1. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin




Download 73,03 Kb.
Sana19.07.2024
Hajmi73,03 Kb.
#267968
Bog'liq
2011 06.10.2009 (1)




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.71.00 O‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi (litseylar, kolledjlar)]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGINING O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
QARORI
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 6-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2011]
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qaror qiladi:
1. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kundan keyin kuchga kiradi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Sh. JAVLONOV
Toshkent sh.,,
2009-yil 4-sentabr,
39/QQ-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-sentabr,
27/QQ-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009-yil 4-sentabrdagi 39/QQ va 27/QQ-son qaroriga
ILOVA
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchi o‘quvchilarining (keyingi o‘rinlarda o‘quvchilar deb yuritiladi) yakuniy davlat attestatsiyasini (keyingi o‘rinlarda yakuniy attestatsiya deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida (keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb yuritiladi) yakuniy attestatsiya:
o‘quvchilarning bilim, malaka va ko‘nikma darajasining davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini kompleks baholash;
o‘quvchilarga kichik mutaxassis malaka darajasini berish masalasini hal etish;
o‘quvchilarga ta’lim muassasasini tugatganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom berish masalasini hal etish maqsadlarida o‘tkaziladi.
2. Yakuniy attestatsiya ta’lim muassasalarida turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari (keyingi o‘rinlarda DAK deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Yakuniy attestatsiyani o‘tkazish uchun bir ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlaridagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, bir nechta DAK tashkil etilishi mumkin.
4. DAKning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilarning bilim, malaka va ko‘nikma darajasining davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini kompleks baholash;
DAK bayonnomalarini rasmiylashtirish, yakuniy hisobot va tahliliy xulosalarini tayyorlash;
davlat imtihonlari va malakaviy bitiruv diplom ishi (loyiha)ni (keyingi o‘rinlarda malakaviy ish deb yuritiladi) himoyasini o‘tkazish kuni va sinov ishlarining shaklini aniqlash;
topshiriqlar to‘plamini va baholash mezonlarini tasdiqlash;
o‘quvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi (ta’rif razryadi)ni tasdiqlash;
ta’lim muassasasini tugatganligi to‘g‘risida o‘quvchiga davlat namunasidagi diplom berish masalasini hal etish.
Oldingi tahrirga qarang.
5. DAK o‘z faoliyatini mazkur Nizom va o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi hamda ta’lim mazmuniga qo‘yilgan Davlat ta’lim standartlari talablarini bajarishga yo‘naltirilgan boshqa qonunchilik hujjatlariga tayangan holda olib boradi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
6. Ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgan o‘quvchilar, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakuniy attestatsiyadan o‘tishlari majburiy.
II. Yakuniy attestatsiya sinovlari
7. Yakuniy attestatsiya quyidagi ko‘rinishdagi attestatsiya sinovlaridan iborat:
davlat imtihonlarini topshirish;
malakaviy ishni himoya qilish.
8. Akademik litseylarda davlat imtihonlari o‘quv rejadagi O‘zbekiston tarixi fani va chuqurlashtirilgan fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihonlardan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Kasb-hunar kollejlarida davlat imtihonlari o‘quv rejadagi O‘zbekiston tarixi fani, kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlar, malakaviy ish himoyasi yoki uning o‘rniga kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha imtihonlardan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda malakaviy ish himoyasi o‘rniga kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlarini topshirishga tavsiya etiladigan kasblar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tomonidan tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 17-sentabrdagi, 10/qq, 7-mh va 23-2018-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-3, 16.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/2011-3/2062-son)
Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari malakaviy ish himoyasi o‘rniga kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlarini topshirishni tanlash huquqiga ega.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Akademik litseylarda muayyan mutaxassislik (ta’lim yo‘nalishi) bo‘yicha yakuniy attestatsiya sinovlarining tarkibiy qismlari va ularni o‘tkazish muddati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejasiga muvofiq belgilanadi.
Kasb-hunar kollejlarida muayyan mutaxassislik (ta’lim yo‘nalishi) bo‘yicha yakuniy attestatsiya sinovlarining tarkibiy qismlari va ularni o‘tkazish muddati Kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejasiga muvofiq belgilanadi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 17-sentabrdagi, 10/qq, 7-mh va 23-2018-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-3, 16.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/2011-3/2062-son)
11. Davlat imtihonlarini o‘tkazish va malakaviy ishni himoya qilish jadvali ta’lim muassasasi direktori tomonidan yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida o‘ttiz kun oldin tasdiqlanadi.
