Xulosa
Bozor munosabatlarga o`tish davrida respublikada ro`y berayotgan chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar milliy iqtisodiyotning muhim va istiqbolli sohalaridan biri bo`lgan turizm faoliyatida ham o`z ifodasini topmoqda.
O`zbekiston xalqaro turizmni rivojlantirishda o`zining salohiyatiga va yuqori raqobatbardoshlikni ta`minlashda nisbiy ustunliklarga ega bo`lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov: “O`zbekiston sayr-u sayohatni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyatlarga egadir. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi o`zbek shaharlari butun dunyoga mashhur. Respublika hududida to`rt mingdan ko`proq me`morchilik yodgorliklari bor... Tabiat-iqlim sharoitlari qishin-yozin sayohatchilarni qabul qilish imkoniyatini beradi79”- deb ta`kidlab o`tgan edilar. Turizmning asosini noyob tabiiy shart-sharoitlar, qadimdan O`rta Osiyoda yashab o`tgan xalqlarning uyg`onish davridan boshlab madaniy va etnik merosni tashkil qiluvchi ko`p sonli tarixiy-arxetektura yodgorliklari, kurortlar, dam olish uylari, sayr-sayohat ob`ektlari, milliy park va qo`riqxonalarning zamonaviy shaxobchalari tashkil qiladi. Shu bilan bir qatorda respublikada turizmning hozirgi davridagi rivojlanish darajasi uning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatini bermayapti.
Xalqaro va “O`zbekturizm” Milliy Kompaniyasi ekspertlarining baholashicha bugungi kunda mamlakatimiz turistik salohiyatining 12-15 foizidan foydalanilmoqda, xolos.
Yuqoridagilarni nazarda tutib, Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov turizm sohasini rivojlantirish va uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish dolzarb vazifalardan biri ekanligini alohida ta`kidlab, “Turizm sodda qilib aytganda dunyoni tushunib, dunyoni anglash, shu bilan birga dunyo sahniga chiqish demakdir... Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarimizning 2500-3000 yillik tarixi bor. Bu juda katta ma`naviy boylik. Uni sayyohlikni rivojlantirish yo`li bilan moddiy boylikka aylantirish mumkin”80. Rivojlangan mamlakatlarda turizmdan olinadigan valyuta tushumlari butun eksport hajmining 10-35% ni tashkil qiladi. Turizm sohasi uchun jadal rivojlanish xos bo`lib, qator mamlakatlarda yillik o`sish sur`atlari yuqoriligi (24% gacha) bilan tavsiflanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining so`nggi yillarida turizmga oid e`lon qilingan farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari millatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xalqaro turistik bozorga integratsiyalashish, O`zbekistonning madaniy-tarixiy va ma`naviy merosini jahon hamjamiyatiga targ`ib qilish hamda sayyohlarga xizmat ko`rsatish sifatini jahon andozalari darajasiga etkazishga qaratilgan tadbirlarni o`z ichiga oladi. Bu qonuniy hujjatlar Respublikada turizm sohasi va uning infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha ko`pgina tadbirlar bilan birga qator muammolar echimlarini ham ko`zda tutadi. Turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirishni ta`minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishda davlatning rolini oshirish, turizm rivojlanishning jahon amaliyotida jamlangan ilg`or tajribasini, usullari va vositalarini milliy iqtisodiyotimizga joriy qilish shular jumlasidandir.
Hozirgi davrda respublikamizda milliy turizmning barqaror rivojlanish muammolarini hal qilishning nazariy, uslubiy va amaliy yondashuvlarini ishlab chiqish, turistik mahsulotlar bozorini shakllantirish, mazkur soha faoliyatini tartibga solishning iqtisodiy usullari va uni boshqarishning tashkiliy tuzilmalarini, turizmni rivojlantirishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro turizm insonlarning o`lkalar bilan tanishish, zavqlanish dam olish, bo`sh vaqtini samarali o`tkazish, sog`lig`ini tiklash, dunyo, sport musobaqalarida qatnashish, ma`naviy dunyosini boyitish kabi ishlarga ehtiyojining ortib borishi, boshqa xalqlarning urf-odati va turmush tarzini bilish uchun intilishida alohida o`rin egallaydi.
