§ 2.4. JIHOZ QISM VA DETALLARINI MOYLASH TEXNOLOGIYASI
2.4.1. Moylash materiallari turlari va ularning fizik xossalari
Ishqalanayotgan sirtlarni moylash asosan quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
ishqalanish natijasida yo`qoladigan energiyani tejash;
yeyilish jadalligi va tezligini kamaytirish;
sirtlarni chirish (korroziya)dan, xastaliklar va darz ketishdan himoyalash;
ushbu sirtlarni isib ketishini oldini olish (moy o`ziga issiqlikni qabul qilib olish evaziga).
Moylashning o`z vaqtida va aniq bajarilishi mashinaning uzoq vaqt avariyaga uchramasdan benuqson ishlashini ta`minlaydi va detallarining ishlash "umrini" uzaytiradi.
Moylash materiallarini fizik holatiga ko`ra uch guruhga bo`lish mumkin:
suyuq (neftli va sintetik) moylar;
plastik (konsistent) moylovchi moddalar;
qattiq yog`lar.
Oziq-ovqat sanoatida ishlatiladigan texnologik jihozlar uchun suyuq moylar nomenklaturasi va asosiy fizik xossalari industrial moylar uchun DSt 20779-81 da, kompressorli moylar uchun DSt 1861-73 da, silindrli moylar uchun DSt 6411-76 da ko`rsatilgan.
Suyuq moylarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
ishqalanish yuzasida turg`un, yopishqoq va qurimaydigan qatlam hosil qilish;
moyning ichki xususiyatini xarakterlaydigan moy qovushqoqligi. Moyning muhim xossalaridan biri - kinematik qovushqoqlik koeffitsienti νt (m2/s) hisoblanadi. U t (0С) temperaturadagi moyning dinamik qovushqoqligining μt (Pa·s) shu temperaturadagi moyning zichligi ρ (kg/m3) nisbatiga teng, ya`ni
νt = μt / ρ (2.4.1)
Moyning temperaturasi oshgan sari kinematik qovushqoqligi pasayadi va moyning harakatchanligi oshadi, moyning temperaturasi tushgan sari aksincha moyning harakatchanligi pasayadi va moyning ishqalanish yuzalari orasidagi tirqishga kirishi kamayadi. Bu past temperaturadagi hali "qizimagan" jihozni maksimal ishga tushirish jihozni yuqori yuklama ostida qolishiga olib keladi ;
moyning qotib qolish, ya`ni harakatchanligini yo`qotish temperaturasi. Bu temperatura - probirkadagi moyni 450 burchakka pastga og`dirilganda moy ustunining 1 daqiqa ichida o`z shaklida o`zgarmay turish temperaturasidir;
xossalarini o`zgartirmaslik – bu moyning ma`lum sharoitda ishlaganda yoki uzoq vaqt saqlanganda o`zining xossalarini saqlay olish xususiyati;
tarkibida zararli moddalarning (masalan, suv, oltingugurt, suvda eriydigan ishqor va kislotalar) va mexanik qo`shimchalar borligi.
Suyuq mineral moylarning ishlatish xususiyatlarini yaxshilash uchun ularga bir va ko`p funktsiyasi qo`shimchalar qo`shish mumkin. Bu qo`shimchalar moyning qovushqoqligini oshirib, qovushqoqlik-temperatura xossalarini yaxshilaydi, qotib qolish temperaturasini tushiradi, ko`pik paydo bo`lishini kamaytiradi, yopishqoqligini oshiradi, metallar korroziyasini oldini oladi. Masalan, moyning moddalarning yeyilishiga qarshilik xususiyatlarini yaxshilaydigan qo`shilma ЭФО (DSt 14625-78) hisoblanadi.
Plastik (konsistentli) moylovchi moddalar ikki turga bo`linadi:
antifriktsion;
jihozlarni saqlash va transportlashda metall sirtlarni korroziyadan himoyalash va jihozlarni konservatsiyalash uchun ishlatiladigan.
