II.2. Xayriddin Sulton hikoyalarining kompozitsion о‘ziga xosligi




Download 60,78 Kb.
bet5/7
Sana21.01.2024
Hajmi60,78 Kb.
#142376
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
X.sulton (2)

II.2. Xayriddin Sulton hikoyalarining kompozitsion о‘ziga xosligi
I.2. Xayriddin Sulton hikoyalarining kompazitsion o’ziga xosligi
Hikoya hajman katta yoki kichik bо‘lishidan qat’i nazar, «shunday yozilgan bо‘lishi kerakki, unga biror narsa qо‘shish ham, olib tashlash ham mumkin bо‘lmasin» (S.Moem) . Demak, hikoyadagi har bir tarkibiy qismning joy-joyida bо‘lishi, har qaysi sо‘z, ibora, jumlaning о‘rnida qо‘llanishi asarning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Shuningdek, badiiy asarning qiymatini belgilaydigan asosiy omil hayotiy haqiqatdir. Modomiki shunday ekan, har qanday badiiy tо‘qima hayotiy haqiqatga asoslanmay iloji yо‘q. Hayotning faqat yaxshiligu gо‘zallik yoki yomonligu razillikdan iborat emasligini nazarda tutgan yozuvchi uni boricha — barcha ziddiyat va qarama-qarshiliklar bilan tasvirlasagina kо‘zlagan maqsadiga erishadi. Ustoz Abdulla Qahhor e’tirof etganidek, agar yozuvchilik turmushdan nusxa kо‘chirishdan iborat bо‘lsa, dunyoda bundan oson ish bо‘lmas edi. Hayot haqiqatini badiiylik prizmasidan о‘tkazish, uni badiiy shaklga solish yozuvchining qobiliyati va iqtidor darajasini namoyon etadi.
Har qanday badiiy asarda badiiy shakl va g‘oya о‘rtasida ichki bog‘liqlik bо‘ladi. Bu borada Abdulla Qahhor yoshlarga maslahat tariqasida bunday deb yozgan edi: «Ba’zi yoshlarimiz badiiy asarning maydonga kelishida avtorning niyatigina, uning nima demoqchi ekanigina hal qiluvchi rol о‘ynaydi, deb о‘ylashsa kerak. Tо‘g‘ri, adabiy asarning joni — uning mazmuni, lekin bu jonning jon bо‘lishi uchun jasad ham kerak. Jonni jasadsiz tasavvur qilish mumkin emas» .
Asar kompozitsiyasi haqida gap ketganda, avvalo, uning qurilishi kо‘z oldimizga keladi. Agar asar kompozitsiyasi bir imoratga qiyos qilinsa, imoratning poydevori — asosining mustahkamligi binoning har qanday tashqi ta’sirlarga qarshiligi va chidamliligini, uzoq muddat saqlanishini ta’minlaydi; badiiy asarda esa badiiy g‘oya ana shu asos vazifasini о‘tashi e’tibordan soqit qilinmasligi lozim.
Kompozitsiyaning muvaffaqiyatini ta’minlashda ijodkor diqqat markazidagi asosiy g‘oya aniq belgilab olinishi katta ahamiyatga ega. Badiiy g‘oya aniq bо‘lgach, asarda katta-kichik tarkibiy qismlar hamda obrazlarning joylashuvi, ular tasvirida meyor va maqsad muvofiqligiga amal qilinishi muhim .
