4. Buxoro Turizmining istiqbollari: Turizm sohasida yetuk kadrlar tayyorlash – taraqqiyot omili
So‘nggi yillarda Buxoro viloyatida xalqaro va mahalliy turizm oqimining barqaror ravishda oshib borayotganligi kuzatilmoqda. 2013-yil oxiriga kelib, xorijlik sayyohlar soni 100 ming nafarni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlarga sanatoriy-kurort tashkilotlari hamda dam olishni tashkil etuvchi boshqa korxonalardagi, shuningdek, turizm sektori tomonidan bilvosita yaratilgan ish o‘rinlari ham kiritilsa, turizmning viloyatda ish bilan bandlik ko‘rsatkichlariga qo‘shayotgan salmoqli hissasi namoyon bo‘ladi. Buxoro Davlat Universiteti oldida turgan asosiy vazifalardan biri ham mana shu ish o‘rinlari uchun malakali kadrlarni o‘z vaqtida yetkazib berishdan iborat.
Buxoro viloyatida turizm sohasi uchun kadrlar Buxoro Davlat Universiteti va Buxoro Turizm kollejida tayyorlanadi. Buxoro davlat universitetida turizmga ixtisoslashgan «(turizm va mehmonxona xo‘jaligi)» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lib, mazkur ta’lim yo‘nalishini 2012-yilda ilk bakalavrlar bitirib chiqishdi. 2010–2011-yilidan «Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqrish», 2013–2014-o‘quv yilidan boshlab esa «Turizm» va «Xizmatlar sohasi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda «Turoperatorlik faoliyatini tashkil etish» magistratura mutaxassisliklariga talabalar qabuli amalga oshirilyapti. Ayni paytga kelib esa, 45 nafar talaba ushbu yo‘nalishlarni tugatgan, shuningdek, 149 nafar talaba ta’lim olmoqda. 2017-yilga borib, BuxDU tomonidan sohaga yetkazib beriladigan kadrlar soni 200 nafardan oshirilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarga Buxoro turizm kollejini har yili bitirib chiqayotgan 150 dan ortiq mutaxassisni ham qo‘shganda, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishiliyotgani kuzatiladi76.
Buxoro Davlat Universitetida turizm sohasi ta’limi «Iqtisodiy ta’lim va turtizm» kafedrasi huzurida ochildi. Ayni paytda turizm yo‘nalishida dars beruvchi o‘n nafar professor-o‘qituvchi, shu jumladan, bir nafar fan doktori, besh nafar fan nomzodi talaba yoshlarga sohaning nozik jihatlarini dunyo tajribalarini qo‘llagan holda mukammal tarzda o‘rgatmoqdalar. O‘qituvchilar sakkiz nafari Yevropa va Osiyoning universitetlarida malaka oshirish va ilmiy tadqiqotlar olib borish muddatlarini o‘tab qaytishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalardga mos ravishda talabalarga to‘rtta fan ingliz tilida o‘tila boshlandi, sohaga oid xorijiy adabiyotlar ba’zasi yaratildi. Kafedra huzurida eng so‘nggi rusumdagi texnik jihozlar bilan o‘quv-metodik markaz tashkil etilgan. Dars jarayonlarida talabalar elktron doska, videoproyektorlar, ovoz berish tizimidan samarali foydalanishib, universitet qoshida ochilgan markazlar va kurslarda ingliz , fransuz, nemis, koreys, ispan, italyan, yapon tillarini o‘rganish imkoniyatiga ham egalar.
Talabalarning amaliyot ishlarini tashkil etishda «O‘zbekturizm» MKning hududiy boshqarmasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Boshqarma tomonidan talabalar viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan mehmonxonalar va boshqa turistik korxonalarga amaliyot o‘tashlari uchun yuborilmoqda.
Mustaqillik davriga kelib O`zbekistonda turizmga, shuningdek soha kadrlarini tayyorlashga katta ahamiyat berilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi (1999 yil 2 iyul’) qarori asosida Toshkent iqtisodiyot Universitetida xalqaro turizm fakul’teti, Toshkent, Samarqand va Buxoroda turizm kollejlari ochildi. Vazirlar Mahkamasining “Samarqand iqtisodiyot va servis institutini tashkil etish to`g`risida”gi qarori (2004 y. 26 mart) bilan faoliyatini qayta qurgan oliy o`quv yurtida ham turizm fakul’teti ish boshladi. SHuningdek, mamlakatdagi boshqa ba`zi oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlarida ham turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi. Xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni “O`zbekturizm” milliy kompaniyasiga qarashli Respublika ilmiy-konsalting o`quv markazi amalga oshiradi. 2005 yilda markaz tomonidan 51 gid, 201 gid-tarjimon, 90 turistik operator tayyorlandi. 140 mutaxassisga malaka oshirish o`quv mashg`ulotlari, 190 xodimga seminar-trening uyushtirildi77.
Bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar va ishlarning barchasi O`zbekistonda turizmning keng avj olishi uchun yordam beradi
Zamonaviy turizm industriyasi rivojlanishida internet tizimining o‘rni beqiyos. Talabalar va professor-o‘qituvchilar viloyat turizm korxonlarida internet texnologiyalaridan foydalanish borasida maslahat-konsalting xizmatlari ko‘rsatib kelishmoqda. Viloyatning turizm salohiyatini yanada kengroq namoyish qilish maqsadida talabalar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Other Bukhara», «Bukhara – Open your fairyland» kabi nomlar ostida sahifalar yuritilmoqda. Ayni paytda bir guruh talaba va professor-o‘qituvchilar «O‘zbekturizm» MK hududiy boshqarmasi hamkorligida Buxoro turizm industryasining o‘ziga xos tomonlarini namoyish qilish, soha kadrlari malakasini oshirish, ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda bronlashtirish va ma’lumot berish, biznes g‘oyalarini amalga oshirishda yordam berish kabi xizmatlarni o‘zida mujassam etuvchi yangi veb-sayt yaratish borasida ishlar olib borishmoqda. «Buxoro viloyatida 2013 – 2016-yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish kompleks chora-tadbirlar dasturi» doirasida Buxoro turizm kolleji bilan Turkiya va Avstriyaning yetakchi turizm kollejlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Jumladan, universitetda Vazirlar Mahkamsi tomonidan tasdiqlangan «2010 – 2020-yillarda nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqib, unda qayd etilgan vazifalarni bajarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, an’anaviy hunarmandchilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar, fokllor ijrochiligi, qadimiy qo‘lyozmalar borasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. «Asrlar sadosi» hamda «Ipak va ziravorlar festevali»da hunarmandchilik naunalari bilan ishtirok etib kelinmoqda. Iqtidorli talabalardan iborat guruh tomonidan Buxoro viloyatida mavjud bo‘lgan moddiy va nomoddiy meros namunalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar nashrga tayyorlanmoqda.
«Iqtisodiy ta’lim va turizm» kafedrasida xalqaro aloqalar namunali tarzda tashkil etilgan bo‘lib, Santyago de Kompostela universiteti, Ispaniyaning Valensiya politexnika universiteti, Belgiyaning Bryussel erkin universiteti, Finlandiyaning Rovaniyemi universiteti, Gretsiyaning Saloniki texnologik ta’lim universiteti kabi ko‘plab yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Yevropa Komissiyasining TEMPUS hamda ERASMUS MUNDUS dasturlari doirasida yuqoridagi universitetlarda 2010 – 2013-yillar mobaynida 15 ga yaqin talaba o‘qib qaytishdi, o‘ndan ortiq tadqiqotchi, sakkiz nafar professor-o‘qituvchi ilmiy izlanishlar olib bordi. Iqtidorli talabalardan olti nafari BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarda muntazam ravishda ishtirok etib, g‘oliblar safidan o‘rin olib kelishmoqda. Ikki nafar talaba turizm yo‘nalishida ilmiy izlanishlar natijasi sifatida Navoiy nomidagi davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lishdi, bir nafar professor-o‘qituvchi «O‘zbekiston belgisi» davlat nishoniga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimizda turizm va servis sohasining tobora taraqqiy topib borayotganligi «Iqtisodiy ta’lim va turimz» kafedrasi oldiga bir qator dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Bunda ilm-fanning ishlab chiqarish sohasi bilan o‘zaro manfaatli va innovatsiyalarga tayanadigan samarali aloqalarini yo‘lga qo‘yishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qiyidagilar belgilab olingan:
۰ hududdagi turizm sohasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari, litsey va kollej professor-o‘qituvchilari hamda talabalari, ilmiy tadqiqotchilar, mutaxassislar o‘z ishlanmalari, ilmiy maqolalari va takliflari bilan ishtirok eta oladigan interaktiv loyihalarni amalga oshirish;
۰ turizm va servis sohasi ehtiyolaridan kelib chiqqan holda malakali, yuqori bilimli va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash;
۰ moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash, turizm potensialidan oqilona foydalanish, turizm rivojining iqtisodiyotiga, jamiyatning ijtimoiy va madaniy hayotiga hamda atrof-muhitga ta’sirini baholashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish;
۰ turizm ta’limi sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;
۰ mahalliy vakolatli organlarga turizm sohasida qarorlar qabul qilishda ekspertlik yordamini ko‘rsatish, mahalliy turizm korxonlari uchun ilmiy tadqiqot ba’zasi sifatida konsalting xizmatlari hamda mavjud kadrlar malakasini oshirish imkoniyatlarini taklif qilish78.
Bir so‘z bilan aytganda, jahon sayyohlik sohasidagi jadal rivojlanish jarayonlari Buxoro viloyatida ham kuzatilmoqda. Shu bois universitet o‘qituvchi va murabbiylar oldida mazkur sohaga yetuk, bilimdon va malakali kadrlar yetkazib berish kabi yuksak vazifa turibdi. Universitet jamoasi ana shu ezgu maqsadni chuqur his etib mehnat qilmoqda.
|