|
Inklyuziv ta’limda art pedagogikadan va art terapiyadan foydalanishning samarali usullari mirzatova Gulshoda Xudoyberdiyevna
|
Sana | 28.05.2024 | Hajmi | 30,45 Kb. | | #256125 |
Bog'liq Mirzatova G. INKLUZIV TA\'LIM maqola NamDPIga
INKLYUZIV TA’LIMDA ART PEDAGOGIKADAN VA ART TERAPIYADAN FOYDALANISHNING SAMARALI USULLARI
Mirzatova Gulshoda Xudoyberdiyevna
Namangan davlat universiteti katta o‘qituvchisi
el.pochta: gmirzatova73 @gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida inklyuziv ta’limni joriy etish bo‘yicha amalga oshirigan islohotlar hamda inklyuziv ta’limni samarali tashkil etishda ART- terapiya va ART- pedagogikadan foydalanish usullari haqida fikr yuritilgan.
Kalit so‘zlar: ta’lim, islohotlar, inklyuziv ta’lim, ART- terapiya, ART- pedagogika, alohida ta’lim ehtiyoji, individual ehtiyojlar
Mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, alohida ta’lim ehtiyoji bor insonlarga Hukumatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu borada “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasida:
“Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda ta’lim oladi” hamda 20-moddasida: “Inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ta’lim oluvchilar uchun ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi” deb belgilab qo‘yigan.[1]
Respublikamizda jahon tajribasi va milliy tajribalar asosida inklyuziv ta’limni joriy etish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Inklyuzivlik- inglizcha soʻz boʻlib, inclusif- qoʻshish, birlashtirish kabi
ma’nolarini anglatadi. Mazkur atama alohida ehtiyojga ega boʻlgan bolalarni
ta’lim muassasalarida sogʻlom bolalar bilan qoʻshib birgalikda ta’lim- tarbiya
jarayonini amalga oshirishni ifodalaydi.
Inklyuziv ta’lim - bu alohida ehtiyojli bolalarni umumiy ta’lim maktablarida ta’lim olish sharoitida, oddiy bolalar bilan birgalikda o‘qitish jarayonini tavsiflash imkonini beradigan tushuncha. Shuningdek, inklyuziv ta’lim deganda har qanday bolaga mavjud jismoniy, ijtimoiy yoki boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, umumiy ta’lim va tarbiya jarayoniga qo‘shilish, boshqa bolalar bilan uyg‘un ravishda rivojlanish imkoniyatini beradigan ta’lim tushuniladi.
Alohida ehtiyojga ega boʻlgan bolalarning aksariyati idrok, e’tibor, aqliy faoliyat va xotirani rivojlantirish kabi muammolarga duch kelishadi, bu shuningdek, vosita rivojlanishi va hissiy funksiyalar bilan bog‘liq turli darajadagi qiyinchiliklarni o‘z ichiga oladi. Ularda yuqori darajada va tez- tez charchash kuzatiladi. Bolani o‘quv jarayoniga jalb qilish uchun dasturda individual yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni o‘z ichiga olgan maxsus yondashuvlardan foydalanish kerak.
Innovatsion texnologiyalar deganda, o‘ziga xos xususiyatlari yuqori samaradorlik va foydalanishning yangiligi bo‘lgan usullar tushuniladi, ular pedagogning intellektual faoliyatining yuqori ko‘rsatkichlari bo‘lib xizmat qiladi.
Art- pedagogika - innovatsion, amaliyotga yo‘naltirilgan pedagogika yo‘nalishi bo‘lib, bunda ta’lim, tarbiya, shaxsni rivojlantirish, undagi mavjud nuqsonlarni korreksiya qilish san’at vositalari orqali amalga oshiriladi.
Art- pedagogika pedagog va ta’lim oluvchining hamkorlikdagi ijodkorligini nazarda tutadigan ta’lim faoliyatidir.
Uning vazifalari va funktsiyalari mavjud badiiy ta’lim dasturlaridan farq qiladi, chunki o‘qitish va tarbiyalash jarayonida maqsad bolani chizishga o‘rgatish hisoblanmaydi (“to‘g‘ri”, “xuddi shunday” va boshqalar).
Art- pedagogikaning metod va uslublari bolaning nozik hissiyotlariga e’tiborni qaratadi va kuchaytiradi, uni o‘zini namoyon qilish va o‘zini- o‘zi bilish imkoniyatini beradi; bolaga muloqot ko‘nikmalarini va jamoada ijodiy ish tajribasini egallashga yordam berish, ularda tasavvur va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Art- pedagogikaning mohiyati bolalarni (jumladan, muammoli) tarbiyalash, o‘qitish, badiiy ijod vositalari orqali rivojlantirish, ularda badiiy madaniyat asoslarini shakllantirish va badiiy faoliyatning turlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashga yordam beradi.
