O’zbekistonda investitsiya faoliyatining me’yoriy-qonuniy bazasi




Download 0,6 Mb.
bet7/52
Sana11.01.2024
Hajmi0,6 Mb.
#135100
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   52
Bog'liq
“Investitsiya” fanidan yakuniy nazorat savollar

O’zbekistonda investitsiya faoliyatining me’yoriy-qonuniy bazasi.
Mamlakatda investitsion munosabatlarni amalga oshirish va uning huquqiy tizmini tashkil etuvchi muayyan huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, O’zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati to’g’risida”gi,6 “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi7 yangi tahrirda, “Chet ellik investorlar huquqlarning kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Bu qonunlarda investitsion munosabatlarga taalluqli barcha jarayonlarga va tushunchalarga aniqliklar kiritilgan. Investitsiya faoliyatining sub’ektlari va ob’ektlari, investitsion faoliyatning davlat tomonidan tartibga solinish masalalari, xorijiy investorlarning huquq va burchlari, mol-mulk kafolatlari va imtiyozlari kabilar aniq belgilab berilgan.
Biroq, bu kabi mamlakatda investitsion faoliyatni rag’batlantiruvchi qonuniy-xuquqiy bazaning mavjudligi bozor munosabatlarining rivojlanganligini belgilamaydi. Bugungi kunda mamalakatda investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirmoq zarur.8 Davlat mazkur qonunlar doirasida investitsion faoliyatning turli sub’ektlari o’rtasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solib turadi. Boshqacha qilib aytganda, bu tartibning qanday o’rnatilganligiga qarab u yoki bu mamlakat xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qanday huquqiy muhit yaratilganligini aniqlab olish mumkin.
O’zbekistonda investitsion munosabatlarni tartibga solishining yaratilgan qonuniy asoslari mos ravishda tadbirkorlik to’g’risida O’zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik to’g’risida”gi9 Qonun va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari10 bilan to’ldirilib borilmoqda.
“Tadbirkorlik to’g’risida”gi Qonun O’zbekistonda tadbirkorlikni faoliyat ko’rsatishning va rivojlantirishning huquqiy asoslari hamda tadbirkorlarning iqtisodiy va huquqiy erkinliklarini kafolatlashni aniqlab berdi. Shuningdek, ularning huquq va majburiyatlarini belgilaydi. Bu qonun tadbirkorlarning boshqa korxonalar, tashkilotlar va davlat boshqaruvi organlari bilan o’zaro munosabatlarini tartibga soladi va mulkchilik shakllarini erkin tanlashni, xo’jalik yuritishni, faoliyatni teng huquqli asosda amalga oshirishni, o’zaro hamkorlik va erkin raqobatni ta’minlashni o’z ichiga oladigan shartlarning shakllanishiga yordam beradi.
“Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida”gi11 Qonun Respublikada tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishning asosiy tamoyillari va tartiblarini belgilab beradi hamda tashqi iqtisodiy aloqalar ishtirokchilarining mulklarini, mulkchilikning qanday shaklida bo’lishidan qat’iy nazar, manfaatlarini va huquqlarini xalqaro huquqning qabul qilingan umumiy me’yorlariga muvofiq ravishda himoya qilishni ta’minlaydi. Bu qonun O’zbekiston Respublikasining jahon iqtisodiy tizimiga uyg’unlashishi uchun huquqiy asosni yaratadi.
O’zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi12 va “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”gi13 Qonunlari investitsiyalar to’g’risidagi qonunchilikning yadrosini tashkil qiladi.
Ular O’zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalarni amalga oshirishning huquqiy, tashkiliy-iqtisodiy asoslarini yaratish, chet el sarmoyalari soliq tartiblarini belgilab beradi, xorijiy investorlarning samarali faoliyat ko’rsatishini kafolatlaydi va Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga ko’maklashish, uni jahon xo’jalik aloqalariga kiritish maqsadida chet el moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarni jalb etishga va ulardan foydalanishga qaratilgan.
“Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi14 Qonunning asosiy vazifalari – O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga va uning xorijiy investitsiyalar oqimini rag’batlantirish yo’li bilan jahon xo’jalik tizimiga uyg’unlashuviga ko’maklashishdan, shuningdek, xorijiy moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa zaxiralarni, zamonaviy texnologiyalarni va boshqaruv tajribalarini jalb qilish hamda ulardan oqilona foydalanishni yo’lga qo’yishdan iborat.
Xorijiy investitsiyalar va xorijiy investorlarning ma’lum kategoriyalarini himoya qilish chora-tadbirlari va ularni kafolatlash bo’yicha kompleks chora-tadbirlar “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish chora-tadbirlari to’g’risida”15gi Qonunning asosi bo’lib hisoblanadi.
Mazkur qonunning 3-moddasida, davlat boshqaruv idoralari va davlat hukumat organlari joylarda chet el investitsiyalarining O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq amalga oshirilgan xo’jalik faoliyatlariga aralashish huquqiga ega emaslar, deb aytilgan.
Qulay investitsion muhitni yaratishda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Investitsiya faoliyatining huquqiy asoslari tarkibida eng muhim sifatida O’zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati to’g’risida”gi Qonuni hisoblanadi.
Investitsiya faoliyati to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor bo’lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar. Investitsiya faoliyati to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, investitsiya faoliyatining sub’ekti etkazilgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir. Investitsiyalar bilan bog’liq nizolar (investitsiyaga oid nizolar) sud tomonidan hal etiladi.
18. Xo’jalik yurituvchi subyektlarning investitsiya faoliyatini tashkil etish
Investitsiya faoliyatini yo’lga qo’yishda har bir mulk egasi, birinchi navbatda o’z manfaatini ko’zlab yagona maqsadga, ya’ni foyda olish va samaraga erishishni rejalashtiradi.
