Nodim she’rlaridan
Sevgilim, jamoling bir bor ko‘rolmam,
Chiqmasin xayoling dili shaydodan.
Xoki poyingga-da yuz-ko‘z surolmam,
Olayin payoming1 bodi sabodan.
Moviy ko‘z berahm etdi nigohing,
Oshiqlarning ko‘kka chiqardi ohin.
So‘rdim gardaningdan, zulfi siyohing,
Bir xabar bermadi oqdan-qarodan.
Sevgilim, bandangga gar tushsa xizmat,
Eshitging va qullik – jonimga rohat.
Ko‘rsam edi senda bo‘yi muhabbat,
Istaganim shudir sen bevafodan.
Nodimo, husningga bo‘lmishdir oshiq,
Shundayin bir ishqki qavlida1 sodiq.
Karamga na qabar bo‘lmasa loyiq,
Or etmas, Afandim, shohlar gadodan.
* * *
Masti nozim, kim o‘stirdi buncha beparvo seni,
Kim yetishtirdi ajab, sarvdan bolo2 seni.
Mushkdan xush, rangdan pokizadir nozik taning,
Parvarish qilmishdir go‘yo, kim guli ra’no seni.
Guli zebo kiyding, ammo qo‘rqaram ozor berar.
Nozaninim, soyai xori guli zebo seni.
Bir qo‘lingda gul, bir qo‘lda jom kelding, soqiyo,
Qay birin olsam: gulni yohud ul jomni yo seni?
Go‘yo sendin bo‘lmish paydo favvorai obi hayot,
Shundoq ko‘rsatdi manga ul qaddi mustasno seni.
Sof ekan ayinai andomdin dilim, vo darig‘,
Olmadim bir bora ham og‘ushga sar to po1 seni.
So‘rsam magar: “Buncha kim qildi Nodimni notavon?”
Ko‘rsatur angusht2 ila majlisdagi mino3, seni
* * *
Ul pariro‘y oshuqa rom bo‘lsa ham mone emas,
Kunduzing bo‘lmasa, oqshom bo‘lsa ham mone emas.
Kangul pok bo‘lsin hamon, raybu4 riyodin zohido,
Qo‘lda tasbehga badal jom bo‘lsa ham mone emas.
Dilraboning xuni garm5 bo‘lsin hamon, atvori narm6,
Mubtaloyi jomi gulfom bo‘lsa ham mone emas.
Sen to‘la jomni ko‘tar uch martaga, so‘ngra sening
Vuslating muhtoji ibrom7 bo‘lsa ham mone emas.
Mushtoqman tashrifiga iydning, ikkinchi kun Nodim,
Kunduzing bo‘lmasa, oqshom bo‘lsa ham mone emas
* * *
Bir safo baxsh etaylik kel, shu dili noshoda,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Mana ko‘r, uch juft qayiq bandargohda omoda,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Kulaylik, ham o‘ynaylik, zavq olaylik dunyodan,
Mayi tasnim1 ichaylik chashmayi nav payvodan.
Ko‘raylik obi hayot oqqanin ajdarhodan,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Goh borib havz kanorinda xiromon bo‘laylik,
Goh kelib Qasri Jinon2 sayriga hayron bo‘laylik.
Goho alyor aytibon, goh g‘azalxon bo‘laylik,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Bir sen-u bir men-u, bir obi pokiza ado,
Izning bo‘lursa agar, shaydir Nadimi shaydo;
G‘ayri yoronni bugunlik etib, ey sho‘x, fido,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda...
|