12. Davlat imtihonlarining namunaviy savol va topshiriqlari mazmuni, hajmi va murakkablik darajasi tegishli fanning davlat ta’lim standarti (tarmoq ta’lim standarti)ga muvofiq o‘quv dasturida nazarda tutilgan materiallarni o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilganlik darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi shart.
III. DAK tarkibi
13. DAK a’zolari tarkibi 7 yoki 9 kishidan iborat bo‘lib, uning uchdan ikki qismi qatnashganda yakuniy attestatsiya vakolatli hisoblanadi.
14. Akademik litseylarda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, turdosh va mazkur ta’lim muassasasining tajribali, malakali o‘qituvchilari tarkibidan DAK shakllantiriladi.
Akademik litseylarda DAK a’zolari tarkibining kamida o‘ttiz foizini oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda turdosh ta’lim muassasasining vakillari tashkil etishi lozim.
15. Kasb-hunar kollejlarida ish beruvchi tashkilotlarning mutaxassislari, turdosh oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, vazirlik va idoralarning soha mutaxassislari hamda turdosh kasb-hunar kollejlari va mazkur ta’lim muassasasining tajribali, malakali maxsus fan o‘qituvchilari tarkibidan DAK shakllantiriladi.
Kasb-hunar kollejlarining maxsus fan o‘qituvchilari ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosarining tavsiyasi asosida DAK a’zolari tarkibiga kiritiladi.
Kasb-hunar kollejlarida DAK a’zolari tarkibining kamida qirq foizini ish beruvchi tashkilotlarning vakillari tashkil etishi lozim.
Madaniyat, san’at, musiqa kollejlarida DAK a’zolari tarkibining kamida yigirma foizini ish beruvchi tashkilotlar, shuningdek, turdosh oliy ta’lim muassasasi vakillari tashkil etishi lozim.
16. Yakuniy attestatsiya jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari ishtirok etishlari mumkin.
17. Yakuniy attestatsiyada vasiylik kengashi, fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va ota-onalar vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.
18. DAK a’zolari tarkibi ta’lim muassasasi direktorining vazirlik va idoralar, tegishli oliy ta’lim muassasalari, ish beruvchi tashkilotlar va turdosh ta’lim muassasalari rahbarlariga yo‘llagan yozma murojaatlariga ularning yuborgan rozilik xati asosida yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida qirq besh kun oldin shakllantiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. DAK raisi yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida ikki hafta oldin bir yil (kalendar yil) muddatga hududiy kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining (vazirlik, idora yoki oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun shu vazirlik, idora yoki oliy ta’lim muassasasi rahbarining), DAK a’zolari esa, ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 17-sentabrdagi, 10/qq, 7-mh va 23-2018-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-3, 16.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/2011-3/2062-son)
20. DAK raisi akademik litseylarda tayanch oliy ta’lim muassasasi rektori bilan kelishilgan holda mazkur oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari tarkibidan va kasb-hunar kollejlarida ish beruvchi tashkilotlar, shuningdek, turdosh oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari vakillari tarkibidan tanlanadi.
21. Bir kishi ketma-ket bir ta’lim muassasasida tegishli yo‘nalish (mutaxassislik) bo‘yicha ikki martadan ortiq DAK raisi bo‘lishi mumkin emas.
22. Ta’lim muassasasining direktori yoki uning o‘rinbosarlari (xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosaridan tashqari) DAK raisi o‘rinbosari hisoblanadi.
23. DAK raisi komissiya faoliyatini tashkillashtiradi, nazorat qiladi, uning xulosa va qarorlarini imzolaydi hamda o‘quvchilarga qo‘yilgan talablarning bir xilligini ta’minlaydi.
DAK raisi o‘rinbosari yakuniy attestatsiyani o‘z vaqtida sifatli o‘tkazishga hamda DAKning ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga mas’ul hisoblanadi.
24. DAK har yili yakuniy attestatsiyani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davridan boshlab keyingi o‘quv yili boshlangunga qadar faoliyat ko‘rsatadi.
IV. Yakuniy attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazish tartibi
1-§. Yakuniy attestatsiyani tashkil etish va o‘tkazishning umumiy qoidalari
25. O‘quv reja va dasturlarining barcha talablarini to‘liq bajargan o‘quvchi ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘iga asosan yakuniy attestatsiyaga qo‘yiladi.