Kompozitsiya — badiiy asar olamining tuzilishi, ya’ni yozuvchining tо‘qima voqeani ham, hayotiy haqiqatni ham obrazli tarzda ifodalashi, shuningdek, xarakter yaratish yо‘lida barcha tarkibiy qismlarni bir butun qilib jamlashi va joylashtirishidir. Rus olimi B.Uspenskiy badiiy asarni tahlil qilar ekan, M.Baxtin, V.Vinogradov hamda G.Gukovskiylarning mulohazalariga tayangan holda, kompozitsiyaning asosiy muammosi — yozuvchining diqqat markazi (fokus) ekanini ta’kidlaydi.8
Albatta, bugungi kunda kompozitsiyaga nisbatan qarash va yondashish ancha о‘zgargan. Uning an’anaviy, shakllanib kelgan qoliplarga sig‘masligi tabiiy. Chunki ijod mudom tajriba va izlanishlarni taqozo etadi. Asarning kompozitsiyasi borasida ham yangiliklar mavjud, bugungi kunda ijodda an’anaviy kompozitsiya usuli bilan bir qatorda noan’anaviy yо‘nalishlar ham keng qо‘llanmoqda.
Xayriddin Sulton hikoyalarida an’anaviy kompozitsiya yо‘nalishi ustunlik qilsa-da, xronologik tartib doim ham izchil saqlanmaydi. Ammo asar kompozitsiyasida qismlar, unsurlar hamda obrazlar muayyan bir aloqadorlikda, izchillikda joylashadi. Bu hol yozuvchining asar kompozitsiyasida ham о‘ziga xos yо‘l tutishini bildiradi.
Muallifning «Uch tup xurmo» hikoyasi kompozitsiyasini shu nuqtai nazardan kо‘zdan kechiraylik. Hikoya birgina voqeaga asoslangandek tuyulsa-da, syujet rivoji davomida u ancha murakkablashib, boshqa hodisalar, tugunlar va ziddiyatlar hosil qiladi. Hikoyada barcha badiiy syujet va kompozitsiya unsurlari — ekspozitsiya, tugun, yechim, ziddiyatlar, portret, peyzaj, detal tasviri о‘rni-о‘rnida qо‘llangan bо‘lib, asosiy g‘oyaning ochilishiga xizmat qilgan.
Hammasi ochiq-oshkor kо‘rinib turgan pyesaning bir pulga qimmat ekanini ta’kidlagan edi buyuk K.Stanislavskiy. Buni hikoya janriga nisbatan ham aytish mumkin.
«Uch tup xurmo» hikoyasini о‘qish jarayonida kitobxon har xil jumboqlarga duch keladi va ular birin-ketin yechila boradi; voqealar rivoji asnosida qahramonning qalb sirlari, shuning barobarida esa badiiy g‘oya — muallifning ijodiy niyati ham oydinlashadi.
Hikoya Fayzulla — hikoyachi-qahramonning о‘zi bilan bog‘liq ayrim tafsilotlarni bayon etishi bilan boshlanadi. Muxtasar ekspozitsiyadan uning tushlik chog‘i uch-tо‘rt hamkasbi bilan shahar tashqarisiga kabobxо‘rlikka chiqqani ma’lum bо‘ladi. Ishxonaga kelganida unga direktor yо‘qlatganini aytishadi. Shosha-pisha boshliq huzuriga kirgan Fayzullaga uning hech bir izohsiz «Siz besh-о‘n kun о‘ynab keling, о‘g‘lim», deydi. Dabdurust?dan aytilgan bu gapga tushunolmay u turfa о‘ylar girdobida qoladi. Fayzullaga qо‘shilib kitobxonning ham qiziqishi ortadi. Hikoya mazkur tugun bilan boshlanadi. Shundan sо‘ng asosiy qahramon Mallayev paydo bо‘lib, ilk tugun yechiladi, ammo voqealar mobaynida boshqa tugunlar yuz kо‘rsata boradi. Kitobxon nazdida Mallayev qanchalik sir-sinoatli odam sifatida gavdalansa, Fayzulla uchun ham u xuddi shunday jumboq. Yozuvchi bu sirni oydinlashtirishga shoshilmaydi, buni shart deb ham hisoblamaydi. Dastlab kulgiliroq, dali-g‘uli odamdek taassurot uyg‘otgan Mallayev о‘zini tutishi, ba’zi xatti-harakatlari, gap-sо‘zi bilan kitobxon kо‘z о‘ngida о‘zgarib boradi: goh jiddiylashadi, goh avvalgi holiga qaytadi, goh ayanch ahvolga tushadi. Shu tariqa voqealar silsilasida Mallayevning aslida boshqacha odam ekani, tabiatan о‘zgaruvchanligi ayon bо‘ladi.
