|
Investitsiyalarning makro va mikroiqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli
|
bet | 4/52 | Sana | 11.01.2024 | Hajmi | 0,6 Mb. | | #135100 |
Bog'liq “Investitsiya” fanidan yakuniy nazorat savollarInvestitsiyalarning makro va mikroiqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda investitsiyalar etakchi rol o’ynaydi, chunki investitsiya orqali korxonalarning kapital jamg’arilishiga, natijada mamlakatning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy o’sishga erishiladi.
Investitsiyalar iqtisodiy kategoriya sifatida qator funktsiya va vazifalarni bajaradi-ki, ularsiz har qanday mamlakat iqtisodiyoti bir maromda rivojlana olmaydi. Investitsiyalar makrodarajada quyidagilarni ta’minlaydi:
– takror ishlab chiqarishni kengaytirish siyosatini amalga oshirish;
– ilmiy-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, uning sifati va hajminini oshirish;
– ijtimoiy sohalarni (sog’liqni saqlash, ta’lim va boshq.) rivojlantirish;
– aholi farovonligini ta’minlashda muhim bo’lgan uy-joy qurilishi, ichimlik suvi, gaz, elektr energiya bilan ta’minlash muammolarini hal etish;
– atrof-muhit va ekologiyaning ifloslanishining oldini olish;
– umumjamiyat ishlab chiqarishini tarkibiy jihatdan qayta qurish va barcha iqtisodiyot tarmoqlarini bir maromda rivojlantirish;
– iqtisodiyotning real sektori va etakchi tarmoqlarini rivojlantirish;
– hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va ixtisoslashuvini mustahkamlash;
– investitsiyalar importi va eksporti orqali milliy iqtisodiyotning xalqaro integratsiyasini kuchaytirish;
– sanoat uchun zarur xom ashyo bazasini yaratish;
– ishsizlik muammosini yumshatish yoki ma’lum darajada hal etish;
– mamlakatning harbiy sanoat majmuini mustahkamlash;
– davlatning mudofaa imkoniyatlarini ta’minlash;
– boshqa qator muammolarni hal etish.
O’zbekiston Respublikasi uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, iqtisodiyotni yanada barqarorlashtirish uchun zarurdir. Real investitsiyalarni (bino va inshootlar qurish va modernizatsiya qilish, zamonaviy mashina va asbob-uskunalar sotib olish) jalb qilish iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi. Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni olib kelishga yo’naltirilgan investitsiyalar qattiq raqobat sharoitlarida omon qolishga ko’maklashadi.
Investitsiyalar mikrodarajada ham muhim rol o’ynadi. Bunda investitsiyalar, eng avvalo, quyidagi maqsadlarga erishish uchun zarurdir: korxona ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish; asosiy fondlarning haddan tashqari jismoniy va ma’naviy eskirishiga yo’l qo’ymaslik; ishlab chiqarishning texnik-texnologik darajasini oshirish; korxona mahsuloti raqobatbardoshligini ta’minlash va uning sifatini oshirish; tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish; qimmatli qog’ozlar sotib olish va boshqa korxona aktivlariga o’z mablag’ini sarflash.
Investitsiyalar mikrodarajada, pirovardida, korxonalarning kelgusida me’yorda faoliyat ko’rsatishi, barqaror moliyaviy holatini va maksimum (yuqori) foyda olishini ta’minlash uchun zarurdir.
Shunday qilib, investitsiyalar makro va mikroiqtisodiyotni rivojlantirishda katta rol o’ynaydi, birinchi navbatda, takror ishlab chiqarishni kengaytirish, tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish, korxona foydasini ko’paytirish va shu asosda boshqa ko’pgina muammolarni ijobiy hal etish imkoniyatlarini yaratadi.
Mamlakatda investitsiya faoliyatining ahvolini (holatini) quyidagi ko’rsatkichlar dinamikasi xarakterlaydi:
– investitsiyalarning umumiy hajmi;
– YaIMda investitsiyalarning ulushi;
– investitsiyalarning umumiy hajmida real investitsiyalarning ulushi;
– investitsiyalarning texnologik tarkibi va uning o’zgarishi;
– real investitsiyalarning umumiy o’sishi;
– investitsiyalar tarkibida xorijiy investitsiyalarning ulushi;
– asosiy kapitalga yo’naltirilgan real investitsiyalarning ulushi;
– xorijiy investitsiyalar tarkibida to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar ulushi va boshqalar.
