Qoraqalpog‘iston respublikasida xalq ta’limi, fan va madaniyat




Download 101.5 Kb.
bet3/3
Sana12.06.2022
Hajmi101.5 Kb.
#23503
1   2   3
Bog'liq
10-seminar
2-mavzu JAVOBLAR, laboratoriya ishi 6, Mustaqil bajarish uchun test savollari “Pedagogika” atamasining , 3-amaliy mashg\'ulot, Документ Microsoft Word (2), Reja Optik analiz usullari va turlari, Mavzu Kimyo fanidan zamonaviy darslarni tashkil etishda fanlara, 4-Mavzu, 4-y-Moliya-va-boshqaruv-hisobi-Oquv-qollanma-I-Ochilov-N-Rizaev-va-bosh-T2006, KOMPUTER NETWORKING, Fayozjon cisco maruza 1, Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida qo‘llaniladigan jismoniy tarbiya, Untitled-1, Qosimov Otabek Iakt 10
Qoraqalpog‘iston respublikasida xalq ta’limi, fan va madaniyat
Qoraqalpoq xalqi qadimiy va boy tarixga ega. Uning milliy madaniyati, jozibali san’ati, mumtoz adabiyoti, qadriyatlari udum va an’analari olamga mashhurdir.
Mustaqillik tufayli qoraqalpoq xalqi juda ko‘p qadriyatlarini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Adolat va tenglik, ozodlik va erk uchun kurashgan Yernazar Olako‘z, Ollayor Do‘stnazarov singari xalq qahramonlarining — jasoratli, o‘t yurakli qoraqalpoq farzandlarining orzu-armonlari amalga oshdi.
Bugungi kunda Ibroyim Yusupov, To‘lepbergen Qaibergenov, Tilovbergen Jumamuratov kabi Qoraqalpoq yozuvchi va shoirlarining asarlari xalqlarimiz ma’naviy xazinasidan munosib joy oldi.
Sobir Kamolov, Charjau Abdirov kabi yirik olimlar O‘zbekiston fani rivojiga juda katta hissa qo‘shdilar.
Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston madaniy hayotida ham jiddiy o‘zgarishlar haqida gap ketganda, avvalo xalq ta’limi tizimida yuz bergan o‘zgarishlarni ta’kidlash o‘rinli. Bugungi kunda respublika xalq ta’limi tizimi milliy uyg‘onish, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy rivojiga xizmat qilishda yetakchi rol o‘ynamoqda.
Respublikada yangi tipdagi o‘rta umumta‘lim muassasalari — litseylar, gimnaziyalar va alohida fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan maktablar, biznes maktablar, kollejlar va boshqalar tez rivojlanmoqda.
Hozirgi vaqtda Respublikada 25 tadan ziyod maktab va maktab internatlarda o‘quvchilarning fanlarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari asosida muayyan fanlarni chuqur o‘rgatishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari qator maktablarda ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etilgan.
2003-yilga kelib «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida uzluksiz ta’lim tizimini tubdan isloh qilishda samarali natijalarga erishildi. Eski turdagi ta’lim muassasalari o‘rniga yangi turdagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1998—2002-yillarda 3 ta akademik litsey va 33 ta kasb-hunar kollejlari qurilib foydalanishga topshirildi.
Hozirgi paytda respublikada 763 ta umumta‘lim maktabi, 405 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 91 maktabdan tashqari ta’lim muassasasi (shundan 28 tasi bolalar sport maktabi) faoliyat ko‘rsatdi.
Bolalarga xorijiy tillarni, xoreografiya, tasviriy va musiqa san’atini, kompyuter savodxonligi asoslarini o‘rgatuvchi guruhlar tashkil etildi.
Barcha qishloq hunar-texnika bilim yurtlarida respublika uchun zarur bo‘lgan soha kadrlarini tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga, gilam to‘qish, keramika buyumlari tayyorlash, ganchkorlar va boshqa shu kabi hunar egalarini tayyorlashga ahamiyat berila boshlandi.
