DETALLARNI QAYTA TIKLASH (TA`MIRLASH).
DETALLARNI MUSTAHKAMLASH VA KORROZIYAGA CHIDAMLI QILISH
2.4.1. Detallarni qayta tiklash (ta`mirlash)
Ishlash paytida yeyilish natijasida o`lchami o`zgargan detallarni ko`p hollarda qayta tiklash mumkin. Detallarni qayta tiklash usullarining asosiylari quyidagilar:
Qo`shimcha detallar bilan ta`mirlash. Detalning yeyilgan yuzasiga tokarlik stanogida mexanik ishlov beriladi va bu yuzaga maxsus tayyorlangan qo`shimcha detal yelim bilan, payvadlash yo`li bilan qo`ndiril yoki press yordamida tarang qo’ndirish (посадка с натягом) yo’li bilan kiydiriladi (2.4.1-rasm). Qo`shimcha detal tariqasida vtulka, tishli chambara va boshqalar ishlatiladi. Po`lat vtulkalar qalinligi val detali diametri Ø 20 - 30 mm bo`lganda 2 - 2,5 mm ni, diametr Ø 120 mm gacha bo`lganda - vtulka qalinligi 3 - 3,5 mm ni tashkil qiladi. Cho`yan vtulkalar devori qalinligi ikki barobar katta bo`ladi. Bu usul juda oddiy va kam xarajatli bo’lib, asosan uncha mas’uliyatli bo’lmagan detallarni ta’mirlashda
qo’llaniladi.
11.1- rasm. Vtulka qo`ndirish sxemasi
a - val bo`yinchasiga; b - podshipnik xalqasiga
1- val; 2 - vtulka; 3- podshipnik xalqasi.
Elektr-yoy va gazli payvandlash. Singan, yorilgan detallar (asosan stanina va rama detallari) payvandlash bilan tuzatiladi. Payvandlash ishlari turli sharoitlarda tez bajarish va unumdorligi katta bo`lganligi uchun ta`mirlashda keng qo`llaniladi. Shu bilan birga payvandlashning o`ziga yarasha kamchiliklari bor: issiqlik ta`sir qilish zonasida hududiy kuchlanish paydo bo`lib, metall strukturasi buziladi.
Bunda elektr-yoy payvandlash (Э42, Э42A, Э46 elektrodlar, TС- 300, TС-500 transformatorlar) va atsitelen-kislorodli gaz payvandlash (gorelka ГС- 2, "Маква") ishlatiladi.
Detalning darz ketgan yoki yeyilgan yuzasiga elektr payvandlash bilan metall quyilib, keyin tokarlik stanogida qoralama va oqlama mexanik ishlov beriladi. Bu usul metall quyish yo`li bilan qayta tiklash deyiladi. Bu usul bilan o`qlar, val-vtulka birikmasi, podshipniklar o`rnashadigan joylar qayta tiklanadi. Metall quyishda detallarning yeyilishga turg`unligini oshiradigan OЗН-250, OЗН-300 elektrodlar ishlatiladi.
Metallizatsiyalash yo`li bilan ta`mirlash. Eritilgan metallni changsimon holatda detalning yeyilgan yuzasiga qisilgan havo yordamida qo`ndirish jarayoni metallizatsiyalash deyiladi. Boshqa usullarga nisbatan bu usul qator afzalliklarga ega: qatlam quyilish unumdorligi katta (45 kg/soat gacha); 0,1 mm dan bir necha mm gacha yeyilishga turg`un qatlam hosil qilishi; jarayon nisbatan past haroratda 100-1200С olib boriladi (bu issiqlikdan deformatsiyalash oldini oladi); metallizatsiyalashtirilgan yuzalar ancha vaqtgacha yog`lovchi materialsiz ishlashi mumkin. Masalan, qalinligi 0,5 mm qatlami bo`lgan val bo`yinchasi yog`lash materiali berilishi to`xtatilgandan keyin metallizitsiya qilinmagan toblangan po`lat bo`yinchaga nisbatan yeyilishgacha 14 marta ko`proq vaqt ishlaydi; metallizatsiyalangan val bo`yinchasi toblangan po`latdan tayyorlangan bo`yinchasining yeyilishga olib keladigan yuklanishdan 3-4 marta ko`proq yuklanishda ishlay oladi. Buni shunday izohlash mumkin: metallizatsiyalangan qatlamning bikrlik moduli (модуль упругости) kichik - 7·104 MPa, yaxlit po`latniki bo`lsa - 20·104 MPa.