Investitsiya faoliyatini tashkil etishda har bir mulk egasi ishbilarmonlikni, tadbirkorlikni mohiyatini chuqur anglagan holda ish yuritishi lozim. Investitsiya faoliyati bilan shug’ullanuvchi mulk egasi tez o’zgaruvchan bozor iqtisodiyoti va uning ko’pqirrali munosabatlarini har tomonlama anglay bilishi lozim. Investitsiya faoliyatini yuritishda iqtisodiy axborotga tayangan soha bir butun iqtisodiyot va mamlakat miqyosida marketing bililariga ega bo’lishi alohida ahamiyatga ega. Chunki barqarorlashmagan iqtisodiyotda investor pul muomalasi, moliya kredit va banklar, soliq siyosati mohiyatini chuqur bilmay turib, investitsiya faoliyatini tashkil etish tavakkalchilik bilan bog’liq bo’lib, qisqa davr ichidagi inqirozga uchrashi mumkin. Bozor munosabatlari rivojlangan etuk jamiyatda investitsiya faoliyati quyidagi yo’nalishlarda olib boriladi:
fuqarolar, davlatga qarashli bo’lmagan korxonalar, xo’jalik assotsiatsiyalari, jamoa va o’rtoqlik xo’jaliklari hamda jamoa mulkchiligi asosida tashkil etilgan tashkilotlar, nodavlat korxonalari va muassasalari tomonidan;
davlatni ma’muriy va boshqaruv bo’linmalari, tashkilotlari hamda davlat korxonalari va muassasalari tomonidan;
chet el fuqarolari, xususiy firmalar, assotsiatsiyalar, kompaniyalar va huquqiy shaxslari hamda boshqa xorijiy davlatlar va halqaro moliya – kredit muassasalari tomonidan;
qo’shma korxona ko’rinishida mahalliy va chet el fuqarolari, huquqiy shaxslar va davlatlar bilan hamkorlikda.
Mulkchilikni turli shakllarini rivojlanishi, tadbirkorlik va ishbilarmonlikni yo’lga qo’yilishi, jahon iqtisodiy aloqalarini taraqqiy etishi, qo’shma korxonalarni iqtisodiyotni barqarorlashtirishda rolini ortishi investitsiya faoliyatini to’la tashkil etish uchun zarur bo’lgan imkoniyatlarni yaratadi.
Mulkchilikning turli shakllarini vujudga kelishi, o’z navbatida tadbirkorlikning rivojlanishi, chet el kapitalining kirib kelishi investitsiya faoliyatini tashkil etish yo’nalishlarini ham aniqlab beradi.
19. Xo’jalik yurituvchi subyektlarning investitsiya faolligini ta’minlash vazifalari nimalardan iborat.
Bozor sharoitida investitsiya faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish jismoniy, huquqiy shaxslarni va davlatni, foyda olish maqsadida tadbirkorlik, ishbilarmonlik va boshqa faoliyatlarini qaytadan tiklashga qaratilgan. Bu boradagi asosiy maqsad investitsiya faoliyatini tashkil etib iqtisodiyotni inqirozdan olib chiqish, uni barqarorlashtirish, dunyo bozoriga kirib borish, jahon xo’jalik aloqalarini mustahkamlash va aholi turmush darajasini yaxshilashdir.
Bozor iqtisodiyotida investitsiya faoliyatini moliyalashtirish investorlar tomonidan moliyaviy resurslarni jalb qilish yo’li bilan kreditlar evaziga, muomalaga, qonunchilikda belgilangan holda, qimmatli qog’ozlar va zayomlar chiqarish hisobiga olib boriladi. Davlat mulkini xususiylashtirish tufayli mamlakat miqyosidagi manbalar hisobiga, turli mulk egalarining mablag’lari, yangidan tashkil etilayotgan fondlarni ulushi, chet el investitsiyalari orqali olib boriladi. Albatta, bu borada har bir mamlakatning investitsiya siyosati hal qiluvchi rolni o’ynaydi. Investitsiya manbalarini tashkil etishda mamlakat iqtisodiyotini barqarorligi, milliy valyuta birligini konvertatsiyalanishi, tashqi iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, aholi ehtiyojini ishlab chiqarish hisobiga qondirilishi va boshqalar muhim rol o’ynaydi.
Bozor munosabatlarini rivojlantirish davlat tomonidan olib boriladigan ichki moliya siyosatiga chambarchas bog’liqdir. Moliyaviy resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash hamda u yoki bu yo’nalishda sarflash va jamg’arish mamlakatda qabul qilingan va amaliyotda faoliyat ko’rsatayotgan taqsimot tizimiga bog’liqdir. Qonunchilikni rivojlanishi, adolatli qonunlar qabul qilinishi va ularni hayotga tatbiq etilishi bozor munosabatlarining rivojlantirishga, tadbirkorlik, ishbilarmonlikni keng ko’lamda tarqalishiga qaratilsa investitsiya manbalari tarkibida davlat mablag’lari kamayishi hisobiga boshqa mulkdorlar mablag’lari o’sib boradi. Ishlab chiqarish munosabatlarini to’g’ri yo’lga qo’yish va davlatning samarali moliya siyosatini yuritish alohida ahamiyatga egadir. Xorijiy kapitalni kirib kelish darajasi ustun darajada mamlakatni olib borayotgan moliya siyosatiga (fiskal siyosati) bog’liqdir.
20. Investitsiya siyosatining mazmuni va ahamiyatini yoritib bering.
Davlat investitsiya siyosati - bu iqtisodiyotning ustivor tarmoqlarini rivojlantirish, qo’llab-quvvatlash, markazlashgan investiyatsiyalash jarayonidan nomarkazlashgan investitsiya jarayoniga o’tish, ustivor investitsion loyihalarni qo’llab quvvatlashga qaratilgan mexanizm, uslublar yig’indisi hisoblanadi. Davlat investitsiya siyosatini amalga oshirishda ko’proq ustivorlik kichik biznes sub’ektlari, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tuzishga qaratiladi. Davlat investitsiya siyosati mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni tezkorlik bilan hal qilish va shu asosda investitsiya ishtirokchilarining erkin harakat qila olishlari uchun qulay iqtisodiy, investitsion muhit yaratishga qaratilgan.
21. Investitsiya siyosatining asosiy yo’nalishlarini keltiring
Davlat investitsiya siyosatining ustivor yo’nalishlari deb quyidagilar hisoblanadi:
- investitsiyalar, ular harakatlanishi, investitsiya faoliyati ishtirokchilari munosabatlari, ularni tartibga solib turish bo’yicha qulay huquqiy bazani yaratish, amaldagi qonunchilik-huquqiy bazasini takomillashtirish;
- iqtisodiy tub islohotlarni amalga oshirish, maqsadli investitsion siyosatni yurgizish;
- investitsion jarayonni yaxshilash va barcha investitsion jarayon ishtirokchilarining faolligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
- davlat boshqaruv organlari, hukumat tashkilotlarining nazorat etish funktsiyalarini yanada takomillashtirish.
Hozirgi kunda O’zbekistonda iqtisodiyotning barcha sohalarida o’zgarishlar, tarkibiy islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlarning olib borilishi bevosita mamlakatdagi investitsion jarayon, Davlatning investitsion siyosati, uning ustivor yo’nalishlari va mamlakatdagi korxonalar investitsion faolligiga bog’liq. Mustaqillikning qisqa davrida investitsion faoliyatni oshirish, uni kuchaytirish borasida qator amaliy chora-tadbirlar o’tkazildi, investitsion faoliyatni tartibga solib turuvchi qator qonun va qonun osti hujjatlari chiqarildi va hayotga tadbiq qilinmoqda.
O’tgan yillar mobaynida olib borilgan ijobiy investitsion o’zgarishlar natijasida mamlakatimizda qator investitsion ob’yektlar ishga tushirildi. Bularga misol sifatida, Asakadagi UzDeuavto, Navoiydagi Zarafshon Nyumont, Samarqandagi Samkochavto, Toshkent viloyatidagi UzDongju, Buxorodagi neftni qayta ishlash korxonalarini keltirish mumkin.