Antifriktsion plastik (konsistent) moylar (namga chidamli solidol, namga sezgir konstalin) - yog`li kislotalarning kaltsiyli va natriyli sovunlari, parafin va boshqa quyuqlashtiruvchi moddalar qo`shilib quyuqlashtirilgan mineral moylardir.
Solidol podshipniklar temperaturasi 800С gacha bo`lgan sharoitda, eritilgan konstalin esa 1500С gacha temperaturada ishlatiladi.
Plastik moylovchi moddalar texnik xossalariga quyidagilar kiradi:
moyning issiqlikka va namga chidamligini xarakterlaydigan tomchi tushish temperaturasi (moyni isitganda birinchi tomchi tushish temperaturasi);
metallni korroziyalashi (ma`lum temperatura va vaqt ichida sinalayotgan moyning ichida turgan metall namunasi massaning o`zgarishga qarab aniqlanadi);
tirqishga kirib borish, xossalarini o`zgartirmaslik va ishqalanish yuzasiga yopishish xossalari.
Konsistent moylar nomenklaturasi va asosiy fizik xossalari yog`li solidol uchun DSt 1033-79 da, sintetik solidol uchun DSt 4366-76 da, konstalin uchun DSt 1957-73 da ko`rsatilgan.
2.5.2. Moylash materiallarini tanlash. Jihozlarni moylash usullari
Moylovchi moddalarni tanlash. Jihoz yoki uning detallarining ishonchliligi va uzoq vaqt ishlashi kop jihatdan moyni to`g`ri tanlashga, moyning tozaligiga, o`z vaqtida moylash va eskirgan moylarni yangisiga almashtirishga bog`liq.
Jihoz texnik pasportining "Mashinani ishlatish va unga xizmat ko`rsatish yo`riqnomasi"da mashinani moylash sxemasi va kartasi albatta bo`lishi kerak. Bu yo`riqnoma mashinani yaratish davrida tuziladi. Moylash sxemasida uncha katta bo`lmagan formatda mashina kinematik sxemasida belgilar bilan barcha mexanizm va ishqalanuvchi detallarni moylash joylari ko`rsatiladi. Moylash kartasi jadval tariqasida tuziladi: unda moylanadigan tugunlar nomi, moylash materialining markasi, moylash materialining moylash kartasida ko`rsatilgan shartli belgisi, moylash davriyligi va moyni uzatish tartibi ko`rsatilgan bo`lishi lozim.
Agar mashina zavodning o`zida tayorlansa, keltirilgan mashinaning hujjati bo`lmasa, mashinaning ish rejimi o`zgarsa, mashina takomillashtirilsa moylash materialini mustaqil tanlashga to`g`ri keladi. Moylash materialini tanlashda quyidagilarga e`tibor berish lozim:
yuklama qancha katta bo`lsa, qovushqoqlik shuncha yuqori bo`lishi lozim;
tashqi muhit ta`siri: chang, namlik, agressiv muhitlar mavjudligi hisobga olinishi lozim;
tezlik katta bo`lsa, tanlanadigan moyning qovushqoqligi kichik bo`lishi kerak.
Tebranish podshipniklarining normal ishlashi uchun kam moy talab qilinadi. Ularda bo`sh hajmning 1/3 qismiga moy solinadi. Keragidan ko`p moy solinsa, podshipnik temperaturasi va elektr energiya sarfi oshadi, moylash materiali parchalanib, o`z xususiyatini yo`qotadi. Podshipniklardagi suyuq moylar har oyda kamida bir marta, quyuq moylar esa 1-2 oyda bir marta almashtiriladi.
