimi to‘g‘ri ulanib, mustahkam qotirilganligiga ishonch hosil qilish lozim.
194. Sinov va ishlatib ko‘rish davrida ta’mirlangan tarmoq va agregatlarini barcha nuqsonlari, elektrodvigatel va tarmoq podshipniklarini qizish darajasi hamda moy oqishi bartaraf qilinishi kerak.
195. Uskunani ta’mirdan so‘ng foydalanishga yaroqliligi, qabul qiluvchi komissiyani dalolatnomasida qayd qilinishi lozim.
196. Uskuna yig‘ilgandan yoki ta’mirlangandan so‘ng foydalanish uchun yoqishdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
a) odamlarni xavfsiz joyga o‘tkazish;
b) mashina tashqarisi va ichidan begona buyumlarni olib tashlash;
v) himoya to‘siqlari mavjudligi va mustahkamligini tekshirish;
g) harakatlanuvchi qismlarni moylash va sozlash;
d) himoya saqlovchi va nazorat o‘lchov asboblarini sozligini tekshirish;
e) uskuna yig‘ilishini to‘g‘riligini tekshirishda, o‘zaro bog‘liq harakatlanuvchi mexanizmlarni to‘liq siklida uni harakatlanuvchi qismini aylantirish;
z) uskunani bo‘sh harakatda va ish yuklovi ostida sinash.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
197. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda, qurishda (montaj qilishda) mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
198. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(198-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VII. Yakuniy qoidalar
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “O‘zqurilishmateriallari” Aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 23-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 23-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2009-yil 23-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 23-oktabr
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i I. XOLMATOV
2009-yil 23-oktabr
“O‘zqurilishmateriallari” AK Boshqaruv raisi E. AKRAMOV
2009-yil 23-oktabr


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 50-51-son, 550-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

Download 80.24 Kb.




Download 80.24 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi

Download 80.24 Kb.