Elektr-yoy metallizatsiyalash usulini silindrik va yassi, cho`yandan, uglerodli va legirlangan po`latdan, rangli metalldan tayyorlangan detallar uchun qo’llash mumkin. Sirpanish ishqalanishida ishlaydigan va qo`zg`almas posadkali detallarni qayta tiklashda, darz hamda boshqa nuqsonlarni yo`qotishda qo`llaniladi.
Metallizatsiyalashdan oldin detal yuzasi tozalanadi va yuzasida metall zarachalari yaxshi qo`nishi uchun kichik g`adir-budurlik paydo qilinadi.
Diametri Ø 1-3 mm bo`lgan metall sim metallizatsiya apparatiga beriladi (2.4.2-rasm) va elektrometallizator (ЭM-12 va ЭM-15- statsionar, ЭM-14 - dastagi) elektr yoyi bilan eritiladi. Metallning 15-20 mkm o`lchamli zarrachalari qisilgan havo ta`sirida 140-300 m/s tezlik bilan metallizatordan chiqib, detall yuzasiga sochiladi, detal yuzasi bilan hamda o`zaro mustahkam birikib, tutash qatlam hosil qiladi.
Metallizatsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda birlamchi qatlam yotqiziladi, undan keyin esa – asosiy qatlam yotqiziladi. Birlamchi qatlam uchun molibden, volfram, nikel, xrom va ularning qorishmalaridan (masalan, X20Н80) tayyorlangan simlar, ba`zan uglerodli po`lat yoki rux simlar ishlatiladi). Asosiy qatlam uchun ishlatiladigan simlar materiali detal ishlash sharoitiga qarab tanlanadi va u 2.4.1-jadvalda keltirilgan. Qo`zg`almas birikmada turadigan po`lat detallarni metallizatsiyalashda Ст 8, Ст 10, Ст 20 po`lat simlarni, qo`zg`aluvchan birikmalarda ishlaydigan po`lat detallar uchun yuqori uglerodli У7, У7A, У8, У8A po`lat simlar ishlatish mumkin.
2.4.2- rasm. Elektr-yoy metallizatsiya qurilmasi va jarayoni sxemasi
1- elektrod simi; 2- haydovchi qisilgan havo; 3- qisuvchi plastina;
4- elektr toki olib keladigan poshna; 5- qalpoq; 6-diffuzor;
7- yorug`likdan himoyalovchi ekran; 8- changsimon metall zarrachalari
oqimi; 9- zarrachalar qo`nadigan sirt; 10- detal.
2.4.1- jadval. Detallni qayta tiklashda ishlatiladigan po`lat markalari
Po`lat markasi
Mustahkamlik, MPa
Qo`llash sharoiti
Св08Г2С
2500-3000
Darz ketgan, teshilgan joylarni yopish, eyilgan yuzalarni tiklash
Нп40
2500-3000
O`rta me`yor yuklama ostida ishlaydigan podshipniklarni, vallarni, rotorlarni tiklash
Нп105Х
2700-3700
Yuqori yuklama ostida ishlaydigan, vallarni, rotorlarni tiklash
40Х13
2200-2700
Korroziya kuchli sharoitlarda ishlaydigan detallar: nasos vallari va boshqalarni tiklash
Х18Н10Т
2200-3000
Issiqqa chidamli qilish
Gaz-alangali metall quyish. Bu usulda yeyilgan yuzalarni qayta tiklab, ularga kerakli fizik-mexanik xossalarni berish uchun metall kukunlarni gaz-termik yo`l bilan eritib quyiladi.
