|
Eli Devons, ingliz iqtisodchisi reja: Iqtisodiy tadqiqotlarning gnoseologik jihatlari
|
bet | 1/5 | Sana | 06.06.2024 | Hajmi | 29,89 Kb. | | #260825 |
Bog'liq 6 мавзу Платформага
6-mavzu. IQTISODIY TADQIQOTLAR METODIKASINI SHAKLLANTIRISH
Agar iqtisodchilar otni o‘rganmoqchi bo‘lsalar,
otlarni borib ko‘rish o‘rniga, kabinetida o‘tirib, «Men ot bo‘lganimda o‘zimni qanday tutgan bo‘lar edim?» degan savol ustida bosh qotiradilar.
Eli Devons, ingliz iqtisodchisi
REJA:
1. Iqtisodiy tadqiqotlarning gnoseologik jihatlari.
2. Abstraksiyalash metodini iqtisodiy tadqiqotlarda qo‘llash.
3. Iqtisodiyotda empirik umumlashtirishlar
4. Iqtisodiy prognozlar va modellar
“Tayanch” iboralar
Nazariy konsepsiya, iqtisodiy obyekt, ijtimoiy tizim, boshqaruv qarorlari, hudud, mintaqa, mamlakat, iqtisodiy tadqiqot obyektlari, iqtisodiy munosabatlar, abstraksiyalash metodi, iqtisodiyotda empirik umumlashtirish, iqtisodiy prognoz, axborot texnologiyalari.
1. Iqtisodiy tadqiqotlarning gnoseologik jihatlari
Iqtisodiy munosabatlarni o‘rganish maqsadida ularni obyekt sifatida shakllantirish, ya’ni ma’lum bir shartlilik bilan chegaralash zarur. Ta’kidlash joizki, iqtisodiy tadqiqotlar obyekti - odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning shartli ravishda ajratib olingan bo‘lagi bo‘lib, ularda ishlab chiqarish, taqsimot, ayriboshlash jarayonlari, qadriyatlar va ehtiyojlar shakllanadi. Ushbu ta’rifni Robinzon Kruzo yashagan oroldagi iqtisodiy munosabatlarga nisbatan qo‘llash mumkinmi? Yo‘q, mumkin emas, chunki odam – bu ijtimoiy mavjudot bo‘lib, har qanday ijtimoiy mavjudot kabi, u ham yashash uchun zarur bo‘ladigan narsalar bilan birga tug‘ilmaydi, balki ularni jamiyatda tarbiyalanishi jarayonida egallaydi. Robinzon Kruzo orolda o‘z hayotini, bu yerga kelishdan avval, odamlar jamoasida yashagan vaqtida orttirgan zarur mehnat vositalari va predmetlari tufayligina yo‘lga qo‘ya olgan. Shunday ekan, bitta odam yolg‘iz o‘zi iqtisodiy munosabatlar va natijada, tadqiqotlar obyekti bo‘la olmaydi. Uy xo‘jaligi, tuman, shahar, viloyat, tarmoq, mintaqa, mamlakat, mamlakatlar guruhi va nihoyat butun jahon iqtisodiyoti iqtisodiy tadqiqotlar obyekti bo‘lishi mumkin. Tadqiqot obyektini bunday tavsiflash uni o‘rganishning metodologik qiyinchiliklarini aniqlash, qo‘llaniladigan tadqiqot metodlarining chegaralari va imkoniyatlarini baholash imkonini beradi. Iqtisodiy obyektlarni tadqiq qilishda qo‘llaniladigan kuzatish, o‘lchash va eksperement kabi empirik metodlarni ko‘rib chiqish chog‘ida ayrim metodologik qiyinchiliklarga to‘xtalgan edik. Metodologik qiyinchiliklar bulardan, boshqa metodlarni qo‘llashda ham vujudga keladi. Chunki, iqtisodiy munosabatlar o‘ziga xos va murakkab tadqiqot obyektidir. Ushbu o‘ziga xoslik va murakkabliklarni tavsiflashga harakat qilamiz.
