|
Afrosiyobda topilgan arxeologik materiallar
|
bet | 2/2 | Sana | 06.06.2024 | Hajmi | 17,68 Kb. | | #260976 |
Bog'liq AFROSIYOB MADANIYATIAfrosiyobda topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi VIII–V asrlarda Sugʻdiyonaning markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini koʻrsatadi. Miloddan avvalgi 329-yilda shahar Aleksandr Makedonskiy qoʻshinlari tomonidan vayron etilgan, uning izlari hozirgacha shahar mudofaa inshootlarida saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi III–I asrlarda shahar hayotida yana yuksalish yuz bergan. Miloddan avvalgi III asrda shahar qoʻshaloq mudofaa devori bilan oʻrab olingan. U davrlarga oid qalin madaniy qatlam Afrosiyobning shimolida, uning arki joylashgan qismida yaxshi saqlangan. Arxelogik materiallarning guvohligi hamda yozma manbalarda taʼkidlanishicha, oʻsha davrda Samarqand orqali Buyuk ipak yoʻli oʻtgan, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik rivoj topgan. Ilk oʻrta asrlarda Samarqand Sugʻdiyonaning bosh shahri sifatida nufuzli mavqega ega boʻlib, shaharning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida tub oʻzgarishlar yuz bergan. Badavlat dehqon xoʻjaliklari kuchayib, xuddi shu kezlarda ularning qasrlari joylashgan Afrosiyobning shimoliy qismi mudofaa devori bilan oʻrab olingan. Bu holat Movarounnahr va unga qoʻshni viloyatlarda ham yuz bergan. Bu davrda Samarqand hukmdorlari “ixshid” deb atalgan. 712-yilda arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim qoʻshin tortib kelganda, Samarqandning mudofaa devorlari mustahkam boʻlib, atrofi suv toʻla xandaq bilan oʻrab olingan edi. Qutayba Samarqandga Fargʻona, Shosh va turklardan yordamga kelgan lashkarlarni yenggach, koʻmaksiz qolgan Sugʻd hokimi Gurak noiloj u bilan sulh tuzadi, shaharning ichki qismini (shahriston) arablarga boʻshatib berishga majbur boʻladi. Arxeologik topilmalar islomga zid boʻlgan haykal va devoriy rasmlarning ataylab qilich bilan chopilganini isbotlaydi. IX asrning ikkinchi choragidan Movarounnahrda hokimiyat somoniylar qoʻliga oʻtdi. Buxoro ularning markaziga aylandi. Shu davrda Samarqand iqtisodiy va madaniy jihatdan tez rivojlandi. Afrosiyobda somoniylar davrida oʻymakor ganch naqshlar bilan bezatilgan saroylar, badavlat dehqon xonadonlari, masjid va madrasalar, hammom va quvurlar, tosh koʻchalar topilmoqda.
Shahar aholisining suvga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida shahar hayotining dastlabki yillaridayoq Dargʻom tomonidan kanal qazib, suv keltirilgan. Ana shu kanal izlari hozirgi shahar hiyobonining janubida, Alisher Navoiy haykali qad koʻtarib turgan maskanda ochib oʻrganildi. Bu kanal Registon maydoni orqali Hazrati Xizr masjidi tomon choʻzilib ketgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Afrosiyobga janubdan kiraverishda shaharni oʻrab turgan xandaq ustiga pishiq gʻishtlardan ravoqli suvayrigʻich qurilib, uning tepasidan katta ariq oʻtkazilgan. Bu ariqni “Juyi arziz” (“Qoʻrgʻoshin ariq”) deb ataganlar. Ariq shu yerda uchga boʻlingan va shahar oralab Siyob arigʻiga qadar borgan. X asrning oxirida Movarounnahrda hokimiyat qoraxoniylar qoʻliga oʻtganda ham Samarqandda savdo, hunarmandchilik, obodonchilik ishlari davom etadi. Shaharda hunarmandchilik rivojlanib, zodagon dehqon qasrlari endi shahar tashqarisida, ularning dala hovlilarida markazlashadi. 