26. Yakuniy attestatsiyada ijobiy baho olgan o‘quvchiga belgilangan tartibda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tamomlaganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. O‘quv rejasida nazarda tutilgan fanlardan yakuniy baholarining kamida 86 foizi “a’lo” va qolgan fanlardan “yaxshi” bo‘lgan, yakuniy attestatsiya sinovlaridan “a’lo” baholar olgan, namunali xulqqa ega bo‘lgan hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga imtiyozli diplom beriladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Yakuniy attestatsiya sinovlarining birortasidan “qoniqarsiz” baho olgan yoki unga uzrli sabab bilan kelmagan o‘quvchi boshqa sinovlar (davlat imtihonlari)ni topshirish huquqidan mahrum etilmaydi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2013-yil 18-noyabrdagi 49/QQ, 30-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-1, 26.11.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 48-son, 626-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
29. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasining belgilangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘qishning ta’lim dasturini bajargan, biroq yakuniy attestatsiyasida ishtirok etmagan yoki undan o‘tmagan 3-bosqich o‘quvchilari Pedagogik kengash qarori asosida DAK faoliyat ko‘rsatayotgan davrda 3 yil mobaynida yakuniy attestatsiyani qayta topshirish huquqiga ega.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2013-yil 18-noyabrdagi 49/QQ, 30-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-1, 26.11.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 48-son, 626-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
30. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi 367-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 1-son, 6-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq 3 yil mobaynida yakuniy attestatsiyani topshirmagan o‘quvchilar 3-bosqichda qayta o‘qish uchun ariza berishlari mumkin.
3-bosqichda qayta o‘qish uchun ariza bermagan o‘quvchiga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasining to‘liq kursini tamomlaganligi to‘g‘risida akademik ma’lumotnoma beriladi. Mazkur ma’lumotnomada semestr kesimida o‘quv rejasida belgilangan fanlarga mos o‘quv yuklamasi miqdori (soatda), o‘quvchining fanlar va amaliyotlardan to‘plagan reyting ballari, yakuniy attestatsiya sinovlari natijalari, o‘quvchilar safidan chetlashtirish sababi (buyruq raqami va sanasi), shuningdek ma’lumotnomaning qayd etilgan raqami va berilgan sanasi ko‘rsatilishi hamda u ta’lim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlanishi lozim.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2013-yil 18-noyabrdagi 49/QQ, 30-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-1, 26.11.2013-y.) tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 48-son, 626-modda)
2-§. Akademik litseylarda davlat imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
31. Akademik litsey o‘quvchilari uchun O‘zbekiston tarixi fanidan davlat imtihonlari test sinovlari shaklida mazkur bobning 3-paragrafi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
32. Chuqurlashtirilgan fanlar bo‘yicha davlat imtihonlari o‘quv rejalarining izoh qismida keltirilgan (oliy ta’lim muassasalariga kirishda test sinovlari topshiriladigan) fanlardan o‘tkaziladi.
33. Imtihonlar ona tili va adabiyot fanidan insho, matematika fanidan yozma, qolgan fanlardan og‘zaki sinovlar ko‘rinishida o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Davlat imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tayyorlangan va tasdiqlangan materiallar hamda mezonlar asosida o‘tkaziladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 17-sentabrdagi, 10/qq, 7-mh va 23-2018-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2011-3, 16.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/2011-3/2062-son)
35. Yozma ravishda o‘tkaziladigan davlat imtihonlari uchun ajratiladigan vaqt sarfi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-oktabrdagi 400-son “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tayanch o‘quv rejasida davlat attestatsiyasi uchun ko‘zda tutilgan soatlar doirasida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3-§. Kasb-hunar kollejlarida O‘zbekiston tarixi fani va kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlarini tashkil etish hamda o‘tkazish
(3-paragraf nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Kasb-hunar kollejlarida O‘zbekiston tarixi fani va kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihoni test sinovlari usulida o‘tkaziladi.
(36-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
Test sinovlarini tashkil etish hamda tartibli, xolisona va adolatli o‘tkazish mas’uliyati DAK a’zolari, auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklatiladi.
37. Auditoriya rahbari va kuzatuvchilar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining pedagog (test o‘tkaziladigan fan o‘qituvchilaridan tashqari), muhandis-pedagog, ishlab chiqarish ta’limi ustasi hamda taklif etilgan (umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘qituvchisi, jamoat tashkilotlari vakili va shu kabi)lar orasidan DAK tomonidan tanlab olinadi.