Respublikada o‘rta bo‘g‘indagi kadrlarni tayyorlash tizimida 2003-yilga kelib 71 ta o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatdi. Shundan 68 tasi kasb-hunar kollejlari, 3 tasi akademik litseylardir. Bugungi kunda mazkur o‘quv yurtlarida 51 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat Universitetida bugungi kunda 33 ta mutaxassislik bo‘yicha bakalavrlar, 15 ta mutaxassislik bo‘yicha esa magistrlar tayyorlanmoqda.
O‘ziga xos tarixga ega bo‘lgan Ajiniyoz nomli Nukus Davlat pedagogika institutida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanmoqda. Mazkur o‘quv yurtining 15 ta fakultetida 4 ming 402 ta talaba ta’lim olmoqda.
O‘lkada sog‘liqni saqlash sohasidagi kadrlarni tayyorlash borasida ham muayyan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.
Respublika sog‘liqni saqlash muassasalarining tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 1991-yilda Nukusda Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining Qoraqalpog‘iston filiali tashkil etildi.
. Keyingi besh yil mobaynida yangidan maktablar qurish va kapital ta’mirlash hisobidan 30 ta maktab avariya holatidan chiqarildi. 2001-yili hashar yo‘li bilan 2 ta maktab binosi, 2002-yili 8 ta maktab binosi qurilib foydalanishga topshirildi. 2003-yilning o‘zida esa 7 ta maktab va kasb-hunar kolleji yangidan qurilib ishga tushirildi.
1991—2003-yillarda fan sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi.
1992-yilda O‘zbekiston Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq filialiga O‘zbekiston Respbulikasi FAning Qoraqalpoq bo‘limi maqomi berildi.
Uning tarkibida ilgari 3 ta institut mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yana ikkita institut qo‘shildi. «Tarix, arxeologiya va etnografiya» hamda «Bioekologiya» institutlari ham shu bo‘lim tarkibiga kirdi. Botanika bog‘i bo‘linmasiga esa bo‘lim maqomi berildi. 1994-yilda esa Fanlar Akademiyasi tarkibiga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli tajriba instituti va tibbiyot klinikasi ham kiritildi.
Fanlar Akademiyasi tashkil etgan bunday tadbirlar olimlarga tibbiy va ijtimoiy fanlarni yanada rivojlantirish, xalq xo‘jaligi va madaniyatini yuksaltirishda muayyan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishga yordam berdi. Qoraqalpoq fanida erishilgan yutuqlar hamda to‘rt jildlik «Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati»ni yaratishdagi xizmatlari uchun Fanlar Akademiyasining 4 nafar ilmiy xodimi (M.Qalandarov, R.Yesemuratova, T.To‘raboyev, D.Qozoqboyev) 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasining Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.
1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining Qoraqalpoq bo‘limi tashkil etildi. Uning tarkibiga Sh.Musayev nomidagi Chimboy yer ishlari instituti hamda sholichilik va chorvachilik institutlarining filiallari kiritildi.
Nukusda O‘rta Osiyo irrigatsiya ilmiy tekshirish institutining bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublikada oliy o‘quv yurtlari ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Keyingi yillarda Toshkent olimlari ko‘magida katta miqdordagi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi.
Respublikadagi 60 nafar fan doktori va 600 nafar fan nomzodidan deyarli 30 foizi O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ilmiy daraja oldilar.
Ilgari Fanlar Akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylangan Ch.A.Abdirov, S.K.Kamolov, A.B.Baxiyevlar qatoriga T.Yeshanov, A.Dauletov, U.Hamidov va J.Bozorboyev ham qabul qilindilar. 1997-yilda esa ikki nafar rassom (J.Izentayev va J.Quttimuratov) O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasining akademikligiga saylandilar.
Respublika olimlari keyingi yillarda chet el mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq bo‘limi «Bioekologiya» instituti xodimlari Germaniya olimlari bilan birgalikda 1993-yildan beri Orolbo‘yi ekologiyasi muammolari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishmoqda.
1995-yilda Mo‘ynoqda Germaniya Federativ Respublikasi yordamida «Bioekologiya» institutining xalqaro ekologiya stansiyasi ochildi.
