|
«Adabiyot» 5-sinflar uchun 20 yil Mavzu: adabiyot so‘z san’ati
|
bet | 125/218 | Sana | 19.05.2024 | Hajmi | 1,83 Mb. | | #243397 |
Bog'liq 5-sinf-adabiyot-yillik-dars-ishlanmasiO’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu:
XX asrdagi nafaqat fransuz, balki jahon adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri hisoblanmish Antuan de Sent-Ekzyuperi 1900-yil 29-iyunda Fransiyaning yirik shaharlaridan biri Lionda kambag‘allashgan zodagonlar oilasida dunyoga keldi. Otasidan erta yetim qolgan Antuanning bolaligi Lion yaqinidagi buvisiga qarashli Sen-Moris maskanida o‘tdi. Antuan juda sho‘x, quvnoq va ziyrak bola edi.
1909-yildan 1914-yilgacha Antuan va uning akasi Fransua Man shahridagi kollejda ta’lim olishdi. Birinchi jahon urushi boshlangach, ularning onasi o‘g‘illarini Shveysariyadagi xususiy kollejlardan biriga o‘qishga yuboradi. 1917-yili akasi Fransua bevaqt olamdan o‘tgach, Antuanning qalbida chuqur o‘zgarish ro‘y beradi va ilk bora yashashdan maqsad nima, degan savolga javob axtara boshlaydi.
Yosh Antuan Nafis san’at akademiyasining arxitektura fakultetiga o‘qishga kiradi, biroq insonning hayotdagi o‘rni haqidagi fikrlar uni aslo tark etmaydi, zero Antuan o‘z hayotini aniq bir sohaga bag‘ishlamoqchi, insoniyatga chinakam naf keltiradigan ishga qo‘l urmoqchi edi. 1921-yili u arxitektura fakultetini tark etadi va Fransiya harbiy havo kuchlari safiga xizmatga kiradi.
1926-yil Sent-Ekzyuperi uchun hal qiluvchi yil bo‘ldi. Shu yili u «Latiko-Eyr» havo kompaniyasiga ishga kirib o‘zi sevgan mashg‘ulot bilan shug‘ullana boshlaydi va o‘zining «Uchuvchi» nomli birinchi hikoyasini e’lon qiladi. Shu kundan boshlab to umrining oxirigacha Sent-Ekzyuperi uchuvchi bo‘lib qoladi. Sent-Ekzyuperi Yevropaning, Afrika va Lotin Amerikasining turli burchaklariga uchar, yuk va yo‘lovchilarni tashir edi. Keyinchalik u G‘arbiy Saxara (hozirgi Mavritaniya)ning Kap-Jubi shahri aeroportining boshlig‘i, so‘ngra bir fransuz aviakompaniyasining Argentinadagi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishladi.
Sent-Ekzyuperi o‘zining bo‘sh vaqtlarini adabiyotga, musiqaga va ixtirochilikka bag‘ishladi. 1929-yili u o‘zining ilk yirik asari «Janub chopari» va 1931-yili «Tungi parvoz» romanlarini e’lon qildi. Bu asarlar chop etilgan kunlaridan boshlaboq keng kitobxonlar va adabiyotchilar diqqatini o‘ziga jalb qildi va yuksak baholandi. Jumladan, «Tungi parvoz» romani 1931-yili nufuzli «Femina» mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Sent-Ekzyuperi o‘zining eng mukammal asari — «Erkaklar zamini» (1939) romanida zamon va insonlar haqidagi o‘ylari hamda chuqur fikrlarini bayon qilgan va bu asar Fransiya Akademiyasi tomonidan eng yaxshi roman uchun Gran Pri mukofotiga sazovor bo‘lgan. Fashistlar Germaniyasi Fransiyaga hujum qilgan birinchi kundanoq Sent-Ekzyuperi harbiy havo kuchlariga xizmatga qaytgan va urush frontlarida razvedka uchishlari bilan shug‘ullangan. Fransiya urushda mag‘lubiyatga uchragach, u Amerika Qo‘shma Shtatlaridan boshpana topadi va 1942-yili «Harbiy uchuvchi» novellasini, 1943-yili esa «Kichkina shahzoda» falsafiy ertagini yaratadi. 1943-yil Antuan de Sent-Ekzyuperi yana jangovar safga qaytadi. Fransiyaning Shimoliy Afrikadagi mustamlaka o‘lkalarida fashistlarga qarshi kurashadi. 1944-yil 31-iyulda u so‘nggi parvozga chiqadi — Antuan de Sent-Ekzyuperining samolyotini fashist qiruvchisi urib tushiradi. Bu mudhish voqea uning jonajon vatani Fransiya ozodlikka erishishiga atigi uch hafta qolganda yuz berdi.
Antuan de Sent-Ekzyuperi kitobxonlar uchun haligacha mashhur adib bo‘lib qolyapti. Xo‘sh, uning mashhurligi sababi nimada? Hamma gap shundaki, ijoddagi samimiyat, insonga mehr, nozik did hech kimni befarq qoldirmaydi. Bo‘lmasa urush tufayli hayotdan bevaqt ko‘z yumgan adib va shoirlar kam deysizmi. Shunday ekan, nega Antuan de Sent-Ekzyuperi mashhur, uning «Kichkina shahzoda» ertak-qissasi bu qadar sevimli asar? Sababi yuqorida biz ta’kidlagan o‘lmas qadriyatlarda! «Kichkina shahzoda»ning kuchi ham ayni shunda.
Yangi mavzuni mustahkamlash: Og’zaki savol-javob.
|
| |