|
GAZ VA GAZKONDENSAT UYUMLARINING ISHLATISH ASOSLARI VA ULARGA TA’SIR ETADIGAN
|
bet | 11/12 | Sana | 02.12.2023 | Hajmi | 0,68 Mb. | | #109551 |
Bog'liq 7 Нефть ва газ конларини ишлатиш системалари ва уларни татбик этиш шароитлари (2-маъруза)GAZ VA GAZKONDENSAT UYUMLARINING ISHLATISH ASOSLARI VA ULARGA TA’SIR ETADIGAN
GEOLOGIK SHAROITLAR
Gaz va gazkondensat uyumlarini ishlatish jarayoni va sistemalari bir qator xususiyatlarga ega.
Neft uyumlaridan farqli o’laroq gaz uyumlarini ishlatish qatlamga ta’sir etmasdan, tabiiy energiyadan foydalanib amalga oshiriladi. SHu sababli uyumni ishlatish chog’ida gazni chiqarib olish qatlamning o’rtacha bosimini pasaytirish orqali, ya’ni gaz rejimida tez sur’atlarda, tarang – suv bosimli rejimda past sur’atlarda bajariladi. Ishlatilayotgan gaz uyumlarida qatlam bosimining pasayishi muhim natijalarga olib keladi.
Uyumlarni chegara tashqarisidagi zona bilan o’zaro ta’siridan uyumlarda, ayniqsa yiriklarida qatlam bosimining pasayishi suv bosimli sistemaning hamma qismidagi qatlam bosimi holatiga ta’sir etadi. Natijada ishlatilayotgan uyumlarga yaqin joylashgan yangi uyumlarni o’zlashtirish boshlangandagi bosimi miqdori suv bosimli sistemaning boshlang’ich bosimiga nisbatan past bo’lishi mumkin. Agar ishlatilayotgan uyumlar bir vaqtda hosil bo’lgan jinslarda joylashgan bo’lsa, ularning o’zaro ta’siri kuzatiladi, bunda qatlam bosimining pasayish tezligi gaz chiqarib olish sur’atiga mos kelmaydi.
Uyumda qatlam bosimi pasayishi oqibatida ishlatish jarayonida quduq debiti muntazam kamayib boradi. Neft quduqlaridan farqli o’laroq, bosimning pasayishiga bog’liq holda gaz qudug’ining debitining kamayishi kuzatiladi, hatto quduq tubida doimiy depressiya saqlanganda ham debitning kamayishi davom etaveradi. Bunday vaziyat quduq tubi zonasida gazning juda katta tezlikda harakatlanishi natijasida filtratsiyaning chiziqli qonunining buzilishidan kelib chiqadi.
Qatlam va quduq tubi bosimlarining pasayishi bilan ular orasidagi geostatik bosim miqdori ortadi va u jins-kollektorlarning, ayniqsa quduq tubi zonasidagi jinslarning deformatsiyalanishiga olib keladi. Natijada jinslarning kollektorlik xususiyatlari yomonlashadi va quduq debitining kamayishi kuzatiladi. Qatlam bosimining pasayishidan quduqda yuvuvchi suyuqlikning yutilishi va boshqa murakkabliklar kelib chiqishi mumkin, bunday salbiy hodisalarning oldini olish uchun burg’ilanayotgan quduqdagi mahsuldor qatlamni ochish texnologiyasiga o’zgartirishlar kiritish kerak bo’ladi. Gaz uyumlarining muhim xususiyatlaridan biri shundan iboratki, gazning yuqori darajada harakatchanligi hisobiga har bir uyum yaxlit bir gazodinamik sistemani hosil qiladi, demak, uyumni ishlatish jarayonida uning hamma qismi o’zaro bog’liq holda bo’ladi. Shuningdek, gaz uyumlarini ishlatishning boshqa xususiyatlariga qatlam gazining tez harakatlanishi bilan bir qatorda quduqlar debitining kattaligi ham kiradi, bir xil kollektorlik xususiyatlariga ega bo’lgan qatlamlardagi gaz quduqlarining debiti neft quduqlarinikiga nisbatan ikki marotaba katta bo’ladi. Bu hol gaz uyumini juda yuqori sur’atlarda ishlatish imkonini beradi va shu sababli qaziladigan quduqlar to’ri zichligi neft uyumlarinikiga nisbatan kam bo’ladi.
Yuqorida qayd qilinganlardan ma’lumki, qatlam va quduq tubi bosimining pasayishidan gaz quduqlari debiti ham kamayib boradi. Quduq debitining pasayish jarayonida chiqarib olinayotgan gaz miqdorining uzoq vaqt o’zgarishsiz qolishini ta’minlash maqsadida qo’shimcha quduqlar burg’ilanib, ulardan foydalaniladi. Natijada ishlayotgan quduqlar soni ortadi. Lekin shunda ham quduqlar to’rining o’rtacha zichligi neft uyumlarini ishlatish jarayonidagiga nisbatan kam bo’ladi. Olinadigan gaz zaxiralarining 60-70% chiqarib olingandan so’ng odatda quduqlar qazish to’xtatiladi.
Neft va gaz konlarini ishlatish chog’ida suvlangan quduqlarni ishlatish masalasi turlicha hal qilinadi. Neft quduqlarida suv paydo bo’lgandan keyin ham u uzoq vaqt ishlatiladi, olinayotgan mahsulotda suvning miqdori ortib, 95-99% ga etganda quduqni ishlatish to’xtatiladi. Natijada suvlangan quduqlardan katta hajmdagi yo’lakay suvlar olinadi. Suv bosimli rejimda ishlayotgan gaz uyumlarida uyumga suv kirib kelsa va quduqda namoyonlansa, bunday quduqlar ozroq miqdorda suv olingach to’xtatiladi. Buning asosiy sababi shundaki, gaz konlari qurilishida gazni yig’ish va tayyorlashda uning tarkibida ko’p miqdorda suv bo’lmasligi lozim. Gazkondensat uyumlarni ishlatish ham o’ziga xos xususiyatga ega. Qatlamlarning tabiiy rejimidan foydalanib uyumdan gaz olishda quduq tubidagi bosim, so’ngra qatlam bosimi ham kondensatsiya boshlanishidagi bosimdan pasayadi. Natijada dastlab quduq tubi zonasida, undan keyin hamma joyda fazaviy o’tish boshlanadi – kondensat gazdan suyuq holatda ajraladi va jins g’ovaklari ichiga joylashadi, kondensatni chiqarib olish koeffitsienti qiymati pasayadi.
|
| |