Bilvosita, biroq, ob’ektiv holatda, investitsiya faoliyatining holatini quyidagi makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning o’sish sur’atlari xarakterlaydi: milliy daromad; yalpi milliy mahsulot (YaMM) va YaIM; sanoat ishlab chiqarish hajmi; sanoat mahsulotlarining alohida turini ishlab chiqarish; qishloq xo’jaligi mahsulotini ishlab chiqarish hajmi va boshq. Investitsiya faoliyatining holatiga baho berishda ushbu ko’rsatkichlarning ob’ektivligi shundaki, investitsiya qo’yilmalarisiz ushbu ko’rsatkichlarning o’sish sur’atlarini tasavvur etib bo’lmaydi. Ushbu ko’rsatkichlar u yoki bu darajada investitsiyalarning samarali ishlatilishini xarakterlaydi. Agar ushbu ko’rsatkichlarning o’sish sur’atlari investitsiyalarning o’sish sur’atlaridan yuqori bo’lsa, investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini ko’rsatadi va aksincha.
So’nggi yillarda iqtisodiyotda faol amalga oshirilayotgan tuzilmaviy o’zgarishlar va modernizatsiya qilish jarayoni investitsiya faolligini yanada oshirdi. Iqtisodiyotdagi investitsiyalar hajmining yildan-yilga sezilarli ravishda o’sib borishi muqarrar ravishda milliy ishlab chiqarish hajmining o’sishi orqali o’zining ijobiy natijalarini ko’rsatishiga imkon bermoqda. Davlat tomonidan investitsiya faoliyatini rivojlantirishga berilgan e’tibor va qo’llab-quvvatlash natijasida YaIM hajmi va investitsiyalar miqdori o’sish sur’atlariga ega bo’ldi.
Bu holat investitsiyalarning YaIMdagi salmog’ining o’sishiga olib keldi.
Fikrimizcha, investitsiyalarning iqtisodiyot rivojlanishiga har tomonlama ijobiy ta’sirini hisobga olib, uning quyidagi vazifalarini belgilash maqsadga muvofiqdir:
iqtisodiyotda ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish vositalarini optimal joylashtirish bilan keng tarmoqli bozor infratuzilmalarini shakllantirishga imkon yaratish;
iqtisodiyotdagi takror ishlab chiqarish jarayoniga ijobiy ta’sir ko’rsatuvchi barcha yo’nalishlarni va imkoniyatlarni amaliyotga tatbiq etish;
mamlakatning milliy xususiyatlarini hisobga olgan holdagi qonuniy kafolatlangan investorlarni qoniqtiruvchi ulushini yaratadigan va moliyaviy o’sishni ta’minlovchi infratuzilmalarni faollashtirish;
iqtisodiyotning barcha sohalarini faollashtirish orqali mamlakatning barqaror o’sishi va jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini tezlashtirish.
Respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda investitsiyalarning ahamiyati quyidagilarda namoyon bo’ladi:
birinchidan, ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etib, eksportga mo’ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantiradi;
ikkinchidan, import o’rnini bosuvchi tovar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish va buning uchun xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotning ustuvor sohalariga yo’naltirish va pirovardida, aholining me’yordagi turmush darajasini ta’minlash (farovonligini oshirish) imkonini yaratadi;
uchinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini jadalashtirish orqali o’sib borayotgan aholini ish joylari bilan ta’minlaydi;
to’rtinchidan, korxonalarning eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini, moddiy-texnik bazasini yangilaydi va texnik qayta qurollantiradi;
beshinchidan, tabiiy resurslarni qayta ishlovchi korxonalarni barpo etishga ko’maklashadi va h.k.
