|
10-mavzu: Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlari hisobi. Reja: Dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining tasnifi, hisobining uslubiy asoslari va vazifalari
|
bet | 1/6 | Sana | 15.11.2023 | Hajmi | 46,45 Kb. | | #99073 |
Bog'liq 10-mavzu Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish xarajat-fayllar.org
10-mavzu: Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlari hisobi. Reja: Dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining tasnifi, hisobining uslubiy asoslari va vazifalari
10-mavzu: Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlari hisobi.
Reja:
1. Dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining tasnifi, hisobining uslubiy asoslari va vazifalari.
2. Dehqonchilik va chorvachilik xarajatlarining hisob ob’yektlari va moddalari.
3. Tugallanmagan ishlab chiqarish xarajatlari.
1. Dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining tasnifi, hisobining uslubiy asoslari va vazifalari.
Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish tarmoqda ishlab chiqarish resurslari (mehnat, yer, suv va moddiy va boshqa)ni ishlatish bilan chambarchas bog’langan, qaysiki ishlab chiqarish jarayonida qisman yoki butunlay iste’mol qilinadi, ularning qiymati esa tayyor mahsulotga o’tadi. Iste’mol qilingan va mahsulotga o’tkazilgan ishlab chiqarish resurslarining jami yig’indisi mahsulotni ishlab chiqarish xarajatlari deyiladi. Ishlab chiqarish xarajatlari ikki xil bo’ladi: ijtimoiy xarajatlar va korxona xarajatlari. Ijtimoiy xarajatlar bu jamiyatning u yoki bu mahsulot ishlab chiqarish uchun qilingan xarajatlarining jamidir. Ular mahsulot qiymatidan tashkil topadi va o’z ichiga quyidagilarni oladi:
1.Bevosita va bilvosita mehnat haqi xarajatlari (ajratmalari bilan;
2.Yagona yer solig’i;
3.Iste’mol qilingan moddiy resurslar qiymati;
4.Qo’shimcha mahsulot qiymati.
Dehqonchilik qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholining oziq-ovqatga, sanoatning esa xom ashyoga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi, chorvachilikni yem-xashak bilan ta’minlaydi va bu tarmoqning rivojlanishida zamin hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga doir hukumat qarorlariga ko‘ra dehqonchilikda yaqin kelajakda don ekinlarining hosildorligini oshirish hisobiga olinadigan donning yillik o‘rtacha yalpi miqdorini jiddiy o‘stirishni, qishloq xo‘jalik mahsulotlari (paxta, kartoshka va sabzavot, shuningdek, meva, rezavor, uzum) ishlabchiqarishni oshirishni ta’minlash nazarda tutiladi.
Dehqonchilik tarmog‘ining muhim vazifalaridan biri chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish va ozuqa ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir. Bu vazifalarni bajarish qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika ta’minotini har tomonlama mustahkamlash, dehkonchilikni ximiyalashtirish, kompleks mexanizatsiyalashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yo‘li bilan intensifikatsiyalash tadbirlarini amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Bu vazifalarning hal etilishida dehqonchilik tarmoqlariga qilinadigan xarajatlar va undan olinadigan mahsulotlarni aniq hamda o‘z vaqtida hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Dehqonchilik qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining o‘ta o‘ziga xos xususiyatlarga ega tarmog‘idir. Dehqonchilik tarmog‘ida mablag‘larning aylanishiga ishlab chiqarishning mavsumiylik xususiyati, jumladan ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulotlar olinishi o‘rtasidagi uzilish jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Dehqonchilik sohasiga ishlab chiqarish xarajatlari uzoq vaqt davomida qilinadi va o‘ta notekis tusda bo‘ladi. Sarflangan mablag‘larning qoplanishi mahsulotlarning chiqishi, pishib etilishining tabiiy sharoitlari bilan belgilanadi. Bu xususiyatlarning barchasi, tabiiyki, ushbu sohada xarajatlarni hisobga olishni tashkil qilishda nazarda tutilishi lozim.
Dehqonchilikda ishlab chiqarish jarayoni uzoq davom etishi hamda xarajatlar bir-biri bilan bog‘langan ikki yil hosili uchun parallel qilinishi tufayli, buxgalteriya hisobida ular yillar bo‘yicha aniq chegaralanishi lozim. Shuning uchun qishloq xo‘jalik xo‘jaliklarining dehqonchilik xarajatlari buxgalteriya hisobida ikki qismga: joriy yildagi hamda kelgusi yil hosili uchun qilingan xarajatlarga bo‘linadi.
