II.bob. Xayriddin Sultonning hikoya yaratish mahorati




Download 60,78 Kb.
bet4/7
Sana21.01.2024
Hajmi60,78 Kb.
#142376
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
X.sulton (2)

II.bob. Xayriddin Sultonning hikoya yaratish mahorati
II.1. Ijodkorning sujet yaratish mahorati

Ma’lumki, hikoyada bitta qahramon ishtirok etmaydi. Har bir qahramon xuddi hayotdagidek muayyan bir muhitda, odamlar orasida yashaydi va, albatta, turli insonlar bilan munosabatda, muloqotda bо‘ladi. Ya’ni qahramonlar harakati syujet orqali ifodalanadi. Mudom rivojlanishda bо‘lgan hayot, unda rо‘y beradigan voqea-hodisalar badiiy syujet uchun asosiy manbadir. Syujet — badiiy shaklning dinamik tomoni bо‘lib, u harakat, rivojlanish va о‘zgarishlarni ta’minlaydi . Syujet yaratish ham о‘ziga xos bir san’at, ya’ni «hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirishning muhim qonuniyati» sanaladi. «Syujet yо‘q joyda badiiylik ham bо‘lmaydi». (N.Chernishevskiy).


Yozuvchi uslubi, badiiy mahoratini baholashda syujet, konflikt, kolliziya masalalari muhim ahamiyatga ega. Bu boradagi tadqiqot, avvalo, yozuvchi ijodiy ustaxonasiga kirish, ijod jarayonini kuzatish, uning badiiy olamidan ma’lum darajada voqif bо‘lishni talab etadi.
XX asr о‘zbek adabiyotida realistik hikoya janrining shakllanishida beqiyos о‘rin tutgan Abdulla Qahhor ijodiy ustaxonasi kuzatilganda, adib ikkita yon daftar tutgani, bittasi umumiy daftar bо‘lib, unga sо‘z, ibora, tasvir, syujetlar, faktlaru turli voqea-hodisalarni yozib yurgani va biron-bir asar ustida ishlash jarayonida ulardan foydalangani ma’lum bо‘ladi. «Ikkinchi daftar — ayrim asarga doir bо‘lib, bunga ana shu asarga tegishli nima narsa esga kelsa, shuni yozib boraman: detallar, qahramon va personajlarning sо‘zlari, xarakterlariga oid gaplar... Men asarni shu daftar tо‘lgandan keyin, ya’ni xarakterlar yetilgandan keyin yozishga kirishaman», degan edi ustoz adib.
Ma’lumki, har qanday asarning dunyoga kelishiga nimadir turtki bо‘ladi. Yozuvchi uni butkul tо‘qib chiqarmaganidek, hayotdan boricha kо‘chirib ham olmaydi. Masalan, kо‘pgina mumtoz adiblarning mashhur asarlariga hayotiy voqealar asos bо‘lgan. Viktor Gyugoning «Xо‘rlanganlar» romani yaratilishiga bir yepiskop hayotidagi real voqea sabab bо‘lib, yepiskopning g‘ayrioddiy bir mehribonlik, insoniylik fazilatlari yozuvchini qiziqtirib qolgan. Yoki Turgenevning «Mumu» hikoyasidagi «barinya» obrazida yozuvchining onasi tasvirlangani ma’lum. Gerasim va uning kuchukchasi bilan bog‘liq voqealar ham aynan hayotdan olingan. Gogolning «Shinel»ni yozishiga esa dо‘stlaridan eshitgan bir kambag‘al chinovnik tо‘g‘risidagi latifa bahona bо‘lgan. (U vaqtlarda latifa deganda hayotda bо‘lib о‘tgan qiziqarli biror voqea tushunilgan.) Demak, badiiy asarning hayotiy haqiqatga asoslanishi kо‘pincha uning ommalashishini, muhimi, о‘lmas durdonaga aylanishini ham ta’minlagan.
Yozuvchi Xayriddin Sulton «Boburiynoma» asarida e’tirof etishicha, azaldan xotira yozib yuradi va ana shu xotiralar ayrim asarlarini yozganda qо‘l kelgan. Tarixiy asar yozganda tarixiy faktlarga tayanilishi tabiiy. Asarning badiiy jihatdan yetuk chiqishi esa, albatta, yozuvchi iqtidori, bilimi va mashaqqatli mehnatiga bog‘liq.