Shuni ta`kidlashimiz joizki, o`tmishga nazar soladigan bo`lsak, insoniyat har doim makonda o`zining harakat doirasini o`zgartirib, yangi-yangi yerlarni kashf qilgan, turmush-tarzini boyitgan va ijtimoiy munosabatlarning yanada rivojlanishi, takomillashishi uchun intilgan. Bu esa shaxsni shakllanishi va kamol topishiga ijobiy ta`sir ko`rsatib, bunda turizm, ayniqsa uning xalqaro yo`nalishi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan. Xalqaro turizm juda ko`p qirrali bo`lib, uning tarkibiy qismlari bo`lgan mehmonxona, ovqatlanish, transport, savdo, dam olish va sayr qilish joylari va boshqa ko`plab sohalar, jarayonlar bir-biri bilan uzviy bog`lanadi va harakatga keladi.
Jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmning roli va ahamiyati yildan-yilga ortib borib, u jahondagi eng ko`p daromad keltiradigan asosiy sohalardan biriga aylanib bormoqda.
So`nggi yillarda globallashuv va xalqaro inegratsiya jarayonlarining chuqurlashuvi turizm rivojlanishiga ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda. XX asrning so`nggi choragida jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yuz bergan tub o`zgarishlar natijasida mamlakatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Jahonning turli mamlakatlarida iqtisodiy taraqqiyotning yuksalishi kishilarning turli maqsadlarda bir mamlakatdan ikkinchisiga qatnab turish ko`lamining kengayishini taqozo etadi. Bu esa turizmni milliy iqtisodiyotining eng istiqbolli tarmoqlaridan biriga aylantirmoqda.
Butunjahon turistik tashkiloti (BTT) ma`lumotlariga ko`ra bugungi kunda jahon yalpi milliy maxsulotining 11 foizi, investitsiyalarni 10 foizi, jahon iste`mol xarajatlarining 11 foizi, soliq tushumlarining 5 foizi turizm sohasi hissasiga to`g`ri keladi.81 XX asr 90-yillarining boshlaridan hozirgi kunga qadar mazkur sohaga kiritilgan investitsiyalarni o`rtacha yillik o`sish sur`ati 30 foizni tashkil etdi. Hozirgi vaqtda har 16 ish o`rnidan biri turizm tarmog`i zimmasiga to`g`ri keladi. Jahon eksportida turizm neft’ va neft’ mahsulotlari hamda avtomobillar eksportidan so`ng uchinchi o`rinni egallaydi.82
Turizm taraqqiyoti uchun qilinadigan sarf-xarjatlar boshqa sohalarga qilinadigan sarf-xarajatlarga qaraganda o`zini tezroq oqlaydi. SHu bilan birga turizm iqtisodiyotning o`ziga xos va muhim tarmog`i yoki daromad manbaigina emas, balki mamlakatlar orasidagi tashqi siyosiy aloqalarni har tomonlama rivoj toptirish, do`stona munosabatlarni yaxshilash, turli mamlakatlar va xalqlar madaniyati, san`ati, an`anaviy urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Butun jahonda tez sur`atlar bilan rivoj topayotgan turizm yaqin kelajakda ko`rsatiladigan xizmat sohalari orasida eng oldingi o`ringa chiqib olishi mumkin. Hozirning o`zida jahon miqyosida shunday mamlakatlar borki, ular asosan turizmni rivojlantirish hisobiga yashaydi, ravnaq topadi, boyiydi. Ayrim mamlakatlarda turizm rivojlanishidan tushadigan daromad mamlakat milliy daromadining deyarli yarmini tashkil etadi. Turizmdan tushgan daromad evaziga Andorra, Lixtenshteyn, Monako, San-Marino singari mitti davlatlar o`zini zarur noz-ne`matlar bilan ta`minlabgina qolmay, balki boylik orttirmoqda. Bunday mamlakatlarda turizm iqtisodiyot negizi hisoblanib, milliy daromadning 20 foizidan 50 foizigacha beradi.
Xalqaro turizmni rivojlantirish borasida Avstriya, Germaniya, SHvetsariya, Skandinaviya mamlakatlari katta tajribaga ega. Keyingi yillarda bu muhim sohada Xitoy, Malayziya, Isroil, Turkiya kabi mamlakatlar ham ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.
O`zbekiston turizm sohasini har tomonlama rivojlantirish uchun qator imkoniyatlarga egaki, o`zining qulay geografik o`rni, jannatnamo tabiiy sharoiti tufayli jahon madaniyatida o`ziga xos o`rin egallaydi hamda noyob me`morchilik yodgorliklari bilan qator mamlakatlar bilan bellasha oladi. SHirindan-shirin ho`l mevalari, qovun-tarvuzlari, xilma-xil o`ziga xos milliy taomlari va nihoyat go`zal an`analari, urf-odatlar, ochiq yuz va mehmondo`st xalqi bilan butun dunyo ahlining e`tiborini o`ziga tortadi.
