|
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning
|
bet | 2/3 | Sana | 19.12.2023 | Hajmi | 147,77 Kb. | | #123809 |
Bog'liq 12 amaliy ishKo‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglament qoidalari foydali qazilmalar qazib olish bilan bog‘liq bo‘lgan yer qa’riga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vositachilar — davlat xizmatlari markazlari, notarial idoralar, notariuslar, rieltorlik tashkilotlari, tijorat banklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi o‘rinlarda — Kadastr agentligi) Davlat kadastrlari palatasi;
hududiy boshqarma — Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari.
4. Jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchi) ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar yuzaga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, cheklanganda yoki bekor bo‘lganda, ushbu holat yuzaga kelgan kundan boshlab bir oy muddatda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida (keyingi o‘rinlarda — Qonun) ko‘rsatilgan tegishli huquqni belgilovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) yoki vositachilar orqali, garov xati rasmiylashtirilganda esa — hududiy boshqarmaga murojaat qiladi.
5. Yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ariza beruvchilarning murojaatiga asosan ushbu Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan ajratilgan yer uchastkasida yakka tartibdagi turar joy noturar joy toifasiga o‘tkazilgan taqdirda, yer uchastkasi doimiy foydalanish huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Doimiy egalik yoki doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan yer uchastkasidagi noturar joy yakka tartibdagi turar joy toifasiga o‘tkazilganda, yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
6. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Vazirlar Mahkamasining “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2014-yil 10-iyuldagi 186-son qarori bilan belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi.
7. Vositachilar orqali quyidagi xizmatlar bo‘yicha arizalar taqdim etiladi:
davlat xizmatlari markazlari — ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
notarial idoralar va notariuslar tomonidan — notarial harakatlar asosida yuzaga keladigan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
tijorat banklari tomonidan — ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi — xususiylashtirish hamda “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion orqali sotish natijasida yuzaga keladigan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
rieltorlik tashkilotlari — rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish natijasida yuzaga keladigan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.
|
| |