10. Investitsiya jarayonining mazmun-mohiyati.
Ma’lumki, investitsiya jarayoni investitsiyalashda hodisa, holatlarning birin-ketin almashinuvini, foyda olish yoki boshqa ijobiy natijaga erishish uchun bo’ladigan ketma-ket harakatlarning majmuini anglatadi. Shu bilan birga, investitsiya jarayonining bosh nuqtasi qaerdan yoki nimadan boshlanadi? Yoki qaerdan «start» oladi? Biz, ko’pchilik iqtisodchilarning investitsiyalashning asosini jamg’armalar tashkil qiladi, degan fikriga qo’shilamiz. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, investitsiya jarayonining bosh nuqtasini jamg’arma tashkil qiladi. Bundan ko’rinadiki, investitsiya jarayonini amalga oshirish uchun jamg’armalar bo’lishi talab etiladi. Jamg’armaning mavjud emasligi investitsiyalashni yo’qqa chiqaradi va investitsiyalash to’g’risida so’z yuritishning hojati ham bo’lmaydi. Demak, investitsiya jarayonini tushunishda resurslarni jamg’arish jarayonini ham birga olib qarash uning mohiyatini yanada oydinlashtiradi. Chunki, investitsiya qilishdan oldin resurslarni jamg’arish zarur bo’ladi. Bir vaqtning o’zida, bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan xo’jalik sub’ektlari o’rtasidagi kapitalning oqimi tezlashadi va bu jarayonda bir xo’jalik sub’ektning resurslarni jamg’arishi boshqalari uchun investitsiya qo’yishdan iborat bo’ladi, ya’ni Xasanning daromadi, Xusanning xarajati bo’ladi. Masalan, xo’jaliklar, ko’p hollarda, investitsiya qo’yish uchun o’z mablag’lari etmaganda qimmatli qog’ozlar chiqaradilar. Bu jarayon ular uchun resurslarni jamg’arishdir, ammo qimmatli qog’ozlarni sotib oluvchilar uchun investitsiya qilishdir. Bu holat investitsiya jarayoniga investorlarning resurslarni jamg’arish va ularni qo’yish bilan bog’liq harakatlari majmuasi, deb qarashga asos bo’ladi.
Investitsiyalarning g’oyat bir muhim tomoni shundaki, ular multiplikatsion2 samaraga (hodisaga) sababchi bo’ladi. Keynschilik multiplikator kontseptsiyasiga ko’ra, investitsiya, iste’mol va milliy daromad o’rtasida barqaror bog’liqlik mavjud – investitsiyaga qilingan har bir xarajat boshlang’ich daromadlarga aylanadi, bu daromadlar yana xarajat qilinadi va yana boshqalarning daromadlariga aylanadi va jarayon shu tarzda davom etadi (Xasanning sarf-xarajati, Xusanning daromadi bo’ladi), bu, o’z navbatida, bandlik va ishlab chiqarish hajmining o’sishini ta’minlab beradi.
Bir vaqtning o’zida multiplikatsion jarayon investitsiya resurslarini harakatga keltirib, ishlab chiqarish faolligini kengaytiradi, ilgariga qaraganda ko’proq mahsulot, daromad yaratiladi. Ular yana qaytadan iste’mol qilinadi va investitsiyaga ajratiladi. Shunday tarzda ilgariga qaraganda ko’proq daromadning investitsiyaga aylanishi ishlab chiqarishning uzluksiz kengayib borishini ta’minlaydi. Bunda investitsiya beradigan daromad bank foizidan kam bo’lmasligi zarur, aks holda, pulni investitsiya qilgandan ko’ra jamg’arish qulay bo’ladi.
Investitsiya qilib olingan daromad darajasini ifodalash uchun multiplikator koeffitsienti ko’rsatkichi qo’llaniladi. Mazkur ko’rsatkich daromad o’sishi bilan investitsiya o’sishi o’rtasidagi bog’lanishni ifodalaydi, ya’ni investitsiya evaziga olingan daromad pasaysa, investitsiya faolligi ham susayadi.
