XVIII asrning birinchi yarmidagi 13 yil, ya’ni 1718–1730 yillar turk adabiyotida “Lola davri” deb yuritiladi. Bu atamani birinchi Yahyo Kamol qo‘llagan. 1913 yil Ahmad Rafiq Oltinoy e’lon qilgan “Lola davri” nomli kitob bu davrning o‘ziga xos o‘rni borligini, adabiyotda, san’atda rivojlanish davri bo‘lganligini ko‘rsatadi. Sultonning kuyovi Ibrohim Posho bosh vazir bo‘lgan bu davrda Istambulda obodonchilik ishlari olib borildi. Davlat odamlari yashash tarzida yevropaliklarga taqlid qila boshladilar. Yevropacha bog‘lar barpo qilish, G‘arbdan me’morlar chaqirib kelib imoratlar qurish urf bo‘ldi. Parij bog‘larida bo‘lganidek hovuzlar, favvoralar qurildi. Bog‘larda lolazorlar bunyod etildi. Masjidlar, kutubxonalar, ko‘rkli saroylarning qurilishi ma’lum ma’noda adabiyot, madaniyat rivojiga turtki bo‘ldi.
Sulton saroyida ham tez-tez mushoiralar, musiqa kechalari o‘tkazilib turilardi. O‘sha davrda “holva kechalari” deb nomlanib, tonggacha davom etadigan kechalarda, asosan shoirlar va mashshoqlar ishtirok etadilar, yangi-yangi qasidalar, g‘azallar o‘qilardi.
Lola, bu davrning eng sevimli va qimmatli guliga aylandi. Sulton Mehmed IV davridayoq Misr va Avstriyadan keltirilgan lolalar Istambulda nihoyatda ko‘paytirilgan edi. Gollandiyadan, Sherozdan va dunyoning boshqa davlatlaridan lolalarning turli navlari keltirilar, yangi navlari kashf qilinardi. Istambulliklar lolaning 639 turini ekardilar. Lola haqida risolalar yozilib, lolazorlar yaratish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilardi. Juda kam uchraydigan lola urug‘ining (piyozi) 1000 oltinga sotilgani ma’lum. Hatto lolalarni baholash haqida “xatti humoyun” e’lon qilinadi.
Turk adabiyoti tarixida “Lola davri” deb atalgan bu davrning muhim voqealaridan biri Istambulda bosmaxonaning ochilishidir.
Parijga elchi sifatida jo‘natilgan Mehmed Chalabiyning o‘g‘li Mehmed Said Afandi, asli mojar bo‘lib, islom dinini qabul qilgan Ibrohim Mutafarrika bilan hamkorlikda sultonning va shayxulislomning roziligini olib, 1724 yili Istambulda birinchi turk nashriyoti quradilar. Ayrim qarshiliklarga qaramasdan nashriyot 1729 yili ishga tushadi. 1729–1742 yillarda tarix, geografiya, grammatika, lug‘at, sayohatnomalar kabi 17 nomda kitoblar bosiladi. Bu madaniy hayotdagi katta voqea edi.
|