O`zbekistonda xalqaro turizm rivoji haqida Osiyo bo`yicha jahon turizmi tashkilotining mintaqaviy vakili Xarish Varmanning quydagi so`zlarini eslatib o`tish o`rinlidir. “Toshkent va umuman O`zbekiston, -deydi u,- menda katta taassurot qoldirdi. O`zbekiston va uning qadimiy shaharlari turizmni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanligi ko`zga tashlanadi. Xalqning boy madaniyati, ko`p asrlik tarixi, arxeologik ob`ektlar, arxitektura yodgorliklari, jozibali tabiat va eng muhimi-iliq, do`stona mehmonnavoz muhiti kishini lol qoldiradi. Bularning bari- sayyohlarning bu yoqqa kelishi uchun yaxshi asos”.83
Global iqtisodiy inqiroz ta`sirini yumshatishga qaratilgan choralarni amalga oshirish jarayonida mehmonxonalarda servis sifati va samaradorligini oshirish imkoniyatlarining nazariy va amaliy muammolarini tadqiq qilish natijasida bir qator xulosalarga keldim va quyidagi tavsiyalarni ishab chiqdim.
1. Turistlarga ko`rsatiladigan kompleks xizmatlar tizimida mehmonxona xizmatlari markaziy o`rinda turadi va u har bir turning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ammo mehmonxona xizmatlari sifati va samaradorligi masalasi mamlakatimiz olimlari tomonidan kam o`rganilgan va mos ravishda iqtisodiy adabiyotlarda kam yoritilgan soha bo`lib qolmoqda.
2. Birgina Buxoro viloyatida 100 dan ortiq mehmonxonalar mavjud bo`lib, bir vaqtning o`zida 3 mingdan ortiq mehmonlarni qabul qilish quvvatiga ega. Bunday holat ushbu sohani ilmiy jihatdan tadqiq qilib, uning samaradorligini oshirish va mehmonlarga ko`rsatiladigan xizmatlarning sifatini ko`tarish bo`yicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiqishni taqozo qiladi.
3. Mehmonxonalarda servis sifati va samaradorligini oshirish maqsadida ularning o`zgarishiga ta`sir etuvchi ichki va tashqi omillar tizimi ishlab chiqildi va ularning ta`sirini aniqlash orqali turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish usullari ko`rsatib berildi. Mehmonxona xo`jaligi samaradorligining o`zgarishiga mehmonxonalarning sig`imi, yuklanish darajasi, harajatlar summasi, xorijiy va mahalliy turistlarning oqimi, ko`rsatiladigan xizmatlar soni, mehmonxonaning daromadliligi, mutaxasislarning malakasi kabi omillar ta`siri aniqlandi va uni oshirishning ichki imkoniyatlari ochib berildi.
4. Mehmonxonalarda servis sifati va samaradorligini oshirish imkoniyatlarini baholash uchun bir qancha ko`rsatkichlar hamda ularni aniqlash yo`llari tavsiya etildi. Bular tarkibiga mehmonxona daromadlari, xarajatlari, rentabellikning bir qancha ko`rsatkichlari, sifat ko`rsatkich-lari tizimi kiritildi. Ularni aniqlash usullari ham ko`rsatib berildi.
5. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar islohot uchun emas, balki insonlarning munosib yashashini ta`minlashga qaratilganligi tufayli, mehmonxona xizmatlari sifatini yaxshilashda nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy nuqtai nazardan qarash lozimligi ham asoslandi.
6. Turistlarning tashrif buyurish davomiyligining tahlili shuni ko`rsatdiki, mehmonxonalarga joylashgan mijozlarning asosiy qismi 1-3 (87,7%) va 4-7 kunni (9,64%) tashkil qiladi va mehmonxona xizmatlaridan foydalanadi. Mazkur holat qisqa muddatli safar davomida turistlarga ko`rsatiladigan xizmatlar sifatining yuqori bo`lishini talab qiladi. Bu xizmatlarning tezkorligini, xizmat ko`rsatuvchi personalning madaniyatli va xushmuomalaligini, xizmatlarning bekami-ko`stligini, xilma-xilligini ta`minlashni talab qiladi.
Ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarning amaliyotga joriy qilinishi, fikrimizcha, respublikamizda, xususan Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalarda servis sifati va samaradorligini oshirish bo`yicha tegishli tadbirlar ishlab chiqish uchun asos bo`ladi.
|