Daromad o’sishining investitsiyaga ta’sir doirasini ko’rsatish maqsadida iqtisodchilar akselerator tushunchasini kiritishgan. Akselerator3 – investitsiyalar o’sishining milliy daromadga nisbatini ifodalovchi koeffitsient bo’lib, u joriy yildagi investitsiya o’sishining o’tgan yilgi milliy daromad o’sishiga nisbati tarzida aniqlanadi. U daromadning o’sishining investitsiya o’sishiga ta’sirini ko’rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, investitsiya jarayonining mohiyatini yoritganda uni jamg’arish (resurlar), qo’yish (xarajatlar) va foyda (daromad) olishdan iborat dinamik jarayonda olib qarash lozim. Investitsiya jarayonining asosida investitsiyadagi ketma-ketlik, ya’ni resurslar (jamg’arish) – investitsiya qo’yish (xarajatlar) – foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishi ketma-ketligi yotishi kerak (2.1-rasm). Ammo, bu erda shu narsani e’tiborga olish lozimki, daromad investitsiya jarayonida emas, balki ishlab chiqarish jarayonida yaratiladi. Yaratilgan daromadning bir qismi iste’mol qilinadi, qolgani jamg’ariladi.
Investitsiya jarayoni tadbirkorlik va boshqa faoliyat turlarini tashkil etish uchun mol-mulklarning kapitallashuvini ta’minlash maqsadida investorlarning resurslarni jamg’arish va ularni turli shaklda qo’yish bilan bog’liq harakatlari yig’indisi, deb tushunilishi kerak. Bu jarayon jamg’arish (resurslar) – investitsiya qo’yish (xarajatlar) – mol-mulk kapitallashuvi – iqtisodiy yoki ijtimoiy samara ketma-ketligidan iborat bo’ladi. Albatta, bu holatda pul shaklida qo’yilgan investitsiyalar mol-mulk kapitallashuvini anglatmaydiku?, degan savol tug’ilishi mumkin. Shuni alohida qayd qilish lozimki, investitsiya jarayonining natijasida pul mablag’lari, oxir-oqibatda, kapital mol-mulklarning kapitallashuviga olib keladi. Chunki, investitsiya qo’yishdan maqsad daromad olish ekan, faqatgina mol-mulklarning kapitallashuvigina daromad olish uchun sharoit yaratadi. Shuning uchun ham pul mablag’lari, aktsiya, obligatsiya va boshqa moliyaviy shaklda investitsiya qilishdan maqsad mol-mulklarning kapitallashuvini ta’minlash, ularni yangilash va zamonaviylashtirishdan iborat.
Umumlashtiradigan bo’lsak, resurslar, ularni qo’yish va bu jarayon natijasida foyda (daromad) olish bir-biri bilan uzviy bog’langan bo’lib, investitsiya qilishdan oldin resurslar jamg’ariladi, so’ng ular foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat ob’ektlariga joylashtiriladi. Resurslarsiz qo’yish jarayoni bo’lmaydi, resurslar qo’yilmas ekan foyda (daromad) yoki ijtimoiy samara olish ham mumkin emas va shuningdek, resurslar qanday turda bo’lishidan qat’iy nazar ularning manbai daromaddir.
Demak, yuqorida aytib o’tilganidek, resurslar (jamg’arish) – investitsiyalashning bosh nuqtasidir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shakllaridan qat’iy nazar investitsiyalar kapitalni (resurslarni) jamg’arish jarayonining natijasi hisoblanadi. Jamg’arish investitsiya qo’yishning asosi bo’lib, u qo’yiladigan investitsiyalarning hajmini ham belgilab beradi.
11. Investitsiyalash maqsadlari va yo’nalishlarini yoritib bering
Investitsiyalash maqsadlari ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo’naltirilgan, texnik-iqtisodiy, biznes-boshqaruv, marketing va ishlab chiqarish rejalari kabi jihatlarga asoslangan, turli moliyaviy manbalar mablag’lari ishtiroki nazarda tutilgan kompleks hujjatlar asosida shakllantiriladigan investitsiya loyihalari orqali amalga oshiriladi.
G’arb adabiyotida4 investitsiyalashning eng keng tarqalgan to’rt maqsadi keltiriladi: joriy daromadni ko’paytirish; kelgusida yirik xarajatalar uchun mablag’ jamg’arish; pensiya fondlarida mablag’ to’plash; daromadlarni soliqqa tortishdan himoyalash.
Keltirilgan ro’yxatda investitsiyalash maqsadlarida manfaatlar ustuvorligi yaqqol va shu sababli uni sharhlashga zarurat yo’q, deb hisoblaymiz.