Moylash materiali mashina ishiga va uning vazifasiga bog`liq holda tanlanadi. Tebranish podshipnigi uchun eng yaxshi moylash materiali bo`lib suyuq moy hisoblanadi. Ammo, ko`p hollarda ularni moylashda ishlatish qulay, qovushqoqligi katta bo`lgan moylardan foydaniladi. Temperatura 650С gacha bo`lgan sharoitda ishlaydigan kam yuklatilgan tebranish podshipnigi uchun qovushqoqligi katta bo`lgan moy tariqasida solidol – УС-2, ko`p yuklatilgani uchun – УС-3 ishlatiladi. Temperaturasi 900С gacha ishlaydigan tugunlar uchun yuklanishidan qat`iy nazar konstalin УТВ yoki УТ1 moylari ishlatiladi. Tishli va chervyakli uzatmalar suyuq moyga qisman botirish yo`li bilan moylanadi. Moylar qovushqoqligi tishli juftliklarning materiali va aylanma tezligiga qarab tanlanadi. Ko`p bosqichli reduktorlar uchun moylash materiali kichik aylanma tezlik va katta yuklanish bilan ishlaydigan tishli juftliklarga qarab tanlanadi.
Qo`l yuritmali uzatmalar uchun qovushqoqligi katta bo`lgan moylar ishlatiladi. Ochiq tishli uzatgichlar uchun grafit maz ishlatiladi. Zanjirli uzatmalar uchun moy aylanma tezlik, ishchi temperaturasi va moylash sistemasiga qarab tanlanadi. Asosan silindr 11 moyi yoki industrial 45 moyi ishlatiladi. Ochiq zanjirli uzatmalar grafit aralashtirilgan qovushqoqligi katta bo`lgan moy bilan moylanadi. Moylash davriyligi quyidagi normativlarga qarab aniqlanadi:
1) normal sharoitda tebranish podshipnigi qovushqoqligi katta bo`lgan moy bilan 6 oyda bir marta; og`ir sharoitlarda (notekis kuchlanish, reversiv harakat, tez-tez ishlatish, chang muhit va boshqalar) ishlaydiganlar uchun - 3 oyda bir marta; suyuq moylar ishlatganda podshipnik asosiga 2-3 kunda bir marta moy quyiladi;
2) sirpanish podshipnigi va vtulkalar suyuq moy bilan har smenada qo`lda bir-ikki marta moylanadi;
3) sirpanish podshipniki qovushqoqligi katta bo`lgan moy balan 1 oyda bir marta moylanadi;
4) tishli, chervyakli va vintli uzatgichlar suyuq moy bilan qo`lda smenada bir marta; qovushqoqligi katta bo`lgan moy bilan 2-3 kunda bir marta; karterni moylashda korpusiga qovushqoqligi katta bo`lgan moy bir oyda bir marta qo`shiladi; suyuq moylash materiali 3-4 kunda bir marta;
5) zanjirli uzatgichlar qovushqoqligi katta bo`lgan moy bilan 1 oyda 1 marta; suyuq moy bilan - smenada bir marta;
6) yo`naltiruvchi parallellar smenada ikki-uch marta moylanadi.
Sirpanish podshipniklari va vtulkalarni moylashda 8 soat ish davomida val diametri va moylashda sarflanadigan qovushqoqligi katta bo`lgan moy miqdori 5 grammga teng.
Qo`l bilan surtiladigan parallel yo`nalishlar (yassi sirtlar) moylanganda sarf bo`ladigan moy miqdori quyidagicha aniqlanadi:
Q = 0,01· k· F (2.5.2)
bu yerda: Q - bir marta sarf bo`ladigan moy miqdori, kg; k - tuzatish koeffitsienti, masalan, moylanadigan yuza 0,05 m2 dan kam bo`lsa, k=12; F - moylanadigan parallellar yuzasi, m2.
Grafit moyning tishli uzatgichlarini moylashda bir martada sarf bo`ladigan moy miqdori tishli g`ildirak diametrining har bir sm ga 0,5 g qilib olinadi. Vint va chervyaklarni moylashdagi sarf bo`ladigan moy miqdori uning diametriga qarab olinadi.
Diametr, mm ............................................. 60 50 40 30 20
Sarf, gr ...................................................... 6 5 4 3 2
Sharning 8 soat ishi davomida sarf bo`ladigan moy miqdori - 0,5 g.