38. Test sinovlari topshiriqlari to‘plami o‘quv dasturlari mazmunini to‘liq qamrab olgan holda ta’lim muassasasi o‘qituvchilari tomonidan shakllantiriladi, tegishli bo‘lim (kafedra)larda muhokama qilinadi.
39. DAK test sinovlari topshiriqlari to‘plami asosida test sinovlari variantlarini tuzadi va ularning oshkor etilmasligini ta’minlaydi.
40. Test sinovlari topshiriqlari soni o‘quv guruhlari sonidan kam bo‘lmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston tarixi fani va kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha test sinovlari topshiriqlari fan dasturlari doirasida tuziladi. Test sinovlari topshiriqlari namunalari kamida bir oy oldin o‘quvchilarning e’tiboriga yetkazilishi lozim.
(40-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
41. Test sinovlari boshlangandan keyin hech kim sinov o‘tkazilayotgan auditoriyaga kiritilmaydi, o‘quvchilar test materiallarini o‘rnatilgan tartibda topshirmaguncha auditoriyadan chiqarilmaydi va test topshiriqlari bo‘yicha o‘quvchilar bilan savol-javoblar qilinmaydi.
42. Test sinovlari topshiriqlarida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarish ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik kengashi qaroriga muvofiq javoblar varag‘i orqali yoki axborot kommunikatsiya vositalari yetarli bo‘lgan ta’lim muassasalarida kompyuterlar yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
43. Test sinovlari topshiriqlari jami 72 ta savoldan iborat bo‘ladi. Topshiriqlarni bajarish uchun 2 astronomik soat, belgilangan javoblarni javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun qo‘shimcha 10 daqiqa vaqt beriladi.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
44. Test sinovlari jarayonida o‘quvchilar tomonidan darslik, o‘quv qo‘llanma, matn, shpargalka, uyali telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Test topshirish qoidalariga rioya qilmagan o‘quvchilar test sinovidan chetlashtiriladi va bu haqda o‘sha zahoti dalolatnoma tuziladi.
45. Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng auditoriya rahbari test sinovi tugaganligini rasman e’lon qiladi, o‘quvchilardan test materiallarini qabul qilib oladi va ularni yelimlangan paketda DAKga topshiradi.
46. DAK tomonidan test sinovlari topshiriqlarini yakuniy baholashda topshiriqlarning 86 — 100 foizi to‘g‘ri bajarilgan holda 5 baho, 71 — 85 foizi to‘g‘ri bajarilgan holda 4 baho, 56 — 70 foizi to‘g‘ri bajarilgan holda 3 baho va 56 foizgacha to‘g‘ri bajarilgan holda 2 baho qo‘yiladi.
47. DAKning xulosasi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada test sinovlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar, o‘quvchining bahosi qayd etiladi. Bayonnoma DAK raisi, a’zolari va kotibi tomonidan imzolanadi.
4-§. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish
48. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihon kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining egallagan kasb-hunari bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarining shakllanganligi hamda kasbiy tayyorgarlik darajasi (ta’rif razryadi)ni aniqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
49. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlar o‘quv rejasiga muvofiq ishlab chiqarish amaliyotlari tugagandan hamda O‘zbekiston tarixi fani bo‘yicha davlat imtihoni topshirilganidan so‘ng malakaviy ish himoyasidan yoki kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlaridan oldin o‘tkaziladi.
O‘quv rejasiga muvofiq yakuniy attestatsiyani o‘tkazishga ajratilgan ikki haftaning birinchi haftasida O‘zbekiston tarixi fani va kasblar bo‘yicha amaliy imtihon, ikkinchi haftasida malakaviy ish himoyasi yoki kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlari rejalashtiriladi.
Kasblar bo‘yicha amaliy imtihon bilan malakaviy ish himoyasi yoki kasbiy fanlar majmualari bo‘yicha davlat imtihonlari oralig‘ida o‘quvchining tayyorgarlik ko‘rishi uchun kamida uch kun vaqt ajratilishi lozim.
(47-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2016-yil 2-maydagi, 42/QQ, 11/QQ-sonli (ro‘yxat raqami 2011-2, 06.05.2016-y.) qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 209-modda)
50. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarni o‘tkazish shakli, beriladigan topshiriqlar mazmuni egallanayotgan kasbning xususiyati va kasbiy faoliyatning mazmuniga oid ko‘rsatkichlardan kelib chiqib belgilanadi.
51. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlar ta’lim muassasasining o‘quv ustaxonasi, laboratoriyasi yoki ishlab chiqarish korxonalari (texnologik jarayonlar bilan bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha) bazasida tashkil etiladi.
52. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihon topshiriqlarining variantlari ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari, kasb-hunar kollejining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari, bosh usta, maxsus fan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari tomonidan kompleks ishlar ko‘rinishida tanlanadi hamda kasblar bo‘yicha amaliy imtihon topshiriqlarini bajarishga kerak bo‘ladigan xomashyo materiallari, chizmalar, texnologik xarita, o‘lchash va kesish asbob-uskunalari ro‘yxati aniqlanadi.
Kasblar bo‘yicha amaliy imtihon topshiriqlari yo‘nalishning tarmoq ta’lim standarti talablaridan kelib chiqqan holda tuziladi.
53. Amaliy imtihon topshiriqlarini bajarish uchun ketadigan vaqt me’yori har bir kasbning murakkabligi va xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
54. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun ta’lim muassasasi ish o‘rinlarini kerakli jihozlar, o‘lchov asbob-uskunalari, texnik hujjatlar hamda xomashyo materiallari bilan ta’minlaydi.
55. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlar boshlanishidan oldin DAK a’zolaridan biri o‘quvchilarni topshiriqlar mazmuni, texnik shartlar, baholash mezoni, vaqt me’yori va xavfsizlik texnikasi qoidalari bilan tanishtiradi.
Topshiriqlarni bajarish jarayonida operatsiyalarning bajarilish ketma-ketligini har bir o‘quvchi o‘zi mustaqil aniqlaydi.
56. DAKning kasblar bo‘yicha amaliy imtihon xulosasi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada kasblar bo‘yicha amaliy imtihonning natijalari umumlashtiriladi, kasbiy amaliy imtihon natijalari bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik darajasi (ta’rif razryadi)ni berish to‘g‘risidagi qaror va imtihonni o‘tkazish bo‘yicha bildirilgan fikr-mulohazalar qayd etiladi.
Bayonnoma DAK raisi, a’zolari va kotibi tomonidan imzolanadi.
57. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarni o‘tkazish uchun talab etiladigan xarajatlar ta’lim muassasasining tasdiqlangan xarajatlar smetasida ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.
58. Kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarning xarajatlari ish beruvchi tashkilotlar, vasiy va homiylar yoki ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
59. Ta’lim muassasasining hisobxona bo‘limi kasblar bo‘yicha amaliy imtihonlarni o‘tkazish uchun xomashyoga talab etiladigan sarf-xarajatlarni o‘quv ishlari va ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari bilan birgalikda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiradi.
V. Malakaviy ish himoyasini tashkil etish va o‘tkazish
60. Malakaviy ish himoyasi kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan topshiriladigan yakuniy attestatsiya sinovi hisoblanadi.
61. Malakaviy ish mavzulari o‘quvchilarga III-kurs boshlanganidan so‘ng uch oy davomida taqsimot qilinadi.
62. Malakaviy ish o‘quvchilar tomonidan tayyorlagan turli buyum, qurilma (jihoz, maket va shu kabilar), jarayon va hodisalarning fizik, mexanik, kimyoviy xususiyat yoki xossalarini o‘rganishga imkon beruvchi asbob-uskunalar va elektron asboblar majmuasi ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin.
63. Malakaviy ishni tashkil etish va uning bajarilishini nazorat qilish kasb-hunar kollejining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari zimmasiga yuklatiladi.
64. Malakaviy ish monitoringi bo‘lim (kafedra) mudirlari hamda malakaviy ish rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
65. Malakaviy ish mavzulari kasb-hunar kollejining maxsus fan o‘qituvchilari hamda ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda tuzilib, bo‘lim (kafedra) yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.
Malakaviy ish mavzulari ro‘yxati va ularning o‘quvchilar orasidagi taqsimoti kasb-hunar kollejining ilmiy-pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Malakaviy ish mavzulari har o‘quv yilida qayta ko‘rib chiqiladi.
