Dumaloq metall ip (likkak) - pishiq yigirilgan ingichka dumaloq metall ipdan iborat bo’lib, u prujinaga o’xshab likillb turadi.
Zar iplardan tashqari zardo’zlikda jaydari rangdor ipak iplardan ham foydalanib, ular asosan gullarga qo’shimcha oro berishda hamda matoga zar yo’l tushirishda ishlatiladi.
Zardo'zlikda ishlatiladigan asbob-uskunalar.
Zar ipni o'rash. Zardo’zlikda ishlatiladigan asbob-uskunalar unchalik ko’p bo’lmasa-da, ular o’ziga xos tuzilishga ega. Zardo’zlikda ishlatiladigan asosiy asbob korcho’b bo’lib, u ikki qismdan iborat: chambarak va xorak. «Korcho’b» forscha so’z bo’lib, «kor» - ish, «cho’b»- taxta, yog’och ma’nolarni anglatadi.
Chambarak uzunligi 320 sm gacha bo’lgan ikkita teng yonli yog’och dasta va ularning maxsus qismida harakatlanuvchi silliq taxta, ya’ni shamshirakdan iborat. Shamshirakdagi ovalsimon o’yiqchalar yog’och dastalarga mato tortilganda ularni
tarang ushlab turishga xizmat qiladi.
Korcho’bning ikkinchi qismi xoraklardir. Xoraklar yog’och poylar bo’lib,ishlagan vaqtda chambarak ular ustiga qo’yilgan, chunki qadimda zardo’zlar ko’rpacha ustida o’tirib, ish tikishgan.
Hozirgi zamonaviy sexlarda metalldan (temir va uning qotishmalaridan) tayyorlangan zardo’zlik dastgohlari ishlatiladi. Bu sexdagi zardo’zlki dastgohlarni ikki turga bo’lish mumkin:
1.Kichik o’lchamli uy - ro’zg’or buyumlari va zardo’zlik kiyim - kechaklarni tikish uchun mo’ljallangan dastgohlar;
2.Katta o’lchamdagi buyumlarni, masalan, zardo’zi gilam, so’zana va hokazolarni tikishga mo’ljallangan dastgohlar. Ular tuzilishi bilan emas, balki chambarak qismining o’lchamlari bilangina farq qiladi, xolos.
Zardo’zlikda korcho’pdan so’ng turadigan asbobdan biri - patila hisoblanadi. Patila - to’rt qirrali va nafis qilib tarashlangan, ichi kavlanib, qo’rg’oshin quyib vazminlashtirilgan, uzunligi 18 - 20 sm li oddiy yog’och tayoqcha. Patila zar iplarni zich va bir tekis qilib o’rashda ishlatilgan, bu tikilayotgan zardo’zning bir tekis chiqishiga yordam bergan, zar ipning chalishib isrof bo’lishiga yo’l qo’ymagan.
Zardo’zlikda angishvona ham zarur. Chunki zardo’zlik naqshlari faqat qo’lda tikiladi. Angishvona igna qo’lga kirib ketmasligi uchun ishlatiladigan metall g’ilofdir. Uning ustki va yon tomonlarida igna toyib ketmasligi uchun chuqurchalar o’yilgan.
Zardo’zlikda barcha jarayonlar qo’lda bajariladigan choklar orqali amalga oshiriladi, shuning uchun ignalar va ularni tanlay bilish muhim ahamiyatga ega.
Zardo’zlikda asosan ikki xil turdagi ignalar ishlatiladi:
1.Tikish ishlari uchun 2 sonli ignalar ishlatiladi.
2.Bezatish ishlari uchun esa 1 sonli ignalar ishlatiladi.
Zardo’zlikda uch turdagi qaychilardan foydalaniladi:
1.Naqshlar, gullarni qirqishda ishlatiladigan qaychi o’rdakburun va tuyabo’yin qaychi. Bu qaychilar faqat gullarni qirqishda kerak bo’ladi.
2.Pardozlashda kerak bo’ladigan qaychilar. Bu qaychilar kichikroq bo’lib, dastgoh ustida ishlashda qulay.
3.Andoza bichishda kerak bo’ladigan qaychilar. Bunday qaychilar kattaroq va o’tkirroq bo’lishi zarur.
Zardo’zlikda ishlatilidigan asbob -uskunalar o’tkir uchli asboblar bo’lib, ular bilan ishlaganda ehtiyot bo’lish va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur. Avvalo, ularni saqlash uchun alohida moslama bo’lishi darkor. Ignalar bilan ishlayotganda, albatta ularni igna qadagichlarga qadab qo’yiladi. Ulardan foydalanganda angishvona kiyib olinadi. Ignaga ip o’tkazganda hech qachon ularni lab orasida ushlab turmaslik lozim. Nafas olayotganda yoki gapirmoqchi bo’lganda ular bexosdan ichga ketib qolishi mumkin. Qaychilar ham uchi o’tkir asboblardan biri bo’lib, ulardan noto’g’i foydalanish o’zigagina emas, bilki atrofdagilarga xam zarar keltirishi, ish sifatining buzilishiga, ishning to’xtab qolishiga olib kelishi mumkin.
Zar iplardan foydalanishdan ilgari ular belgilangan chegarada uzun qilib olinadi va patilaga 4 qavat qilib, ya’ni zar o’raydigan cho’pga o’raladi. Zar iplar to’g’ridan-to’g’ri patilaga o’ralmasdan, avval oddiy ip patilaga mahkam qilib bog’lanadi, so’ng shu ipga zar iplar ulanadi. Zar iplar to’g’ridan-to’g’ri patilaga ulansa, tezda uzilib ketishi mumkin. Zar iplarni o’rayotganda ularning tekis o’ralashiga e’tibor berish zarur. Keyin zar ip bilan maxsus kartondan kesilgan gullar ustidan tikib chiqiladi.
|