|
1-mavzu. Moliyaning mohiyati va funksiyalari reja: Moliyaning mohiyati va zarurati. Moliyaning funksiyalari
|
bet | 39/94 | Sana | 30.05.2024 | Hajmi | 376,92 Kb. | | #257286 |
Bog'liq 1 mavzu Moliyaning mohiyati va funksiyalari reja Moliyaning mo4. Jamoat tashkilotlari moliyasi
Jamoat tashkilotlari mamlakat jamoatchilik tizimining ajralmas qismidir. Ular jamiyat a’zolarining ma’lum soha yoki ijtimoiy guruhga, umumiy maqsadlarga, qiziqish yoki umumfuqarolik masalalarini hal qilishda bir xil yondashuvligi, g’oyaviy maqsadlar uchun birlashishi asosida vujudga keladi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, ijodiy uyushmalar, sport va boshqa ixtiyoriy birlashmalar, maxsus tashkiliy shakl asosida birlashgan va so’nggi yillarda keng ommalashib borayotgan maqsadli fondlar va hayriya fondlari bunga misol bo’ladi.
Jamoat tashkilotlari moliyasi quyidagi munosabatlarni o’z ichiga oladi:
jamoat tashkilotlari va ularning a’zolari o’rtasidagi jamoatga kirish va a’zolik badallarini to’lash, shuningdek jamoat tashkiloti bo’yicha har xil to’lovlar va imtiyozlarni qo’llash;
jamoat tashkilotlarining korxonalar, ishlab chiqarish birlashmalari va tashkilotlar bilan moliyaviy munosabatlari. Korxonalar tomonidan hayriyalar, shuningdek har xil madaniy tadbirlar va ko’rgazma, festivallar o’tkazish uchun mablag’lar ajratish;
jamoat birlashmalari ichida fondlarni tashkil qilish va foydalanish bo’yicha (ish haqi fondi, kapital qo’yilmalar) munosabatlar;
yuqori va quyi turuvchi jamoat tashkilotlari o’rtasida daromadlarini yuqori tashkilotga o’tkazish yoki yuqori tashkilotdan yordam olish;
jamoat tashkilotlari va ularga bo’ysinuvchi xo’jalik-ishlab chiqaruvchi tashkilotlar o’rtasidagi moliyaviy munosabatlar.
Jamoat tashkilotlari moliyasining shakllanishida birinchi omil fuqarolarning o’z xohishiga ko’ra birlashishi asosida yuzaga kelishidir. Shuning uchun pul fondlarini moddiy bazasi sifatida shakllantirish va ulardan foydalanish o’z xususiyatlariga ega. Mablag’lar tushishining asosiy manbai birlashmalarga kirish va a’zolik badallaridan tashkil topadi. Ikkinchi omil, jamoat birlashmalari ma’lum mulkka (imoratlar va asbob-uskunalar), korxonalar va ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan (sanoat, qurilish, nashriyot va boshqalar), shuningdek moliyaviy mablag’larga ega bo’ladi. Jamoat birlashmalari ulush asosidagi mulkka ham ega bo’lishi mumkin (masalan, tijorat banklari, qo’shma korxonalar va boshqalarni tashkil etishda). Natijada jamoat tashkilotlari moliyasi davlat tomonidan qisman boshqariladi, lekin asosan nizom bilan belgilangan bo’ladi. Jamoat birlashmalarining nizomida uning maqsadlari, vazifalari va boshqa tizimlar bilan hamkorlikning yo’nalishlari, shuningdek moliyaviy-moddiy ko’rinishdagi mablag’larning shakllanish tamoyillari o’z aksini topadi.
Jamoat birlashmalarining mulkidan foydalanishning o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, u ayrim olingan a’zolar uchun daromad manbai bo’ladi. Jamoat birlashmalarining barcha daromadlarlari umumiy xizmat ko’rsatishga, nizom ehtiyojlarini to’la qondirishga yo’naltiriladi. A’zolik badallarini to’lash va u yoki bu ko’rinishdagi moddiy yordam olish o’rtasida hech qanaqa bevosita bog’liqlik mavjud emas.