Nazariy konsepsiyalarni ishlab chiqishda tadqiqot obyektlarini toifalarga ajratish imkonini beruvchi umumiy qonuniyatlarni aniqlash uchun bir qancha obyektlar zarur bo‘ladi. Iqtisodiy obyektlarni tadqiqot obyekti sifatida toifalarga ajratish qiyin kechadi. Ta’kidlaganimizdek, hatto bir odamning o‘zi, birlamchi ijtimoiy tizim – oila haqida gapirmasak ham bo‘ladi, o‘zini har xil tutishi mumkin. Agar iqtisodiy obyektlardan biri – milliy iqtisodiyot to‘g‘risida so‘z yuritadigan bo‘lsak, XXI asr boshlariga kelib, tan olinmagan mamlakatlarni ham qo‘shgan holda, dunyoda 250 ta mamlakat mavjud. Agar AQSH, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston, Afg‘oniston iqtisodiyotini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, ular iqtisodiyotining xususiyatlari shu qadar xilma-xilki, alohida –alohida so‘z yuritishga to‘g‘ri keladi. Ular bir xil texnologik jarayonlardan foydalanishlariga qaramasdan, ushbu jarayonlarni amalga oshiruvchi odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, hamda boshqaruv prinsiplari butkul xilma-xil asoslarga, ustun darajada mentalitetga tayanadi. Ya’ni tadqiqot obektlarini iqtisodiy obyektlar darajasida toifalarga ajratish qiyin yoki umuman ajratib bo‘lmaydi. Hatto tadqiqotchi, mamlakatlar milliy iqtisodiyotida ayrim o‘xshash jihatlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lganida ham, baribir ularda kechayotgan jarayonlar tavsifi o‘ziga (o‘sha joyga) xos xusuiyatlarga egaligini ko‘radi. Masalan, dunyoga mashhur «Samarqand noni»ni boshqa mamlakatlarda, hatto hududda tayyorlashda barcha shart-sharoitlariga (un, novvoy, tandir, tayyorlash texnologiyasi va b.) rioya qilganingizda ham, o‘sha joyga xos xususiyatlar (suv, havo tarkibi, mahalliy hokimiyat va xalq urf-odatlar, diniy dunyoqarash) va shu kabilar namoyon bo‘ladi.
Bizning fikrimizcha, bitta korxona, hudud, mintaqa va mamlakatlarda muvaffaqiyatga olib keladigan qarorlar, boshqasida samarasiz bo‘lishi mumkin.
Boshqaruv qarorlari va tajribalarini ekstrapolyatsiya qilish, faqatgina ular mazkur iqtisodiy obyekt shart-sharoitlariga moslashtirilganda ko‘pchilik hollarda yaxshi natija bergan. Bunday sharoitlarda analogiya metodini qo‘llash iqtisodiy tadqiqotlardagi kabi, iqtisodiy siyosatda ham juda cheklangan.
Nazariy konsepsiyalarni ishlab chiqish uchun obyekt holatining qandaydir statsionar (turg‘un) holatini aks ettirish yoki ushbu holatni takrorlash zarur bo‘ladi.
Iqtisodiy tadqiqot obyektlarining o‘ziga xos xususiyati ular to‘xtovsiz rivojlanishda bo‘lishidir. Ma’lumki, har qanday mamlakatning iqtisodiyoti bugungi kunda 5-10 yil oldingiday bo‘lib turmaydi. Shuning uchun retrospektiv tahlil iqtisodiy tizimlar rivojlanish bosqichlariga bo‘linadi. Shuning uchun, hatto bitta mamlakatning o‘zida bir necha yillar davomida muvaffaqiyatlar keltirgan boshqaruv qarorlari, vaqt o‘tishi bilan samarasiz bo‘lib boradi, ular kelajakka ekstrapolyatsiya qilingan ayrim vaqtlarda noxush holatlarga ham olib kelishi mumkin.