Umuman olganda, investitsiyalash maqsadlarini to’rt guruhga ajratish mumkin:
yangi ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatishni tashkil etish;
ishlab chiqarishni yoki xizmat ko’rsatishini kengaytirish;
ishlab chiqarish samaradorligini oshirish;
davlat tashkilotlari talabini qondirish, ularni mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlash.
Bundan ko’rinadiki, investitsiyalash maqsadlari turlicha bo’lib, ular, oxir-oqibatda, mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotini ta’minlash imkonini beradi.
Investitsiya resurslarining taqchilligi sharoitida ustuvor yo’nalishga ega bo’lgan loyihalar qishloq xo’jaligi va sanoat tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda (fan, sog’liqni saqlash, madaniyat, maorif va h. k.) ishlab chiqilishi lozim.
Investitsiya faoliyati sub’ektlari investitsiya sohasida faoliyat ko’rsatib, bu yerda ular tomonidan investitsiyalar amalga oshiriladi. Investitsiya sohasi tarkibiga quyidagilarni kiritish mumkin:
kapital qurilish sohasi (bu soha buyurtmachi-investorlar, pudratchilar, loyihalashtiruvchilar, uskuna etkazib beruvchilar va boshqa tegishli tashkilotlar faoliyatini birlashtiradi);
innovatsiya sohasi (ilmiy-texnik va intellektual salohiyat amalga oshiriladi);
moliya kapitali muomalasi sohasi (qimmatli qog’ozlar va boshq.);
investitsiya faoliyati sub’ektlarining mulkiy huquqlarini amalga oshirish sohasi.
Investitsiya loyihalarining ishlab chiqilishi turli tarmoqlarda olib borilishi mumkin. Masalan:
1. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda agrosanoat ishlab chiqarishini barqarorlashtirish va oziq-ovqat resurslarini ko’paytirish kabi investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi mumkin. Bu loyihalar don xo’jaligini rivojlantirish va takomillashtirishga, chorva mollari mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirishga qaratilgan bo’lishi, shuningdek, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda, sotishda, saqlashda yo’qotishlarni kamaytirishga yo’naltirilgan bo’lishi lozim.
2. Mashinasozlik sohasida ishlab chiqilgan va amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari energiyani kam sarf qiluvchi mashina va uskunalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo’lishi kerak.
3. Qurilish sanoatida investitsiya loyihalari, asosan, yakka tartibdagi va umumiy qurilish uchun kerak bo’lgan sifatli va arzon qurilish materiallari bilan bozorni to’ldirish, sanoat qurilish materiallari korxonalarini kam energiya sarf qiluvchi texnologiyalar bilan ta’minlash va qayta qurollantirish, xom ashyo bazasini rivojlantirish bilan bog’liq bo’ladi.
4. Aloqa va informatika tarmog’idagi korxonalarda loyihalar, ko’pincha, uni texnik qayta qurollantirish va elektr aloqa tarmog’ini ta’mirlash, yangi xizmat aloqalarini kengaytirish bilan bog’liq bo’ladi.
5. Kimyo sanoatidagi investitsiya loyihalari sanoatdagi raqobatbardosh yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni sotish bilan bog’liq bo’ladi.
6. O’rmon kompleksidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yog’ochni qayta ishlovchi korxonalarni yangi texnologiyalar bilan ta’minlash hisobiga ularning ish unumini oshirish, o’rmon xo’jaligining ishlab chiqarish tarmog’ini takomillashtirish va ekologiyaga ta’sir etuvchi chiqindilarni pasaytirishdan iborat.