66. Malakaviy ishning tuzilmasi quyidagilardan tarkib topadi:
titul varag‘i;
malakaviy ishning tavsifi;
mundarija;
kirish (mavzuning mohiyati, dolzarbligi, maqsadning qo‘yilishi);
nazariy qism (asosiy tushuncha, dalil, tamoyil, kategoriya va ular orasidagi bog‘lanishlar, ishlab chiqarish texnologiyasining nazariy asoslari va shu kabilar);
texnologik qism (tarmoqning zamonaviy texnologik tamoyillari, belgilangan vazifani hal etish usullari);
jihozlash qismi (tarmoq texnologiyasi bo‘yicha jihozlar va uskunalar haqida ma’lumot, texnikaviy va foydalanish tavsifnomalari);
iqtisodiy qism (texnik-iqtisodiy samaradorlik tahlili, texnik samaradorlikni asoslash, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil etish va boshqarish maqsadlari);
mehnat muhofazasi qismi (xavfsizlik texnikasi, elektr xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, sanoat sanitariyasi, mehnat gigiyenasi);
xulosa (malakaviy ish natijalarini umumlashtirish, qiyosiy baholash, muammoni hal etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar);
foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (rahbariy va ilmiy adabiyotlar, mavzuga oid darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari ro‘yxati hamda internet ma’lumotlari);
ilova (fotosuratlar, ishchi va boshqa hujjatlar, yordamchi ma’lumotlar, jadvallar, chizmalar, grafiklar va slaydlar).
Mutaxassisliklar xususiyatidan kelib chiqib, malakaviy ish tuzilmasining qismlariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
67. Malakaviy ish quyidagi ko‘rinishlarda bajariladi:
a) tajribaviy-amaliy malakaviy ishi — mavjud texnologik jarayonni chuqurroq tahliliy o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, muayyan muammoni yechishga qaratilgan bo‘ladi;
b) sinov-tadqiqot malakaviy ishi — mavjud texnologik jarayonni takomillashtirish maqsadida kichik tadqiqot o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Unda sinov o‘tkazish rejasi, sinov ishlari usullarining tavsifnomalari, sinovning asosiy bosqichlari, tajribaviy sinov ishi natijalarining tahlili va olingan natijalarni amaliy qo‘llash imkoniyatlari haqida tavsiyalardan iborat bo‘ladi;
v) loyiha malakaviy ishi — mazmunan yangi texnologik jarayon ishlanmasi yoki yangi mahsulotni yaratishdan iborat ijodiy faoliyat mahsuli.
68. Malakaviy ish loyiha ko‘rinishida bajarilganda, u ko‘pi bilan to‘rt nafar o‘quvchidan iborat guruh tomonidan amalga oshirilishi ham mumkin. Bunday hollarda har bir o‘quvchiga individual topshiriqlar beriladi.
69. Loyiha malakaviy ishi guruh tomonidan bajarilganda, har bir o‘quvchining malakaviy ishni bajarishga qo‘shgan hissasi aniq ko‘rsatilishi shart.
70. Malakaviy ish mavzuining mazmuni ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisligiga mos kelishi hamda tarmoqdagi yangi texnologik jarayonlarni tashkil etishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
71. Malakaviy ishni bajaruvchi o‘quvchining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
mavzuga mos adabiyotlarni tanlash va ularni tahlil qilish;
malakaviy ishning bajarilish jadvaliga rioya qilish;
malakaviy ishni sifatli bajarish;
malakaviy ish bo‘yicha taqdimot tayyorlash;
malakaviy ishni belgilangan muddatda himoya qilish.
72. Malakaviy ish rahbarining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
malakaviy ish mavzui bo‘yicha individual topshiriqlarni ishlab chiqish;
malakaviy ishning mazmuni va bajarish ketma-ketligi bo‘yicha maslahatlar berish;
mavzuga mos adabiyotlar tanlash va ularni tahlil qilish jarayonida o‘quvchilarga amaliy yordamlar ko‘rsatish;
malakaviy ishning bajarilish taqvim rejasini ishlab chiqish va o‘quvchi tomonidan uning mustaqil bajarilishini nazorat qilish;
malakaviy ishga yozma xulosa tayyorlash;
ish beruvchi tashkilotlardan taqriz olinishini muvofiqlashtirish;
malakaviy ish himoyasida ishtirok etish.
73. Malakaviy ish rahbari o‘quvchi bajargan malakaviy ishning mazmuni, sifati hamda olingan natijalar va mavjud ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun mas’ul hisoblanadi.
74. Malakaviy ish rahbarining taklifiga binoan ishning ayrim bo‘limlari bo‘yicha kasb-hunar kollejining o‘qituvchilari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ish beruvchi tashkilotlarning mutaxassislari maslahatchilar sifatida jalb etilishi mumkin.