Hikoyada voqealarning dinamik tarzda rivojlanishi kuzatiladi: dastlab bir oz kulgili, maroqli tasvirlar bilan boshlangan hodisa ba’zi о‘rinlarda dramatik vaziyatlarga joy bо‘shatadi. О‘rni kelganda yozuvchi kinoyadan, goho satiradan ham foydalanadi; qо‘yilgan muammoni, hayotdagi ayrim illatlarni, kishilarning salbiy fe’l-atvorini ochishda bu usul ayniqsa qо‘l keladi. Lekin yozuvchi vaziyatni butunlay kulgili yoki dramatik yо‘sinda aks ettirmaydi, balki qahramonga xos bо‘lgan jihatlarning ham, vaziyatning ham kulgili va qayg‘uli (tragik) tomonlarini yonma-yon, deyarli uyg‘un tarzda tasvirlaydi. Aynan shu xususiyatlar yozuvchining N.Gogol, A.Chexov, A.Qahhor kabi hikoya ustalari ijodidan bahramandligini kо‘rsatadi.
Mallayevning tashqi qiyofasi birgina sо‘z — «xomsemiz» degan ta’rif bilan chiziladi, «qora kostyumining yaltirab ketgani, hansirab turishi» ham u haqdagi tasavvurni tо‘ldirishga yordam beradi. Yozuvchi qahramon portretiga alohida tо‘xtalmaydi. Unga oid sifatlarni о‘rni kelganda bir-ikki jumla orqali ifodalab (muallifning boshqa hikoyalarida ham shu usul kuzatiladi), yо‘l-yо‘lakay tasvirlab ketadi. Masalan, Mallayevning «siyrak, sarg‘ish kipriklarini pirpiratib» kulib turishi uni beg‘araz qilib kо‘rsatsa, «bamaylixotir lapanglab mashinadan» tushishi, «qozondek shlyapasini boshidan olib, yarg‘oq kallasini siypab» qо‘yishiyu «halpillagan shimini yuqori» tortib, «orqa о‘rindiqqa savlat bilan» о‘tirishi uning tashqi qiyofasinigina emas, tabiatiga xos boshqa jihatlarni ham ifodalaydi. Ya’ni, Mallayev о‘rni kelganda uddaburon, vaziyatdan chiqib ketishga usta odam. Bu hol yо‘lda militsiya xodimi bilan bо‘lgan uchrashuvda, ayniqsa, yaqqol kо‘rinadi. «Rо‘paradagi kо‘zguchadan asta razm soldimu hayron qoldim — orqada Mallayev yо‘q, uning о‘rnida vajohatli, qovog‘i soliq bir arbob о‘tirardi! Militsionerga qarab indamay yelka qisdim.
— Kechirasizlar-da endi, — deb jilmaydi militsioner, — xizmatchilik...
Mallayevning olamshumul ma’no bilan chimirilgan baroq qoshlari past-baland bо‘lib ketdi.
— Nima? E, uka, qiziq ekansiz-ku! Yo bizning gapimizga ishonmayapsizmi?
— Ishonamizu, lekin...
— Iya! Bu qanday gap! Axir, bizning gapimizga el ishonadi, xalq ishonadi, siz nega ishonmaysiz? Sizniki xizmatchilik bо‘lsa, biz ammamizning chorbog‘iga anjir yegani ketayotganimiz yо‘q, bizniki ham xizmatchilik! Qani, ketdik!
— Mayli, yaxshi boringlar, akalar, — dedi militsioner birdan bо‘shashib» .