«Tarix, arxeologiya va etnografiya» instituti Avstraliyaning Sidney universiteti olimlari hamda fransuz arxeologlari bilan birgalikda ish olib bormoqdalar.
Mustaqil O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning dolzarb masalalari respublika shoir va yozuvchilari ijodida katta o‘rin egallaydi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergan Qaipbergenov qatoriga yangi nomlar kelib qo‘shildi. Saginbay Ibrohimov, Kenesboy Rahmonov kabi shoirlar, Guloysha Yesemuratova, O‘zarboy Abdurahmonov, Muratboy Nizanovlar ana shular jumlasidandir.
2000 yil aprel oyida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasida 1999 yilda yaratilgan badiiy asarlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ldi. Unda eng yaxshi asarlarga Qoraqalpoq Yozuvchilar uyushmasining mukofoti berildi. Jumladan, Davlatmurod Karimov «Qur’oni Karim»ni o‘zbek tilidan Qoraqalpoq tiliga tarjima qilgani uchun, Gulchehra Rahimova mustabid tuzum qurbonlari haqidagi qissasi uchun va Minayxon Jumanazarova «Cho‘lpon» nashriyotida chop etilgan «Qalbingizda qolgim keladi» she‘rlar to‘plami uchun mazkur mukofotga sazovor bo‘ldilar. Ayniqsa, 1999-yil 4-mayda O‘zbekiston Prezidentining Farmoniga ko‘ra T.Qaipbergenov va I.Yusupovning «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlanishi respublika hayotida katta voqea bo‘ldi.
1993-yil yanvarda Toshkentda Qoraqalpog‘iston madaniyati kunlari, noyabr oyida esa Qoraqalpog‘istonda Toshkent madaniyati kunlari o‘tkazildi. Xuddi shuningdek, 2000-yil iyun oyida Qoraqalpog‘istonda Toshkent shahri va Xorazmdan kelgan madaniyat xodimlari va ijodkorlar ishtirokida ma’naviyat kunlari o‘tkazildi. Dekabr oyida esa Toshkentda Qoraqalpog‘iston madaniyati kunlari uyushtirildi. Bu tadbirlar Nukus va Toshkent madaniyat xodimlari faoliyatini bir-birlariga yaqinlashtirdi. 1996-yilda Qoraqalpoq xoreografiyasi tarixida birinchi marta «Oyjamol» nomli Qoraqalpoq baleti (N.Muhammedinova musiqasi, T.Xodjayev asari) sahnalashtirildi. 1996-yilda O‘zbekiston mustaqilligining 5 yilligi oldidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston — Vatanim manim» qo‘shiq-tanlovida yosh qo‘shiqchi Roza Kutekeyeva «Mustaqillik gullari» qo‘shig‘i bilan ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni oldi. Shu yili yana Amir Temur rolining eng yaxshi ijrosi uchun tanlovida Berdaq nomidagi drama teatri artisti Bozorboy Uzoqberganov qatnashib, birinchi o‘rinni oldi. Bu misollar Qoraqalpog‘iston san’atkorlari mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlardan dalolat beradi.
Qoraqalpog‘iston san’atida erishilgan muvaffaqiyatlarni keng targ‘ib etishda Rassomlar uyushmasi, I.V.Savitskiy nomidagi San’at muzeyi, Tarix-o‘lkashunoslik muzeyi hamda Jangovor va mehnat shuhrati muzeylari katta ishlarni olib bormoqda.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qarg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining «Erkin Qoraqalpog‘iston», «Qoraqalpog‘iston xabarlari» gazetalari, yozuvchilar uyushmasining «Amudaryo» jurnali, «Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq bo‘limi xabarlari» ilgarigidek muntazam chiqarilmoqda. 1991-yildan respublikada hukumatga qarashli bo‘lmagan «Orol qizlari» jurnali chop etila boshladi.
Istiqlol yillarida Nukus shahrining 60 yilligi, To‘rtko‘l shahrining 120 yilligi, Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining 170 yilligi, Amir Temurning 660 yilligi keng nishonlandi. Bular O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston tarixidagi eng muhim voqealar, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzidir.
