|
2-ma’ruza reja turli geologik sharoitlarda konni suv bostirib ishlatish sistemalari
|
bet | 1/12 | Sana | 02.12.2023 | Hajmi | 0,68 Mb. | | #109551 |
Bog'liq 7 Нефть ва газ конларини ишлатиш системалари ва уларни татбик этиш шароитлари (2-маъруза)
NEFT VA GAZ KONLARINI ISHLATISH SISTEMALARI VA ULARNI TATBIQ ETISH SHAROITLARI
(2-ma’ruza)
REJA
1. TURLI GEOLOGIK SHAROITLARDA KONNI SUV BOSTIRIB ISHLATISH SISTEMALARI.
2. NEFT VA GAZ UYUMLARINI ISHLATISH JARAYONIDA QATLAMGA TA’SIR KO’RSATISH SISTEMALARI.
3. NEFT UYUMLARINI ISHLATISHNING YANGI METODLARI VA ULARNI TATBIQ ETISHNING GEOLOGIK SHAROITLARI.
4. GAZ VA GAZKONDENSAT UYUMLARINING ISHLATISH ASOSLARI VA ULARGA TA’SIR ETADIGAN GEOLOGIK SHAROITLAR.
Suv bostirish metodlari. Neft va gaz-neft ishlatish ob’ektlarini suv bostirish metodlari bilan ishlatish uning turli ko’rinishlarini ishlab chiqish imkonini yaratadi (10.4-rasm), ularning har birini ma’lum bir geologik sharoitlarda qo’llash maqsadga muvofiqdir. Suv bostirish metodini qo’llash chegara tashqarisiga suv bostirishdan boshlanadi, bunda neftlilikning tashqi chegarasidan ancha uzoqdagi qatlamning suvli qismida joylashgan quduqqa suv haydaladi. Lekin chegara tashqarisiga suv haydash hamma hollarda ham naf keltirmasligi mumkin, ayniqsa neftlilik maydoni katta bo’lgan maydonlarda va bir xil tarkibli tuzilishga ega bo’lgan uyumlarda etarli darajadagi ta’sir kuchiga ega bo’lmaydi. Bu metodning keyingi bosqichi ko’pgina uyumlarda chegara bo’ylab suv bostirish yo’li bilan rivojlanib boradi, bunda uyumning chekka qismidagi chegara bo’ylab joylashgan quduqlarga suv haydaladi. Bu metod qatlamning chegara tashqarisidagi suvli qismining o’tkazish imkoniyati yoki qatlamning suvli va neftli qismining o’zaro aloqasi yomonlashganda qo’llaniladi. 1950 yilning boshlarida sobiq Ittifoqda dunyoda birinchilardan bo’lib Romashkin konida chegara ichra suv bostirish yo’li bilan uyumni ishlatishning yangi sistemasi qo’llanildi. Chegara ichra suv bostirish metodida qatlamga suv neft uyumi maydonida qazilgan haydash quduqlari orqali yuboriladi. SHu bilan birga chegara ichra suv bostirishning bir qancha ko’rinishlari ishlab chiqildi va ularni qo’llash mumkin bo’lgan kon-geologik sharoitlar aniqlandi.
Suv bostirish metodlari neft uyumlarini ishlatishning asosiy metodlaridan biri bo’lganligi bois suv bostirishning turlarini tanlash va ularni geologik jihatdan asoslab, boshqa texnologik echimlar ishlab chiqish kon-geologiyasi fanining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Uyumni suv bostirib ishlatish sistemalari. Hozirgi vaqtda O’zbekiston Respublikasi va sobiq Ittifoq davlatlaridagi neft uyumlarini ishlatishda tabiiy energiyalardan hamda samarali tabiiy rejimdan foydalanish keng yo’lga qo’yilgan. Samarali tabiiy rejimli neft uyumlariga suv bosimli va faol tarang-suv bosimli rejimli uyumlar mansub. Suv bosimli rejimda tabiiy sharoitlar neftni sanoat miqyosidagi zaxirasini to’liq chiqarib olish imkonini beradi. Tarang-suv bosimli rejimli sharoitlarda qatlamning dinamik bosimining uzluksiz pasayishi hamda unga mos holda debitning kamayishi kuzatiladi. SHu bilan birga qatlam energiyasi etarli bo’lmaganda neftning joriy debitini saqlab qolish hamda uyumni ishlatish samaradorligini oshirish maqsadida qatlamga qo’shimcha energiya kiritib, unga ta’sir etish metodlari qo’llaniladi. Buning uchun mahsuldor qatlamga maxsus haydash quduqlari burg’ilanadi va ular orqali qatlamga suv haydaladi. Bunday haydash quduqlari neft-gazlilikning tashqi chegarasi bo’ylab (uyumni ishlatishning chegara tashqarisiga suv bostirish sistemasi) yoki neft uyumi maydonining ichki qismida (chegara ichra suv bostirish sistemasi) joylashadi.
|
| |