Mallayev yolg‘onni kо‘p ishlatadi. Ba’zan hikoyachi-qahramonga u yolg‘onni qalashtirib tashlayotgandek tuyuladi. U Mallayevni jiddiy qabul qilmasligi (Uni Mallayevning о‘zi g‘urur bilan ta’kidlashicha, «idoraning yirik namoyandalaridan biri» sifatida bilishadi, xolos), tо‘g‘rirog‘i, u haqda hech narsa bilmasligi (buni Fayzullaning о‘zi ham e’tirof etadi) sababli uning uydirmalari ham, rost gapi ham gо‘yo Shumbolaning «innaykeyin»iga о‘xshaydi. Tabiiyki, har kuni kо‘rib yurgan odamingiz kо‘z oldingizda turfa qiyofalarga kiraversa, har xil maqomda gapiraversa, unga ishonish-ishonmaslikka qiynaladi kishi.
Mallayevning Surxondaryoda zо‘r tantana bilan kutib olinishi, Berdirahmat bilan bо‘lgan keskin tо‘qnashuv, stansiya bufetidagi ayol va «jingalak sochlari sarg‘ish yigitcha» — bularning bari kitobxonga dastlab bir oz jumboqdek tuyuladi. Yozuvchi hamma gapni batafsil bayon etmaydi, balki kitobxon mushohadasiga havola qiladi. Qisqasi, qahramon va u tushib qolgan vaziyatni vijdon, munosabatlar haqqoniyligi, mehr-muhabbat, adolat nuqtai nazaridan tahlil qilish uchun kitobxonga imkon beriladi.
Ba’zi asarlarda yozuvchi muhim bir narsa haqida faqat asar yakunida sо‘z ochadi. «Uch tup xurmo» hikoyasi oxirida ham Mallayevning Surxondaryoda о‘g‘li borligi hikoyachi-qahramonga gо‘yo kitobxon bilan bir vaqtda ma’lum bо‘ladi. Albatta, muallif bu xabarga kitobxonni ma’lum darajada tayyorlaydi, lekin hikoya sо‘ngigacha sir oshkor etilmaydi. Bu ham hikoya kompozitsiyasiga xos bir usuldir.
Hikoyani о‘qish asnosida kitobxonda Mallayev aslida qanday odam, uning qaysi gapi rostu qaysi biri yolg‘on, о‘zini bunday tutishiga sabab nima, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Ularga hikoya sо‘ngida ruhiy iztirobda qolgan Mallayevning e’tirofi javob bо‘ladi: «Bir og‘iz yolg‘on о‘n og‘izini boshlab keladi, bundan yana yolg‘on tug‘iladi, oqibat, kо‘ribsizki, odam ham, oila ham, boringki, umr ham butkul vayron...» Yozuvchi kо‘zlagan asosiy maqsad ham ayni shu о‘rinda oydinlashadi. Ya’ni, yolg‘on insonni xarob qiladi, asl qiyofasini yо‘qotadi, oqibatda u tahlikada yashaydi, о‘zini qanday tutishni bilolmay qiynaladi, hurmat-e’tibordan qoladi. Mallayevning shu holatini yozuvchi hayotiy voqealar asosida ishonarli tasvirlagan.9
Yozuvchining bu hikoyadan maqsadi, tadqiqotchi M.Rustamova «Uslub jilolari» maqolasida ta’kidlaganidek, «...xarakteri, nutqi, atrofidagilarga munosabati odamlarga tazyiq о‘tkazish, dо‘q, pо‘pisa bilan о‘tkazishga asoslangan, bosh egishga majbur qilgan, soxta g‘oyalar bilan tushovlangan sobiq tuzum amaldorlaridan biri bо‘lgan Mallayevning soxta qiyofasini fosh» qilish emas. Yuqoridagi sifatlar aslida Mallayevga mos ham kelmaydi. Berdirahmatni ham, M.Rustamova aytganidek, «soddadil, tо‘g‘ri odam» deb bо‘lmaydi. Aksincha, Mallayev sobiq tuzum amaldorlaridan biri, dastlab «xо‘b omilkor, keyinchalik о‘zidan ketib, dunyoda ne noma’qulchilik bо‘lsa, jamini qilgan» Berdirahmatning kirdikorlarini felyeton qilib ochib tashlagan.