75. Malakaviy ishni rasmiylashtirishga quyidagi talablar qo‘yiladi:
malakaviy ishning matni 210 x 297 mm o‘lchamdagi A-4 formatdagi yozuv qog‘ozining bir tomoniga yozilgan, qo‘l yozma shaklida 60 betdan (madaniyat va sport hamda san’at yo‘nalishlarida 25 betdan) va kompyuter yordamida 30 betdan (madaniyat va sport hamda san’at yo‘nalishlarida 10 betdan) kam bo‘lmagan hajmda tayyorlanadi. Kompyuterda Times New Roman nomli 12 o‘lchamli shriftda, 1,5 yoki 2 intervalda yozilishi lozim. Har bir bet hoshiyasi yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, o‘ngdan 2 sm bo‘lishi, xatboshi besh-olti belgiga teng va bir xilda bo‘lishi lozim;
malakaviy ishning titul varag‘idan tashqari barcha varaqlari raqamlanadi;
malakaviy ishning grafik, chizmalar qismi qo‘lda yoki maxsus dasturlar yordamida kompyuterda A1 yoki A3 formatda bajariladi;
malakaviy ish uchun zarur bo‘lgan formula yoki rasmlar qaysi manbadan olinganligi ko‘rsatiladi;
tushuntiruv yozuvi bo‘lim yoki kichik bo‘limlarga bo‘linadi. Har bir bo‘lim alohida sahifadan boshlanadi va alohida tartib raqamga ega bo‘ladi. Masalan: 1, 2, 3, .... ; har bir kichik bo‘lim esa quyidagicha belgilanadi: 2.1, 3.2, 4.2, ... ; sarlavhalar simmetrik ravishda yoziladi. Sarlavha va matn orasidagi masofa 3-4 interval bo‘lishi lozim;
foydalanilgan adabiyotlar to‘g‘risida muallifning ism-familiyasi, adabiyotning nomi, qayerda va qachon chop etilganligi, davriy nashrlardan foydalanilgan taqdirda, foydalanilgan gazeta (jurnal) nomi va sanasi yoziladi;
malakaviy ishda keltirilgan rasm, jadval hamda chizma (sxema)larning barchasi ketma-ket raqamlanadi.
76. Malakaviy ish to‘liq bajarilgach, 1 nusxada muqovalanadi.
77. Ta’lim muassasasining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari malakaviy ishga malakaviy ish rahbari taqrizidan tashqari xolis tomon taqrizini ham olinishini ta’minlaydi. Xolis taqriz malakaviy ish mavzuiga aloqador tashkilotlarning mutaxassislaridan yoki mazkur ta’lim muassasasining umumkasbiy yoki maxsus fan o‘qituvchisi tomonidan olinadi.
78. Taqriz asosan quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
malakaviy ish mazmunining berilgan mavzuga mosligi to‘g‘risida xulosa;
malakaviy ishdagi har bir bo‘limning bajarilish mazmuni va sifatiga berilgan baho;
qo‘yilgan masalalarning yechilish darajasini, ishning nazariy va amaliy qiymatini baholash;
taqdim etilgan malakaviy ishning talab darajasida rasmiylashtirish darajasini baholash.
79. Taqrizning mazmuni bilan o‘quvchi malakaviy ish himoyasidan kamida 3 kun avval tanishtirilishi kerak.
80. Ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan malakaviy ish himoyasidan oldin DAKga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
tarmoq ta’lim standarti;
Oldingi tahrirga qarang.
yakuniy attestatsiyani o‘tkazishga oid qonunchilik hujjatlari;
(80-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
o‘quvchilarni yakuniy attestatsiyaga ruxsat etilganligi to‘g‘risidagi ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i;
kasblar bo‘yicha amaliy imtihon natijalari;
tashkilotlarning biridan ishlab chiqarish amaliyoti natijalari bo‘yicha o‘quvchiga berilgan kasbiy tayyorgarlik daraja (ta’rif razryadi)si;
o‘quv rejaga kiritilgan barcha fanlarni o‘quvchining o‘zlashtirganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
o‘quvchining reyting daftarchasi;
DAKning majlislar bayoni kitobi.
81. Malakaviy ish himoyasi o‘quv rejasida belgilangan yakuniy attestatsiya uchun ajratilgan ikki hafta davomida kasblar bo‘yicha amaliy imtihondan so‘ng o‘tkaziladi.