Kukunli materiallarni "sovuq" usulda (detal kukunini eritib quyish jarayonida temperatura 2000С dan oshmaydi) va "issiq" usulda (ya`ni, kukunni eritib quyish jarayonida detal va kukunning o`zi 900-11000С gacha isib ketadi) bajarish mumkin.
Bu usulni bajarish uchun maxsus uskunalar ishlatiladi. Shulardan biri – gaz-alangali metal quyish uskunasi 021-4 "Ремдеталь'" hisoblanadi. Bu uskuna Г-3 rusumli gaz gorelkasiga biriktirilgan bo`lib, metall kukuni alanga zonasiga tashqaridan beriladi (2.4.3-rasm).
Gorelka asosiga ko`p soploli munshtuk 1 ulangan va shu asosga zajim orqali kukun solinadigan bunkerchani ushlab turadigan kronshteyn 2 mahkamlangan. Alanga zonasiga kukun berishni to`xtatish uchun kukun tushadigan uskunada zaslonka 3 o`rnatilgan. Kukunning alanga zonasining markaziga tushishini bunkerli kronshteynni asos o`qi bo`ylab harakatlantirish bilan to`g`rilash mumkin. Gazning alanga zonasiga berilishini ikkita ventil 4 bilan rostlanadi.
2.4.3- rasm. 021-4 “Ремдеталь” tipidagi gaz-alangali metal quyish uskunasi
1- ko`p soploli mundshtuk; 2- metall kukun bunkerchali kronshteyn; 3- yopqich (zaslonka); 4- ventillar.
Bu uskuna valga o`xshash, yassi va shaklli detallarni qayta tiklash hamda mustahkamlash uchun qo`llaniladi. Uning texnik xarakteristikasi quyidagicha:
- qo`llaniladigan gaz ……………………. atsitelen, kislorod;
- bosim, MPa
atsitelenniki……………………….0,01 gacha
kislorodniki……………………….0,5 gacha
- Gaz sarfi, m3/soat
atsitelenniki ………………………0,6-1,7
kislorodniki ………………………0,8-1,9
- kukun eritib quyish bo`yicha
unumdorligi, kg/soat …………………….1,6-2,6;
- Kukun solinadigan bunker sig`imi, sm3 …280
- Massasi (kukunsiz), kg …………………3
Metall quyish uchun tayyorlanayotgan detallar yog` moddalaridan, smoladan va boshqalardan tozalanadi. Metall zarrachalari yuzaga yaxshi yopishishi uchun bu yuzada korund bilan ozgina g`adir-budurlik paydo qilinadi.
Metall quyib paydo bo`lgan qatlamlar qattiqligi 50 НRС gacha bo`lsa, metall yonish bilan ishlov beriladi, 50 НRС dan katta bo`lsa – metallni silliqlash (shlifovkalash) bilan ishlov beriladi. Bu usul bilan ham kichik, ham katta gabaritli detallar ta’mirlanadi.
Chilangarlik (slesarlik) ishlov berish yo`li bilan ta`mirlashga quyidagi operatsiyalar kiradi: metallni kesish va yorish, parmalash, rezba ochish, egovlash, silliqlash (shlifovka qilish), shtiftovka qilish, yamoq quyish. Bu hamma operatsiyalar sex chilangarlari tomonidan oddiy asboblarni ishlatgan holda (egov, zubilo, metchik, plashka, parma va boshqalar) korpus detallarini, kichik deformatsiyalanib oval bo`lib qolgan, rezbasi yoki teshigi yeyilgan vallarni va boshqalarni ta`mirlashda qo`llaniladi.
Jihoz staninasi yoki korpusiga yamoq qo`yish uchun parchinlash ishlari bajariladi. Parchinli birikmalar turi 2.4.4- rasmda ko`rsatilgan.
2.4.4- rasm. Parchin mixli birikmalar.
a- bir qatorli ustma-ust, b-bitta ustquymali bir qatorli uchma-uch, с- ikkita ustquymali bir qatorli uchma-uch, d- bitta ustquymali ikki qatorli uchma-uch.