Ma’lumki, chinakam badiiy asarda qahramon ijtimoiy muhit, mavjud voqelikdan ayri tasvirlanmaydi. Hikoyada Mallayev mansub bо‘lgan jamiyat hayotidagi ayrim illatlar ham voqealar silsilasida ochib berilgan. Bu ma’lum ma’noda qahramon xarakterini batafsilroq yoritishga imkon yaratgan. Ammo muallifning asosiy maqsadi, о‘zi ta’kidlaganidek, «mohiyat, inson ruhiyatining cheksiz g‘alayonlari»ni tasvirlash, ya’ni, qahramon xarakterini har tomonlama — barcha ijobiy va salbiy jihatlari bilan bо‘yamay-bejamay kо‘rsatishdir. Bu о‘tgan asrning 80-yillari nasrida, ayniqsa, hikoya janrida samarali qalam tebratgan adiblar X.Sulton, E.A’zam, M.M.Dо‘stlar ijodida ustuvorlik qilgan xususiyatdir.
Xurmo bahona boshlangan voqea xurmo kо‘chati kelishi bilan yakunlanadi. Uch tup xurmo voqealar rivojida syujet chizig‘ini birlashtirib turadi. Eng muhimi, uch tup xurmo detali orqali axloqiy-ma’naviy ahamiyatga ega bо‘lgan muhim muammo ilgari suriladi.
Hikoya oxiridagi tabiat tasviri ma’lum ma’noda qahramonlarning о‘sha damdagi ruhiy holatini ham aks ettiradi: «Osmon tо‘la yulduz, jimir-jimir jilvasi kо‘ngilga g‘uluv soladi. Poyonsiz dala yо‘li о‘rtasida tо‘xtab yotgan mashinam derazasidan miltillab xira yog‘du taraladi. Allaqaydan uzoqlab ketayotgan poyezd tovushi eshitiladi».
Fayzullani band etgan xayollar muallif qarashlari bilan tutashib ketadi: «Nima uchun u (Mallayev — SH.S.) о‘zi istagandek yashamadi? Aldamay, aldanmay? Yashay olmadimi? Kim bilsin...» Muallif mulohazaga undovchi bunday savollarni kitobxon hukmiga havola qiladi.
Yozuvchi hikoyalarida muhim kompozitsion vositalardan qarshi qо‘yish usuli ham samarali qо‘llangan. Masalan, «Uch yuz oltmish tо‘rt kun», «Qog‘oz gullar» hikoyalarida personajlar о‘zaro kontrast tasvirlansa, «Yо‘qchilik va tо‘qchilik» asarida voqealar shunday qarshilantiriladi.
Adabiyotshunos U.Normatov: «Hikoya janri о‘z nomiga xilof о‘laroq, hikoya qilib berishni uncha xush kо‘rmaydi, u kо‘proq kо‘rsatishni, detallarni jonli gavdalantirishni yoqtiradi, ayni paytda har bir detal, tafsilot jiddiy ma’nodorlik kasb etishini talab qiladi»3, deb yozgan edi.
«Onamning yurti» hikoyasi bayonida о‘ziga xos kompozitsiya usuli kо‘zga tashlanadi. Unda ona yurt muhabbati, insonning vatanga sadoqat tuyg‘ulari jozibali poetik ohangda ifodalangan bо‘lib, aynan shu bayon usuli asarga boshidan-oxirigacha ta’sirchan ruh baxsh etgan. Hikoya «Nihoyat, onamning yurtiga jо‘nar bо‘ldik» jumlasi bilan boshlanadi. Keyin hikoyachi-qahramonning onasi va u tug‘ilib о‘sgan yurt, ona bir zamonlar bola chog‘ida yо‘qolib qolgani, tug‘ilgan yeri qayer, qavm-qarindoshlari kim ekanini bilmasligi tо‘g‘risida sо‘z ketadi. Muallif bular haqida bir chetdan batafsil hikoya qilib о‘tirmaydi. Chunki kо‘zlangan asosiy badiiy niyat bu emas. Kindik qoni tomgan ona yurt qadrini ifodalash hikoyada yetakchi g‘oyadir.
