II. MUROJAATLARNI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI




Download 100,61 Kb.
bet4/9
Sana16.03.2017
Hajmi100,61 Kb.
#177
1   2   3   4   5   6   7   8   9
II. MUROJAATLARNI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI

12. Moliya vazirligi markaziy apparatida murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish vazirlikning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul bo‘lgan xodim (keyingi o‘rinlarda mas‘ul xodim deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

13. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo‘lgandan keyin tushgan taqdirda esa - navbatdagi ish kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi kerak.

14. Yozma va elektron (qog‘ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar, murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasini to‘ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismida ro‘yxatga olish shtampini qo‘yish yo‘li bilan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul xodim tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, uning manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi, nazoratga olinganligi to‘g‘risidagi belgi, markaziy apparat tomonidan ijrochi etib belgilangan tarkibiy bo‘linma nomi, sana ko‘rsatilgan holda ijro etish to‘g‘risidagi belgi ko‘rsatiladi.

Qayd etish shtampida vazirlikning rasmiy nomi (agar rasmiy nomi uzun bo‘lsa, umumqabul qilingan qisqartirilgan nom yoki qisqartma ko‘rsatilishi mumkin), murojaatning kelib tushgan sanasi va qayd raqami ko‘rsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

15. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda, konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.

Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalarning yo‘qligi aniqlanganda, ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul xodimda qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha jo‘natiladi.

Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo‘natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinishi mumkin.

16. Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul xodim, shuningdek tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari tomonidan (keyingi o‘rinlarda tarkibiy bo‘linma deb ataladi) yoxud vazirlikning boshqa xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasi to‘ldiriladi.

Hisobga olish kartochkasi og‘zaki murojaat sifatida ro‘yxatga olinadi.

17. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari Moliya vazirligiga og‘zaki murojaat etishganda, ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq to‘ldirilgan hisobga olish kartochkasiga ilova qilinishi kerak.

18. Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay vazirga yoki uning o‘rinbosarlariga kiritiladi, o‘z o‘rnida ular murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qo‘yadilar va ijro uchun mas‘ul tarkibiy bo‘linma (xodim)ni belgilaydilar.

19. Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul xodim murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linmaga (xodimga) imzo qo‘ydirgan holda beradi.

20. Moliya vazirligi markaziy apparatiga kelib tushgan murojaatlar vazirlikning ish yurituviga qabul qilinishi, bo‘ysunish tartibida vazirlikning quyi bo‘linmasiga (tashkilotga) (keyingi o‘rinlarda quyi organ deb ataladi) yuborilishi yoki tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga yuborilishi mumkin.

21. Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan va vazirlikka kelib tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay vazir yoki vazir o‘rinbosarlari tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni ko‘rib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o‘tkazish, qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga va mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan ma‘lumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslangan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.

22. Quyi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar, quyi organga murojaat kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan vazir yoki vazir o‘rinbosarlari tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi kerak.

23. Agar murojaatda bir nechta tarkibiy bo‘linmaga tegishli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijro etuvchilar etib belgilanadi.

Ijro etuvchilar orasida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda murojaat ko‘rib chiqilishini ta‘minlaydi.

24. Murojaatni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma‘lumotlar, ma‘lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda, murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek ushbu davlat organining vakolatlari doirasida - belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin.

25. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda vazirlik tomonidan murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqishni ta‘minlashi mumkin.

Murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqish vazir topshirig‘i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.

26. Murojaatni, murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular vazirlikning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.

Chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda, vazirlikning mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboradi.

27. Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun vazirlik tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.

28. Zarur hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun vazirlik tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

29. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha vazirlik tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni vazir yoki uning o‘rinbosarlari qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.

30. Murojaatga javob xati vazir yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi. Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

31. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi. 

32. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul xodim murojaatlarni ro‘yxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.
Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

33. Agar murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin kelib tushsa, u holda vazirlik murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

34. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan rahbar yoki mansabdor shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

35. Yuqori davlat organining nazoratida turgan murojaatlar bo‘yicha murojaatni vazirlik, ko‘rib chiqib, murojaat qiluvchiga murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi javob xatini va uning nusxasini yuqori davlat organiga yozma shaklda ilova qilgan holda xabar beradi.

36. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilgunga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat vazirlikning xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza vazirlik tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

37. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas‘ul tayinlangan xodim tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.




Download 100,61 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Download 100,61 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II. MUROJAATLARNI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI

Download 100,61 Kb.