X.Sulton ijodida buyuk tarixiy shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur hayotini talqin etish borasida teran izlanishlar kо‘zga tashlanadi.
«Bu muazzam asarning har bir satri haqida bittadan hikoya yozish mumkin», deya e’tirof etgan edi adib «Boburnoma» tо‘g‘risida. U Boburdek buyuk zotning shiddatlarga tо‘liq hayot yо‘li, shoir qoldirgan boy ijodiy meros bilan mudom qiziqqan, bu borada kо‘p va xо‘b izlangan ijodkorlardan. Bobur Mirzo haqida yozgan hikoya, qissa, esselari, kо‘plab ilmiy va publitsistik maqolalari yozuvchining bu buyuk inson shaxsiga, ijodiga ixlosi naqadar zо‘rligini kо‘rsatadi. Binobarin, yozuvchi ijodiga Bobur shaxsi ta’sirining kuchliligini, ular о‘rtasidagi о‘zaro ruhiy yaqinlikni payqash qiyin emas.
«Oy botgan pallada» hikoyasining yaratilish tarixi tо‘g‘risida muallif bunday yozadi:
«Boburnoma»ni varaqlab о‘ltiraman. U menga mutolaadan kо‘ra kо‘proq xayol surish imkonini beradi.
...Ajab yangilik: Bobur Mirzo Parkentda bо‘lgan ekan! Umuman, «Boburnoma»da Toshkent atrofidagi Ohangaron, Piskent, Shohruhiya degan joylar qayta-qayta tilga olingan. Eng muhimi, Bobur Mirzo о‘sha suronli yillarda bir muddat Somsarakda sarson-sargardon kezgan ekan.
Somsarakka Bobur Mirzoning nafaqat qadami tekkan, balki umridagi og‘ir va fojiali bir voqea ayni shu yerda boshidan kechgan. «Somsarak degan kentga tushdik, — deb yozadi u, — tonglasi xabar keldikim, Nо‘yon Kо‘kaltosh jardin mastliqta yiqilib о‘libtur... Tahqiqini kishi bilmadi. Manga g‘arib ta’sir qildi. Bir hafta — о‘n kungacha hamisha yig‘ladim».
«Boburnoma»dan keltirilgan ana shu tafsilotlar «Oy botgan pallada» tarixiy hikoyasining syujetiga asos bо‘ladi. Shuningdek, voqealarning о‘zi tug‘ilib о‘sgan Parkent bilan bog‘liq ekani ham yozuvchini bu hikoyani yozishga undaydi.
«Nuqta» hikoyasida Bobur Mirzoning yetuklik — mо‘ysafidlik davri (garchi 46 yil umr kо‘rgan bо‘lsa-da), ya’ni umr poyoni yaqinlashgan kezlardagi holati tasvirlangan bо‘lsa, «Oy botgan pallada» hikoyasida navqiron yigitligi (о‘n tо‘qqiz yashar payti), «viloyat yо‘q, viloyat umidvorlig‘i yо‘q, navkar parokanda...» bо‘lgan ayanch ahvoli qalamga olingan. Bobur qanchalik qat’iyatli, о‘z ishiga puxta, dushmanlariga shafqatsiz (davlat arbobi qattiqqо‘l bо‘lmay iloji yо‘q) podshoh bо‘lmasin, tabiatan romantik shoir edi. Hikoyada qahramonning ketma-ket hayot zarbalariga duch kelishi, g‘am-tashvishdan boshi chiqmay, ertangi kuni mavhum, qorong‘i bо‘lib turgan bir vaziyatda ham odamlari oldida qat’iyatni, ishonchni qо‘ldan bermagani badiiy ifodasini topgan. Ammo u ham xudoning bandasi — yuragi, dardu hasrati bor. Bu uning yolg‘iz qolgan kezlari о‘z-о‘zi bilan qilgan suhbat, ya’ni ichki monologida aks etadi: «Bu olamda qaysi bir bandaga ishonib bо‘ladi? Kimni kо‘ngilga mahrami asror etsa bо‘ladi? Qayon boqma — xiyonat, makr, nayrang...» U о‘n bir yoshidan — taxtga о‘tirganidan to shu vaqtgacha bо‘lgan mas’ud damlarini ham, baxtsiz kunlarni ham gо‘yo sarhisob qiladi.