82. Malakaviy ish himoyasida har bir o‘quvchiga o‘zining ishini taqdimot qilishi uchun 15 — 20 daqiqa vaqt ajratiladi, taqdimot tugagandan so‘ng malakaviy ishga berilgan xulosa va taqrizlar o‘qib eshittiriladi.
83. Malakaviy ish himoyasini baholash DAK tomonidan tasdiqlangan mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Yakuniy bahoni belgilashda baholash varaqasida quyidagilar hisobga olinadi:
mavzuning dolzarbligi;
malakaviy ishning sifati va rasmiylashtirilishi;
o‘quvchining loyiha bo‘yicha taqdimoti;
o‘quvchining berilgan savollarga javobi;
o‘quvchining nazariy va amaliy jihatdan tayyorgarligi;
malakaviy ish rahbarining xulosasi;
taqrizchining bahosi.
84. Malakaviy ish himoyasining bahosi DAKning majlisida ochiq ovoz berish orqali ko‘pchilik ovoz bilan hal etiladi. Bunda, o‘quvchining kasblar bo‘yicha amaliy imtihon va malakaviy ish himoyasidan olgan natijalari hisobga olinadi (ovozlar soni teng bo‘lib qolgan taqdirda, natija o‘quvchining foydasiga hal etiladi).
85. DAKning yakuniy kengash qarorida o‘quvchiga berilgan kasbiy tayyorgarlik darajasi (ta’rif razryadi)ni tasdiqlash, tegishli kasblarni egallagani hamda kasb-hunar kollejini tamomlagani to‘g‘risida davlat namunasidagi diplomni berish bo‘yicha xulosalar aks ettiriladi.
DAKning qarori o‘quvchining ta’lim muassasasini tugatganligi yoki uni o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asos bo‘ladi.
86. Yakuniy attestatsiya sinovlari bo‘yicha tuzilgan hisobotlar va malakaviy ishlar, ta’lim muassasasi arxivida 4 yil davomida saqlanadi.
Belgilangan muddat tugagandan so‘ng ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i bo‘yicha tashkil etilgan komissiya majlisi qaroriga ko‘ra malakaviy ishlar o‘rnatilgan tartibda hisobdan chiqariladi.
VI. Yakuniy qoidalar
87. Yakuniy attestatsiya sinovlarida olgan bahosiga e’tiroz bildirgan o‘quvchilarning arizasini ko‘rib chiqish uchun ta’lim muassasasi direktori buyrug‘i bilan apellatsiya komissiyasi tuziladi. Mazkur buyruq bilan apellatsiya komissiyasining tarkibi, ishlash tartibi va vakolatlari rasmiylashtiriladi hamda yakuniy attestatsiya boshlanishidan kamida ikki hafta oldin o‘quvchilar e’tiboriga yetkaziladi.
88. Yakuniy attestatsiya sinovlari jarayonida qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan o‘quvchi faqat yakuniy attestatsiya baholari e’lon qilingan paytda apellatsiya komissiyasiga yozma murojaat qilish huquqiga ega. Apellatsiya komissiyasi shu kunning o‘zida bevosita joyida arizachining murojaatini hal etadi va tegishli qaror qabul qiladi. Boshqa kunlari o‘quvchi tomonidan bildirilgan e’tiroz va shikoyatlar ko‘rib chiqilmaydi.
89. Ta’lim muassasasi ilmiy-pedagogik kengashiga DAK raisi tahliliy hisobot taqdim etadi.
90. Ushbu Nizom idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasidagi barcha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga tatbiq etiladi.
91. Mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan barcha tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan xarajatlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining tasdiqlangan xarajatlar smetasida ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lari doirasida hamda budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
92. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha nizolar qonunchilik hujjatlari asosida hal qilinadi.
(92-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
93. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2009-yil 20-avgust
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
2009-yil 19-avgust
Madaniyat va sport ishlari vaziri A. JABBOROV
2009-yil 25-avgust
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri S. ISMOILOV
2009-yil 18-avgust
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi T. QO‘ZIYEV
2009-yil 27-avgust
Davlat soliq qo‘mitasi raisi B. PARPIYEV
2009-yil 26-avgust
“O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK boshqaruv raisi A. RAMATOV
2009-yil 21-avgust


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 41-son, 443-modda; 2013-y., 48-son, 626-modda; 2016-y., 18-son, 209-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/2011-3/2062-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

Download 73,03 Kb.




Download 73,03 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



1. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin

Download 73,03 Kb.