Jamoat birlashmalarining moliya rejasidagi daromad qismi jamoatga kirish va a’zolik badallaridan, xo’jalik asosidagi korxonalarning faoliyatidan va pulli tadbirlar asosida yuzaga keladigan daromadlardan tashkil topadi. Ijodiy birlashmalarni moliyalashtirish manbai bo’lib, shuningdek korxona va tashkilotlar foydasidan ajratiladigan maxsus pul ajratmalari ham bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bo’yicha, bu ko’rinishdagi foydadan ajratmalar daromad solig’idan ozod etilgan.
So’nggi yillarda jamoat birlashmalari nafaqat bepul, balki pulli xizmatlar doirasini (sport seksiyalari, tikuvchilik kurslari, sihatgohlarga yo’llanmalar va h. k.) va ularning daromad manbasini kengaytirmoqda. Bundan tashqari ayrim jamoat birlashmalari daromadlari tarkibida davlat byudjetidan ajratmalar ham bo’lishi mumkin.
Jamoat tashkilotlari va birlashmalari moliyaviy rejalarining xarajatlar qismida, jamoat birlashmalarining asosiy faoliyati va ular apparatini saqlash, kapital qurilish va kapital ta’mirlash, ma’muriy xo’jalik xarajatlari bilan bog’liq bo’lgan xarajatlar aks ettiriladi. Jamoat tashkilotlari va birlashmalari moliyaviy rejasining xarajat moddalarini aniqlashtirish mazkur birlashmalarning faoliyat xususiyatidan kelib chiqadi.
Ko’pchilik jamoat tashkilotlari va birlashmalari moliyaviy rejalarida halqaro aloqalar bo’yicha xarajatlar ham ko’zda tutiladi. Bunday xarajatlar tarkibiga quyidagilar kiradi: xorijiy delegatsiya vakillarini mamlakat ichida qabul qilib olish va chet ellarga safar xarajatlari, halqaro seminarlar, kongresslar, uchrashuvlar tashkil etish xarajatlari. Ayrim holatlarda ushbu xarajatlar halqaro tashkilotlarga a’zolik badallari uchun ham ishlatilishi mumkin, bunda ushbu jamoat birlashmalari halqaro tashkilotning haqiqiy a’zosi bo’lmog’i lozim. Jumladan, mamlakatimiz sport federasiyalari:
- alohida sport turlari bo’yicha halqaro sport federatsiyalariga a’zolik badallarini to’laydilar;
- halqaro federatsiya o’tkazayotgan sport tadbirida ishtirok etish uchun qatnashish badallarini to’laydi;
- o’yinlardan tushgan mablag’lardan ajratmalar qiladilar.
Jamoat tashkilotlari va birlashmalari o’z nizom faoliyatiga ko’ra odatda davlat byudjeti oldida hech qanday moliyaviy majburiyatlarga ega emas.
Jumladan, faxriylar, nogironlar jamoat birlashmalari, Qizil yarim oy jamiyati, ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati va h. k. lar soliqlardan to’la ozod etilgan.
Jamoat birlashmalari qoshida faoliyat yurituvchi korxonalar tijorat hisobi tamoyilida faoliyat yuritadilar. Shuning uchun ular moliyasini tashkil etish boshqa korxonalardagi asosiy xususiyatlar bilan umumiy bo’lib, asosiy fondlar va aylanma mablag’lar doiraviy aylanishini tashkil etish (nizom fondini shakllantirish), foyda olish va taqsimlash, byudjet bilan hisob-kitoblar odatdagi tartibda amalga oshiriladi.
Xo’jalik faoliyatidan daromadlarning o’sishi jamoat birlashmalariga o’z mulkini ko’paytirish va umumiy daromadlar so’mmasida a’zolik badallari ulushini kamaytirish imkonini beradi, jumladan, qurolli kuchlarga ko’maklashuv ko’ngilli jamiyatlarida xo’jalik faoliyatidan olingan daromadlar uning 80% atrofidagi xarajatlarini, a’zolik badallari esa, taxminan 20% ini qoplashga imkon berdi. Kinochilar uyushmasi, rassomlar uyushmasida a’zolik badallarining jami daromadlardagi ulushi 3% dan ortmaydi.
|
| |