Zanjirni qovushqoqligi katta bo`lgan moy УС-1 bilan moylashda sarf bo`ladigan moy miqdori soatiga 0,4 g qilib, suyuq moy miqdoriga esa 1 m ga 1,0 g qilib olinadi.
Jihozlarni moylash usullari. Moylash materiallari moylash nuqtalariga individual yoki markazlashtirilgan moylash sistemalar yordamida uzatiladi. Individual moylash qurilmalari quyidagilardan iborat:
A. Rezervuarli maslyonka ichiga uvada yoki jun iplardan tayyorlangan filtr joylashtirilgan korpusdan iborat. Filtr moylash sirtlariga chang zarrachalarini tushishdan asraydi. Fitilli maslyonka rezervuar va ichiga pilik o`rnatilgan kanaldan iborat. Moy pilik orqali o`tib tozalanadi va moylash sirtiga tushadi. Pilikni moyga botib turish chuqurligi ip mo`ylovchalar yordamida rostlanadi. Bu maslyonkalar har ikkalasining qopqoqlarida teshikchalar bo`lib, ular kamera ichiga havo kirishini ta`minlaydi.
В. Qalpoqchali maslyonka quyuq moylarni uzatishda ishlatiladi. Qopqoqni burash yo`li bilan kamera ichida bosim hosil qilinadi. Sharikli press-maslyonka ham quyuq moylarni uzatishda ishlatiladi. Tomchili maslyonka ma`lum miqdordagi moyni vaqt birligi ichida etkazish uchun ishlatiladi. Markazlashtirilgan moylash qurilmalariga moy vannasi, karter misol bo`ladi.
Moylash materiallarning sarf normalari ma`lumotnomalarda berilgan. Sarf normasi bir smenali ish rejim (1 yilda 2000 soat) uchun berilgan. Zavod, sex yoki bo`limning yillik moylash materialiga bo`lgan talabi quyidagicha aniqlanadi.
P = (Fr ·Nr· K) / 2000 (2.5.3)
bu yerda: P - bir yillik materialga bo`lgan talab miqdori, kg; Fr - jihozning yillik ish vaqti fondi, soat; Nr - material sarf normasi; K - ushbu tipdagi jihozlar soni.
ASOSIY TAYANCH IBORALAR:
1. Suyuq moylar;
2. Kinematik yopishqoqlik;
3. Dinamik yopishqoqlik;
4. Konsistent moylash materiali;
5. Press-maslyonka.
ASOSIY TAYANCH TUSHUNCHALAR:
*Ishqalanayotgan sirtlarni moylashdan maqsad: ishqalanish natijasida yo`qoladigan energiyani tejash; yeyilish jadalligi va tezligini kamaytirish; sirtlarni chirish (korroziya)dan, xastaliklar va darz ketishdan himoyalash; ushbu sirtlarni isib ketishini oldini olish (issiqlikni moy o`ziga qabul qilib olish evaziga).
*Moylash materiallarining fizik holatiga ko`ra guruhlari: suyuq (neftli va sintetik) moylar; plastik (konsistent) moylovchi moddalar; qattiq yog`lar.
*Moylash materialini tanlashda quyidagilarga e`tibor berish lozim: yuklama qancha katta bo`lsa, qovushqoqlik shuncha yuqori bo`lishi lozim; tashqi muhit ta`siri: chang, namlik, agressiv muhitlar mavjudligi hisobga olinishi lozim; tezlik katta bo`lsa, tanlanadigan moyning qovushqoqligi kichik bo`lishi kerak.
TAKRORLASH VA MUNOZARA UCHUN SAVOLLAR
Moylovchi moddalar turlarini aytib bering.
Suyuq moylarning asosiy xossalarini tushuntiring.
Konsitent moylarning asosiy xossalari.
Moylovchi moddalarni tanlashda nimaga e’tibor berish kerak?
Moylash usullarini tushuntiring.
O`QUV-USLUBIY TARQATMA MATERIALLARIGA MISOLLAR:
Tayanch ibora va tushunchalar.
Mavzu bo`yicha asosiy formulalar va jadvallar yozuvi.
|