22. Investitsiya siyosatini amalga oshirish bosqichlarini aytib bering
O’zbekistonda Davlat investitsiya siyosati rivojlanishi quyidagi IV bosqichni o’z ichiga oladi.
1-bosqich: 1991-1994 yillar, 2-bosqich: 1995-2003 yillar; 3-bosqich: 2003- 2008 yillar, 2008 y. - hozirgi davr.
1-bosqichda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- turli mulkchilik shakllarini yaratish borasidagi investitsion jarayon nomarkazlashtirish tadbirlar amlga oshirila boshlandi;
- xususiy moliyalashtirish manbalariga ega bo’lmagan ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi ob’ektlarni byudjetdan moliyalashtirish saqlab qolindi;
- xususiy mulkchilikni joriy etish tadbirlari olib borildi.
2-bosqichda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- qonunchilik bazasi yaratildi;
- konkurs asosida loyihalarni moliyalashtirishga o’tildi;
- xorijiy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari amalga oshirila boshlandi;
- iqtisodiyotning real sektoriga investitsiyalar kiritilishi kuchaytirildi;
- investitsion loyihalarni amalga oshirishda turli moliyalashtirish manbalari qo’llanila boshlandi.
3-bosqichda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- valyuta munosabatlari va operatsiyalari liberalizatsiyalashtirilildi;
- xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilish va ular manfaatlarini himoyalash bo’yicha muhim hujjatlar qabul qilinindi;
- korxonalarning texnik qurollantirilishi kuchaytirilildi;
- eksportga mo’ljallangan va import o’rnini qoplovchi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni moliyalashtirishga ustivorlik berilildi.
4-bosqichda quyidagi chora-tadbirlar oshirilmoqda va rejalashtirilgan:
- inqirozga qarshi choralar qo’llanilmoqda;
- banklarning investitsion faolligi kuchaytirilmoqda;
- erkin iqtisodiy hududlar tashkil etilmoqda;
- valyuta bilan bog’liq ishlar muvofiqlashtirilmoqda;
- investitsiya faoliyatlari takomillashtirilmoqda.
23. Globallashuv va chet el kapital migratsiyasining kuchayishi.
Mamlakatda investitsiya faoliyatining huquqiy bazasi yaratilgan, tashqi iqtisodiy, investitsiya faoliyatini tartibga soladigan, chet el investitsiyalari va investorlarining huquqlari va manfaatlari himoyasini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilingan, investitsiya muhiti takomillashtirilmoqda va qo’shma korxonalar hamda firmalar tashkil qilish bo’yicha izchillik bilan faoliyat yuritilmoqda. Bu yo’nalishdagi g’oyat muhim vazifalardan biri kapital qo’yilmalarning samarali yo’nalishlarini belgilashdan iborat. Bunda o’zaro manfaatlar, sheriklarga davlat kafolatlari berish; valyutaning erkin almashtirilishiga erishish, bank, transport, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va mamlakatdan eksportni valyuta bilan tartibga solishning qulay sharoitlari joriy qilinganligi hisobiga olinadi. Hozirgi bosqichda chet el kapitalini milliy iqtisodiyotga kiritishda mavjud ikki strategiyadan (import o’rnini bosuvchi, eksportni kengaytiruvchi) birini – to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni eksportni kengaytiruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qo’yishni tanlash kerak. Mahsulotlar eksportini kengaytirish siyosati, bu siyosat bizda asosiy, mamlakatdan tashqarida raqobatni kuchaytirishga olib keladi, bu esa o’z navbatida jo’shqin iqtisodiy faoliyatga undaydi.
24. Zamonaviy investitsiya siyosatini amalga oshirishda chet el investitsiyalarining o’rni.
Shunday qilib, globallashuv, jahon bozorida keskin raqobat va omon qolish uchun kurash sharoitlarida chet el kapitali va ishlab chiqarish (korxonalar)ning ko’chib yurishi, xalqaro raqobatning paydo bo’lishi va millatlararo korporatsiyalarning tashkil topishi tabiiy hol bo’lib, qaytmas jarayon hisoblanadi. Chet el investitsiyalari bir iqtisodiyot sub’ekti kapitalini o’zga iqtisodiyotga muayyan muddatga bog’lash bo’lib, ichki investitsiyalardan risklar kengligi bilan farqlangan holda, huquqiy sharoitlarning, investitsiya muhitining o’zgarishi bilan tavsiflanadi va natijada mamlakatlar va mintaqalar bo’ylab kapital ko’chishi yuz beradi.
Kapitallarning mamlakatlar bo’ylab ko’chib yurishidagi asosiy xarakatlantiruvchi motiv - ularni safarbar etish hamda band qilishning nafliroq sharoitlaridir. Ishlab chiqarishni chet ellarga chiqarishning kuchayishi, chet el investitsiyalarining milliy iqtisodiyotga kirib kelishini iqtisodiyotlar rivojlanishini jadallashtiradigan jarayon tarzida baholash kerak. Chet el investitsiyalari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tashqi moliyalashtirishning zaruriy va muhim manbai bo’lgani holda, o’zi bilan birga, juda ko’p payqaladigan va sezilmaydigan aktivlar, turli-tuman texnologik, axborot, moliya oqimlarini, menejment malakalarini, jahon bozorlaridagi ish tajribalarini va boshqalarni olib kiradi. Ularga mamlakatlararo harakatlanish, ya’ni ko’chib yurish, faoliyat yuritishning huquqiy shart-sharoitlarini almashtirish, qo’shimcha risklar bilan to’qnashish va aniq maqsadlar xos. Demak, chet el investitsiyalari migratsiyasini milliy investitsiya siyosatini olib borishda va ularni amalga oshirishda albatta hisobga olishga to’g’ri keladi. Ularni jalb qilish importyor mamlakat byudjetiga soliq, ijara va boshqa tushumlarni ko’paytiradi. Ular yangi ish o’rinlarini tashkil qilishga, raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish, jahon bozorlarida o’rnashib olishga yordam beradi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqib kelishini rag’batlantirish, mamlakat qonunchiligini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanishning uzoq muddatli maqsadli dasturiga muvofiq amalga oshirilishini talab etadi. to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni yangi loyihalarga jalb etish va O’zbekiston mintaqalarida xususiy sektorni yuksaltirish, ayniqsa qishloq hududlarida qo’shma korxona tashkil qilish yo’nalishlarida amalga oshirilishi bugungi kunning eng muhim ustuvor vazifalaridan biridir.
Ma’lumki, jahondagi biron-bir davlat xorijiy sarmoyalarni jalb qilmasdan turib taraqqiyotga hamda iqtisodiyot rivojiga erisholgan emas. Shuning uchun ham bu ish bizning iqtisodiy siyosatimiz ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylangan. Biz bu siyosatni quyidagi tamoyillar asosida qurmoqdamiz:

  • tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish;

  • Respublika iqtisodiyotiga kapital mablag’larni jalb etishni ta’minlovchi huquqiy asos, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarni shakllantirish;

  • jahon andozalari talablariga javob beradigan texnologiyalarni etkazib beruvchi hamda xalq xo’jaligining zamonaviy tuzilmalarini barpo etishga ko’maklashuvchi xorijiy sarmoyadorlarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini muntazam ravishda yuritish;

  • mablag’larni raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishni o’zlashtirish bilan bog’liq eng muhim ustuvor yo’nalishlarga sarflash.

Xorijiy sarmoyalarni jalb etish tadbirlarini amalga oshirishda oldindan belgilanib olingan tamoyillarga asoslangan holda investitsiyalarni jalb etish uchun imtiyozlarning keng tizimi vujudga keltirildi. Xorijiy sarmoyadorlar uchun imtiyozli soliq joriy etildi. Imtiyozlar va rag’batlantirish omillari belgilandi:

  • ishlab chiqarish hajmida tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti kamida 30 foizni tashkil etadigan korxonalarga, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, foyda solig’ini amaldagi stavkalardan ikki barobar kamroq to’lash huquqi berildi;

  • Respublika davlat investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo’yicha soliqlar to’lashdan besh yil muddatga ozod etildi;

  • xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar daromadining ishlab chiqarishni kengaytirishga va texnologiyani yangilashga sarflanadigan qismi soliqdan ozod etildi;

  • o’zi ishlab chiqargan mahsulotni ruxsatnomasiz chetga olib ketish imkoniyati berildi;

  • O’zbekiston hududida qo’shma korxonalarning va faqat xorijiy sarmoya bilan ishlaydigan korxonalarning ustav fondiga hissa qo’shish uchun mol-mulkni chetdan boj to’lovlarisiz olib kirish ruxsati berildi;

  • jismoniy va yuridik shaxslarning, jumladan, xorijliklarning davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida, shu jumladan ko’chmas mulkning keng miqyosda sotilishida bemalol ishtirok etishlarini ta’minlash;

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun er uchastkalaridan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqini tanlov asosida sotib olish belgilandi. Bular bilan birgalikda xorijiy investorlarga ularning mol-mulklarini davlat ixtiyoriga olish va musodara qilishdan xalos etish uchun kafolatlar berildi. Ularning o’z faoliyati natijasida olgan foydasini va boshqa pullarni chet ellarga o’tkazishlariga, olingan foydani respublika hududida qayta investitsiya tarzida ishlatish, respublika banklarida schyotga va unda har qanday valyutada cheklanmagan miqdorda mablag’ga ega bo’lish imkoniyati kafolatlandi.