4.Davlatimiz rahbari 2017-yil 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ular to‘la amalga oshirildi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so‘mga yaqin 242 loyiha bajarildi. Bu qariyb 4 ming ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Masalan, Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi “Texnik global” korxonasida “Samsung” brendi ostida yiliga 150 ming televizor, “Nukus polimer” korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen quvurlar va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. To‘rtko‘l tumanidagi “Vegateks global” korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda.
Qoraqalpoq aholisi uchun nihoyatda muhim va dolzarb masala bo‘lgan ichimlik suvi muammosi yillar davomida hal etilmay kelayotgan edi. Shuni inobatga olib, qisqa vaqtda 101 kilometrlik “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq” suv quvuri va “Qo‘ng‘irot” suv taqsimlash inshooti qurib bitkazildi. Buning natijasida Mo‘ynoq tumanidagi 25 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, investitsiya dasturiga muvofiq byudjet mablag‘lari va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mavjud suv tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va yangilandi. Shu tariqa 35 aholi punktida 50 mingdan ziyod odam ichimlik suvi bilan ta’minlangani bu boradagi ishlarning izchil davomi bo‘ldi.
Nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki butun mamlakatimizning faxri bo‘lgan, dunyoda “Sahrodagi Luvr” deb shuhrat qozongan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining muhtasham ikkinchi korpusi qurilib, yuksak xalqaro standartlar asosida jihozlandi va foydalanishga topshirildi.
Qoraqalpoq davlat o‘lkashunoslik muzeyi binosi, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi, Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i, zamonaviy imkoniyatlarga ega yirik sport majmuasi bunyod etildi. Imom Eshon Muhammad jom’e masjidi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Bunday o‘zgarishlar barcha tumanlarda, qishloq va ovullarda ro‘y berdi. Hudud iqtisodiyoti rivojlandi, aholi turmush darajasi oshdi. Eng muhimi, odamlar buni o‘z hayotlarida sezmoqda.
Shu bois Qoraqalpog‘iston aholisi Prezidentimizning bu galgi tashrifini ham ko‘tarinkilik bilan kutdi. Tashrif kun tartibi, tanishilgan obyektlar va belgilangan chora-tadbirlar shunga yarasha ahamiyatli, keng ko‘lamli bo‘lmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini Chimboy tumanidagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasidan boshladi.
Tashrif bolalar bog‘chasidan boshlanganida katta ma’no mujassam. Prezidentimiz o‘zining har bir chiqishi va hududlarga tashrifida maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish tashabbusini ilgari surmoqda va bu borada muhim vazifalar qo‘ymoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi ana shunday inshootlar qurish, ularni zamonaviy uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-sentabrdagi "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.
Mazkur qaror va farmon ijrosi yuzasidan bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda 318 ta maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lib, ularning 3 tasi xususiy, 7 tasi turli tashkilotlar tasarrufida. Ularda 48 ming 106 nafar, umumiy bolalarning 32 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda.
Davlatimiz rahbari mazkur bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ularni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.
Maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yoshlar tarbiyasiga bugun e’tibor bermasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarini Qoraqalpog‘istonning iqlim sharoitidan kelib chiqib qurish kerak. Har bir xonani isitiladigan pol bilan ta’minlash zarur. Bundan tashqari, bu soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish, buning uchun oliy ta’lim muassasalari qoshida maxsus kurslar tashkil qilish lozim. Tarbiyachilar saviyasi bolalar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz yangi qurilayotgan bog‘chalar loyihasini tayyorlashda Janubiy Koreya tajribasini tatbiq qilish lozimligini qayd etdi.
Bunday inshootlarni eskicha ruhdagi loyihalar asosida qurish o‘zini oqlamayapti. Bolalarning yotoqxonalari va darsxonalarini keng va yorug‘ qilib bunyod qilishimiz, ma’muriy xonalarni ixchamlashtirishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda 50, 100, 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalarining namunaviy loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangi loyihalarda maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish kabi ma’lumotlar o‘z ifodasini topdi.
Pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga jalb etib, ularni maktabgacha ta’lim muassasalariga ishga qabul qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezidentimiz Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filialining Chimboy tumanidagi akademik litseyiga tashrif buyurdi.