Bundan tashqari, dehqonchilikda xarajatlar ayrim ishlab chiqarishlarda ko‘pincha konkret ekinlarni o‘stirish uchun ham amalga oshiriladi. Bu ham buxgalteriya hisobida aniq aks ettirilishi lozim. Shuning uchun boshqaruv hisobida ishlab chiqarish xarajatlarining analitik hisobi ishlab chiqarish turlari va tegishli ekinlarni parvarish qilish bo‘yicha tashkil etiladi.
Dehqonchilikdagi ishlab chiqarish – bir vaqtda amalga oshiriladigan jarayon emas. Ishlab chiqarish jarayoni yilning turli fasllarida (kuz, qish, bahor va yozda) bajariladigan har xil turdagi ishlardan tarkib topadi. Dehqonchilikdagi ishlab chiqarishning texnologik jarayoni quyidagi asosiy ishlar majmuidan iborat: tuproqni ekishga tayyorlash, ekish, ekinlarni parvarish qilish, hosilni yig‘ishtirish. Bu majmuilarning har biri ko‘p sonli aniq ishlardan, masalan, tuproqni ekishga tayyorlash, haydash, boronalash, mola bostirish, g‘altaklash, kultivatsiyalash va shunga o‘xshashlardan iborat. Demak, qilinadigan xarajatlar buxgalteriya hisobida bajarilgan ish turlari bo‘yicha chegaralanishi lozim.
Dehqonchilik ishlab chiqarishi jarayonida muayyan ishlarni bajarishda turli xarajatlar qilinadi: neft mahsulotlari, urug‘lik, o‘g‘it sarflanadi, mashinalar va boshqa asosiy ishlab chiqarish vositalari qisman eskiradi, xodimlarga mehnat haqi hisoblanadi va to‘lanadi va hokazolar.
Bunday xarajatlarning barchasi hisobda alohida-alohida to‘planishi lozim. Demak, boshqaruv hisobida dehqonchilik xarajatlarining hisobi umumiy summa bilan emas, balki xarajat moddalari bo‘yicha yuritilishi kerak.
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining tarqoqligi tufayli bir turdagi ishlar va xarajatlar xo‘jalikning turli bo‘linmalarida bir vaqtda qilinishi mumkin. Boshqaruv
buxgalteriya hisobi dehqonchilikdagi xarajatlarning mas’uliyat markazlari bo‘yicha chegaralanishini ta’minlashi lozim.
Shunday qilib, dehqonchilik tarmog‘idagi ishlab chiqarish jarayonining xususiyatlariga ko‘ra hisobda xarajatlar va tegishli yakuniy ma’lumotlarning olinishi quyidagilar bo‘yicha chegaralanishi lozim:
- ishlab chiqarishning yondash yillari bo‘yicha;
- ishlab chiqarish va ekinlarning asosiy turlari bo‘yicha;
- bajariladigan ishlarning asosiy turlari bo‘yicha;
- xarajatlarning asosiy moddalari (turlari) bo‘yicha;
- mas’uliyat markazlari bo‘yicha.
Birinchi belgiga ko‘ra, xarajatlar haqida ishlab chiqarish yillari bo‘yicha ma’lumotlarni alohida-alohida olinishi joriy yil va kelgusi yil mahsulotlari uchun xarajatlarning alohida analitik schyotlarini ochish hisobiga ta’minlanadi. Odatda, har bir yil boshida oldingi yildan o‘tgan xarajatlar joriy yildagi mahsulot xarajatlariga qo‘shiladi (nomenklatura hisobi muvofiq kelmagan hollarda ular alohida moddalar bo‘yicha taqsimlanadi); kelgusi yil hosiliga qilingan xarajatlar alohida ajratiladi.
Xarajatlarni turlari bo‘yicha chegaralash, ya’ni ularni moddalar bo‘yicha hisobga olish schyotlarning shakllarini tegishli tarzda tuzish hisobiga ta’minlanadi. Ishlab chiqarishga qilingan xarajatlar hisobi ko‘p grafali registrlarda olib borilib, unda ochilayotgan schyot bo‘yicha xarajatlarning har bir turini hisobga olish uchun alohida grafalar ajratiladi.