25. Xorijiy investitsiyalarning mazmun-mohiyatini yoritib bering
Ma’lumki, har qanday davlat tashqi dunyodan ajralgan holda, jahondagi ilm, fan va texnika sohasida erishgan yutuqlardan, iqtisodi rivojlangan davlatlarning tajribalaridan samarali foydalanmasdan rivojlanishi mumkin emas. Ushbu maqsad yo’lida milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, bunday vazifaning uddalanishi, avvalambor, «xorijiy investitsiya» tushunchasining mazmun-mohiyatini, xususiyatlarini, turlarini, iqtisodiyot taraqqiyotidagi rolini aniq va ravshan anglab olish zaruratini yuzaga keltiradi.
Prof. D.G’ozibekovning xorijiy investitsiyalar to’g’risidagi nazariy qarashlarida quyidagi fikrlar bayon etilgan: «Chet el investitsiyalari bir iqtisodiyot sub’ekti kapitalini o’zga iqtisodiyotga muayyan muddatga bog’lash bo’lib, ichki investitsiyalardan risklar kengligi bilan farqlangan holda, huquqiy sharoitlarning, investitsiya muhitining o’zgarishi bilan tavsiflanadi va natijada mamlakatlar va mintaqalar bo’ylab kapital ko’chishi yuz beradi»16. Ushbu fikrlardan shunday xulosa qilish mumkinki, xorijiy investitsiyalar bir mamlakat iqtisodiyotidan mutloq boshqa davlat iqtisodiyotiga ko’chuvchi kapital bo’lib, u risklar doirasi kengligi bilan ichki investitsiyalardan farqlanadi.
Iqtisod fanlari doktori N.Qo’zievaning ilmiy ishlarida xorijiy investitsiyalarning mohiyati to’g’risida: «Kelgusida foyda olish maqsadida kapitalni eksport qiluvchi xorijiy davlatlar, yuridik va jismoniy shaxslarning kapitalni qabul qiluvchi mamlakatlarga turli ko’rinishdagi boyliklar (ko’char, ko’chmas mol-mulk, intellektual boyliklar va boshq.) va ulardan olingan daromadlar (foyda, foizlar, dividendlar, litsenziya va komission mukofotlar, royalti, texnik ta’minot va boshqa mukofotlar)ni qo’yilishiga xorijiy investitsiyalar deyiladi»17, degan ta’rif keltirilgan. Olimaning fikricha, xorijiy investitsiyalarni turli belgilariga asoslangan holda tasniflash ularning iqtisodiy mohiyatini yanada oydinlashtiradi.
Iqtisod fanlari nomzodi Q.Xoshimov ilmiy ishida: «chet el investitsiyalari – chet el mulkdorlari tomonidan ma’lum kapitalni bir iqtisodiyotdan mutloq boshqa mamlakat iqtisodiyotining qonun bilan ta’qiqlanmagan turli tarmoqlariga aniq va noaniq risklarni hisobga olgan holda, o’z manfaatiga erishish, nisbatan yuqori darajada samara olish maqsadida muayyan muddatga safarbar etadigan barcha mulkiy, moliyaviy, intellektual boyliklardir»18, degan mazmunda ta’rif berilgan.
«Chet el investitsiyalari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida: «chet el investorlari asosan daromad (foyda) olish maqsadida tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat ob’ektlariga qo’shadigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy boyliklar va ularga doir huquqlar, shu jumladan, intellektual mulkka doir huquqlar, chet el investitsiyalaridan olingan har qanday daromad O’zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari»19, deb e’tirof etilgan.
26. Xorijiy investitsiyalarning turlarini keltiring.
Xorijiy investitsiyalarni mulkchilik shakliga ko’ra xususiy, davlat, xorijiy va aralash investitsiyalarga tasniflash maqsadga muvofiqdir. Xorijiy investitsiyalarni yo’nalish ob’ektiga qarab, moliyaviy va real investitsiyalarga ham ajratish mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy investitsiyalarning tarkibida asosiy o’rinni xususiy mulk egalarining investitsiyalari tashkil etadi.
Xorijiy investitsiyalarni ichki investitsiyalardan farqli jihatlaridan biri, ularni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan qo’shimcha uch guruhga ajratilgan barcha risklarning oldindan hisoblab chiqilishidadir.



27. Xorijiy investitsiyalarni O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilishning obyektiv zarurligi
O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda xorijiy investitsiyalarning ahamiyatini quyidagi raqamlar orqali ifodalash mumkin. Agar 1990 yilda mamlakatimizning investitsiya portfelida xorijiy investitsiyalar deyarli mavjud bo’lmagan bo’lsa, 2000 yilda investitsiya va kreditlarning ulushi 23,2 foizni, jumladan, hukumat kafolati bilan jalb etilgan xorijiy investitsiya va kreditlar 19,8 foizni, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar 3,4 foizni tashkil qildi. Xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, keng huquqiy kafolat va imtiyozlar tizimi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni rag’batlantirishga qaratilgan butun bir chora-tadbirlar majmuasi mamlakatimiz iqtisodiyotiga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimini tubdan ko’paytirish imkonini berdi. Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, “2015 yilda ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va o’zlashtirildi. Bu 2014 yilga nisbatan 9,5 foiz ko’p demakdir. Jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi yoki 21 foizdan ortig’i xorijiy investitsiyalar bo’lib, shuning 73 foizi to’g’ridan-to’g’ri chet el investitsiyalaridir”20.
Quyidagi 4.1-jadval ma’lumotlaridan ko’rinadiki, mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmida to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning salmog’i 2007-2015 yillarda o’sish tendentsiyasiga ega bo’lgan. Bu iqtisodiyotni modernizatsiya qilish nuqtai nazaridan ijobiy holat hisoblanadi.