Asarda unumli foydalanilgan portret va peyzaj tasviri, lirik chekinishlar kompozitsion yaxlitlikni ta’minlashga yordam bergan. Onaning bolalik xotiralari orqali ota-onasi portreti quyidagicha chiziladi: «Otam soqollari uzun-uzun, qizil yuzli odam edi. Onam judayam novcha edi, о‘rnidan turganida, boshini kunga urib olmasaydi, deb qо‘rqardim...» . Yetti-sakkiz yashar bola xotirasiga ota-ona ana shunday kо‘rinishda muhrlanib qolgan va ularning shunday tasvirlanishi tabiiy.10
Adib hikoyalaridagi lirik chekinish kо‘pincha qahramon ruhiyati va qalb kechinmalarini ifodalash bilan birga, muallif qarashlarini ham oydinlashtiradi. Masalan, «Onamning yurti»da hikoyachi-qahramon volidasining bir holatini tasvirlay turib: «Onamning quvonchini sizga qanday tasvirlab beray? Yо‘q, chamalab kо‘rdim, qо‘limdan kelmas ekan. Buni tasavvur qilmoqchi bо‘lsangiz, yaxshisi, onangiz quvongan kezlarda, aniqrog‘i, uni о‘zingiz bir og‘iz shirin sо‘z bilanmi, bir savob ish bilanmi quvontirgan damlaringizda asta kuzating. Afsus, ming afsus, bunday onlar hayotimizda qanchalar kam: biz, farzandlar, onalarimizga shodlik о‘rniga aksar ranju alam yetkazamiz, xolos» , deganida yozuvchi mushohadalari ham qо‘shilib ketadi. Bu lirik chekinish о‘quvchini beixtiyor mehr-oqibat, qadr-qimmat kabi insoniy fazilatlar xususida mulohazaga tortadi. Kо‘ngilda ajib bir samimiy tuyg‘ular, insoniylik, iliqlik uyg‘otadi.
Hikoyada peyzaj onaning yetti-sakkiz yashar bolalik xotiralari asosida bunday tasvirlanadi: «...bir jiydazor bog‘ki, boshi-adog‘i yо‘q. Jiyda gullaganda ichiga kirsang, adashib qolasan. Gullari sap-sariq, gurkirab yotadi, boshlaring aylanib ketadi...»

Xulosa
Innovatsion ta’lim texnologiyalari o‘z maqsadi va mohiyatiga ko‘ra an’anaviy ta’limdan farq qilib, ta’lim oluvchi shaxsining ichki imkoniyatlarini namoyon qilish, rivojlantirish uchun qulay sharoitni yaratishga xizmat qiladi. Bunda ta’lim oluvchilarning o‘zlarini o‘quv faoliyatining sub’ekti sifatida his qilishlari, o‘z ustida ishlashlari, o‘z-o‘zini rivojlantirishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda innovatsion ta’lim texnologiyalari vositasida “Syujet va uning unsurlari” kabi modullarni o`qitish dolzarb pedagogik ahamiyatga ega masalalardan hisoblanadi. Yuqorida ushbu modulini o‘qitish jarayoninini innovatsion ta’lim texnologiyalari asosida loyihalash va rejalashtirish hamda amaliyotga tatbiq etish masalalari ko`rib chiqildi.
Badiiy asardagi syujetlilik yeng muhim masalalardan hisoblanadi. Syujetni qarama-qarshiliklar, xarakterlarning rivojlanishi tarixi, asardagi voqyealar oqimi deb ta'riflashda asosan yirik nasriy va dramatik asarlarga xos xususiyatlar ko‘zda tutilgan. Vaholanki, lirik asarlarda xarakter bo‘lmaydi. Bo‘lganda ham ularning rivojlanishi tarixi ko‘rsatilmaydi, kichik janrlarda voqyealar berilmasligi, ularning oqimi ko‘rsatilmasligi mumkin. Shuning uchun ham syujet faqat asardagi voqealar oqimi, xarakterlarning rivojlanish tarixigina emas, asardagi tuyg‘u va kechinmalar oqimi, ularning rivojlanish mantiqi hamdir.