Xarajatlarni xo‘jalik bo‘linmalari bo‘yicha chegaralash, odatda, analitik hisobni tegishli tarzda tashkil etish hisobiga ta’minlanadi. Odatda, bu maqsadlarda ishlab chiqarish hisobotlari yoki ularning o‘rnini bosuvchi registrlardan foydalaniladi.
Xarajatlarning ishlab chiqarish, ekin va bajariladigan ishlar turlari bo‘yicha chegaralanishi, ularni hisobga olishning turli uslublarini qo‘llash orqali ta’minlanishi mumkin. Dehqonchilikda xarajatlarni hisobga olish va tashkil qilishning bir necha uslublari mavjud.
Bajarilgan ishlarni hisobga olish uslublaridagi farqlarga qaramay dehqonchilikda xarajatlarni hisobga olishning yagona tamoyili parvarishlanayotgan ekin turlari yoki ekinlar guruhi bo‘yicha analitik schyotlar ochishdir.
Dehqonchilik tarmog‘i bo‘yicha boshqaruv hisobida quyidagi vazifalar hal etilishi lozim:
xarajatlarning asosiy ishlab chiqarish, ekinlar va ekin guruhlari bo‘yicha to‘g‘ri hamda iqtisodiy asoslangan holda chegaralanishi;
xarajatlarning asosiy moddalari: mehnat, urug‘lik, o‘g‘it, yonilg‘i, yordamchi ishlab chiqarishlar xarajatlari va tarmoqqa taalluqli boshqa xarajatlar bo‘yicha kerakli ma’lumotlar olinishini ta’minlash;
olinayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini o‘z vaqtida hamda to‘liq hisobga olish;
mahsulot tannarxini hisoblash uchun zarur bo‘lgan axborotlarni iqtisodiy asoslangan holda bir tizimga keltirish va umumlashtirish;
xarajatlarni yondosh yillar ishlab chiqarishi bilan mahsulot olinadigan kelgusi qishloq xo‘jalik davrlariga taalluqli xarajatlarni doimo ajratib (kuzgi ekinlar, ko‘p yillik o‘tlar, shudgorlash va shu kabilarning xarajatlari) aniq hamda iqtisodiy asoslangan holda chegaralash;
tezkor nazorat va rahbarlikni amalga oshirish uchun xarajatlar haqida zarur axborot berishni ta’minlash.
Chorvachilik tarmog‘i aholining sut, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatning esa xom-ashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida islohotlarning chuqurlashtirish natijasida chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) va xususiy chorvachilik xo‘jaliklari rivojlanmoqda. Ushbu tarmoq rivojlanishidagi bunday yo‘nalish mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish, mehnat unumdorligini oshirish mahsulot sifatini yaxshilash va tannarxini arzonlashtirishga imkon yaratmoqda.
Chorvachilik o‘simlikchilik bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i bo‘lib, uning tarkibiga sut va go‘sht yo‘nalishidagi qoramolchilik, qo‘ychilik, cho‘chqachilik, yilqichilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, ipakchilik, baliqchilik va boshqalar kiradi. O‘z navbatida bu tarmoqlarning har biri mahsulotning ayrim turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan holda muayyan ishlab chiqarishlarni: qoramolchilik – sut chorvachiligini hamda mol go‘shti, parrandachilik – tuxum hamda parhez go‘sht yetishtirishni o‘z ichiga oladi.
Shunga ko‘ra, chorvachilikdagi xarajatlar ishlab chiqarish sohalari va turlari bo‘yicha farqlanadi. Bu esa buxgalteriya hisobida o‘z aksini topishi kerak.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi chorvachilikda ham ishlab chiqarish xarajatlari xilma-xil. Ular turli xildagi moddiy xarajatlarni (ozuqa, biopreparatlar, dori-darmonlar, turli Materiallar va hokazolar), sarflangan mehnat, asosiy vositalarning eskirishi va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Demak, buxgalteriya hisobi chorvachilik xarajatlarini ularning turlari bo‘yicha qat’iy hisobga olishni ta’minlashi kerak.
Chorvachilikda mablag‘larning doiraviy aylanishi dehqonchilikdagiga qaraganda muhim farq va xususiyatlarga ega. Tarmog‘da ishlab chiqarishning texnologik jarayoni muomalalarning bir maromda sodir bo‘lishi va bir xilligi bilan o‘simlikchilikdagidan farq qiladi. Bu xususiyatlar albatta, tabiiyki, xarajatlarni hisobga olishni tashkil etishga ta’sir ko‘rsatadi.