«...Tun bо‘yi sharros quygan yomg‘ir kuni bilan tinmadi. Osmoni falakni tо‘ldirib yuborgan qora bulutlar qahr bilan tо‘lg‘anib, savalab sel quyardi»1. 1Bu tabiat tasviri qahramonning о‘sha damdagi kayfiyatini ham ifodalaydi. Yaqin sirdoshi, dо‘stidek bо‘lib qolgan Nо‘yon Kо‘kaltosh mehmonga borishga ijozat sо‘raganida, xuddi falokatni avvaldan sezgandek, Bobur Mirzo unga izn berishga ikkilanadi. Hikoyada asosiy e’tibor Bobur Mirzoning Somsarakda kechgan g‘amli kunlari, ayniqsa, Nо‘yon Kо‘kaltoshning о‘limi bilan bog‘liq musibatni ifodalashga qaratilgan bо‘lsa-da, uning odamlari bilan Somsarakka kо‘chishi, u yerda mahalliy aholi uylaridan boshpana topishi, 116 yoshli momo bilan suhbat qurishi, Ahmad Qosim Nо‘yon Kо‘kaltoshning о‘limi xabarini keltirishi, bundan «kо‘p mutaassir» bо‘lgan Bobur Mirzoning g‘am-alamini «oq qog‘oz betiga tо‘kishi» va shu vaqt G‘о‘lda Qosim olib kelgan xushxabar Bobur Mirzo kо‘nglida umid uchqunlarini uyg‘otib yuborishi — barchasi kompozitsiya butunligini, syujet tugalligini ta’minlagan.
Adibning syujet yaratish mahorati haqida umumiy tarzda xulosa qiladigan bо‘lsak, u asar syujetiga о‘zi yaxshi biladigan, hayotda kо‘rgan, kuzatgan, mukammal о‘rgangan voqelarni asos qilib oladi. Qahramon tanlashda ham aynan shu yо‘ldan boradi. Hikoyalarda voqealar tafsilotidan kо‘ra unga nisbatan adibning tahliliy munosabati ustunlik qiladi. Yozuvchining ayrim hikoyalarida syujet voqealari keskin rivojlanadi, u kitobxonning qiziqishini oshiradi, unda syujet unsurlari aniq tasvirlanadi, ayniqsa yechim salmoqli ahamiyatga ega bо‘ladi. Masalan, «Grajdan mudofaasi», «Nomus» kabi hikoyalar.
Ma’lumki, har qanday asar hayot haqiqatiga asoslanadi. Uni muayyan bir badiiy qolipga solish, jozibali va maroqli qilish esa syujet orqali amalga oshiriladi. Syujetni jonlantiradigan, uning tadrijini ta’minlaydigan vosita esa konfliktdir. Zero, «syujet о‘zining chuqur mohiyati jihatidan harakat qilayotgan konfliktdir» .
«Syujetning puxta va ta’sirchanligi undagi konfliktning mohiyati va shakliga, qanday hal qilinishiga bog‘liq. Agar asar mavzui muhim bо‘lib, konflikt zaifroq bо‘lsa, syujet ham sayoz bо‘ladi, ilgari surilayotgan g‘oya ta’sirchanlik kasb etmaydi».7
Aslida hayotning о‘zi ziddiyatlarga tо‘la. Odamlar о‘rtasida qarama-qarshiliklar, tо‘qnashuv va kurashlar bо‘lmasa, rivojlanish ham kuzatilmas, hayot g‘oyat zerikarli bо‘lib qolardi.
Bir muhitda ijod qilgan zamondosh, hamfikr ijodkorlarning ayrim о‘ziga xos jihatlari bir-biriga «yuqishi» tabiiy. Shu ma’noda X.Sultonga xos insoniy e’tiqod, ma’naviy-axloqiy fazilatlarni ulug‘lash xususiyatlari — E.A’zamga, E.A’zam qalamiga xos isyonkorlik, xarakter yaratishdagi kinoya, istehzoli uslub X.Sultonga ham ta’sir etgan, deyish mumkin.