Plastik deformatsiyalash yo`li bilan ta`mirlash. Nuqsonga uchragan detallarni birlamchi o`lchamiga qaytarish uchun plastik deformatsiyalash ( sovuq va issiq holda) qo`llanishi mumkin. Bu usul metallning yuklama ostida o`z shakl va o`lchamlarini sinmasdan, qoldiq deformatsiya natijasida o`zgartirishiga asoslangan. Plastik deformatsiyaga metall temperaturasi katta ta`sir ko`rsatadi: sovuq detallar issiq detallarga qaraganda ko`proq kuch talab qiladi. Harakat kuchi P va deformatsiya δ yo`nalishiga qarab plastik deformatsiyalash quyidagi turlarga ajratiladi (2.4.5 -rasm):
Egilgan detalni rostlash usuli bilan vallar, tyagalar, richaglar uglerodi 3 % gacha bo’lgan po’latdan va rangli metalldan yasalgan bo’lsa isitmasdan rostlanadi, boshqalari dastlab 100-5000С gacha qizdirilib keyin rostlanadi.
Bosish usuli yeliyish natijasida detalning 1 % birlamchi o’lchami o’zgargan bo’lsa presslarda amalgam oshiriladi. Bunda detalning birlamchi balandligining 8-12 % gacha bosish mumkin.
Tarqatish detal tashqi diametri yeyilganda ichkisini oirish hisobiga amalga oshiriladi.
2.4.5- rasm. Plastik deformatsiyalash yo`li bilan ta`mirlash sxemalari.
a) egilgan detalni rostlash; b) burama deformatsiyaga uchragan detalni rostlash; c) bosish (осадка); d) tarqatish (раздача); e) siqish (обжатие); j) tortish (вытяжка).
Kavsharlash bilan ta`mirlash. Bu ta`mirlash usuli bilan tunukadan yasalgan detallarni birlashtirish, devori yupqa bo`lgan sig`imlarning darzini yopish, metall kesuvchi kesgich (резец)larga qattiq qorishmali plastinalarini yopishtirish va h.k.lar bajariladi.
Kavsharlanayotgan birikmalarda mustahkamlik talab qilinmasdan faqat germetiklik talab qilinsa ПОС-4 dan ПОС-90 gacha markali yengil pripoylar ishlatiladi (ПОС- припой олово-свинцовый). Ular tez eriydigan metallar (ruх, qo`rg`oshin) va surma, vismut va mishyak qorishmasidan tarkib topgan. Qattiq pripoylar kavsharlanayotgan joylar katta yuklama ostida ishlayotganda ishlatiladi. Ularga mis-ruхli ПМЦ-36, ПМЦ-18 va kumushli ПСр70, ПСр72 pripoylar kiradi. Asosiy metallning pripoy bilan birikishini yaxshilash va zanglashdan himoya qilish maqsadida kavsharlash ishlarida har xil flyuslar (xlorli, ruxli, ftorli, natriyli) ishlatiladi. Issiqlik man`bai sifatida har xil kavsharlash lampalari qo`llaniladi.
Mexanik ishlov berish yo`li bilan ta`mirlash. Bu usul alohida (yangi ta`mir o`lchamigacha ta`mirlash) yoki boshqa ta`mir usullariga (metall quyish, metallizatsiya, qo`shimcha detallar bilan ta`mirlash va h.k.) qo`shimcha usul sifatida qo`llaniladi.
Yangi ta`mir o`lchovigacha ta`mirlashda yeyilgan detal sirti metall kesish stanoklarida qorama va oqlama yonib ishlov berilib, detal yuzi tekislanadi. Lekin uning o`lchami hali ruxsat etilgan o`lcham chegarasida bo`ladi. Detalni mexanik ishlov berish T5K10 (qoralama ishlov uchun) va T15K6 (oqlama ishlov uchun) markali qattiq plastina o`rnatilgan kesgich (резец)lar yordamida tokarlik stanogida bajariladi.
Bundan tashqari metall kesish stanogida frezerlash, parmalash, rezba kesish ham shu usulga kiradi.