7. Ekologiya tarmog’idagi loyihalar sanoat va qishloq xo’jaligi korxonalarining hozirgi va keyingi faoliyatlarini, ularning mulk shakllarini hisobga olgan holda, me’yor va qoidalar asosida ekologik vaziyatni yaxshilashga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
12. Real investitsiyalarni amalga oshirish xususiyatlari nimalardan iborat
Real investitsiyalar milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo’lib, ular ichki jamg’armalar darajasidan ko’proq miqdorda kapital jamg’arish, to’lov balansini qo’llab-quvvatlash va import qilish imkoniyatini kengaytirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar alohida korxonalarning faoliyati, ishlab chiqarish va kapital samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va menejment tizimini takomillashtirishda muhim o’rin tutadi. Ushbu jarayonlar mahsulot va xizmatlar etkazib beruvchilar, buyurtmachilar, raqobatchilarga bilvosita ta’sir ko’rsatish orqali ichki bozorni rivojlantirish, ishchilarning malakasi va amaliy tajribasini oshirishda yordam beradi.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar tarkibiga:
ishlab chiqarish (asosiy va aylanma) fondlari, ularni kengaytirish, qayta qurish va qayta qurollantirishga qo’yiladigan iqtisodiy resurslar;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma xarajatlari (bino va inshootlar, uy-joylar);
pul qiymatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar (qimmatli qog’ozlar, patentlar, texnik va texnologik yangiliklar, loyihalar va boshqa intellektual mulk ob’ektlari)ni kiradi.
Real investitsiyalar qo’yidagi elementlardan iborat:
asosiy fondlar (asosiy kapital)ga investitsiyalar;
yer uchastkalarini sotib olishga xarajatlar;
nomoddiy aktivlar (patentlar, litsenziyalar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari)ga investitsiyalar;
moddiy aylanma mablag’lari zaxiralarini to’ldirish xarajatlari.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalashda investorlarning bevosita o’zlari investitsiya qo’yilmalarini u yoki bu investitsiya ob’ektlariga kiritadilar. Bu faoliyatni investitsiyalanayotgan ob’ekt haqida chuqur ma’lumotga ega bo’lgan va investitsiyalash mexanizmlarini bilgan ixtisoslashgan investorlar amalga oshiradilar.
Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda xorijiy investitsiya-larning ahamiyati yuqorligi ularni keng ko’lamda jalb etishga, ayniqsa, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarga bo’lgan talabni oshiradi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan maqsad shartnoma ishtirokchilarini patentlar, savdo markazlariga ega bo’lishga, boshqarish tajribasini egallashga, sotish bozorlarini o’rganishga, tashkiliy bilimlarni egallash va boshqalarni o’zlashtirishga qaratiladi. Bunda eng muhimi jahon bozoriga o’z mahsulotlarini olib chiqish va ushbu bozor ishtirokchisi bo’lishdir.
Tadqiqotlar ko’rsatishicha, milliy iqtisodiyotning to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur’atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog’likdir.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar xorij kapitalining uzoq muddatga joylashtirilishini, investor tashkil qilayotgan firma aktsiyalari yoki aktsiyadorlik kapitaliga to’la ega bo’lishi yoki kamida 10 foizi xo’jalik faoliyatining ta’sirchan nazorat qilinishini ta’minlashini anglatadi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar:
investorga investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan nazorat qilish huquqini beruvchi ishlab chiqarishga sarflangan uzoq muddatli xorijiy qo’yilmalarni;
pirovard maqsadi foyda ko’rinishida daromad olishga qaratilgan tadbirkorlik kapitalining ustuvor shaklini;
xususiy kapitalga asoslangan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni;
xorijiy investorning investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan to’liq egalik qilishini;
xorijiy investor tomonidan investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustav kapitalining 10 %dan kam bo’lmagan qismi ustidan nazorat o’rnatishini;
xorijiy investorning investitsiya kiritayotgan ob’ektlarni boshqarishda samarali qatnashishini;
