XVIII asr usmonli imperiyasi uchun juda og‘ir kechdi. Ichki isyonlar, iqtisodiy qiyinchilik, ayniqsa, imperiyaning tashqi siyosatdagi mavqei ketib, bir qancha yerlarni qo‘ldan chiqarishi bu davr uchun xarakterlidir. Davlatning nainki XVI asrdagi buyukligi, hatto XVII asrdagi qudrati ham juda zaiflashib qoldi. 1699 yilda imzolangan “Karlovcha” shartnomasiga ko‘ra, usmonlilar davlati Mojaristonning katta qismini Dolmachya va Mora yerlarini qo‘ldan chiqardi. Garchi 16 yil davom etgan urush to‘xtagan bo‘lsa ham, imperiyaning Yevropadagi mavqei deyarli yo‘qoldi. Uzoq davom etgan urushlar natijasida soliqlar ko‘paydi. Bu narsa shusiz ham iqtisodiy qiyinchiliklarda yashayotgan xalqning joniga tegdi va bir necha isyonlar bo‘ldi. Ispaniya va Chor Rossiyasi ham usmonlilarga qarshi tish qayrab turardi. 1712 yil, Istambul shartnomasi tuzildi. Bunga ko‘ra Turkiya Mora va boshqa ba’zi qo‘ldan ketgan yerlarni qaytarib oldi. Davlat bir oz qadrini rostlagandek edi. Ammo, Avstriya urushi boshlandi. 1718 yil Pasarofcha sulhi tuziladi. Urushlar, isyonlardan charchagan omma bu sulhni yaxshi qabul qiladi. Eron shohi Ashraf bilan to‘qnashuvni hisobga olmaganda, davlatda tinchlik o‘rnatiladi. Lola davri deb atalgan bu 13 yilda adabiyot, san’at birmuncha rivojlandi. Lekin, bu davrda soliqlar ko‘paygan va soliqlarni shohlar ayshu-ishratlarga sarflayotganini ko‘rgan xalq isyon ko‘taradi. Bunga 1729 yil turk qo‘shinlarining Eron shohi Nodirshohdan yengilganligi va bunga sultonning e’tiborsizligi ham sabab bo‘ladi. Sulton Ahmad III taxtdan ag‘dariladi, Sadra’zam Ibrohim Posho o‘ldiriladi, yangidan qurilgan binolarga, saroylarga o‘t qo‘yiladi.
Taxtga Mahmud I o‘tiradi. Biroq davlat idorasi isyonchilar boshlig‘i yanichar Xalil va uning maslakdoshlari qo‘lida edi. Ular asosiy mansablarga o‘z odamlarini qo‘yar, istagan amaldorni ishdan bo‘shattirar edilar. Poytaxt Istambul o‘zaro ichki mojarolar ichida qolgandi. Ahvolning bu tarzda davom etishi mumkin emasligini anglab yetgan sulton Maxmud I, bir bahona bilan Xalil va maslakdoshlarini saroyga chaqirtiradi hamda hiyla bilan qo‘lga olib, qatl ettiradi. Bosh ko‘targan askarlar isyonini ham bostiradi. Davlat boshqaruvini qo‘lga oladi. Bu davrda usmoniylar G‘arbda Avstriya va Rossiya bilan, Sharqda Eron bilan janglar olib borayotgan edi.
1756–1763 yillar sulton Mustafo III davri biroz osoyishta kechdi. Ruslar bilan urushlar, Mora isyoni natijasida 1774 yil usmoniylar Kichik Kaynarcha sulhini imzolashga majbur bo‘ldilar, natijada Qrim mustaqil bo‘ldi. Angliya va boshqa Yevropa davlatlari har xil bahonalar bilan usmonlilarning siyosatiga aralashishga harakat qilardilar. Tashqi urushlar, Misr, Suriya, Anado‘lidagi ichki isyonlar asr oxirigacha oz moz uzilishlar bilan davom etdi.
XVIII asr usmonli taxtiga o‘tirgan sultonlarning ko‘pchiligi shoirtabiat, san’atsevar, tabiatan yumshoq ko‘ngil edilar. Bu vaqtga kelib Yevropa esa avvalgidan ko‘ra ilm-fanda ancha ilgarilab ketdi. Shu jumladan harbiy sohada ham XVIII asrda Turkiya har tomonlama Yevropadan orqada qola boshladi.
1703–1730 yillar hukmronlik qilgan sulton Ahmad III go‘zal san’atlarni sevadigan, ko‘ngilxushlikni yoqtiradigan kishi edi. Najib taxallusi bilan she’rlar yozar, davrining yaxshi xattotlaridan sanalardi. U bilimdon shaxslardan ayrimlarini chet ellarga jo‘natadi. Masalan, Mehmet Chalabiy Fransiyaga borib, u yerdagi sharoitni o‘rganadi va Turkiyadagi ahvol bilan qiyoslab, sultonga taqdimnoma yozadi. Birinchi kitob bosish ishlari ham Ahmad III davrida boshlangan.
1730–1754 yillar hukm surgan Mahmud I armiyada islohot o‘tkazishga, 1757–1774 yillarda taxtni egallagan Mustafo III iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga harakat qildi. Sulton Abdulhamid I (1777–1789), Salim III (1789–1808) davrida ham davlat miqyosida ba’zi bir o‘zgarishlar qilishga harakat qilindi. Ammo bularning hammasi Usmoniylar imperiyasini Yevropa taziqidan qutqara olmadi. XVIII asr oxiriga kelib, davlat asr boshidagidan ham ko‘ra zaiflashgan edi.
|