Chorvachilikda, odatda, mablag‘lar sarflanishi va mahsulotlar olish davrlarida uzulishlar uzoq davom etmaydi. Shu bois, joriy yildagi barcha xarajatlar mazkur kalendar yilida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga tegishli bo‘ladi. Demak, buxgalteriya hisobida chorvachilik xarajatlarini, dehqonchilikdagi singari, yondash yillarga ajratish zaruriyati yo‘q. Chorvachilikdagi barcha xarajatlar joriy yil mahsulotlari uchun qilinadigan xarajatlar hisobga olinadigan schyotlarda aks ettiriladi.
Chorvachilikda dehqonchilikdagi singari bajariladigan ishlar ham xilma-xil bo‘lmaydi. Bunda ishlab chiqarishning texnologik jarayoni bajariladigan ishlar (oziqlantirish, mollarga qarash va mahsulot olish)ning bir xilligi bilan tavsiflanadi. Bu ishlarning hammasi, odatda, uzluksiz davom etadi va vaqt bo‘yicha qat’iy chegaralanmaydi. Demak, buxgalteriya hisobida xarajatlarni mana shu belgilar bo‘yicha bo‘limlarga ajratish uchun ehtiyoj yo‘q.
Nihoyat, chorvachilikda ishlab chiqarish jarayoni, odatda, bir joyga jamlangan bo‘ladi. Masalan, sut ishlab chiqarish sutchilik majmuilarida va hokazo. Shunday ekan, buxgalteriya hisobida xarajatlarni ayrim ishlab chiqarish bo‘linmalari bo‘yicha hisobga olishga ham ehtiyoj yo‘q.
Shunday qilib, chorvachilikda ishlab chiqarish xarajatlarini yondash yillar, ish turlari va ba’zan ishlab chiqarish bo‘linmalari kabi muhim belgilar bo‘yicha alohida-alohida hisobga olishga ehtiyoj yo‘q. Xarajatlarni chegaralash va tegishli yakuniy ma’lumotlar olish, odatda, ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- ishlab chiqarishning asosiy turlari va chorva mollarining asosiy guruhlari bo‘yicha;
- xarajatlarning asosiy turlari bo‘yicha;
Ayrim hollarda masalan, qorako‘lchilik va parrandachilikda xarajatlar hisobi bo‘linmalari alohida tashkil etilishi mumkin.
Xarajatlarni ishlab chiqarish turlari va chorva mollarining guruhlari bo‘yicha hisobga olish analitik hisob obektlarini to‘g‘ri tashkil etish hisobiga ta’minlanadi. Analitik hisob obektlari chorvachilikning asosiy tarmoqlari bo‘yicha, tarmoq ichida esa ishlab chiqarishning har bir turibo‘yicha yoki chorvamollarining guruhi bo‘yicha ochiladi. Xarajatlarni asosiy turlari bo‘yicha hisobga olish hisob registrlarini tegishli tarzda tuzish orqali ta’minlanadi. Xarajatlarni hisobga olish ko‘p grafali shakldagi registrlarda xarajatlarning har bir tarmog‘iga alohida grafa ajratilgan holda olib boriladi. Chorvachilik xarajatlarni hisobga olishda har xil uslublardan foydalanish ehtiyoji paydo bo‘lmaydi. Barcha zarur ma’lumotlar analitik hisob va hisob registrlarini odatdagicha tuzish orqali olinadi.
Chorvachilik xarajatlari hisobining olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xarajatlarni ishlab chiqarish turlari va chorva mollarning guruhlari bo‘yicha iqtisodiy asoslangan holda ajratish;
etishtiriladigan mahsulotning tannarxi shakllanadigan barcha xarajatlarni iqtisodiy jihatdan bir turdagi element va tarmoqlar bo‘yicha aniq ajratib chiqish;
chorvachilikdan olingan mahsulotlarni o‘z vaqtida, aniq va to‘liq aks ettirish;
xo‘jalikning bo‘linmalari bo‘yicha xarajatlarni aniq aks ettirish;
asosiy, yondash va qo‘shimcha mahsulotlar tannarxini iqtisodiy asoslangan holda hisoblash.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
10-mavzu: Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlari hisobi. Reja: Dehqonchilik va chorvachilik tarmoqlarining tasnifi, hisobining uslubiy asoslari va vazifalari
|