Jihoz detallarini qayta tiklashda ta`mirlash turini tanlash uchun uning texnik-iqtisodiy ko`rsatgichlari inobatga olinadi. Detalning foydalanish-texnik xarakteristikasini butunlay qayta tiklagan holda shu qayta tiklash narxi va uning o`tkazish muddati yangi detalni tayyorlash narxi va muddatidan kichik bo`lsa, unda detal qayta tiklanadi.
2.4.2. Detallarni mustahkamlash va korroziyaga chidamli qilish
Detallarni mustahkamlash. Detallarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida mustahkamlash uchun ularga pechlarda termik va kimyoviy-termik usulda, lazer qurilmalarida termik ishlov beriladi, detal yuzasiga yeyilishga va korroziyaga turg`un metall quyiladi.
Detallarni "charchashlikka" chidamligini oshirish, korroziyadan himoyalash va yeyilishga chidamligini oshirish uchun sementatsiya, xromlash va boshqa kimyoviy-termik usullar amalga oshiriladi. Bular orasida sementatsiya ko`p qo`llaniladi. Sementatsiya – bu katta harorat ostida karbyurizatordagi (sementatsiyalovchi moddadagi) uglerod detal sirt yuzasidagi qatlamga diffuziyalanib 1-1,2 mm qalinlikdagi yuza hosil qiladi. Bu yuza katta qattiqlikka va yeyilishga turg`unlikka ega bo`ladi. Odatda 0,2 % gacha uglerod tarkibida bo`lgan po`lat hamda xromli, xromnikelli va boshqa legirlangan po`lat sementatsiyalanadi.
Detallarning mustahkamlashning termik usullardan toblash va chiniqtirish ko`p qo`llaniladi. Tobla shda detal pechlarda 550-6000C harorat ostida qizdiriladi va detal sovitiladi. Chiniqtirishda detal ma`lum tezlikda qizdiriladi va suv, havo muhitida yoki kislota, ishqor, tuzlarning suvli eritmalarida mahlum tezlik bilan sovitiladi. Sovitish tezligini o`zgartirib detal sirt qismining xossasini o`zgartirish mumkin. Chiniqtirish atsitelen-kislorodli alanga, yuqori chastotali tok yordamida bajariladi.
Lekin bu usullar orasida lazer qurilmalar bilan ishlov berish katta samara beradi. Lazer termik ishlov berishda detalning termik deformatsiyaga uchrash holati bo`lmaydi. Shuning uchun ham bu usul yordamida murakkab shaklga ega bo`lgan detallarga ham ishlov berish mumkin. Bunda detal yuzasi harakatlanayotgan lazer nuri bilan qisqa vaqtda isitiladi. Bu usul bilan barcha markadagi po`lat, cho`yan va boshqa materiallardan tayyorlangan detallarni ЛГН-702, ЛТ1-2, "Иглан" va boshqa rusumli lazer qurilmalarida mustahkamlash mumkin. Lazer nuri bilan mustahkamlangan cho`yan detallar yeyilishga turg`unligi 8-10 marotaba, po`lat detallarniki –3-5 marotaba oshadi (2.4.2-jadval ).
Lazer nuri bilan mustahkamlangan detallarning ishlash muddati 3-4 barobar oshsa, oddiy usul (termik va ximik-termik) usulda mustahkamlangan detallar xizmat muddati faqat 2-2,5 marotaba oshadi.
24.2- jadval. Lazer qurilmasida mustahkamlangandan keyin materiallar mustahkamligining o`zgarishi
Material
Qattiqlik, НRС
Boshlang`ich holati
Lazer qurilmasida mustahkamlangandan keyin
Cho`yan CЧ 18-36
18-20
65-68
Cho`yan СЧ 24-44
24-26
62-63
Cho`yan ХНМЧ
22-25
65-68
Cho`yan КЧ 35-10
10-14
50-60
Po`lat Ст 35
18-22
53-55
Po`lat Ст 45
18-20
60-65
Po`lat Ст 40Х
18-20
59-60
Po`lat
У8,У9,У10
21-29
72 гача
Detallarni korroziyaga chidamli qilish. Detallarni korroziyadan himoyalash uchun quyidagi usullari mavjud:
Metallizatsiyalash;
Ishlab chiqarish sexida kerakli meteorologik sharoitni yaratish;
Detallarni nometall qatlam bilan qoplash.