Art- pedagogikaning vazifalari:
1.Ta’lim oluvchilarda ichki erkinlikni rivojlantirish, o‘z taqdiriga befarq bo‘lmaslik, o‘z- o‘zini anglash, his qilish, o‘z- o‘zini namoyon qilish, o‘z shaxsini hurmat qilish qobiliyatini tarbiyalsh.
2.Ularni Vatan, xalq madaniyati, boyliklarini aks ettiruvchi qadriyatlar, umuminsoniy madaniyat tizimi bilan tanishtirish.
3. Bolalarning mavjud yashirin qobiliyatlarini faollashtirish va ularni namoyon bo‘lish imkoniyatlarini yuzaga chiqarish.
“Art Therapy” atamasi ikkita so’zning qo’shilmasidan hosil bo’lgan. “Art”
inglizcha so’zdan olingan bo’lib-“san’at”, “Terapiya” so’zi esa yunoncha
“therapeia” so’zidan olingan bo’lib - davolash degan ma’noni anglatadi.
Art terapiya- san’at bilan davolash demakdir. Art terapiya- bu san’at va
ijodkorlikka asoslangan psixoterapiyaning eng yosh va jadal rivojlanayotgan
yo‘nalishlaridan biridir. Bu diagnostika, tuzatish va shaxsning psixologik
muammolarini davolashni o‘z ichiga oladi.[2] 218- bet
“Art terapiya” (art-terapiya) tushunchasi esa Z.Freyd va C.Yung g‘oyalari kontekstida vujudga kelgan va psixoterapevtik amaliyotda terapevtik ta’sir usullaridan biri sifatida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, u badiiy (tasviriy) ijodkorlik orqali, ruhiy kasallarga o‘zlarining yashirin psixotravmatik kechinmalarini rasmlarda ifodalashda va shu bilan ulardan xalos qilishga yordam bergan.
Keyinchalik, bu konsepsiya shaxsiy rivojlanishning uyg‘un modellarini o‘z ichiga olgan kengroq kontseptual asosga ega bo‘ldi (K. Rojers, A. Maslou). [3]
Art-terapiyadan foydalanishning asosiy maqsadi bolalarning hissiy farovonligi uchun sharoit yaratish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va shaxsiyatini uyg‘unlashtirishdir.
Zamonaviy art-texnologiya quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
- Izotexnologiya - tasviriy san'at yordamida terapevtik ta'sir: rasm,
modellashtirish, badiiy hunarmandchilik va hokazolar;
- imotexnologiya - obraz, teatrlashtirish, dramatizatsiya orqali ta'sir o'tkazish;
- musiqiy terapiya - musiqani idrok etish orqali ta'sir o'tkazish;
- ertaktexnologiya - ertak, masal, afsona orqali nutqida nuqsoni bo’lgan
bolalarning nutqiga ta'sir o'tkazish;
- kinestik texnologiya - raqs va harakat orqali ta'sir;
- dramatexnologiya- imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida teatr
pyesasini sahnalashtirishga o’rgatish;
- qum texnologiya- qum orqali imkoniyati cheklangan bolalarning nutqi
hamda bilish jarayonlarini rivojlantirishdan iborat;
- fototexnologiya- rasmga tushirish orqali imkoniyati cheklangan
bolalarning psixologik holatini barqarorlashtirish, bolalarning diqqatini, nutqini
rivojlantirish;
- tuzatuvchi ritm (harakatlar bilan ta'sir), xoreotexnologiya;
- o‘yin texnologiyasi va boshqalar.
Art-terapiya - bu ma’lum bir san’at turiga mansub janr va psixokorreksiya terapevtik qo‘llanilishining yo‘nalishi va texnologiyasi bilan belgilanadigan farqlar va xususiyatlarga ega bo‘lgan psixokorreksiya usullari to‘plami hisoblanadi.
Pedagoglar yuqoridagi usullardan foydalanishda alohida ehtiyojli bolalarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishlari zarur. Bu jarayonda ota- onalar bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish ham ijobiy natijalarga olib keladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlashda art pedagogika va art terapiya usullaridan samarali foydalanish ularni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga hamda rivojlantirishga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, 23.09.2020- yildagi O‘RQ-637-son.
2. F.U.Qodirova, D.A.Pulatova. Inklyuziv ta’lim: nazariya va metodika. Darslik.: Chirchiq – 2022. 218- 220- b.
3. Арт-педагогика и арт-терапия в специальном образовании: Учебник для вузов / Е.А. Медведева, И.Ю. Левченко, Л.Н. Комиссарова, Т.А. Добровольская. - М.: Академия, 2001. – 248 с.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
Inklyuziv ta’limda art pedagogikadan va art terapiyadan foydalanishning samarali usullari mirzatova Gulshoda Xudoyberdiyevna
|