1220-yilda Chingizxon qoʻshinlari “Juyi arziz” toʻgʻonini buzib, shaharni suvsiz qoldirdi. Shahar mudofaachilari tengsiz jangda taslim boʻldilar. Bosqinchilar shaharning devor va darvozalarini vayron qilib, saroy, masjid va madrasalarga, aholi xonadonlariga oʻt qoʻydilar. Aholining katta qismi jangda qirildi, hunar mandlar Moʻgʻilistonga haydab ketildi. Shaharning soʻnggi mudofaachilari Jome masjidida yashirinib, qarshilikni davom ettirdilar. Ularning olovda yongan tanalari jang kiyimida saqlanib qolgan boʻlib, arxeologik qazishlar chogʻida topilgan. Shundan keyin “Qoʻrgʻoshin ariq” qayta tiklanmagan. Afrosiyobda suvsiz qolgan aholi Siyobdan charxpalakda suv chiqarib, kun koʻrgan, keyinchalik aholi Afrosiyobni butunlay tashlab ketgan. Kimsasiz xarobaga aylangan qadimgi Samarqand avvallari “Hisori koʻhna”, “Qalʼai Hisor” deb atalib, XVII asrdan boshlab aholi orasida “Qalʼai Afrosiyob” yoki “Afrosiyob” deb atala boshlagan. Afrosiyobda qazishma ishlari ayniqsa, Samarqandda Oʻz FA Arxeologiya instituti tashkil topgandan keyin keng koʻlamda yoʻlga qoʻyildi. 1989-yildan boshlab Afrosiyobni arxeologik jihatdan tadqiq etish ishiga fransuz arxeologlari – Pol Bernar, Frans Grene va boshqalar jalb etilgan. Fransuz arxeologik missiyasi Oʻzbekiston arxeologlari bilan birga Afrosiyobni oʻrganishda qatnashmoqda. Oʻzbek va fransuz olimlarining hamkorlikda olib borgan tadqiqot natijalari qadimgi Samarqand tarixiga oid qator masalalarga aniqlik kiritdi, yaʼni miloddan avvalgi VI–V asrlarga taalluqli shahar mudofaa devorlari ostidan guvaladan qurilgan yanada qadimgi devor qoldiqlari ochilib, Samarqandning yoshi miloddan avvalgi VIII asrning oʻrtalariga oid ekanligini isbotladi; shaharning ark qismidan miloddan avvalgi VIII asrga oid murabba shaklidagi Samarqand ixshidlarining mahobatli saroyi qoldiqlari ochildi.
Afrosiyobda arxeologik tadqiqot ishlari davom etmoqda. Afrosiyobda arxeologik qazishmalar natijasida mahobatli rang-tasvirning noyob dastlabki namunalari arxeolog V.Vyatkin tomonidan topilgan (1913). Keyingi qazishmalar davrida (1965–1668) oʻzbek arxeologlari 30 ga yaqin saroy xonalarini ochishga muvaffaq boʻlganlar, bu xonalarning koʻplari devoriy rasmlar, naqshlar bilan bezatilgan. Shulardan katta (11x11) va kichik (7x7) xonalardagi rasmlarda bir necha erkak va ayol ark oldida oʻtirgan holda tasvirlangan. Katta xona devorlariga ishlangan rasmlar detallarga boyligi, sugʻd yozuvlarining saqlanib qolganligi bilan ahamiyatga ega. Xona devorlariga ishlangan rasmlarda toʻy marosimi, Sugʻd hukmdorining xorijiy davlatlarning elchilarini qabul qilishi, bu elchilarning yoʻldagi sarguzashtlari, yirtqich hayvonlar bilan olishuv, ov manzaralari, afsonaviy maxluqlar tasvirlangan. Saqlanib qolgan rasmlar tahlili oʻrta asr mahobatli tasviriy sanʼatining gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishi, musavvirning ish usul va vositalari haqida, tafsilotlarga boy maishiy sahnalar, etnik koʻrinishlar oʻsha davr haqida fikr yuritish imkonini beradi. Afrosiyob devoriy rasmlari yagona mazmunga boʻysundirilgan: markazda Sugʻd hukmdori Varxumon turadi, anʼanalarga koʻra rassom uni boshqalarga nisbatan yirik koʻrinishda (butun devor balandligida, 5–6 m) tasvirlab, hukmdorning buyukligini eʼtirof etadi, unga abadiylik, qahramonlik baxsh etadi. Afrosiyob devoriy rasmlari Oʻrta Osiyoda arablar istilosiga qadar mahobatli rangtasvir sanʼati yuksak darajada rivojlangani, Samarqand esa uning markazi boʻlganidan dalolat beradi.
|
| |