Detallarni, trubalar yuzasini, har xil sig`imlarni, payvandlangan metall konstruktsiyalarni korroziyadan himoyalash uchun ularni alyuminiy, rux va kadmiy bilan metallizatsiya qilinadi. Buning uchun metallizatorda alyuminiy, rux simlaridan foydalaniladi. Metallizatsiyalashda ularning detal yuzasi ustidagi qatlami qalinligi 0,3-0,5 mm atrofida bo`lishi kerak.
Ishlab chiqarish sexida kerakli meteorologik sharoitni yaratish. Jihoz va quvurlash ishlab chiqarish xonasining namligi va jihoz, quvur ustida namlikni kondensatsiyalanishiga olib keluvchi issiq haroratdan keskin sovuq haroratga o`tish (yoki aksincha) jihoz va quvurlar uchun xavf tug`diradi, chunki bu nam muhit korroziyani keltirib chiqaradi. Bu uchun sexda havo namligi va haroratni ruhsat etilgan darajada saqlash va sovuq haroratli sexlarni issiq haroratli sexlardan issiqlik himoya qilinishi kerak.
Detallarni nometall qatlam bilan qoplash. Quyidagi turlari mavjud: jihoz va konstruktsiyalar ust qismini moyli bo`yoq va laklar bilan bo`yash, yuzalarni moylash (texnik vazelin, universal yog`lar moddasi bilan) va detallar yuzasini rezina bilan qoplash (гуммирование).
ASOSIY TAYANCH IBORALAR:
Qo`shimcha material;
2. Elektr-yoy va gazli payvandlash;
Elektr-yoy metallizatsiya;
Metall eritib quyish;
Tokarlik dastgohi;
Plastik deformatsiyalash;
Kavsharlash;
Sementatsiya;
Xromlash;
Qishdirish va chiniqtirish;
Lazer nuri;
Detallarni mustahkamlash;
Korroziya;
Meteorologik sharoit.
ASOSIY TAYANCH TUSHUNCHALAR:
*Detallarni qayta tiklash usullari: qo`shimcha materiallar bilan ta`mirlash, elektr-yoy va gazli payvandlash, qayta tiklovchi metall quyish bilan ta`mirlash, elektr-yoy metallizatsiya, metall eritib quyish, plastik deformatsiyalsh, chilangarlik yoli bilan, kavsharlash va mexanik ishlov berish yo`li bilan ta`mirlash bilan ta’mirlash.
*Detallarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida mustahkamlash uchun ularga pechlarda termik va kimyoviy-termik usulda, lazer qurilmalarida termik ishlov beriladi, detal yuzasiga yeyilishga va korroziyaga turg`un metall quyiladi.
*Detallarni korroziyadan himoyalash uchun quyidagi usullari mavjud: metallizatsiyalash; ishlab chiqarish sexida kerakli meteorologik sharoitni yaratish; detallarni nometall qatlam bilan qoplash.
TAKRORLASH VA MUNOZARA UCHUN SAVOLLAR
Qo`shimcha materiallar, elektr-yoy va gazli payvandlash usullarini tushuntiring.
Elektr-yoy metallizatsiyalash va metall eritib quyish usullarini aytib bering.
Plastik deformatsiyalash va chilangarlik usulari bilan qayta tiklash usullariga tushuncha bering.
Kavsharlash va mexanik ishlov berish usullarini tushuntiring.
Detal mustahkamlashning kimyoviy-termik usularini tushuntiring.
Detal mustahkamlashning termik usularini ayib bering.
Lazer nuri bilan mustahkamlash.
Detallarni korroziyaga chidamli qilish usullari.
O`QUV-USLUBIY TARQATMA MATERIALLARIGA MISOLLAR:
Tayanch ibora va tushunchalar.
Mavzu bo`yicha asosiy formulalar va jadvallar yozuvi.
Mavzu bo`yicha asosiy rasmlar.
|