Shu yerda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirish borasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur soha istiqbolini yuqori baholab, bu borada mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Paxtani foyda bersa ham, foyda bermasa ham ekaverish vaqti o‘tdi. Daromad bermadimi, boshqa ekin ekish kerak. Masalan, qizilmiya bu hudud iqlimi va sharoitiga mos keladi. Shunday ekan, nima uchun uni ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ymasligimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Chimboy tumanidagi «Lanextrakt» qo‘shma korxonasida qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming tonna qizilmiya ildizi qayta ishlanib, 1,3 ming tonna ekstrakt tayyorlanadi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan.
Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasida farmatsevtika plantatsiyalarini tashkil etish va yetishtirish loyihasi bilan ham tanishdi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va resurslar salohiyatidan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hududda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2018-2019-yillarda qiymati 27 million dollarga teng 17 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 37 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi va ularning bir qismi eksport qilinadi.
Nukus shahridagi «Nukus Med Tex» MChJ tomonidan tibbiy buyumlar, «Berlin farm» MChJ tomonidan onkologik dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. To‘rtko‘l tumanidagi «To‘rtko‘l shisha idishlari» MChJda farmatsevtika shisha idishlari tayyorlanadi.
Shu kabi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan boshqa loyihalar ham taqdim qilindi. Loyihalarda selluloza ishlab chiqarish haqidagi ma’lumot ham o‘rin oldi. Ikki bosqichda amalga oshiriladigan mazkur loyiha qog‘oz ishlab chiqarishdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘sh turgan va kam quvvat bilan ishlayotgan bino va maydonlar xatlovdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumot asosida yangi korxonalarni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, loyihalarda kam ta’minlangan oilalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari Chimboy tumani faollari, ziyolilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda bugun dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, aholini qiynayotgan muammolar, ta’lim, tibbiyot tizimini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev Taxiatosh tumaniga tashrif buyurdi.Bu yerda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2017-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Prezidentimizning avvalgi tashrifidan so‘ng 2 ming 112 loyiha amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ushbu loyihalar natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 11 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2018-2019-yillarda komleks rivojlantirish dasturi doirasida yana 1 ming 309 loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirishga tashabbuskor korxonalar va tijorat banklari mablag‘lari, xorijiy investitsiyalar yo‘naltiriladi. Buning natijasida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi, mahalliylashtirish va qayta ishlash darajasi oshadi, 10 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.
Hudud sanoatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mamlakatimizdagi yirik korxonalar ham jalb etilgan. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati Taxiatosh tumanida metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Qorao‘zak tumanida temir-beton mahsulotlar va qum-shag‘al ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tebinbuloq konini o‘zlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda metall mahsulotlar mavjud shunday buyumlarni eritish orqali ishlab chiqarilmoqda. Tebinbuloq koni temir rudasining ulkan zaxirasiga ega. Ushbu konni o‘zlashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Natijada 2021-yildan boshlab yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni tashkil etish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida direksiya tashkil etildi.
Samarasiz foydalanilayotgan obyektlar negizida yangi korxonalar tashkil etish loyihalari haqida ham ma’lumot berildi. Qoraqalpog‘istonda 6 ta kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardagi obyektlar 5 yil muddatga keyinchalik mulk huquqini rasmiylashtirish sharti bilan bepul beriladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va tiklash ishlari davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Shu tariqa ushbu zonalarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Shu yerda “O‘zqurilishmateriallari” va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, Orolbo‘yi aholisi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan rejalar namoyish etildi.
Prezidentimiz ushbu reja va maqsadlarning Qoraqalpog‘iston hayotidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, ularning har biri bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Davlatimiz rahbari Xo‘jayli tumanidagi barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida bo‘ldi. Mazkur hududda logistika markazi qurish topshirig‘i Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida berilgan edi.