Biroq, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning jami investitsiyalar hajmidagi salmog’i 2013 yil va 2015 yilda nisbatan pasaygan. Mazkur pasayish tahlil qilingan davr mobaynida jami investitsiyalarning o’sish sur’atini to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmidagi salmog’ini yuqori ekanligi ko’rinib turibdi. Xorijiy investitsiyalarning jami investitsiyalar hajmidagi salmog’ini pasayganligi ichki manbalarning ko’payganligi bilan xarakterlanadi.
Albatta, bunday natijalarning qayd etilgani mamlakatimizda faol va samarali investitsiya siyosati olib borilayotganligidan dalolat beradi.
28. Milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning qanday turlari va shakllari bor
Ma’lumki, milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning bir qancha shakllari mavjud. Xorijlik investorlar O’zbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni quyidagi yo’llar bilan amalga oshirishlari mumkin:
1. O’zbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xo’jalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sug’urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamg’armalarida va boshqa mol-mulkida ulush qo’shib qatnashish. Bunga misol qilib XIIKlarni (ustav kapitalining kamida 30 foizi xorijlik investorga tegishli bo’lishi kerak) keltirish mumkin, ya’ni qo’shma korxonalar tashkil etish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish eng ommabop shakl hisoblanadi.
2. Xorijlik investorlarga to’liq qarashli bo’lgan xo’jalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sug’urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish, ya’ni sof xorijiy investitsiyali korxonalar tashkil etish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish. Bunda jami (100 %) ustav kapitali xorijlik investorga tegishli bo’ladi
3. Mol-mulk, aktsiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlarni, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini sotib olish asosida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
4. Intellektual mulkka, shu jumladan, mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek, ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
5. Kontsessiyalar, shu jumladan, tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo’lgan kontsessiyalar olish asosida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
6. Savdo va xizmat ko’rsatish sohalari ob’ektlariga, turar-joy binolariga ular joylashgan er uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek, erga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan, ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish orqali xorij sarmoyasini jalb qilish.
7. Erkin iqtisodiy hududlarni tashkil etish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
8. Xalqaro lizing amaliyotini rivojlantirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
29. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning iqtisodiyotni modernizatsiya qilishdagi roli
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar:
– investorga investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan nazorat qilish huquqini beruvchi ishlab chiqarishga sarflangan uzoq muddatli xorijiy qo’yilmalarni;
– pirovard maqsadi foyda ko’rinishida daromad olishga qaratilgan tadbirkorlik kapitalining ustuvor shaklini;
– xususiy kapitalga asoslangan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni;
– xorijiy investorning investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan to’liq egalik qilishini;
– xorijiy investor tomonidan investitsiya kiritilayotgan ob’ekti ustav kapitalining 10 %dan kam bo’lmagan qismi ustidan nazorat o’rnatishini;
– xorijiy investorning investitsiya kiritilayoggan ob’ektlarni boshqarishda samarali qatnashishini;
– mustahkam iqtisodiy munosabatlarni o’rnatish hamda korxona ustidan nazorat xuquqini qo’lga kiritish maqsadida kapital va resurslarning transchegaraviy harakatini qamrab oladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllarini tashkil topishiga ko’maklashdi, O’zbekiston iqtisodiyotida tarkibiy qayta qurishni, nufuzli tarmoqlarning barpo etilishini ta’minladi. Eng muhimi, O’zbekiston iqtisodiyotining baynalmilallashini va O’zbekistonning xalqaro bozorga o’z mahsulotlarini olib chiqishini va u erda o’z o’rniga ega bo’lishini ta’minladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi respublikamizda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish bosqichlari bilan bog’liq bo’ldi. Shu bilan bir qatorda, respublikada iqtisodiy islohotlarning huquqiy poydevorini yaratish ham, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimlari shakllarini belgilab berdi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning oqimlari:
– O’zbekiston iqtisodiyotida qo’shma korxonalarning barpo etilishiga asos soldi;
– xorijiy korxonalar barpo etilishiga zamin yaratdi.
Tadqiqotlar ko’rsatishicha, milliy iqtisodiyotning to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur’atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog’likdir.
30. “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun mohiyati nimadan iborat
Xorijiy investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga jalb etishdan manfaatdorlik har qanday davlatning o’z investitsiya siyosatini ishlab chiqishini talab etadi. Bu siyosat xorijiy investitsiyalarni jalb etishning o’ziga xos yo’nalishini, shuningdek, ularni jalb etishni rag’batlantirish tizimini aniqlab beradi va investitsiya faoliyatining huquqiy tartibini belgilaydi.
O’zbekiston Respublikasining «Chet el investitsiyalari to’g’risida»gi Qonunning asosiy maqsadi O’zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalar amalga oshirilishining huquqiy asoslari va tartibini belgilab berishdan iborat. Ushbu qonunning asosiy vazifalari bo’lib:
– xorijiy investitsiyalar kirib kelishini rag’batlantirish yo’li bilan O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va uning jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilishiga ko’maklashishdan;
– xorijning moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarini, zamonaviy xorijiy texnologiyalarni va boshqaruv tajribasini jalb etish hamda ulardan oqilona foydalanishdan iborat.
31. “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlarining mazmuni, maqsadi va ahamiyati.
O’zbekiston Respublikasining «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida»gi Qonunining maqsadi O’zbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan xorijlik investorlar huquqlarining kafolatlarini va ularni himoya qilish choralarini belgilab berishdan iborat bo’lib, uning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