X.Sultonning badiiy-uslubiy izlanishlari yuzasidan umumiy tarzda xulosa qilib aytish mumkinki, ilk hikoyalariyoq yosh yozuvchining adabiyotda о‘z sо‘zini aytishga intilayotganidan, о‘z ovoziga ega bо‘lish yо‘lida izlanayotganidan darak bergan edi. Odatda, chinakam yozuvchi asardan-asarga о‘sib boradi, yangi-yangi badiiy usul va vositalarni qо‘llaydi — doimo izlanishda bо‘ladi. Shu ma’noda X.Sultonning izlanishlari samarali kechganini uning ijodidagi mavzu, kompozitsiya, poetika jihatidan bir-birini takrorlamaydigan hikoyalar tasdiqlaydi. Umuman, yozuvchi uslubi, badiiy mahoratidan darak beradigan eng muhim jihat, bizningcha, uning ijodida lirik tasvirning ustunligidir. U qanday mavzuda ijod qilmasin, bu usuldan samarali foydalanadi. Ayniqsa, X.Sulton kо‘p murojaat qilgan tarixiy mavzudagi hikoyalarda bu usul qо‘l kelgan. Uning Mirzo Bobur, Hofiz Kо‘ykiy, Qurbonjon dodxoh, Abdulla Qodiriydek tarixiy shaxslar obrazlarini yaratganini bilamiz. Bobur haqida turli yillarda yozilgan hikoya va qissalari, shuningdek, «Bunchalar shirinsan, achchiq hayot!» (yozuvchi bu hikoyani «Oloy malikasi» nomli nashr ettirilmagan asaridan parcha deya izohlagan), «Ra’no gulining suvi» tarixiy etyudlarida ham tasvir liro-romantik xarakter kasb etadi.
Darhaqiqat, X.Sulton ijodida lirikaga moyillik nafaqat hikoyalari, balki boshqa janrdagi asarlarida ham kо‘zga yaqqol tashlanadi. Ta’kidlash lozimki, yozuvchi asarlarida lirik tasvir orqali muhit, holat va manzarani romantik ruhda, rang-barang bо‘yoqlarda aks ettiradi. Bunday tasvir asarning mazmun-mohiyatiga singib, qahramonlar xarakteri, badiiy asarning ruhi va falsafasini ochishga xizmat qiladi. Adabiy tanqidchilikda X.Sulton uslubiga xos liro-romantik ruh uning buyuk Oybek ijodidan bahramandligi natijasi deya, fikr bildirilgan edi. Ustoz Oybek ijodida lirik tasvir kо‘proq jо‘shqin, kо‘tarinki pardalarda aks etgan. X.Sulton esa kundalik voqea-hodisalar, holatlar zamirida yashirin bо‘lgan goh о‘ychan, g‘amgin, ba’zan esa hayotbaxsh lirizmni topadi va uni о‘quvchiga shoirona bir yо‘sinda yetkazadi. Masalan, «Olis «Artek» haqida xotiralar» hikoyasi mungli, mayus ruh uyg‘otuvchi ana shunday asardir.
Adibning «Onamning yurti» hikoyasi esa boshdan-oyoq lirizmga yо‘g‘rilgan. Uning mavzui, materiali shunday tasvir, shunday ohangni talab etgan. Hikoya tili, bayon usuli nihoyatda ta’sirli, qо‘shiq ohangini eslatadi, yengil о‘qiladi.
X.Sulton asarlaridagi mayinlik, sokinlik uning yana bir о‘ziga xos xususiyatidar. Adabiyotshunos I.G‘afurov: «Uning (X.Sultonning — SH.S.) asarlarida nur va soyalar juda yumshoq, juda ham mayin raqsga tushadi. Rang va tonlarning shunday yumshoq tiniqligi sizning diqqatingizni tortadi», deb yozgan edi. Yana munaqqid ta’kidlaganidek, «Keskir qilichning dami juda ham, hatto ipakdan ham yumshoq bо‘ladi. X.Sulton insonlarda, tо‘g‘rirog‘i, о‘z qahramonlarida shunday keskir mayinlikni ochish, kashf qilishni sevadi»1. Demak, aytish mumkinki, adib ijodiga xos muhim xususiyat tasvir etilayotgan voqea-hodisalardagi sokinlik, qahramonlar xarakteridagi mayinlik zamiriga yashiringan keskir, teran mohiyatdadir.

Download 60,78 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 60,78 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II.bob. Xayriddin Sultonning hikoya yaratish mahorati

Download 60,78 Kb.