«Xo‘jayli agrosanoat markazi» MChJ tomonidan tashkil etilayotgan markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.15,3 gektar maydonni egallagan majmuada 2018-yilda 5 ming tonna meva-sabzavotni qadoqlash, saralash va qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. 150 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Shu yerda Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat sanoati sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xususan, 2018-2019-yillarda meva-sabzavot va go‘shtni qayta ishlash, sovutkichlar qurishga oid 70 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. 2018-2020-yillarda chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish dasturi doirasida 250 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Natijada 730 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 2018-2020-yillarda baliqchilikni rivojlantirish dasturi doirasida 6 loyiha bajariladi. Nukus va Qanliko‘l tumanlarida sholi maydonlarida baliq yetishtirish texnologiyasi tatbiq etiladi.
Prezidentimizga 2018-yili Qoraqalpog‘istonda tomorqalardan samarali foydalanish dasturi loyihasi ham taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihalar ahamiyatiga to‘xtalib, ularni yanada takomillashtirish va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida melioratsiya va irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi.
2013-2017-yillarda Orolbo‘yi mintaqasida byudjet va markazlashgan kapital mablag‘lar hisobidan 248 milliard so‘mlik irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari amalga oshirilib, 140 ming gektar maydonning suv ta’minoti va 231 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi.
Prezidentimizning joriy yil 27 noyabrdagi “2018-2019-yillarda irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu qarorga muvofiq, kelgusi ikki yilda qariyb 140 kilometr kanallar hamda 63 gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilinib, 60 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilanadi. 246 kilometrdan ortiq kollektorlarni qurish-rekonstruksiya qilish, 3 ming 735 kilometr uzunlikdagi kollektorlarni ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada 89 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilanib, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadigan hosildorlikni oshirishga erishiladi.
To‘rtko‘l tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan Sho‘rbuloq suv ombori Amudaryoning quyi oqimida suv taqchil yillarda suv ta’minotini yaxshilash, hududda baliqchilik, chorvachilik, bog‘dorchilikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Ma’lumki, Orol dengizi sathi pasayib, qirg‘oqdan 180-200 kilometr uzoqlashib ketgani Amudaryoning quyi oqimiga kirib keluvchi suvlar yuqori nishablikdan tushishi va Mo‘ynoq tumanidagi Daryo oralig‘i suv ombori yaqinida jarliklar hosil bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu Mo‘ynoq suv ombori, Ribache, Maqpalko‘l, Zakirko‘l ko‘llariga suv yetib bormasligi, hududdagi baliq va hayvonot dunyosi yo‘q bo‘lib ketish xavfini tug‘dirmoqda.
Ushbu xavfning oldini olish maqsadida 2013-2017-yillarda shimoliy va sharqiy dambalarni rekonstruksiya qilish hamda suv o‘tkazish qobiliyatini tiklash ishlari bajarildi. Navbatdagi bosqichda Maypost ko‘li bo‘ylab to‘g‘on yo‘lini tiklash va ko‘ldan Amudaryoning eski o‘zaniga suv o‘tkazish imkonini beradigan gidrotexnik inshoot qurish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbariga janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash loyihasi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Loyiha asosida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli Ellikqal’a, Beruniy va To‘rtko‘l tumanlarida 100 ming gektarga yaqin maydon suv bilan ta’minlanib, yiliga 269 million kubometr suv tejaladi. 23 nasos stansiyasi, Suv iste’molchilari uyushmasi va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 450 dan ortiq nasos agregatlari to‘xtatilishi har yili 52 million kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini beradi.
Prezidentimiz irrigatsiya sohasidagi loyihalarni sifatli bajarish va mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda shu kungacha bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi ikki yilda amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar va dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Mamlakatimizning tegishli vazirliklari, shuningdek, kompaniya va banklar rahbarlarini muntazam ravishda hududlarga yuborib, joylardagi qo‘shimcha rezervlarni izlab topish, aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar izchil davom ettirilmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Qoraqalpog‘istonga bugungi safardan oldin ikki hafta mobaynida ishlar xuddi shu tartibda tashkil etildi va qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan yangi dastur loyihasi ishlab chiqildi.
Download 101.5 Kb.
1   2   3




Download 101.5 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Qoraqalpog‘iston respublikasida xalq ta’limi, fan va madaniyat

Download 101.5 Kb.