Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar
tarixiga nazar tashlaydigan
bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim
tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki
maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va
tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa
o‘qituvchilardir.
Ma’lumki, murakkab o‘tish yillarida maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy muhit,
o‘qituvchi kasbining obro‘yi,
nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini
tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta’lim
texnologiyalarini
joriy etishga yetarli e’tibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib
chiqardi.
Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash
tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga
oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va
qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning
huquqiy-me’yoriy asoslari mustahkamlandi.
Ota-onalar, jamoatchilikning
istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik
maktab ta’limi tizimi tiklandi. So‘nggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumta’lim
maktabi yangidan qurildi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi
iqtidorli
bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov,
Abdulla
Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat,
Muhammad Yusuf, Halima
Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod
maktablari, “Temurbeklar maktabi”,
Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi
ta’lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish
borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Ta’lim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak o‘qituvchilarning alohida
o‘rni va ta’siri borligi hisobga olinib, ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar natijasida xalq
ta’limi tizimiga 12 ming 871 nafar erkak o‘qituvchi qaytdi.