– xorijlik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish bo’yicha kompleks choralarni shakllantirish;
– xorijlik investorlar va xorijiy investitsiyalarning ayrim toifalari uchun qo’shimcha kafolatlar berish shart-sharoitlarini va ularni himoya qilish choralarini belgilash.
O’zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 apreldagi «Chet el investitsiyalari to’g’risida»ga Qonuniga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida xorijlik investorlar quyidagilar bo’lishi mumkin: chet el davlatlari, chet el davlatlarining ma’muriy yoki hududiy organlari; davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq sub’ektlari bo’lgan xalqaro tashkilotlar; chet el davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat ko’rsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar; chet el davlati fuqarolari bo’lmish jismoniy shaxslar, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va chet ellarda doimiy yashaydigan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari.
Xorijlik investorlar va xorijiy investitsiyalar uchun adolatli va teng huquqli rejim, ularning to’liq va doimiy himoyasi hamda xavfsizligi ta’minlanadi. Bunday rejim O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilab qo’yilgan rejimga qaraganda noqulayroq bo’lishi mumkin emas.
32. Xorijiy investorlarga berilgan imtiyozlar, kafolatlar va rag’batlantirish omillariga nimalar kiradi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi «To’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi 3594-sonli Farmoni bilan belgilangan soliq imtiyozlari 2012 yilning II choragidan boshlab quyidagi shartlar asosida qo’llanilishi belgilangan:
– Toshkent shahri va Toshkent viloyati istisno etilgan holda, respublikaning barcha mintaqalarida joylashtiriladigan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga tatbiq etiladi;
– korxonaning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foizni tashkil etishi lozim;
– xorijiy investitsiyalarni erkin almashtiriladigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik uskuna tarzida qo’yish;
– mazkur imtiyozlarning qo’llanish muddati davomida imtiyozlardan olingan daromadning kamida 50 foizini korxonani yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo’naltirish.
Umuman olganda, O’zbekiston Respublikasining me’yoriy-huquqiy va qonun hujjatlarida xorijiy investitsiyalar uchun quyidagi kafolatlar va rag’batlantirish omillari amal qiladi:
– davlat investitsiya faoliyati sub’ektlarining huquqlarini kafolatlaydi;
– davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati sub’ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas;
– davlat investitsiyalar himoya qilinishini kafolatlaydi;
– O’zbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi;
– investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi;
– investitsiya faoliyati sub’ektining investitsiya faoliyati natijasida olingan foydasi (daromadi) soliqlar, yig’imlar va boshqa majburiy to’lovlar to’langach, uning xohishiga ko’ra reinvestitsiya qilinishi yoki boshqa har qanday usulda ishlatilishi mumkin;
– investitsiya faoliyati sub’ekti olgan aktsiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlar, uning maqsadli bank omonatlari, shuningdek, olingan mol-mulk olib qo’yilgan (rekvizitsiya qilingan) hollarda ular qiymati yoki ijara to’lovlari qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi (kompensatsiya to’lanadi);
– O’zbekiston Respublikasining yangi qonun hujjatlarini qabul qilish investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirishi mumkin. Agar O’zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, unda xorijlik investorlarga nisbatan investitsiyalash sanasida amal qilgan qonun hujjatlari investitsiyalash paytidan boshlab o’n yil mobaynida qo’llaniladi. Xorijlik investor o’z xohishiga ko’ra yangi qonun hujjatlarining investitsiyalash shart-sharoitlarini yaxshilaydigan qoidalarini qo’llash huquqiga egadir;
– xorijlik investorlarga xorij valyutasidagi pul mablag’larini O’zbekiston Respublikasiga va undan tashqariga, ular soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlarni O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to’lashi sharti bilan, biron-bir cheklashsiz erkin o’tkazish kafolatlanadi.
Xulosa qilib aytganda, milliy iqtisodiyotimizda xorijiy investitsiyalarning me’yoriy-huquqiy asoslari bunyod etilgan bo’lib, ularda yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, qonun o’zgarmaslik kafolatlari, foyda olish va mulklarning rekvizitsiya qilinmasligi va boshqa kafolatlar respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini yanada rag’batlantiradi va uning jahon xo’jaligi tizimiga uyg’unlashuvini ta’minlaydi.
33. Iqtisodiyotning xalqaro integratsiyasi mazmuni, jarayoni hamda milliy iqtisodiyotning rivojida uning xalqaro integratsiyasini ta’minlash va faollashtirishning zarurligi va ahamiyati.
Xalqaro iqtisodiy integratsiya – bu milliy xo’jaliklar (davlatlar) o’rtasida o’zaro ko’ptomonlama barqaror aloqalarning rivojlanishi va mehnat taqsimoti negizida yuzaga kelgan mamlakatlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy jihatdan birlashuvi bo’lib, ishlab chiqarish tarmoqlarining turli darajada va turli ko’rinishdagi o’zaro aloqadorligini ifoda etadi. Hozirgi kunda integratsion jarayonlar to’g’risida mutaxassislar orasida yagona qarashlar kontseptsiyasi mavjud emas. Bir guruh iqtisodchi olimlar integratsiyani jahon mamlakatlari o’rtasida yangi tovarlar oqimini shakllantirish orqali "resurslar cheklanganligi" muammosini bartaraf etish yo’li deb talqin etishsa bu orqali jahon mamlakatlarida nisbatan serxarajat tovarlar ishlab chiqarishga chek qo’yilib, texnologik ayirboshlashni kengaytirish imkoniyatini beradi, ya’ni, ITTKIga xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi, boshqa bir guruh olimlar integratsiyani talab etuvchi dastlabki turtki sifatida noiqtisodiy omillarni ilgari suradi. Masalan, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va boshqalar. Uchinchi bir guruh iqtisodchilar esa integratsiya bu ishlab chiqarishni barqaror o’sishi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlik kabi maqsadlarga engilroq va tezroq erishish imkoniyatini beradi deb hisoblashadi. Xullas, u yoki bu nazariy yondashuvlarni umumlashtirgan holda shuni qayd etib o’tishimiz mumkinki, integratsiya - bu hududiy miqyosda sifat jihatdan yangi iqtisodiy muhitni yaratish yo’li orqali milliy xo’jalik komplekslarining o’zaro yaqinlashishi va bir-biriga kirib borishi jarayonidir.
Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida integratsion jarayonlar asosan ikki ko’rinishda (mikro – transmilliy korporatsiyalarning tashkil etilishi orqali, makro – iqtisodiy siyosatni davlatlararo muvofiqlashtirish siyosati orqali) amalga oshiriladi.
Mikro miqyosdagi integratsion jarayonlar bir-biriga hududiy jihatdan yaqin joylashgan mamlakatlarning xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kapitallarini o’zaro ta’sir doirasi orqali amalga oshiriladi. Ya’ni, ushbu davlatlar o’rtasida integratsion jarayonlar iqtisodiy bitimlar tizimining shakllanishi, kichik shahobchalar, sho’’ba korxonalar tashkil etilishi orqali yuz beradi. Tashkil topgan korxona va firmalar o’rtasidagi o’zaro iqtisodiy aloqalarning tez rivojlanishi tovar almashuvini, xizmat sohalarini, kapital va ishchi kuchining mamlakatlararo erkin harakatini ta’minlashga, ijtimoiy – iqtisodiy va ilmiy-texnologik, tashqi iqtisodiy va mudofaa, moliyaviy va valyuta sohasida yagona siyosatni o’tkazish zaruriyati tug’iladi. Yagona valyuta va moliyaviy fondlar, infratuzilmalar va umumiy davlatlararo boshqaruv organlariga ega bo’lgan iqtisodiy majmualar yaratiladi.
34. Milliy iqtisodiyot xalqaro integratsiyalashuvining asosiy yo’nalishlari va hozirgi talablari nimalardan iborat
Ma’lumki, xalqaro iqtisodiy integratsiya o’z mazmuni va mohiyati bilan, birinchidan, jahon mamlakatlarida ro’y berayotgan chuqur xo’jalik va ijtimoiy-siyosiy birlashuv sohasidagi jarayonlarni borishini, ikkinchidan, mustahkam iqtisodiy o’zaro aloqadorlikni, uchinchidan, milliy xo’jalikdagi mehnat taqsimotni, to’rtinchidan, turli daraja va shaklda ruy berayotgan ishlab chiqarishdagi o’zaro iqtisodiy hamkorliklar tushuniladi. Xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlar asosan bir-biriga yaqin bo’lgan hududlardagi davlatlarining o’zaro iqtisodiy shartnomalarida, ularning xorijiy mamlakatlardagi bo’limlarini tashkil topishda, xo’jalik sub’ektlari (firmalar, korxonalar) o’rtasidagi kapitalni o’zaro aloqadorligida namoyon bo’ladi. Davlatlararo iqtisodiy integratsion jarayonlar mamlakatlarning o’zaro iqtisodiy birlashuvi va milliy davlatlar siyosatining shartnomalari asosida amalga oshiriladi. Hozirgi kunda sub’ektlar o’rtasidagi integratsion jarayonlarning borishi va rivojlanishi asosan davlatlararo ahamiyatga ega bo’lgan tovarlarning erkin harakati va xizmat ko’rsatish sohalarda, mamlakatlar o’rtasidagi kapital harakati va ishchi kuchi migratsiyasida, davlatlararo iqtisodiy hamkordagi o’zaro kelishuvlarda, ilmiy-texnikaviy va texnologik sohalarda, moliya-kredit sohalarda, tashqi iqtisodiy va ijtimoiy, madaniy, shuningdek mudofaa siyosati va boshqa ko’plab boshqa sohalarda namoyon bo’lmoqda.
Xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlar natijasida bir butun valyuta birligiga (so’m, rubl, yevro, dollar va x.k.lar), moliyaviy byudjetga, davlatlararo yoki millatlararo boshqaruvga asoslangan mintaqaviy xo’jalik tarmoqlar tashkil topishi mumkin (EI tashkiloti, NAFTA, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari kabi). Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning eng oddiy ko’rinishlaridan biri, savdo sohalarida erkin iqtisodiy zonalarni tashkil topishi bo’lsa, iqtisodiy integratsiyaning murakkab ko’rinishlaridan biri esa tashqi savdo tariflari asosida muhim rol o’ynayotgan bojxona ittifoqlarini vujudga kelishidir.
Xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlar jahon mamlakatlari o’rtasidagi o’zaro aloqadorlikni ta’minlashda bir qator qulayliklarni vujudga keltirib, ular birinchidan, xo’jalik sub’ektlarini (tovar ishlab chiqaruvchilarni) ko’plab resurslar bilan (mehnat va yangi texnik-texnologik materiallar) ta’minlash bilan bir vaqtda jahon bozorlariga mos, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Ikkinchidan, xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlarda qatnashuvchi barcha davlatlarni iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy jihatidan bir-biriga yaqinlashtiradi. A’zo davlatlarni dunyo mamlakatlari tomonidan ruy berishi mumkin bo’lgan turli to’siq va raqobatdan himoya qiladi. Uchinchidan, xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlarda ishtirok etuvchi davlatlar o’rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy muammolarni hal etish imkoniyatini beradi. Shunday qilib, xalqaro iqtisodiy integratsion jarayonlarni borishi iqtisodiy rivojlanish va yuksalishdan orqada qolayotgan mintaqalarni, rayonlarni rivojlanishiga, xalqaro mehnat bozorlaridagi ahvolni yaxshilanishiga, iqtisodiy kam ta’minlangan aholini esa iqtisodiy ta’minotini yaxshilanishiga imkon tug’diradi.
O’zbekiston Respublikasi 1991 yilning 31 avgustida suveren mustaqillikka erishdi. Shu kundan boshlab respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida rivojlanishning yangi davri boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo mintaqasining markaziy qismida joylashgan bo’lib, respublikada O’rta Osiyo aholisining 45%i yashaydi.
O’zbekiston qo’shni Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg’oniston bilan chegaralanib Evropa va Osiyoning bir qator mamlakatlari bilan transport va telekommunikatsiya aloqalari orqali bog’lanib turuvchi muhim strategik karidor hisoblanadi.
Keyingi yillarda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan o’zgarishlar va turli salbiy tendentsiyalarga qaramasdan, O’zbekistonda olib borilayotgan samarali iqtisodiy siyosat hamda xalqimizning fidokorona mehnati evaziga juda katta ijobiy natijalar qo’lga kiritilmoqda, iqtisodiyotimizda jiddiy tarkibiy va sifat o’zgarishlariga erishilmoqda. Bularning barchasi pirovardida xalqimiz turmush farovonligining o’sishiga, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o’z o’rni va mavqeining tobora mustahkamlanib borishiga mutahkam zamin yaratmoqda.
35. Milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, modernizatsiyalashda faol xalqaro integratsiyasini ta’minlashning xorij tajribalari.
Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida umummintaqaviy tartibga solish ob’ekti bo’lishi kerak bo’lgan davlatlararo integratsiya dasturlarini barpo etish va amalga oshirishning alohida muhim roli va ustuvor ahamiyatini ajratib ko’rsatish mumkin. Shu o’rinda tashqi iqtisodiy foliyat yuritishda diversifikatsion tamoyillarga ham e’tibor qaratish, mamlakatimizning kelajakdagi istiqbolini va kutilmagan xavflarni bartaraf etish, shuningdek bunday xavflar paydo bo’lgan taqdirda ulardan keladigan salbiy ta’sirlarni maksimal darajada kamaytirish imkonini beradi.

Download 0,6 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   52




Download 0,6 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O’zbekistonda investitsiya faoliyatining me’yoriy-qonuniy bazasi

Download 0,6 Mb.