Shuningdek, bir tekis rivojlanishini ta’minlash uchun rahbariyatning doimiy harakatlariga qaramasdan, makrodarajada ham, iqtisodiy munosabatlar bir tekis (chiziqli) rivojlanmasligi, tsikl (davriy)ligi ayon bo‘lmoqda. Shunday qilib, iqtisodiy tizim vaqt omiliga bog‘liq bo‘lib, uning rivojlanishi bosqichlar, davrlar tsikllarga bo‘linadi. Shu bois, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha tadqiqotlarda evolyutsion metodni qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Iqtisodiy munosabatlar doimiy rivojlanishda bo‘lishi bilan birga, ularga tashqi muhit (siyosiy, ijtimoiy, tabiiy va b.) o‘zgarishi ham ta’sir ko‘rsatadi. Hatto agar o‘tmishda qandaydir qonuniyatlar aniqlangan bo‘lsa-da, tashqi sharoitlar ta’sirida o‘zgarishi mumkin. Masalan, Yevropada o‘rta asrlarda qalampirning bahosi oltinga teng bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan asrning 80-yillarida Moskvada avtomobil bir xonali kvartiraga almashritilgan. Shuning uchun «boshqa teng sharoitlarda» deb ataluvchi qisqartma negizida tuzilgan iqtisodiy-matematik modelni qo‘llash imkoniyati juda cheklangan. Chunki, iqtisodiy munosabatlar ham, tashqi muhitning holati ham, doimiy o‘zgarishi (transformatsiyalanishi) natijasida bunday vaziyat bo‘lmaydi. Shu o‘rinda tadqiqot obyektini strelkasi ham, siferblati ham aylanadigan soatga qiyoslash mumkin.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha tadqiqotlarda gipotezalarni eksperemental tekshirish juda qiyin, ko‘pchilik hollarda eksperiment odamlar bilan bog‘liq bo‘lganligi bois, umuman iloji yo‘q. Eng asosiysi, bunday eksperimentlar tadqiqot obyektlarining soni kam (cheklangan) yoki bittagina bo‘lganligi bois, reprezentativlikka tadqiqot obyekti va uni o‘rab turgan muhit o‘zgarishi (dinamikasi) ham to‘sqinlik qiladi. Agar fanning boshqa tarmoqlarida yangi bilimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish ketma-ketligi «gipoteza-eksperimental tekshiruv-yangi gipoteza», va faqat shundan keyingina nazariya va amaliyotdan iborat ko‘p iteratsiyali jarayon. Iqtisodiyot fanlarida esa, bu ketma-ketlik quyidagicha: «gipoteza-nazariya-amaliyot-yangi gipoteza». Yaxshi bo‘ldi deganimizda, bu korxona moliyaviy holatining yomonlashishiga (yoki, bo‘lmadi deganda, uning bankrotligiga), yomon holatda – mamlakat iqtisodiyotini, undan so‘ng butun dunyoni yomonlashtiradi. Ammo, mana shu zanjir yoki farovonlik orqali, yoki odamlar taqdiri orqali o‘tadi.
Iqtisodiy munosabatlar rivojlanishining koevolyutsion tavsifi ko‘plab miqdordagi omillarni vujudga keltirib, ular ushbu munosabatlarga ta’sir o‘tkazadigan nazariyalar yoki eng bo‘lmaganda konsepsiyalarni tuzishda hisobga olinishi zarur.
Ta’kidlaganimizdek, iqtisodiy rivojlanishni boshqarish zarurligi hech kimda shubha uyg‘otmaydi. Ammo, mikrodarajada ham, makrodarajada ham, iqtisodiy munosabatlarning jadal rivojlanishi, bir tomondan, iqtisodiy tizimlarni boshqarishda qarorlar qabul qilish «tezligi» va ildamligini vujudga keltiradi. Boshqa tomondan, bunday jadal rivojlanishda zarur axborotlarni to‘plash uchun rahbar va mutaxassislarda vaqt yetishmaydi, imkoni bo‘lgan hollarda esa, axborotlarni tahlil hamda mushohada qilishga ulgurib bo‘lmaydi. Shu yerda sinoptiklar to‘g‘risidagi «ertaga yomg‘ir yo yog‘adi, yo sepalab o‘tadi, anig‘ini indinga aytamiz» degan hazilni eslash o‘rinli.
Ayrim iqtisodiy-matematik modellar ham, ularning nazariy asoslangan va jozibador bo‘lib ko‘rinishiga qaramasdan, deyarli shunday. Natijada, iqtisodiy manosabatlarni boshqarishda axborot taqchilligi sharoitida qarorlar qabul qilinadigan, eng muhimi, noto‘g‘ri qabul qilingan qarorlar oqibatida risk va yo‘qotishlar ko‘rayadigan vaziyatlar vujudga keladi. Har qanday qarorning asosini, yoki shaxsiy tajriba, yoki qandaydir ilmiy konsepsiya negizida ishlab chiqiladigan qarashlar tizimi tashkil etadi. Iqtisodiy tizimlarni boshqarishda shaxsiy yoki ijtimoiy tajribani qo‘llash, faqatgina qisqa muddatli mahalliy loyihalarning cheklangan sohasida bo‘lishi mumkin.
|
| |