|
Eli Devons, ingliz iqtisodchisi reja: Iqtisodiy tadqiqotlarning gnoseologik jihatlari
|
bet | 4/5 | Sana | 06.06.2024 | Hajmi | 29,89 Kb. | | #260825 |
Bog'liq 6 мавзу Платформага4. Iqtisodiy prognozlar va modellar
Har qanday fandagi kabi, iqtisodiy fanlarda ham nazariy tadqiqotlarning dastlabki bosqichida ziddiyatlar vujudga kelishi mumkin. Masalan, yangi iqtisodiy hodisalar, munosabatlar va ularni tadqiq qilishda qo‘llaniladigan eski metodlar o‘rtasida nomuvofiqliklar vujudga keladi.
Ilmiy muammoning birlamchi yechimi sifatida bitta yoki bir nechta muqobil gipotezalar ilgari suriladi. Chunki bir xildagi iqtisodiy faktlar har xil usullar bilan izohlanishi mumkin.
Gipotezalar aniq va ravshan shakllantirilganidan so‘ng ularni har tomonlama ishlab chiqishga kirishiladi.
Iqtisodiy gipotezalarni nazariy va empirik jihatdan ishlab chiqish ham ilmiy tadqiqotlarning umumiy algoritmiga muvofiq amalga oshiriladi (112-betdagi 8.1-rasmga qarang).
Dastavval, gipotezada mantiqiy ziddiyatlar bor - yo‘qligi tekshiriladi. So‘ngra u tegishli relevant faktlarni ko‘rsatish (taqdim etish) yo‘li bilan empirik asoslanadi. Bunday faktlar gipotezani u yoki bu darajadagi ehtimol bilan tasdiqlashi mumkin. So‘ngra gipoteza nazariy jihatdan tekshiriladi:
birinchidan, oldingi ilmiy asoslangan va ishonchli bilimlar, xususan iqtisodiy qonunlar, nazariyalar, nazariy iqtisodiyotning qoidalari va prinsiplari bilan aloqadorligi aniqlanadi;
ikkinchidan, deduksiya qoidalariga ko‘ra gipotezadan empirik jihatdan tekshiriladigan oqibatlar keltirib chiqariladi. Ular avval ma’lum bo‘lgan iqtisodiy ma’lumotlar bilan bevosita taqqoslanishi mumkin.
Nihoyat, agar bu mumkin bo‘lsa, gipoteza yangi faktlarni oldindan aytib berish yoki iqtisodiy jarayonlar va vaziyatlarning istiqbolini prognozlash uchun foydalaniladi.
Yuqorida bayon qilingan iqtisodiy umumlashtirishlarni ham, agar ularda nazariy terminlar uchramasa, empirik gipotezalar sifatida qarash mumkin. Iqtisodiy ko‘rsatkichlarni miqdoriy ifodalash uchun zarur bo‘ladigan matematik umumlashtirishlar bundan mustasno.
Nazariy gipotezalar abstrakt (mavhum) iqtisodiy tushunchalarga tayanishga asoslanadi. Bunday tushunchalar empirika bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasada, tegishli talqin qilinganida sezilarli darajada katta miqdordagi iqtisodiy faktlarni qamrab olish imkoniga ega.
Iqtisodiy hodisalarni miqdoriy ifodalash imkoniyati amaliy iqtisodiyot kabi fundamental, nazariy iqtisodiyotda ham matematik metodlardan keng foydalanishni nazarda tutadi.
So‘nggi yillarda moliya-xo‘jalik faoliyatini o‘rganish va iqtisodiy jarayonlarni prognozlash uchun matematik modellardan keng foydalanilmoqda. Matematik modellarda matematik tenglamalar va funksiyalar tadqiq qilinayotgan iqtisodiy jarayonlarni tavsiflaydigan miqdorlar o‘rtasidagi real bog‘liqliklar aks ettiriladi.
Bunday modellarning afzalligi, ularda nafaqat xo‘jalik subyektlari: uy xo‘jaligi, firma, korxona, tashkilot, muassasa, birlashmalar va iqtisodiyot tarmoqlari joriy faoliyatining natijalari aniq matematik shaklda ifodalanadi, balki ma’lum bir nisbiy aniqlik bilan prognoz ham qilinadi.
Iqtisodiy miqdorlar o‘rtasidagi har xil uzviy (funksional) aloqadorliklarni ifodalash uchun jadvallar, grafiklar, diagrammalar qo‘llaniladi. Bunday ko‘rgazmali materiallardan ilmiy ishlarda, asosan iqtisodiy fanlarni o‘qitish amaliyotida keng foydalanilmoqda.
Hozirgi vaqtda iqtisodiy gipotezalar va matematik modellar o‘rtasidagi bog‘liqlik shu darajada mustahkamlanmoqdaki, kichkina ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday iqtisodiy gipoteza ham tegishli matematik yoki algoritmik model tuzishni nazarda tutadi. Bunday model yordamida iqtisodiy jarayonlarni ilmiy tadqiq qilishning borishi va natijalarini nisbatan aniqroq nazorat qilish hamda tekshirish mumkin.
Zamonaviy kompyuterlar, yangi axborot texnologiyalari va dastur ta’minoti murakkab iqtisodiy hodisalarni makro va mikrodarajada modellashtirish, asosan ularni tez hisob-kitob qilishga yordam beradi.
Shunday qilib, hozirgi vaqtdagi muammo kompyuter, dastur ta’minoti va axborot texnologiyalarida emas, balki professional mutaxassislar, shu jumladan, munosib ilmga layoqatli yosh izlanuvchilarning, chuqur va original iqtisodiy ilmiy g‘oyalar, ilmiy asoslangan tamoyillar va qonuniyatlarning hamda ilmiy (innovatsion) mahsulot buyurtmachilarining yetishmasligidadir.
|
| |