Asarda har bir personaj o‘z xarakteri va vazifasiga ega bo‘ladi. Ularning barchasi asosiy narsaga, ya'ni voqealar rivojiga birlashtiriladi va shu bilan asar syujetini ochishga xizmat qiladi. Syujet bilan kompozitsiya ajralmasdir. Syujet bo‘shligi kompozitsiyaning bo‘shligini keltirib chiqaradi. Aniq shakllantirilmagan bo‘sh kompozitsiya esa syujetni halok qiladi. Biroq yaxshi ishlangan kompozitsiyaning o‘zi ham muvaffaqiyat keltirmaydi. Kompozitsiyaning qimmati g‘oyaning qimmati bilan belgilanadi. Yaxshi kompozitsiyada ifodalangan g‘oya syujetni ham yaxshilaydi. Demak, syujet asar mazmunini ochish shaklidir.
Syujet kompozitsion tartib orqali yuzaga chiqadi. Kompozitsiya syujetdan kengroqdir. U syujet bilan bog‘liqdir. Asar voqyealarini xronologik tartibda joylashtirmaslik, tugun va yechimini har yerda berish mumkin. Bu ham kompozitsiya bo‘ladi.
Syujet va uning unsurlari mavzusiga ajratilgan ma'ruza, seminar va amaliy dars soatlarida ushbu mavzuni talabalarga yetkazib berishda interfaol metodlardan unumli foydalanish mumkin. Xususan, ma'ruza mavzusini o‘tkazishda yuqorida keltirib o‘tilgan muammoli savollar, “Insert” metodi, “Baxs-munozara metodi”, testlardan foydalanib dars o‘tilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Seminar darsini o‘tishda interfaol usullardan foydalanish uchun talabalarni kichik guruhlarga bo‘lib, shakllantirish lozim bo‘ladi. So‘ngra har bir guruh uchun muammoli savol tarzidagi topshiriqlar beriladi va guruhlar javoblariga qarab baholanadilar. Shundan keyin esa “T-sxema”, “Baliq skeleti”, “Shaxsiy fikr” kabi metodlardan foydalanish o‘rinli bo‘ladi degan fikrdamiz.
Amaliy dars mavzusi bir asar tahliliga bag‘ishlanganligi uchun ushbu darsda germenevtik jihatlarga alohida ahamiyat qaratiladi. “Klaster”, “Toifalash jadvali” “BxBxB” kabi metodlardan unumli foydalangan holda ma'ruza darsida o‘tilgan nazariy mavzuni mustahkamlash mumkin bo‘ladi.
Interfaol metodlardan foydalanib dars o‘tish bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Buning afzalliklarini bugungi kun oliy ta'lim sohasi pedagogi bo‘lajak pedagoglarga nafaqat tushuntirishi, balki ularga amalda ko‘rsatib berishlari, o‘zlari ham dars jarayonida qo‘llashlari muhim sanaladi.
Har bir yozuvchi ijodi adabiy jarayondagi yangi badiiy tamoyillarni belgilashda muayyan ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda tadqiqot obyektimiz bо‘lgan Xayriddin Sulton ijodi 80 — 90-yillar nasrchiligiga xos yetakchi xususiyatlar haqida fikr yuritish imkonini beradi. Yozuvchi hikoyalari asosida uning о‘ziga xos uslubi, umuman, hikoyanavislik mahorati qirralarini aniqlash maqsadida olib borilgan tadqiqot va kuzatishlarimiz natijasi о‘laroq bayon qilingan ilmiy-nazariy mulohazalar quyidagicha umumlashtirildi:

Download 60,78 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 60,78 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II.2. Xayriddin Sulton hikoyalarining kompozitsion о‘ziga xosligi

Download 60,78 Kb.