mustahkam iqtisodiy munosabatlarni o’rnatish hamda korxona ustidan nazorat xuquqini qo’lga kiritish maqsadida kapital va resurslarning transchegaraviy harakatini qamrab oladi va namoyon etadi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllari tashkil topishiga ko’maklashdi, iqtisodiyotda tarkibiy qayta qurish, nufuzli tarmoqlarning barpo etilishini ta’minladi. Eng muhimi, iqtisodiyotning baynalmilallashuvini va xalqaro bozorga o’z mahsulotlarini olib chiqishini va u erda o’z o’rniga ega bo’lishini ta’minladi. Buning oqibatida eksport hajmi va salohiyati o’sishi va respublikamizning to’lov balansining tobora ijobiylashib borishiga erishildi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirishga qulay sharoitlar yaratishda, birinchi navbatda, kapitalning mamlakatlararo ayirboshlanishidan, qo’shimcha aniq va noaniq risklarga duch kelish ehtimollaridan va kapital oqimining vaqtli qiymati kontseptsiyasidan kelib chiqqan holda ish yuritish kerak. O’zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida jami qo’shimcha risklar orasida valyuta riski ajralib turadi. Hukumat kafolati bilan olinadigan kreditlar va qarzlar rolini hisobga olgan holda investitsiya muhitini va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida keskin chora-tadbirlar ko’rilishi talab etiladi, unga mintaqalar iqtisodiyotining ustuvor sohalarida soliq imtiyozlaridan foydalanish bilan erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni yangi loyihalarga keng jalb etish bilan ekologik toza va ilg’or texnologiyalar, eng yangi texnika va uskuna-jihozlarni joriy qilish, mehnatni oqilona tashkil etish hisobiga qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini jadal rivojlantirishga erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ularni jalb qilish va foydalanish bo’yicha tasdiqlangan uzoq muddatli hududiy, maqsadli dasturlarga muvofiq tashkil etish zarur. Bunday dasturlarda ustuvor sohalar, ilmtalab va kapitaltalab tarmoqlar belgilanib, ularda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni o’zlashtirish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini aniq belgilash bilan bog’liq tadbirlar nazarda tutilishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi respublikamizda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish bosqichlari bilan bog’liq bo’ldi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning oqimlari, eng avvalo, O’zbekiston iqtisodiyotida qo’shma korxonalarning barpo etilishiga asos soldi hamda xorijiy va qo’shma korxonalari barpo etilishiga zamin yaratdi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar kapital qabul qiluvchi mintaqa iqtisodiyotida bevosita tovar ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishga safarbar etiladi. Ushbu investitsiyalar mavjud bo’lgan korxona yoki boshqa xo’jalik yuritish sub’ektlarining aktsiyalari nazorat paketini xarid etish yoki o’z ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yo’llari bilan safarbar etiladi. O’zga iqtisodiyotga kirib kelish shaklidan qat’iy nazar, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar o’z egalariga investitsiya ob’ektlarini boshqarishda samarali ishtirok etish, o’z mamlakatlari tashqarisida bo’lgan va kapitallari safarbar etilgan korxona va firmalar ustidan nazorat o’rnatish kabi imkoniyatlarni yaratib beradi.
Kapital jalb qiluvchi mamlakatlarning ishlab chiqarish sohalariga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kiritilishi va uning o’sib borishi, bu davlatlarning iqtisodiy qoloqlikdan tezroq qutulishining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar investorning investitsiya jarayonida bevosita ishtirok etishini anglatib, bunda investor investitsiyalash ob’ektini, shuningdek, uni moliyalashtirishni tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini bevosita o’zi aniqlaydi. Bilvosita investitsiyalash investitsiya yoki moliyaviy vositachilar orqali investitsiyalashdir (masalan, qimmatli qog’ozlar xarid qilish).
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalashda kapital faoliyat yuritayotgan korxonalarni texnik qayta qurollantirish, ta’mirlash va yangi korxonalarni barpo etishga yo’naltiriladi. Bu holatda korxona-investor mablag’ qo’yayotganda o’zining ishlab chiqarish kapitalini ko’paytiradi, ya’ni asosiy ishlab chiqarish fondlarini va uning amal qilishi uchun zarur bo’lgan aylanma mablag’larini oshirib boradi. Asosiy fondlar va aylanma mablag’larga investorlar tomonidan qo’yiladigan barcha turdagi boyliklar real investitsiya deb tushuniladi. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar orqali ishlab chiqarish korxonalari quriladi, harakatdagi korxonalar texnik qayta qurollantiriladi va umuman, asosiy fondlar takror ishlab chiqariladi.
Mamlakatimizda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tarkibida bevosita, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar miqdori yildan-yilga oshib borgan. Jumladan, 2007-2015 yillarda asosiy kapitalga yo’naltirilgan investitsiyalarning deyarli 18 %i markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtirishgan. Bu asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tarkibida byudjet mablag’lari hajmi qisqarganligini hamda korxona, aholi mablag’lari va to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar ulushi yuqoriligini bildiradi.
