Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati.
Bitiruv malakaviy ishining ilmiy ahamiyati quyidagilarda ifodalanadi:
1) Jamiyat va davlat o’rtasidagi munosabat ijtimoiy hamkorlikka asoslanishi va bu obyektiv xususiyat kasb etishida; ularning zamirida ommaviy va xususiy manfaatlar o’rtasidagi farqlar yotishida; hozirgi vaqtda davlat o’z funksiyalarini jamoatchilikning faol ishtirokisiz samarali bajara olmasligida; jamoatchilik davlatning ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan muttasil nazoratni amalga oshirishi talab etilishini
ko’rsatib berishda;
2) Jamiyat va davlatning ijro hokimiyati o’rtasidagi o’zaro aloqalar tizimi optimal bo’lishi lozimligi, uning doirasida davlat mexanizmi jamiyatga huquqlar va erkinliklarning daxlsizligini ta’minlashi, jamiyat esa davlat faoliyatiga aralashib, ommaviy institutlarning shakllanishi va ular faoliyati ustidan nazorat olib borishda ishtirok etishi lozimligini asoslashda;
3) Jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat shakllanishining zaruriy sharti hisoblanishi, mazkur institutlarning samarali faoliyati mezoniga aylanishi, shuningdek mamlakatda qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash kafolati sifatida amal qilishini ko’rsatib berishda.
4) Davlat hokimiyatining ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati tushunchasiga ta’rif berish, uni ilmiy tasniflash yuzasidan takliflar kiritishda, jamoatchilik nazoratini kompleks tahlil qilishda, O’zbekiston va chet el davlatlarining ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati mexanizmini o’rganishda, jamoatchilik nazoratining samaradorligi muammosini va bu samaradorlikni oshirish yo’llarini tadqiq etishda;
5) Davlatning ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati maxsus subyektlar (davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ayrim fuqarolar)ning alohida tartib-taomil asosida amalga oshiriladigan davlat boshqaruvining sifati, qonunlarning ijrosi darajasi, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini tekshirish va unga baho berish borasidagi faoliyati sifatida namoyon bo’lishini ko’rsatib berishda;
6) Jamoatchilik nazoratining samaradorligini oshirish omillari qatoriga quyidagilar kiradi: ijtimoiy barqarorlik (kuchli hokimiyat, qarama- qarshiliklardan xoli yagona huquqiy tizim, huquqqa nisbatan hurmat, barqaror iqtisodiyot); ijtimoiy muvozanat (jamiyatdagi tabaqalanishni tan olish, aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlarini ta’minlash, hududiy yaxlitlikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash); rivojlangan fuqarolik jamiyati (siyosiy plyuralizm, bozor iqtisodiyoti, aholi mentalitetini o’zgartirish, ijtimoiy faol shaxs) kirishini asoslashda;
8) O’zbekiston Respublikasining tegishli qonunchiligi, davlatning ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borish shakllari va usullarini tartibga soluvchi boshqa normativ hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish; ijro hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy tavsiyalarni asoslashda namoyon bo’ladi.
Bitiruv malakaviy ishining ilmiy ahamiyati yana shundan iboratki, unda “ijtimoiy nazorat”, “davlat nazorati”, “jamoatchilik nazorati” tushunchalari, jamoatchilik nazoratining shakl va usullari, uni amalga oshirishning nazariy-huquqiy muammolari tadqiq etilgan bo’lib, ushbu masalalar yuzasidan shakllantirilgan nazariy xulosalar fandagi “bo’shliq”ni muayyan darajada to’ldirishga, ushbu mavzuga oid keyingi ilmiy ishlarga asos bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Bitiruv malakaviy ishining amaliy ahamiyati shundaki, unda ko’tarilgan va tadqiq etilgan masalalar bevosita mamlakatimizda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini shakllantirish va takomillashtirish bilan bog’liq. Shu bois, tadqiqotda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan shakllantirilgan takliflardan huquq ijodkorlik jarayonida foydalanish mumkin.
Bitiruv malakaviy ishidagi nazariy xulosa va qoidalaridan yuridik ta’lim tizimida, jumladan, “Davlat va huquq nazariyasi”, “Hozirgi zamon davlati va huquqi nazariyasi muammolari”kabi fan va maxsus kurslarni o’qitishda foydalanish mumkin.
|