Mamnuniyat bilan qayd etish joizki, bunday ijobiy holat, eng avvalo, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning jahon iqtisodiy inqirozining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan qator Farmon va Qarorlarining amaliyotga tatbiqi, shuningdek, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashga davlat tomonidan katta e’tibor (jumladan, turli soliq va boj imtiyozlari, huquqiy kafolatlar, yaratilgan turli preferentsiyalar va boshq.) berilayotgani natijasidir.
13. Moliyaviy investitsiyalarni amalga oshirish xususiyatlari nimalardan iborat
Moliyaviy investitsiyalar – daromad olish (xuddi foizlar, dividendlar va ijara haqi singari) va asosiy kapital qiymatini ko’paytirish maqsadida investor tasarrufida bo’lgan korxona aktivlari. Mohiyat jihatdan «qimmatli qog’ozlarga (aktsiya, obligatsiya va boshqa qimmatli qog’ozlar), ya’ni moliyaviy aktivlarga joylashtirilgan kapital moliyaviy investitsiyalarni anglatadi»5.
Moliyaviy investitsiyalarni quyidagicha tasniflash mumkin:
Moliyaviy investitsiya yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyorida mavjud bo’lgan bo’sh pul mablag’laridan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Moliyaviy investitsiyalar joriy (qisqa) va uzoq muddatli investitsiyalarga ajratiladi. Joriy (qisqa) investitsiyalar – erkin sotiladigan va bir yildan ko’p bo’lmagan muddatda egalik qilishga qaratilgan qimmatli qog’ozlar, ular, odatda, bozor (likvidli) qimmatli qog’ozlari, deb ataladi.
Hozirgi iqtisodiy sharoitda jalb etilgan mablag’lar hisobiga investitsiya faoliyatini moliyalashtirish, asosan, qimmatli qog’ozlar, xorijiy investitsiyalar va bank kreditlari hisobiga amalga oshirilmoqda. Aytish joizki, bank kreditlari qarz mablag’lari tarkibiga kiritilsa ham, bu manbani jalb qilingan mablag’lar tarkibiga kiritish mumkin, chunki bank krediti investitsiya faoliyatini moliyalashtirish uchun chetdan, kredit tashkilotlaridan jalb qilinadi.
Investitsiya qilishda turlicha vositalar qo’llanilishi mumkin: pul, valyuta, kredit, qimmatli qog’ozlar, mulk (moddiy va nomoddiy), turli tovar-xom ashyolar va h.k. Bular ichida qimmatli qog’ozlarga investitsiya qilish investorning talablarini qondirishning eng samarali va keng tarqalgan usullaridan biri hisoblanadi.
Qimmatli qog’ozlar bozori, bir tomondan, iqtisodiyotning xo’jalik sub’ektlari uchun moliyaviy ta’minlanish manbai bo’lsa, ikkinchi tomondan, aholi va xo’jalik sub’ektlarining bo’sh turgan mablag’larini iqtisodiyotga faol jalb etuvchi, pul mablag’larini qayta taqsimlovchi mexanizmdir. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiyotning yangidan vujudga kelayotgan va faoliyat yuritayotgan tarmoqlarini rivojlantirish uchun turli shakldagi va hajmdagi investitsiyalar kerak bo’ladi. Bozor iqtisodiyotida qimmatli qog’ozlar bozori iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilari o’rtasida pul vositalarini samarali qayta taqsimlovchi mexanizm vazifasini bajarmoqda.
Jalb etilgan mablag’lar hisobiga investitsiya faoliyatini moliyalashtirishning muhim manbalaridan biri bu to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisoblanadi. Bo’sh turgan mablag’larni aktsiyadorlik jamiyatlariga yoki davlat byudjetiga yo’naltirish qo’shimcha mablag’ga bo’lgan ehtiyojni qondirishga olib keladi. Mana shunday vaziyatlarda pul mablag’larini qayta taqsimlaydigan samarali iqtisodiy mexanizm kerak bo’ladi. Bu mexanizm moliyaviy investitsiyalar harakatini ta’minlab, iqtisodiy o’sishga sharoit yaratadi.
14. Investitsion faoliyati tushunchasining mazmun-mohiyatini tushuntirib bering
|
| |